Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 1-modda
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi qonunchilik
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Kodeks, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi qonunlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining va Vazirlar Kengashining qarorlari, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarorlaridan iboratdir. Ushbu Kodeks qoidalari mazkur Kodeksga kiritilmagan qonunchilik hujjatlarida sodir etganlik uchun javobgarlik nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklarga ham taalluqlidir.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 10-modda
Maʼmuriy huquqbuzarlik tushunchasi
Maʼmuriy huquqbuzarlik deganda qonunchilikka binoan maʼmuriy javobgarlikka tortish nazarda tutilgan, shaxsga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, mulkchilikka, davlat va jamoat tartibiga, tabiiy muhitga tajovuz qiluvchi gʻayrihuquqiy, aybli (qasddan yoki ehtiyotsizlik orqasida) sodir etilgan harakat yoki harakatsizlik tushuniladi. Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan huquqbuzarlik uchun maʼmuriy javobgarlik, basharti bu huquqbuzarlik oʻz xususiyatiga koʻra jinoiy javobgarlikka tortishga sabab boʻlmagan taqdirda, amalga oshiriladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 100-modda
Elektr va issiqlik energiyasini behuda sarflash
Mansabdor shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan elektr va issiqlik energiyasini behuda sarflash, yaʼni elektr dvigatellaridan, elektr pechlari va boshqa elektr hamda issiqlik uskunalaridan muntazam ravishda, ishlab chiqarish zarurati boʻlmagan holda toʻliq foydalanmaslik yoki ularni bekorga ishlatib qoʻyish, zichlangan havo, suv va issiqlikning muntazam ravishda nobud boʻlishi, energiya bilan taʼminlovchi tashkilotlarning ruxsatisiz xizmat binolari va boshqa binolarni isitish uchun, shuningdek ishlab chiqarish jarayonida nazarda tutilmagan boshqa maqsadlar uchun elektr energiyasidan foydalanish, yoritish uchun elektr energiyasidan xoʻjasizlarcha foydalanish — bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan oʻttiz besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 101-modda
Elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish
Umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz tarmoqlariga oʻzboshimchalik bilan ulanish yoki ulardan foydalanish qoidalarini boshqacha tarzda buzish yoxud elektr, issiqlik energiyasi, tabiiy gazni hisobga olish asboblariga shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish yoki bunday hisobga olish asboblarining koʻrsatkichlarini oʻzgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn besh baravaridan yigirma baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yigirma besh baravaridan oʻttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida qurilgan binolar hamda inshootlarni elektr energiyasi, issiqlik va gaz taʼminoti tashkilotlari tomonidan elektr, issiqlik va gaz tarmoqlariga oʻzboshimchalik bilan ulash, — mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yetmish baravaridan sakson besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Ushbu modda umumiy foydalanishdagi elektr yoki gaz tarmoqlariga tijorat maqsadlarida oʻzboshimchalik bilan ulanish yoxud elektr energiyasini, tabiiy gazni hisobga olish asboblariga, shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish yoxud hisobga olish asboblarining koʻrsatkichlarini oʻzgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish orqali oz miqdorda oʻgʻirlash bilan bogʻliq harakatlar sodir etilganda qoʻllanilmaydi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 102-modda
Elektr tarmoqlarini muhofaza qilish qoidalarini buzish
1000 voltgacha kuchlanishli elektr tarmoqlarini (havo, yer osti va suv osti elektr uzatish, kiritma va taqsimlash qurilmalarini) muhofaza qilish qoidalarini buzish, basharti bu hol isteʼmolchilarni elektr energiyasi bilan taʼminlashda uzilishga, elektr tarmoqlarining shikastlanishiga yoki xalq xoʻjaligiga boshqa xil ziyon yetishiga olib kelsa yoki olib kelishi mumkin boʻlsa, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻndan bir qismidan ikkidan bir qismigacha, mansabdor shaxslarga esa — ikkidan bir qismidan ikki baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. 1000 voltdan ortiq kuchlanishli elektr tarmoqlarini muhofaza qilish qoidalarini buzish, basharti bu hol isteʼmolchilarni elektr energiyasi bilan taʼminlashda uzilishga, elektr tarmoqlarining shikastlanishiga yoki xalq xoʻjaligiga boshqa xil ziyon yetishiga olib kelsa yoki olib kelishi mumkin boʻlsa, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uchdan bir qismidan bir baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 103-modda
Gazdan yoqilgʻi yoki xom ashyo sifatida foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan huquqbuzarliklar
