Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 873-modda
Firma nomi oʻzgarganida kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasining oʻz kuchida qolishi
Litsenziar oʻzining firma nomini oʻzgartirgan taqdirda, agar litsenziat shartnomani bekor qilishni talab qilmasa, kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi saqlanib qoladi va litsenziarning yangi firma nomiga nisbatan amal qiladi. Shartnomaning amal qilishi saqlanib qolgan taqdirda litsenziat litsenziarga tegishli boʻlgan haqni mutanosib ravishda kamaytirishni talab qilishga haqli boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 874-modda
Litsenziya kompleksiga kiradigan alohida huquqning bekor boʻlish oqibatlari
Agar kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi amal qilib turgan davrda litsenziya kompleksiga kiruvchi alohida huquqning amal qilish muddati tugasa yoki bunday huquq boshqa asosga koʻra bekor boʻlsa, shartnoma bekor boʻlgan huquqqa taalluqli qoidalarni chegirib tashlagan holda saqlanib qoladi, litsenziat esa, agar shartnomada boshqa hol nazarda tutilgan boʻlmasa, litsenziarga tegishli boʻlgan haqni mutanosib ravishda kamaytirishni talab qilishga haqli boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 875-modda
Omonat saqlash shartnomasi
Omonat saqlash shartnomasi boʻyicha bir taraf (omonat saqlovchi) unga ikkinchi taraf (yuk topshiruvchi) bergan ashyoni saqlash va bu ashyoni toʻla holida qaytarish majburiyatini oladi. Omonat saqlashni oʻz kasb faoliyatining maqsadlaridan biri sifatida amalga oshiradigan tashkilot (professional omonat saqlovchi) omonat saqlash shartnomasida saqlovchining yuk topshiruvchidan ashyoni shartnomada nazarda tutilgan muddatda saqlashga qabul qilish majburiyati koʻzda tutilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 876-modda
Ashyoni saqlashga qabul qilish majburiyatini bajarish
Omonat saqlashni tadbirkorlik yoki boshqa professional faoliyat sifatida amalga oshiradigan omonat saqlovchi omonat saqlash shartnomasi boʻyicha oʻz zimmasiga yuk topshiruvchining ashyolarini saqlashga qabul qilish va yuk topshiruvchi bergan narsalarni ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq saqlash majburiyatini olishi mumkin. Omonat saqlash shartnomasi boʻyicha ashyoni saqlashga qabul qilish majburiyatini olgan omonat saqlovchi bu ashyoni saqlash uchun oʻziga berishni talab qilishga haqli emas. Biroq, ashyoni omonat saqlash shartnomasida nazarda tutilgan muddatda saqlashga topshirmagan yuk topshiruvchi, agar qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ashyoni saqlashga topshirmaganligi munosabati bilan yetkazilgan zarar uchun omonat saqlovchi oldida javobgar boʻladi. Agar omonat saqlash shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ashyo shartnomada kelishilgan muddatda saqlashga topshirilmagan hollarda, bordi-yu, bu muddat belgilanmagan boʻlsa, shartnoma tuzilgan kundan boshlab uch oy oʻtganidan keyin omonat saqlovchi ashyoni saqlashga qabul qilish majburiyatidan ozod etiladi.
