Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 909-modda
Ikki qismli ombor guvohnomasi
Ikki qismli ombor guvohnomasi ombor guvohnomasidan va garov guvohnomasidan (varrant) iborat boʻlib, ular bir-biridan ajratilishi mumkin. Ikki qismli ombor guvohnomasining har bir qismida quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak: tovarni saqlash uchun qabul qilgan tovar omborining nomi va joylashgan manzili; ombor guvohnomasining ombor reyestri boʻyicha joriy nomeri; tovar saqlash uchun qabul qilib olingan tashkilot nomi yoki fuqaroning ismi, shuningdek tovar egasining joylashgan yeri (yashash joyi); saqlash uchun qabul qilingan tovarning nomi va miqdori –– birliklar soni va (yoki) tovar donalarining soni va (yoki) tovarning oʻlchovi (ogʻirligi, hajmi); agar muddat belgilangan boʻlsa, tovar qancha muddatga saqlash uchun qabul qilinganligi yoki tovar talab qilib olinguncha saqlash uchun qabul qilinganligi; omonat saqlaganlik uchun toʻlanadigan haq miqdori yoki bu haqni hisoblab chiqarishga asos boʻladigan tariflar va saqlash haqini toʻlash tartibi; ombor guvohnomasi berilgan sana. Ikki qismli ombor guvohnomasining ikkala qismida vakil shaxsning bir xil imzosi va tovar omborxonasining muhri (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) boʻlishi shart. Ushbu moddaning talablariga mos kelmaydigan hujjat ikki qismli ombor guvohnomasi boʻla olmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 91-modda
Murakkab ashyolar
Agar turli xil ashyolar birikmaning mohiyati bilan belgilanadigan vazifasi boʻyicha foydalanish imkonini beradigan yaxlit bir butunni tashkil etsa, ular bitta ashyo (murakkab ashyo) hisoblanadi. Murakkab ashyo xususida tuzilgan bitim, agar shartnomada boshqacha tartib belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, uning barcha tarkibiy qismlariga taalluqli boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 910-modda
Tovarga ombor va garov guvohnomasini saqlovchining huquqlari
Ombor va garov guvohnomalarini saqlovchi omborda saqlanayotgan tovarni toʻla tasarruf etish huquqiga ega. Garov guvohnomasidan ajratilgan ombor guvohnomasini saqlovchi tovarni tasarruf etishga haqli, lekin garov guvohnomasi boʻyicha berilgan kreditni toʻlamagunicha tovarni ombordan olishi mumkin emas. Garov guvohnomasini saqlovchi ushbu guvohnoma boʻyicha berilgan kredit va uning foizlari miqdorida tovar boʻyicha garov huquqiga ega boʻladi. Tovar garovga qoʻyilganida bu haqda ombor guvohnomasiga belgi qoʻyiladi.
- FuqarolikCIVIL · 911-modda
Ombor va garov guvohnomasini boshqa shaxsga berish
Ombor guvohnomasi va garov guvohnomasi birgalikda yoki alohida-alohida topshirish yozuvlari boʻyicha topshirilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 912-modda
Oddiy ombor guvohnomasi
Oddiy ombor guvohnomasi taqdim etuvchiga beriladi. Oddiy ombor guvohnomasida ushbu Kodeksning 909-moddasida nazarda tutilgan maʼlumotlar boʻlishi, shuningdek u taqdim etuvchiga berilganligi koʻrsatilgan boʻlishi shart.
