Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 891-modda
Omonat saqlovchiga yetkazilgan zararni qoplash
Agar omonat saqlovchi ashyoni saqlash uchun qabul qilib olayotgan paytida uning xossalarini bilmagan va bilishi shart boʻlmagan boʻlsa, yuk topshiruvchi saqlash uchun topshirilgan ashyoning xossalari tufayli yetkazilgan zararni omonat saqlovchiga toʻlashi shart.
- FuqarolikCIVIL · 892-modda
Yuk topshiruvchining talabi bilan omonat saqlash majburiyatining bekor boʻlishi
Shartnomada yukni qaytarib berishning boshqacha muddati belgilangan boʻlsa ham, omonat saqlovchi yuk topshiruvchining talabi bilan saqlashga qabul qilingan ashyoni darhol qaytarib berishi kerak. Bu holda, agar omonat saqlash shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, yuk topshiruvchi majburiyatni muddatidan oldin bekor qilishi tufayli omonat saqlovchiga yetkazilgan zararni toʻlashi shart.
- FuqarolikCIVIL · 893-modda
Omonat saqlash haqidagi umumiy qoidalarni uning alohida turlariga tatbiq etish
Agar ushbu Kodeksning 894 — 913-moddalarida nazarda tutilgan omonat saqlashning alohida turlari toʻgʻrisidagi qoidalarda, boshqa qonunchilik hujjatlarida oʻzgacha tartib belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, omonat saqlash haqidagi umumiy qoidalar uning alohida turlariga ham tatbiq etiladi.
- FuqarolikCIVIL · 894-modda
Lombardda omonat saqlash
Lombardda omonat saqlash uchun fuqarolardan shaxsiy isteʼmolga moʻljallangan koʻchar ashyolar qabul qilinishi mumkin. Ashyoni lombardda omonat saqlash shartnomasi lombard tomonidan yuk topshiruvchiga (mijozga) uning nomi yozilgan saqlov pattasi berish yoʻli bilan rasmiylashtiriladi. Lombardga saqlash uchun topshiriladigan ashyo taraflarning kelishuvi bilan saqlash uchun qabul qilish paytida va joyida odatda savdoda shu turdagi va sifatdagi ashyoga belgilanadigan narxlarga muvofiq baholanishi kerak. Lombard saqlash uchun qabul qilingan ashyolarni ushbu moddaning uchinchi qismiga muvofiq chiqarilgan narxning toʻliq summasida oʻz hisobidan yuk topshiruvchi foydasiga sugʻurtalashi shart.
- FuqarolikCIVIL · 895-modda
Lombarddan talab qilib olinmagan ashyolar
Yuk topshiruvchi ashyolarni qaytarib olishdan bosh tortgan taqdirda, lombard ularni uch oy mobaynida saqlab turishi shart. Bu muddat oʻtganidan keyin talab qilib olinmagan ashyolar lombard tomonidan ushbu Kodeks 289-moddasining yettinchi qismida belgilab qoʻyilgan tartibda sotilishi mumkin. Ashyolarni sotishdan tushgan puldan saqlash haqi va lombardga tegishli boshqa toʻlovlar qoplanadi. Pulning qolgan qismi lombard tomonidan saqlov pattasining egasiga u taqdim etilganida qaytarib beriladi.