Mansabdor shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan gazdan foydalanish qurilmasiga gazni ruxsatsiz ochib berish yoki gaz isteʼmol qilishning belgilangan tartibiga rioya qilmaslik yoxud gazdan foydalanish qurilmalarida gaz sarflashning tasdiqlangan solishtirma normalarisiz gaz sarflash yoki bunday normalardan ortiqcha sarflash — bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Mansabdor shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan gazdan foydalanish qurilmalarini gaz sarfini hisobga olmay turib yoki gaz qoʻllanib hosil qilinadigan issiqlik energiyasi va mahsulotlarni hisobga olmay turib ishlatish yoxud gazdan foydalanish qurilmasi loyihasida nazarda tutilgan gaz yonish jarayonini avtomat tarzda boshqarib turuvchi vositalarning, issiqlik texnikasi nazorati asboblarining yoki gazdan oqilona va samarali foydalanishni taʼminlovchi issiqlikdan foydalanish uskunalarining boʻlmasligi (buzuqligi) — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan ikki baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Gaz isteʼmol qiluvchi korxona, muassasa va tashkilotlar uchun nazarda tutilgan rezerv yoqilgʻi xoʻjaligining ishga tayyor emasligi yoki gazdan foydalanish qurilmalarining belgilangan rezerv yoqilgʻi turlarida ishlashga tayyor emasligi — mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan ikki baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 104-modda
Ekinzorlarni payhon qilish, qishloq xoʻjalik ekinlarining dalada toʻplab qoʻyilgan hosiliga zarar yetkazish yoki uni yoʻq qilib yuborish, koʻchatlarga shikast yetkazish
Chorva mollar yoki parrandalarning xoʻjalik ekinzorlarini payhon qilishi, qishloq xoʻjalik ekinlarining dalada toʻplab qoʻyilgan hosiliga zarar yetkazishi yoki uni yoʻq qilib yuborishi, koʻchatlarga shikast yetkazishi — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Ekinzorlarni yoki koʻchatzorlarni hamma turdagi harakatlanuvchi texnika vositalarida bosib oʻtish — bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 104¹-modda
Qishloq xoʻjalik ekinlarining navini yangilash va nav joylashtirish tartibini buzish
Qishloq xoʻjalik ekinlarining navini yangilash va nav joylashtirish tartibini buzish — mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 104²-modda
Qishloq xoʻjaligi mahsulotini va urugʻliklarni qabul qilish, saqlash, qayta ishlash va ulardan foydalanish tartibini buzish
Qishloq xoʻjaligi mahsulotini va urugʻliklarni qabul qilish, saqlash, qayta ishlash hamda ulardan foydalanish tartibini, shuningdek agrosanoat majmui sohasida texnologik jarayonlar talablarini buzish — bazaviy hisoblash miqdorining oʻn besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Qishloq xoʻjaligi oʻsimliklariga doir hujjatlarni yuritish qoidalarini buzish yoxud ushbu hujjatlarga urugʻliklarning navlari va ekilish sifatlari toʻgʻrisidagi notoʻgʻri maʼlumotlarni kiritish, — mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan oʻttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 105-modda
Tarkibida giyohvand moddalar boʻlgan ekinlarni qoʻriqlashni taʼminlash choralarini koʻrmaganlik
Tarkibida giyohvand moddalar boʻlgan nasha va moyli koʻknor ekinlarini, mazkur ekinlar hosilini saqlash va qayta ishlash joylarini qoʻriqlash yuzasidan belgilangan tartibni taʼminlash choralarini koʻrmaganlik, shuningdek tarkibida giyohvand moddalar boʻlgan shunday ekinlarning angʻizlari va ishlab chiqarish chiqindilarini yoʻq qilib tashlash choralarini koʻrmaganlik — mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 106-modda
Yovvoyi nashani yoʻq qilib yuborish choralarini koʻrmaganlik
Tasarrufida yer maydonlari boʻlgan shaxslar tomonidan yovvoyi nashani yoʻq qilib yuborish choralarini koʻrmaganlik — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismidan bir baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 107-modda
Oʻsimliklar karantini obyektlariga va boshqa zararli organizmlarga qarshi kurashishga doir fitosanitariya talablarini (choralarini) hamda boshqa qoidalarni buzish
Oʻsimliklar karantini obyektlariga va boshqa zararli organizmlarga qarshi kurashishga doir fitosanitariya talablarini hamda boshqa qoidalarni karantin ostidagi mahsulotlarni ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, qayta ishlash, realizatsiya qilish va yoʻq qilish chogʻida buzish — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Fitosanitariya choralariga rioya qilmaslik, shu jumladan oʻsimliklar karantini obyektlari va boshqa zararli organizmlar tarqalishining oldini olish choralarini koʻrmaganlik — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Oʻz hududida oʻsimliklar karantini obyektlari va boshqa zararli organizmlarni aniqlagan, fitosanitariya dala nazoratini oʻtkazish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligiga ixtiyoriy ravishda murojaat qilgan hamda ularning oʻchoqlari kengayishiga yoʻl qoʻymaslik va ularni bartaraf etish boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan choralar koʻrgan shaxslar maʼmuriy javobgarlikdan ozod etiladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 108-modda
Karantin ostidagi mahsulotlarni olib kirish va olib chiqish qoidalarini buzish
Karantin ostidagi mahsulotlarni Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish va uning hududidan olib chiqish qoidalarini buzish — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, — huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yetti baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 109-modda
Veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalarini buzish
Veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalarini buzganlik, epizootiyalarga qarshi kurashish choralarini koʻrmaganlik, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Hayvonlarning yuqumli kasalliklari oʻchoqlari aniqlanganda cheklovchi tadbirlar (karantin) qoidalarini buzish, shuningdek hayvonlarning bir vaqtning oʻzida ommaviy kasallanishi yoki toʻsatdan nobud boʻlganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni davlat veterinariya nazorati organlaridan yashirish, ularga xabar bermaslik, — bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi. Veterinariya dori vositalari va ozuqabop qoʻshimchalarning xavfsizligi normalarini hamda ularni ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish yoki oʻtkazish qoidalarini buzish, — huquqbuzarlik quroli va ashyolarini musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 11-modda
Maʼmuriy huquqbuzarlikni qasddan sodir etish
Basharti maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxs oʻz harakati yoki harakatsizligi gʻayrihuquqiy ekanligini bilgan boʻlsa, uning zararli oqibatlariga koʻzi yetgan, yuz berishini istagan boʻlsa yoki bu oqibatlarning kelib chiqishiga ongli ravishda yoʻl qoʻygan boʻlsa, bunday maʼmuriy huquqbuzarlik qasddan sodir etilgan deb hisoblanadi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 110-modda
Hayvonlarni saqlash qoidalarini buzish
Shaharlar va boshqa aholi punktlarida hayvonlarni saqlash qoidalarini buzish, xuddi shuningdek mansabdor shaxslar tomonidan egasiz hayvonlarni tuttirish va saqlash choralarini koʻrmaslik, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik odamlarning sogʻligʻiga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga zarar yetishiga olib kelsa, basharti jinoyat alomatlari mavjud boʻlmasa, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — oʻn besh baravaridan oʻttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 111-modda
Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda boʻlish
Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda boʻlish, yaʼni ularni gʻarazli yoki boshqa past niyatlarda qiynoqqa solish yoki ularga azob berish, — bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa yoxud ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik voyaga yetmagan shaxs hozirligida sodir etilgan boʻlsa yoki hayvonlarning oʻlimiga yoxud mayib boʻlishiga olib kelsa, — bazaviy hisoblash miqdorining oʻn besh baravaridan yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn besh sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 112-modda
Traktorchi-mashinistlar tomonidan qishloq xoʻjalik mashinalaridan texnik jihatdan foydalanish va texnika xavfsizligi qoidalarini qoʻpol ravishda buzish
Traktorchi-mashinistlar tomonidan traktorlar, kombaynlar, boshqa oʻziyurar qishloq xoʻjalik, melioratsiya, yoʻl-qurilish mashinalaridan texnik jihatdan foydalanish qoidalarini va texnika xavfsizligi qoidalarini qoʻpol ravishda buzish — bazaviy hisoblash miqdorining uchdan bir qismidan bir baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki mexanizatorlarni ushbu mashinalarni boshqarish huquqidan bir yil muddatga mahrum qilishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 113-modda
Temir yoʻl transportida harakat xavfsizligi qoidalarini buzish
Temir yoʻl izlariga poyezdlar qatnovining buzilishiga olib kelishi mumkin boʻlgan ashyolarni qoʻyish, shuningdek temir yoʻlni va qor toʻsish gʻovlarini hamda boshqa yoʻl obyektlarini, signal berish va aloqa inshootlari va qurilmalarini shikastlantirish — bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismidan bir baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Temir yoʻldan ot-arava haydab oʻtish va chorva mollarni haydab oʻtish, chorva mollarni temir yoʻl yaqinida boqish qoidalarini buzish — bazaviy hisoblash miqdorining beshdan bir qismidan ikkidan bir qismigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Temir yoʻl transportiga yuk ortish vaqtida belgilangan gabaritlarga rioya qilmaslik — mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining beshdan bir qismidan ikkidan bir qismigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Temir yoʻllarni belgilanmagan joylardan kesib oʻtish — bazaviy hisoblash miqdorining yigirmadan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab boʻladi. Transport vositalari haydovchilari tomonidan temir yoʻl izini belgilanmagan joydan kesib oʻtish — bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
- Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 113¹-modda
Temir yoʻl transportida va metropolitenda harakat va tashish xavfsizligi talablarini hamda yoʻlovchilarni, bagajni va yuk bagajini tashish qoidalarini buzish
Temir yoʻl transportida va metropolitenda harakat va tashish xavfsizligi talablarini buzish, — mansabdor shaxslarga va xizmatchilarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi. Temir yoʻl transportida va metropolitenda harakat va tashish xavfsizligi buzilishi bilan bogʻliq hodisani, u haqidagi maʼlumotlarni qasddan yashirish, xuddi shuningdek ushbu hodisa toʻgʻrisidagi axborotni qasddan buzib koʻrsatish, — mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi. Temir yoʻl transportida va metropolitenda yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagajini tashish qoidalarini buzish, — mansabdor shaxslarga va xizmatchilarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.