- FuqarolikCIVIL · 913-modda
Tovarni ikki qismli omborxona guvohnomasi boʻyicha berish
Tovar ombori tovarni ombor va garov guvohnomalarini (ikki qismli ombor guvohnomasini) saqlovchiga berib, undan ushbu ikkala guvohnomani oladi. Ombor guvohnomasini saqlovchi garov guvohnomasiga ega boʻlmasa, biroq uning yuzasidan qarz summasini toʻlagan boʻlsa, ombor tovarni faqat ombor guvohnomasiga ayirboshlash yoʻli bilan va u bilan birgalikda garov guvohnomasi boʻyicha butun qarz summasi toʻlanganligi haqidagi patta taqdim etilganidagina beradi. Ombor va garov guvohnomalarining saqlovchisi tovarni qismlarga boʻlib berishni talab qilishga haqli. Bunda dastlabki guvohnomalar oʻrniga unga omborda qolgan tovar uchun yangi guvohnomalar beriladi. Garov guvohnomasiga ega boʻlmagan va uning yuzasidan qarz summasini toʻlamagan ombor guvohnomasini saqlovchiga ushbu moddaning talablariga qaramay tovarni bergan tovar ombori garov guvohnomasini saqlovchi oldida bu guvohnoma boʻyicha taʼminlangan butun toʻlov uchun javobgar boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 914-modda
Ixtiyoriy va majburiy sugʻurta
Sugʻurta fuqaro yoki yuridik shaxs (sugʻurta qildiruvchi) sugʻurta tashkiloti (sugʻurtalovchi) bilan tuzadigan mulkiy yoki shaxsiy sugʻurta shartnomalari asosida amalga oshiriladi. Shaxsiy sugʻurta shartnomasi ommaviy shartnoma hisoblanadi. Qonunda koʻrsatilgan shaxslarga sugʻurta qiluvchilar sifatida boshqa shaxslarning hayoti, sogʻligʻi yoki mol-mulkini yoxud oʻzining boshqa shaxslar oldidagi fuqarolik javobgarligini oʻz hisobidan yoxud manfaatdor shaxslar hisobidan sugʻurta qilish (majburiy sugʻurta) majburiyati qonun bilan yuklangan hollarda sugʻurta ushbu bobning qoidalariga muvofiq shartnomalar tuzish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Majburiy sugʻurtada sugʻurta qildiruvchi sugʻurtalovchi bilan sugʻurtaning ushbu turini tartibga soladigan qonunchilikda nazarda tutilgan shartlarda shartnoma tuzishi shart. Qonunda fuqarolarning hayoti, sogʻligʻi va mol-mulkini davlat budjeti mablagʻlari hisobidan majburiy sugʻurta qilish hollari (davlat majburiy sugʻurtasi) nazarda tutilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 915-modda
Mulkiy sugʻurta shartnomasi
Mulkiy sugʻurta shartnomasiga muvofiq bir taraf (sugʻurtalovchi) shartnomada shartlashilgan haq (sugʻurta mukofoti) evaziga shartnomada nazarda tutilgan voqea (sugʻurta hodisasi) sodir boʻlganda boshqa tarafga (sugʻurta qildiruvchiga) yoki shartnoma qaysi shaxsning foydasiga tuzilgan boʻlsa, oʻsha shaxsga (naf oluvchiga) bu hodisa oqibatida sugʻurtalangan mulkka yetkazilgan zararni yoxud sugʻurtalanuvchining boshqa mulkiy manfaatlari bilan bogʻliq zararni shartnomada belgilangan summa (sugʻurta summasi) doirasida toʻlash (sugʻurta tovoni toʻlash) majburiyatini oladi. Mulkiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha quyidagilar sugʻurtalanishi mumkin: muayyan mol-mulkning yoʻqotilishi (nobud boʻlishi), kam chiqishi yoki shikastlanishi xavfi; fuqarolik javobgarligi xavfi — boshqa shaxslarning hayoti, sogʻligʻi yoki mol-mulkiga zarar yetkazilishi oqibatida yuzaga keladigan majburiyatlar boʻyicha javobgarlik, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa, shuningdek shartnomalar boʻyicha javobgarlik xavfi; tadbirkorlik xavfi — tadbirkorning kontragentlari oʻz majburiyatlarini buzishi yoki tadbirkorga bogʻliq boʻlmagan vaziyatlarga koʻra bu faoliyat shart-sharoitlarining oʻzgarishi tufayli tadbirkorlik faoliyatidan kutilgan daromadlarni ololmaslik xavfi.
- FuqarolikCIVIL · 916-modda
Sugʻurtalashga yoʻl qoʻyilmaydigan manfaatlar
Gʻayriqonuniy manfaatlarni sugʻurtalashga yoʻl qoʻyilmaydi. Qimor, lotereyalar va garov oʻyinlarida ishtirok etishda koʻriladigan zararni sugʻurtalashga yoʻl qoʻyilmaydi. Garovga olinganlarni ozod qilish maqsadida shaxs majburan qilishi mumkin boʻlgan xarajatlarni sugʻurtalashga yoʻl qoʻyilmaydi. Sugʻurta shartnomalarining ushbu modda birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlariga zid boʻlgan shartlari oʻz-oʻzidan haqiqiy emas.