- FuqarolikCIVIL · 896-modda
Boyliklarni bankda saqlash
Bank qimmatli qogʻozlarni, qimmatbaho metallar va toshlarni, boshqa boyliklarni, shuningdek hujjatlarni saqlash uchun qabul qilishi mumkin. Bankda boyliklarni saqlash shartnomasi bank tomonidan boylik topshiruvchiga nomi yozilgan saqlov hujjatini berish yoʻli bilan rasmiylashtiriladi. Bu hujjatni taqdim etish bank tomonidan saqlanayotgan boyliklarni boylik topshiruvchiga berish uchun asos boʻladi. Qimmatli qogʻozlarni saqlash (depozit) shartnomasida nazarda tutilgan hollarda bank ularning toʻliq saqlanishini taʼminlashdan tashqari, ushbu qogʻozlarga nisbatan yuridik ahamiyatga ega harakatlarni ham (vakillik va hokazo) amalga oshiradi. Boyliklarni yakka tartibdagi poʻlat sandiqdan (poʻlat sandiq boʻlinmasidan, saqlash uchun moʻljallangan alohida binodan) foydalangan holda saqlash shartnomasi bank tomonidan boyliklarni saqlash uchun qabul qilish harakatlarini amalga oshirish va boylik topshiruvchiga poʻlat sandiq kalitini, boylik topshiruvchini koʻrsatadigan varaqcha, koʻrsatuvchining poʻlat sandiqni ochish va undan boyliklarni olish huquqini tasdiqlaydigan boshqa belgi yoki hujjat berish yoʻli bilan tuzilishi mumkin. Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, boylik topshiruvchi istagan vaqtda boyliklarni poʻlat sandiqdan olishi, ularni qayta qoʻyishi, saqlanayotgan hujjatlar bilan ishlashi mumkin. Bunda bank boylik topshiruvchining boyliklarni olishini va qaytarib topshirishini hisobga olish huquqiga ega. Boylik topshiruvchi boyliklarning bir qismini poʻlat sandiqdan olgan taqdirda, bank boyliklarning qolgan qismi but saqlanishi uchun javobgar boʻladi. Ushbu moddada belgilangan bankning poʻlat sandigʻida boyliklarni saqlash qoidalari bank oʻz poʻlat sandigʻini mulk ijarasi shartlari asosida foydalanish uchun boshqa shaxsga beradigan hollarga taalluqli boʻlmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 897-modda
Ashyolarni transport tashkilotlarining yukxonalarida saqlash
Transport tashkilotlarining ixtiyoridagi yukxonalar yoʻlovchilar va boshqa fuqarolardan, ularda yoʻl hujjatlari bor yoki yoʻqligidan qatʼi nazar, ashyolarni saqlash uchun qabul qilishi shart. Ashyoni transport tashkilotlarining yukxonalarida saqlash shartnomasi ommaviy hisoblanadi. Ashyo saqlash uchun yukxonaga qabul qilinganligini tasdiqlash yuzasidan (avtomat yukxonalardan tashqari) yuk topshiruvchiga patta yoki nomerli jeton beriladi. Patta yoki jeton yoʻqotilgan taqdirda yukxonaga topshirilgan ashyo yuk topshiruvchiga ushbu ashyo oʻziga qarashli ekanligining isbotini taqdim etgan taqdirda beriladi. Yukxonaga topshirilgan ashyo yoʻqolganligi, kam chiqqanligi yoki shikastlanganligi oqibatida yuk topshiruvchi koʻrgan zarar summasi, agar ashyoni saqlashga topshirish paytida u narxlangan boʻlsa yoki zararning oʻrnini qoplashga kerakli summa xususida taraflar kelishib olgan boʻlsalar, zararni qoplash toʻgʻrisida talab qoʻyilgan paytdan boshlab bir sutka muddatda yuk topshiruvchiga toʻlanadi. Ashyo maxsus qoidalar yoki taraflarning kelishuvi bilan belgilangan muddatga yukxonaga topshirilishi mumkin. Koʻrsatilgan muddatda talab qilib olinmagan ashyoni yukxona yana oʻttiz kun saqlab turishi shart. Ushbu muddat tamom boʻlgach, talab qilib olinmagan ashyo sotilishi, sotishdan tushgan pul esa ushbu Kodeksning 895-moddasiga muvofiq taqsimlanishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 898-modda
Ashyoni tashkilotlarning kiyimxonalarida saqlash
Agar tashkilotlarning kiyimxonalarida ashyolarni haq evaziga saqlash haqida ashyoni saqlashga topshirish vaqtida kelishib qoʻyilgan yoki boshqa ochiq usulda shartlashilgan boʻlmasa, ularda ashyo saqlash bepul hisoblanadi. Ashyo kiyimxonada saqlash uchun qabul qilib olinganligini tasdiqlash uchun saqlovchi yuk topshiruvchiga nomerli jeton yoki ashyo saqlash uchun qabul qilib olinganligini tasdiqlovchi boshqa belgi beradi. Kiyimxonaga topshirilgan ashyo jeton taqdim etuvchiga beriladi. Bunda saqlovchi jeton taqdim etuvchining ashyoni olishga vakolatlarini tekshirishi shart emas. Biroq, omonat saqlovchi jeton uni taqdim etuvchiga qarashli ekanligiga shubhalansa, ashyoni jeton taqdim etuvchiga qaytarib berishni toʻxtatib turishga haqli. Yuk topshiruvchi jetonni yoʻqotib qoʻygan, lekin uning ashyolarni kiyimxonaga topshirganligi yoki ashyolarning unga tegishliligi saqlovchida shubha tugʻdirmagan yoxud yuk topshiruvchi tomonidan isbotlangan hollarda ham saqlovchi kiyimxonadagi ashyoni berishga haqli. Tashkilotlarning ashyolar kiyimxonalarda but saqlanishi uchun javobgarligi, shuningdek talab qilib olinmagan ashyolarni saqlash muddatlari ushbu Kodeks 897-moddasining toʻrtinchi va beshinchi qismlarida koʻrsatilgan qoidalar boʻyicha belgilanadi.