- FuqarolikCIVIL · 877-modda
Omonat saqlash shartnomasining shakli
Omonat saqlash shartnomasi yozma ravishda tuzilishi kerak boʻlgan hollarda (ushbu Kodeksning 108-moddasi) agar ashyoning saqlashga qabul qilinganligi omonat saqlovchi tomonidan yuk topshiruvchiga saqlash tilxati, pattasi, guvohnomasini, omonat saqlovchi imzolagan boshqa hujjatni berish yoʻli bilan tasdiqlangan boʻlsa, shartnomaning yozma shakliga rioya qilingan hisoblanadi. Agar ashyo saqlash uchun favqulodda holatlarda (yongʻin, tabiiy ofat, toʻsatdan kasal boʻlish, hujum xavfi va boshqalar) topshirilgan boʻlsa, shartnomaning yozma shakliga rioya qilish talab etilmaydi. Omonat saqlash shartnomasi omonat saqlovchi tomonidan yuk topshiruvchiga, agar bunga qonunchilikda yoʻl qoʻyilsa yoki u saqlashning ushbu turi uchun odatdagi hol boʻlsa, ashyolar saqlash uchun qabul qilinganligini tasdiqlaydigan nomerli jeton (nomer) yoki boshqa belgi berish yoʻli bilan tuzilishi mumkin. Omonat saqlash shartnomasining oddiy yozma shakliga rioya qilmaslik saqlashga qabul qilingan ashyo bilan omonat saqlovchi qaytargan ashyoning aynan oʻziligi xususida nizo chiqqan taqdirda, taraflarni guvohlarning koʻrsatmalarini vaj qilib keltirish huquqidan mahrum etmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 878-modda
Omonat saqlash muddati
Omonat saqlovchi ashyoni shartnomada kelishilgan muddat davomida saqlashi shart. Agar shartnomada saqlash muddati nazarda tutilgan boʻlmasa va uni shartnomaning shartlariga qarab aniqlash mumkin boʻlmasa, ashyo yuk topshirgan shaxs tomonidan talab qilib olinguncha saqlanadi. Agar saqlash muddati ashyoni yuk topshirgan shaxs tomonidan talab qilib olish paytigacha qilib belgilangan boʻlsa, omonat saqlovchi bunday vaziyatlarda odat boʻlgan ashyoni saqlash muddati tugagach, ashyoning yuk topshirgan shaxs tomonidan qaytarib olinishini talab qilishga haqli boʻlib, ashyoni topshirgan shaxsga uni qabul qilib olish uchun oqilona muddat beradi. Yuk topshiruvchining bu majburiyatni bajarmasligi ushbu Kodeks 888-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan oqibatlarga olib keladi.
- FuqarolikCIVIL · 879-modda
Ashyolarni egasizlantirib saqlash
Ashyo egasizlantirib saqlanganida saqlash uchun qabul qilingan ashyolar boshqa yuk topshiruvchilarning shunga oʻxshash va shunday sifatli ashyolari bilan aralashtirib yuborilishi mumkin. Yuk topshiruvchiga teng miqdorda yoki taraflar kelishgan miqdorda shunga oʻxshash va shunday sifatli ashyolar qaytarib beriladi. Egasizlantirib saqlash bunday hol omonat saqlash shartnomasida bevosita nazarda tutilgan hollardagina amalga oshiriladi.
- FuqarolikCIVIL · 88-modda
Boʻlinadigan va boʻlinmaydigan ashyolar
Boʻlish natijasida har qaysi qismi butunning xossalarini oʻzida saqlab qoladigan va shu bilan birga oʻzining xoʻjalik (maqsadli) ahamiyatini yoʻqotmaydigan ashyo boʻlinadigan ashyo hisoblanadi. Boʻlish natijasida qismlari dastlabki ashyoning xossalarini yoʻqotadigan, uning xoʻjalik (maqsadli) ahamiyatini oʻzgartiradigan ashyo boʻlinmaydigan ashyo hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 880-modda
Omonat saqlovchining ashyo toʻliq saqlanishini taʼminlash majburiyatlari
Omonat saqlovchi saqlashga topshirilgan ashyoning toʻliq saqlanishini taʼminlash uchun omonat saqlash shartnomasida nazarda tutilgan, shuningdek boshqa barcha zarur chora-tadbirlarni koʻrishi shart. Agar shartnomada egasizlantirib saqlash nazarda tutilgan boʻlmasa, omonat saqlovchi saqlash uchun oʻziga berilgan ashyoni yuk topshiruvchiga yoki u oluvchi sifatida koʻrsatgan boshqa shaxsga topshirishi shart. Ashyo saqlashga qanday holatda topshirilgan boʻlsa, oʻsha holatda, uning tabiiy yomonlashuvini yoki tabiiy kamayishini hisobga olib qaytarib berilishi shart. Omonat saqlovchi ashyoni qaytarish bilan bir vaqtda, basharti omonat saqlash shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, uni saqlash vaqtida olingan hosil va daromadlarni ham topshirishi shart.