- FuqarolikCIVIL · 917-modda
Mol-mulkni sugʻurta qilish
Mol-mulk uning asralishidan qonunchilikka yoki shartnomaga asoslangan manfaatga ega boʻlgan shaxs (sugʻurta qildiruvchi yoki naf oluvchi) foydasiga, uning mulkdori, mol-mulkka nisbatan boshqa ashyoviy huquqqa ega boʻlgan shaxs, ijarachi, pudratchi, saqlovchi, vositachi va boshqa shu kabilar foydasiga sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurtalanishi mumkin. Sugʻurtalangan mol-mulkning asralishidan sugʻurta qildiruvchida va naf oluvchida manfaat boʻlmagan paytda tuzilgan mol-mulkni sugʻurta qilish shartnomasi haqiqiy emas. Naf oluvchi foydasiga mol-mulkni sugʻurta qilish shartnomasi naf oluvchining ismi yoki nomi koʻrsatilmasdan tuzilishi mumkin. Bunday shartnoma tuzilganda sugʻurta qildiruvchiga egasining nomi koʻrsatilmagan polis beriladi. Bunday shartnoma boʻyicha huquqlarni amalga oshirishda bu polisni sugʻurtalovchiga taqdim etish zarur.
- FuqarolikCIVIL · 918-modda
Zarar yetkazganlik uchun javobgarlikni sugʻurta qilish
Boshqa shaxslarning hayoti, sogʻligʻi yoki mol-mulkiga zarar yetkazilishi oqibatida yuzaga keladigan majburiyatlar yuzasidan javobgarlik xavfini sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha sugʻurta qildiruvchining oʻzining yoki bunday javobgarlik yuklanishi mumkin boʻlgan boshqa shaxsning javobgarlik xavfi sugʻurtalanishi mumkin. Zarar yetkazganlik uchun javobgarlik xavfi sugʻurtalangan shaxs sugʻurta shartnomasida koʻrsatilishi lozim. Agar bu shaxs shartnomada koʻrsatilmagan boʻlsa, sugʻurta qildiruvchining oʻzining javobgarlik xavfi sugʻurtalangan hisoblanadi. Zarar yetkazganlik uchun javobgarlik xavfini sugʻurta qilish shartnomasi, hatto shartnoma zarar yetkazilganligi uchun javobgar boʻlgan sugʻurta qildiruvchi yoki boshqa shaxs foydasiga tuzilgan yoxud shartnomada u kimning foydasiga tuzilgani koʻrsatilmagan taqdirda ham, zarar yetkazilishi mumkin boʻlgan shaxslar (naf oluvchilar) foydasiga tuzilgan deb hisoblanadi. Zarar yetkazganlik uchun javobgarlik uni sugʻurta qilish majburiy boʻlgani sababli sugʻurtalangan taqdirda, shuningdek qonunda yoki bunday javobgarlikni sugʻurta qilish shartnomasida nazarda tutilgan boshqa hollarda sugʻurta shartnomasi oʻz foydasiga tuzilgan deb hisoblanuvchi shaxs zararni sugʻurta summasi doirasida toʻlash toʻgʻrisida bevosita sugʻurtalovchiga talab qoʻyishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 919-modda
Shartnoma boʻyicha javobgarlikni sugʻurta qilish
Shartnomani buzganlik uchun javobgarlik xavfini sugʻurta qilishga qonunda nazarda tutilgan hollarda yoʻl qoʻyiladi. Shartnomani buzganlik uchun javobgarlik xavfini sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha faqat sugʻurta qildiruvchining oʻzining javobgarlik xavfi sugʻurtalanishi mumkin. Ushbu talabga muvofiq boʻlmagan sugʻurta shartnomasi oʻz-oʻzidan haqiqiy emas. Shartnomani buzganlik uchun javobgarlik xavfi, bu shartnoma shartlariga koʻra sugʻurta qildiruvchi qaysi taraf oldida tegishli javobgarlikni zimmasiga olishi lozim boʻlsa, oʻsha taraf — naf oluvchi foydasiga, hatto sugʻurta shartnomasi boshqa shaxs foydasiga tuzilgan yoxud unda kimning foydasiga tuzilgani aytilmagan taqdirda ham, sugʻurtalangan hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 92-modda
Hosil va daromadlarga boʻlgan huquq
Ashyodan keladigan hosil va daromadlar, agar qonun yoki shartnomada boshqacha tartib belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, ashyo egasiga tegishlidir.