- FuqarolikCIVIL · 899-modda
Ashyoni mehmonxonada saqlash
Mehmonxona unda yashayotgan shaxs tomonidan olib kirilgan ashyolarning yoʻqolganligi, kam chiqqanligi yoki shikastlanganligi uchun omonat saqlovchi sifatida alohida kelishuv boʻlmagan taqdirda ham javob beradi, ashyo yengib boʻlmaydigan kuch, ashyoning oʻz xossalari oqibatida yoki mehmonxonada yashovchining oʻzi, uning hamrohlari yoki uning yoniga kelgan shaxslar aybi bilan yoʻqolgan, kam chiqqan yoki shikastlangan hollar bundan mustasno. Mehmonxona xodimlariga ishonib topshirilgan ashyo yoki moʻljallangan joyga (mehmonxona nomeri va boshqalarga) joylashtirilgan ashyo mehmonxonaga olib kirilgan ashyo deb hisoblanadi. Pul, boshqa valyuta qimmatliklari, qimmatli qogʻozlar va boshqa qimmatbaho ashyolar saqlash uchun alohida omonat saqlash shartnomasi boʻyicha qabul qilib olingan boʻlsagina, mehmonxona ularning yoʻqolganligi uchun javobgar boʻladi. Mehmonxonada yashayotgan, oʻz ashyolarining yoʻqolganligi, kam chiqqanligi yoki shikastlanganligini bilib qolgan shaxs mehmonxona maʼmuriyatiga bu haqda kechiktirmay xabar qilishi shart. Aks holda mehmonxona ashyolarning toʻliq saqlanmaganligi uchun javobgarlikdan ozod qilinadi. Mehmonxona bu yerda yashayotgan shaxslarning ashyolari saqlanishi uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga olmasligini eʼlon qilgan taqdirda ham, javobgarlikdan ozod qilinmaydi. Mehmonxonalarda talab qilib olinmagan ashyolarni saqlash muddatlari va ularning taqdiri ushbu Kodeks 897-moddasining beshinchi qismida yozib qoʻyilgan qoidalarga muvofiq belgilanadi. Ushbu moddaning qoidalari motellar, dam olish uylari, sanatoriylar, yotoqxonalar, hammomlarda, shuningdek tashkilotga keladigan fuqarolarning ashyolarini saqlash uchun maxsus ajratilgan joylarga ega boʻlgan boshqa tashkilotlarda ham ashyolarni saqlashga nisbatan qoʻllanadi.