- FuqarolikCIVIL · 881-modda
Omonat saqlashga topshirilgan ashyodan foydalanish
Omonat saqlovchi oʻziga saqlash uchun topshirilgan ashyodan yuk topshiruvchining roziligisiz foydalanishga, shuningdek uchinchi shaxslarga undan foydalanish imkoniyatini berishga haqli emas, saqlanayotgan ashyodan foydalanish uning toʻliq saqlanishini taʼminlash uchun zarur boʻlgan hollar bundan mustasno.
- FuqarolikCIVIL · 882-modda
Omonat saqlash shartlarini oʻzgartirish
Omonat saqlovchi ashyoni saqlash shartlarini oʻzgartirish zarurligi haqida darhol yuk topshiruvchini xabardor qilishi va uning javobini kutishi shart. Ashyoning yoʻqolishi yoki shikastlanishi xavfi paydo boʻlgan taqdirda, omonat saqlovchi saqlash shartnomasida nazarda tutilgan saqlash usuli, joyi va boshqa shartlarni yuk topshiruvchining javobini kutmasdan oʻzgartirishi shart. Agar saqlash vaqtida ashyoning buzilish xavfi aniq boʻlib qolsa yoki ashyo buzilgan boʻlsa, yoki uning toʻliq saqlanishini taʼminlashga imkon bermaydigan vaziyatlar vujudga kelgan boʻlsa, yuk topshiruvchi esa oʻz vaqtida choralar koʻrishini kutish mumkin boʻlmasa, omonat saqlovchi ashyoni yoki uning bir qismini saqlash joyida amalda boʻlgan bahoda mustaqil sotishga haqli. Agar mazkur vaziyatlar omonat saqlovchi aybdor boʻlmagan sabablarga koʻra vujudga kelgan boʻlsa, u sotish uchun qilgan oʻz xarajatlarini xarid bahosidan undirish huquqiga ega.
- FuqarolikCIVIL · 883-modda
Xavfli xossalarga ega boʻlgan ashyolarni saqlash
Agar yuk topshiruvchi tez yonadigan, portlash xavfi boʻlgan yoki oʻz tabiatiga koʻra xavfli boʻlgan ashyolarni saqlash uchun topshirayotgan vaqtda saqlovchini ularning xossalari haqida ogohlantirmagan boʻlsa, omonat saqlovchi bu ashyolarni koʻrilgan ziyonni yuk topshiruvchiga toʻlamagan holda istagan vaqtda zararsizlantirishi yoki yoʻq qilib tashlashi mumkin. Yuk topshiruvchi bunday ashyolar saqlanishi munosabati bilan saqlovchiga va uchinchi shaxslarga yetkazilgan zarar uchun javob beradi. Xavfli xossalarga ega boʻlgan ashyolar saqlash uchun professional omonat saqlovchiga topshirilgan vaqtda ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar bunday ashyolar saqlash uchun notoʻgʻri nom bilan topshirilgan va omonat saqlovchi ularni qabul qilib olish chogʻida sirtidan koʻzdan kechirish yoʻli bilan ularning xavfli xossalarga egaligini bila olmagan taqdirda qoʻllanadi. Ashyolar haq evaziga saqlangan taqdirda, ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda ashyolarni saqlash uchun toʻlangan haq qaytarib berilmaydi, bordi-yu, bu haq toʻlanmagan boʻlsa, omonat saqlovchi uni toʻla-toʻkis undirib olishi mumkin. Agar omonat saqlovchi xabardor boʻlgani holda va uning roziligi bilan saqlashga qabul qilingan ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan ashyolar, garchi ularni saqlash shartlariga rioya etilgan boʻlsa-da, atrofdagilar uchun yoki omonat saqlovchi yoxud uchinchi shaxslarning mol-mulki uchun xavfli boʻlib qolgan boʻlsa hamda vaziyat omonat saqlovchining yuk topshiruvchidan ularni darhol olib ketishni talab qilishiga imkon bermasa yoki yuk topshiruvchi bu talabni bajarmasa, ushbu ashyolar omonat saqlovchi tomonidan yuk topshiruvchiga ziyonni toʻlamagan holda zararsizlantirilishi yoki yoʻq qilib tashlanishi mumkin. Bunday hollarda yuk topshiruvchi ushbu ashyolarni saqlash munosabati bilan keltirilgan zarar uchun omonat saqlovchi va uchinchi shaxslar oldida javobgar boʻlmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 884-modda
Ashyoni saqlash uchun uchinchi shaxsga topshirish
Agar qonunchilikda yoki omonat saqlash shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, omonat saqlovchi yuk topshiruvchining roziligisiz ashyoni saqlash uchun uchinchi shaxsga topshirishga haqli emas, basharti buni yuk topshiruvchining manfaatlari zarur qilib qoʻygan va omonat saqlovchi uning roziligini olish imkoniyatidan mahrum boʻlgan boʻlmasa. Omonat saqlovchi ashyoni uchinchi shaxsga topshirganligi haqida yuk topshiruvchini kechiktirmay xabardor qilishi shart. Saqlash uchun ashyo topshirilgan uchinchi shaxsning harakatlari uchun omonat saqlovchi javob beradi.