- FuqarolikCIVIL · 920-modda
Tadbirkorlik xavfini sugʻurta qilish
Tadbirkorlik xavfini sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha faqat sugʻurta qildiruvchining oʻz tadbirkorlik xavfi va faqat uning foydasiga sugʻurtalanishi mumkin. Sugʻurta qildiruvchi boʻlmagan shaxsning tadbirkorlik xavfini sugʻurta qilish shartnomasi oʻz-oʻzidan haqiqiy emas. Sugʻurta qildiruvchi boʻlmagan shaxsning foydasiga tadbirkorlik xavfini sugʻurta qilish shartnomasi sugʻurta qildiruvchi foydasiga tuzilgan hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 921-modda
Shaxsiy sugʻurta shartnomasi
Shaxsiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha bir taraf (sugʻurtalovchi) boshqa taraf (sugʻurta qildiruvchi) toʻlaydigan, shartnomada shartlashilgan haq (sugʻurta mukofoti) evaziga sugʻurta qildiruvchining oʻzining yoxud shartnomada koʻrsatilgan boshqa fuqaro (sugʻurtalangan shaxs)ning hayoti yoki sogʻligʻiga zarar yetkazilgan, u muayyan yoshga toʻlgan yoki uning hayotida shartnomada nazarda tutilgan boshqa voqea (sugʻurta hodisasi) yuz bergan hollarda shartnomada shartlashilgan sugʻurta summasi doirasida sugʻurta toʻlovini bir yoʻla yoki vaqti-vaqti bilan toʻlab turish majburiyatini oladi. Shaxsiy sugʻurta shartnomasi kimning foydasini koʻzlab tuzilgan boʻlsa, oʻsha shaxs sugʻurta toʻlovini olish huquqiga ega boʻladi. Agar shartnomada naf oluvchi sifatida boshqa shaxs koʻrsatilmagan boʻlsa, shaxsiy sugʻurta shartnomasi sugʻurtalangan shaxs foydasiga tuzilgan hisoblanadi. Boshqa naf oluvchi koʻrsatilmagan shartnoma boʻyicha sugʻurtalangan shaxs vafot etgan taqdirda, sugʻurtalangan shaxsning merosxoʻrlari naf oluvchilar deb tan olinadi. Sugʻurtalangan deb hisoblanmaydigan shaxs foydasiga, shu jumladan sugʻurtalangan shaxs hisoblanmaydigan sugʻurta qildiruvchi foydasiga shaxsiy sugʻurta shartnomasi faqat sugʻurtalangan shaxsning yozma roziligi bilangina tuzilishi mumkin. Bunday rozilik boʻlmagan taqdirda, shartnoma sugʻurtalangan shaxsning daʼvosi boʻyicha, bu shaxs vafot etgan taqdirda esa, uning merosxoʻrlari daʼvosi boʻyicha haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 922-modda
Majburiy sugʻurta
Qonunda quyidagilarni sugʻurta qilish majburiyati belgilab qoʻyilishi mumkin: qonunda koʻrsatilgan boshqa shaxslarning hayoti, sogʻligʻi yoki mol-mulki ularning hayoti, sogʻligʻi yoki mol-mulkiga zarar yetkazilishi ehtimolini nazarda tutib; boshqa shaxslarning hayoti, sogʻligʻi yoki mol-mulkiga zarar yetkazilishi yoxud boshqa shaxslar bilan tuzilgan shartnomalarning buzilishi oqibatida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan oʻzining fuqaroviy javobgarligi xavfi. Sugʻurta qildiruvchi boʻlish majburiyati qonun bilan unda koʻrsatilgan shaxslar zimmasiga yuklanadi. Qonunda majburiy sugʻurtaning boshqa turlari ham belgilanishi mumkin. Fuqaroga oʻz hayoti yoki sogʻligʻini sugʻurtalash majburiyati qonun bilan yuklatilishi mumkin emas. Qonunda nazarda tutilgan hollarda yoki unda belgilangan tartibda operativ boshqaruvida davlatga qarashli mol-mulkka ega boʻlgan yuridik shaxslarga bu mulkni sugʻurtalash majburiyati yuklanishi mumkin. Mol-mulkni sugʻurta qilish majburiyati qonundan kelib chiqmaydigan, balki mol-mulkning egasi bilan tuzilgan shartnomaga yoki mol-mulkning mulkdori hisoblanuvchi yuridik shaxsning taʼsis hujjatlariga asoslangan hollarda, bunday sugʻurta ushbu moddaning maʼnosi jihatidan majburiy hisoblanmaydi va ushbu Kodeksning 924-moddasida nazarda tutilgan oqibatlarni keltirib chiqarmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 923-modda