- FuqarolikCIVIL · 9-modda
Fuqarolik huquqlarini amalga oshirish
Fuqarolar va yuridik shaxslar oʻzlariga tegishli boʻlgan fuqarolik huquqlarini, shu jumladan ularni himoya qilish huquqini ham oʻz xohishlariga koʻra tasarruf etadilar. Fuqarolar va yuridik shaxslarning oʻz huquqlarini amalga oshirishdan voz kechishi bu huquqlarning bekor qilinishiga olib kelmaydi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Fuqarolik huquqlarini amalga oshirish boshqa shaxslarning huquqlarini hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzmasligi shart. Fuqarolik huquqiy munosabatlari ishtirokchilarining halol, oqilona va adolat bilan harakat qilishi nazarda tutiladi. Fuqarolar va yuridik shaxslar oʻz huquqlarini amalga oshirishda jamiyatning maʼnaviy tamoyillari va axloqiy normalarini hurmat qilishlari, tadbirkorlar esa — ish odobi qoidalariga ham rioya etishlari kerak. Fuqarolar va yuridik shaxslarning boshqa shaxsga zarar yetkazishga, boshqacha shakllarda huquqni suiisteʼmol qilishga, shuningdek huquqni uning maqsadiga zid tarzda amalga oshirishga qaratilgan harakatlariga yoʻl qoʻyilmaydi. Ushbu moddaning uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan talablarga rioya qilinmagan taqdirda, sud shaxsga qarashli huquqni himoya qilishni rad etishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 90-modda
Asosiy va mansub ashyolar
Foydalanish tufayli vujudga keladigan munosabatlarning mohiyati bilan boshqa ashyo (mansub ashyo)ga bogʻliq mustaqil ashyo asosiy ashyo hisoblanadi. Asosiy ashyoga xizmat qilishi kerak boʻlgan va u bilan umumiy xoʻjalik vazifasi orqali bogʻliq ashyo mansub ashyo hisoblanadi. Mansub ashyo, agar qonun hujjatlari yoki shartnomada boshqacha tartib belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, asosiy ashyoning taqdiriga bogʻliq boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 900-modda
Nizoli ashyolarni saqlash (sekvestr)
Sekvestr toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha ashyoga egalik qilish xususida oralarida nizo chiqqan ikki yoki bir necha shaxs nizoli ashyoni uchinchi shaxsga beradilar. Uchinchi shaxs nizo hal boʻlgach, ashyoni sud qarori bilan yoki nizolashayotgan hamma shaxslarning kelishuviga muvofiq kimga tegishli boʻlsa, oʻsha shaxsga qaytarib berish majburiyatini oladi (shartnoma sekvestri). Nizoli ashyo sudning qaroriga koʻra sekvestr tartibida saqlash uchun topshirilishi mumkin (sud sekvestri). Sud tomonidan tayinlangan shaxs ham, shuningdek bahslashayotgan taraflarning oʻzaro kelishuviga muvofiq belgilanadigan shaxs ham sud sekvestri boʻyicha omonat saqlovchi boʻlishi mumkin. Har ikkala holda ham, agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, omonat saqlovchining roziligi talab qilinadi. Sekvestr tartibida saqlashga koʻchar mulklar ham, shuningdek koʻchmas mulklar ham topshirilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 901-modda
Tovar ombori
Tadbirkorlik faoliyati sifatida tovarlarni saqlaydigan va saqlash bilan bogʻliq xizmatlarni koʻrsatadigan tashkilot tovar ombori deyiladi.
- FuqarolikCIVIL · 902-modda
Umumiy foydalanishdagi tovar ombori
Agar qonunchilikka muvofiq tovar ombori tovarlarni saqlash uchun chegaralangan doiradagi shaxslardan qabul qilishi mumkin boʻlgan omborlar jumlasiga kiritilgan boʻlmasa, u umumiy foydalanishdagi ombor deb hisoblanadi. Umumiy foydalanishdagi tovar ombori tomonidan tuziladigan omborda omonat saqlash shartnomasi ommaviy shartnoma deb hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 903-modda
Omborda omonat saqlash shartnomasi
Omborda omonat saqlash shartnomasi boʻyicha tovar ombori (saqlovchi) tovar egasi (yuk topshiruvchi) tomonidan oʻziga topshirilgan tovarlarni haq evaziga saqlash va ularni toʻliq holicha qaytarib berish majburiyatini oladi. Omborda omonat saqlash shartnomasi yozma ravishda tuziladi. Agar omborda saqlash shartnomasini tuzish va tovarni omborga qabul qilib olish ombor hujjati bilan tasdiqlangan boʻlsa, omborda omonat saqlash shartnomasining yozma shakliga rioya qilingan hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 904-modda
Ashyolarni tasarruf qilish huquqi bilan saqlash
Agar qonunchilikdan yoki omborda omonat saqlash shartnomasidan tovar ombori oʻziga saqlash uchun topshirilgan tovarlarni tasarruf etishi mumkinligi kelib chiqsa, u holda taraflarning munosabatlariga ushbu Kodeks 41-bobining qoidalari qoʻllanadi, biroq tovarlarni qaytarib berish vaqti va joyi ushbu bobning qoidalari bilan belgilanadi.
- FuqarolikCIVIL · 905-modda
Tovar omborining majburiyatlari
Tovar ombori standartlar, texnikaviy shartlar, texnologiya yoʻriqnomalari, saqlash yoʻriqnomalari, ayrim turdagi tovarlarni saqlash qoidalarida, ombor uchun majburiy boʻlgan boshqa maxsus normativ hujjatlarda belgilab qoʻyilgan saqlash shartlari (tartiboti)ga rioya qilishi lozim. Agar omborda omonat saqlash shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, tovar ombori tovarlarni saqlash uchun qabul qilib olayotganida ularni oʻz hisobidan koʻzdan kechirishi kerak. Agar omonat saqlash egasizlantirish yoʻli bilan amalga oshirilayotgan boʻlsa, tovar ombori tovar egasiga tovarlarni yoki ularning namunalarini koʻzdan kechirish, namuna olish hamda tovarlarning toʻliq saqlanishini taʼminlash uchun zarur chora-tadbirlarni koʻrish imkoniyatlarini berishi shart. Tovarlarning toʻliq saqlanishini taʼminlash uchun saqlash sharoitlarini tezlik bilan oʻzgartirish talab qilinadigan hollarda tovar ombori zarur shoshilinch choralarni mustaqil koʻrishga haqli. U koʻrilgan choralar toʻgʻrisida tovar egasiga xabar berishi shart. Saqlash vaqtida tovar omborda omonat saqlash shartnomasida kelishilganidan yoki odatdagi tabiiy buzilish normalari doirasidan tashqari chiqadigan darajada buzilganligi aniqlangan taqdirda, tovar ombori bu haqda darhol dalolatnoma tuzishi va oʻsha kuniyoq yuk topshiruvchini xabardor qilishi shart.
- FuqarolikCIVIL · 906-modda
Tovar egasiga qaytarilayotgan vaqtda uning miqdori va holatini tekshirish
Tovar egasi va tovar omborining har biri tovarni qaytarib berish vaqtida uni koʻzdan kechirish va miqdorini tekshirishni talab qilish huquqiga ega. Shu tufayli qilingan xarajatlar tovarni koʻzdan kechirishni yoki uning miqdorini tekshirishni talab qilgan taraf zimmasiga tushadi. Agar ombor tovarni egasiga qaytarayotgan vaqtida ular tovarni birga koʻzdan kechirmagan yoki tekshirmagan boʻlsalar, tovar tegishli darajada saqlanmaganligi oqibatida uning kam chiqqanligi yoki buzilganligi haqidagi ariza omborga tovarni olish vaqtida, tovarni qabul qilishning oddiy usuli bilan aniqlash mumkin boʻlmagan yetishmovchilik yoki buzilish xususida esa, ularni aniqlash uchun zarur boʻlgan oqilona muddatda yozma ravishda yuborilishi kerak. Ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan ariza boʻlmaganida, agar aksi isbot qilingan boʻlmasa, ombor tovarni omborda omonat saqlash shartnomasi shartlariga muvofiq qaytargan deb hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 907-modda
Tovar omborining omborda saqlash shartnomasidan bosh tortishi
Yuk topshiruvchi tovarning xavfli ekanligini yashirgan va bu katta zarar yetkazishi mumkin boʻlgan hollarda tovar ombori omonat saqlash shartnomasini bajarishdan bosh tortishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 908-modda
Ombor hujjatlari
Tovar omborlari tovarlarni saqlashga qabul qilganligini tasdiqlab, quyidagi ombor hujjatlarini berishi mumkin: ikki qismli ombor guvohnomasi; oddiy ombor guvohnomasi; ombor pattasi. Ikki qismli ombor guvohnomasi, uning har bir qismi va oddiy ombor guvohnomasi qimmatli qogʻozlar boʻladi. Ikki qismli va oddiy ombor guvohnomasi garov narsasi boʻlishi mumkin.