Majburiy sugʻurtani amalga oshirish
Majburiy sugʻurta bunday sugʻurta qilish majburiyati yuklangan shaxs (sugʻurta qildiruvchi) sugʻurtalovchi bilan sugʻurta shartnomasi tuzishi vositasida amalga oshiriladi. Majburiy sugʻurta sugʻurta qildiruvchi hisobidan amalga oshiriladi, yoʻlovchilarni majburiy sugʻurtalash bundan mustasno boʻlib, bu sugʻurta qonunda nazarda tutilgan hollarda ularning oʻz hisobidan amalga oshirilishi mumkin. Majburiy sugʻurtalanishi lozim boʻlgan obyektlar, ular sugʻurtalanishga sabab boʻladigan xavflar va sugʻurta summasining eng kam miqdorlari qonunchilik bilan belgilanadi.
- FuqarolikCIVIL · 924-modda
Majburiy sugʻurta toʻgʻrisidagi qoidalarni buzish oqibatlari
Qonun boʻyicha foydasiga majburiy sugʻurta amalga oshirilishi lozim boʻlgan shaxs, agar sugʻurta amalga oshirilmagani unga maʼlum boʻlsa, sugʻurta qildiruvchi sifatida zimmasiga sugʻurtalash majburiyati yuklangan shaxs uni amalga oshirishini sud tartibida talab qilishga haqli. Agar sugʻurta qildiruvchi sifatida sugʻurtalash majburiyati zimmasiga yuklangan shaxs uni amalga oshirmagan boʻlsa yoki sugʻurta shartnomasini naf oluvchining ahvolini qonunda belgilangan shartlarga nisbatan yomonlashtiradigan shartlarda tuzgan boʻlsa, u sugʻurta hodisasi yuz berganida basharti tegishlicha sugʻurtalangan taqdirda sugʻurta tovoni toʻlashga asos boʻlishi kerak boʻlgan shartlarda javobgar boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 925-modda
Sugʻurtalovchi
Tijorat tashkilotlari hisoblangan va tegishli turdagi sugʻurtani amalga oshirishga litsenziyasi boʻlgan yuridik shaxslar, agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, sugʻurtalovchilar sifatida sugʻurta shartnomalarini tuzishi mumkin. Sugʻurta tashkilotlariga qoʻyiladigan talablar, ularga litsenziya berish va ularning faoliyati ustidan davlat nazoratini amalga oshirish tartibi qonun bilan belgilanadi.
- FuqarolikCIVIL · 926-modda
Sugʻurta shartnomasidan kelib chiqadigan majburiyatlarning sugʻurta qildiruvchi va naf oluvchi tomonidan bajarilishi
Naf oluvchi foydasiga sugʻurta shartnomasi tuzish, shu jumladan u sugʻurtalangan shaxs boʻlganda ham, sugʻurta qildiruvchini, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan yoxud sugʻurta qildiruvchining zimmasidagi majburiyatlar foydasiga shartnoma tuzilgan shaxs tomonidan bajarilmagan boʻlsa, ushbu shartnomadan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarishdan ozod qilmaydi. Naf oluvchi mulkiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta tovonini yoxud shaxsiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta toʻlovini toʻlashni talab qilganida sugʻurtalovchi undan, shu jumladan sugʻurtalangan shaxs naf oluvchi boʻlgan taqdirda ham, sugʻurta shartnomasi boʻyicha majburiyatlarni, shu bilan birga sugʻurta qildiruvchining zimmasida boʻlgan, lekin u bajarmagan majburiyatlarni bajarishni talab qilishga haqli. Ilgari bajarilishi lozim boʻlgan majburiyatlarni bajarmaslik yoki oʻz vaqtida bajarmaslik oqibatlari xavfi naf oluvchining zimmasida boʻladi.