- FuqarolikCIVIL · 885-modda
Omonat saqlaganlik uchun toʻlanadigan haq
Omonat saqlaganlik uchun haq saqlovchiga saqlash tamom boʻlganidan keyin, bordi-yu, saqlash uchun davrlar boʻyicha haq toʻlash nazarda tutilgan boʻlsa — har bir davr tamom boʻlganidan keyin toʻlanishi shart. Agar saqlash omonat saqlovchi javobgar boʻlmagan vaziyatlar tufayli shartlashilgan muddatidan oldin toʻxtatilsa, omonat saqlovchi haqning mutanosib qismini, ushbu Kodeks 883-moddasining birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda esa, haqning hammasini olish huquqiga ega boʻladi. Agar saqlash omonat saqlovchi javobgar boʻladigan vaziyatlar tufayli muddatidan oldin toʻxtatilsa, u saqlaganlik uchun haq talab qilish huquqiga ega boʻlmaydi, bu haq ustidan olgan summalarni esa yuk topshiruvchiga qaytarishi shart. Agar shartnomada nazarda tutilgan muddat tugaganidan keyin saqlab turilgan ashyo yuk topshiruvchi tomonidan qaytarib olinmagan boʻlsa, u ashyoni bundan keyin saqlagani uchun omonat saqlovchiga tegishli miqdorda haq toʻlashi shart. Ushbu moddaning qoidalari omonat saqlash shartnomasida boshqacha tartib belgilab qoʻyilgan boʻlmasa qoʻllaniladi.
- FuqarolikCIVIL · 886-modda
Omonat saqlash yuzasidan qilingan xarajatlarni qoplash
Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ashyoni saqlash xarajatlari toʻlanadigan haq summasiga kiritiladi. Alohida xarajatlar omonat saqlash shartnomasida nazarda tutilgan haq summasiga yoki xarajatlar tarkibiga kiritilmasligi nazarda tutiladi. Agar omonat saqlash shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ashyo tekinga saqlanganida yuk topshiruvchi amalda qilingan zarur xarajatlarni omonat saqlovchiga toʻlashi shart.
- FuqarolikCIVIL · 887-modda
Omonat saqlash uchun qilingan alohida xarajatlar
Ashyoni saqlash uchun qilingan, odatdagi bunday xarajatlardan ortiq boʻlgan hamda omonat saqlash shartnomasini tuzish chogʻida taraflar oldindan koʻrishi mumkin boʻlmagan xarajatlar (alohida xarajatlar), basharti yuk topshiruvchi ushbu xarajatlarga rozilik bergan yoki ularni keyinchalik maʼqullagan boʻlsa, shuningdek qonunchilikda yoki shartnomada nazarda tutilgan boshqa hollarda omonat saqlovchiga toʻlanadi. Alohida xarajatlarni qilish zarur boʻlib qolganida, omonat saqlovchi yuk topshiruvchidan ushbu xarajatlarga rozilik soʻrashi shart. Agar yuk topshiruvchi omonat saqlovchi koʻrsatgan muddatda yoki javob berish uchun yetarli boʻlgan vaqtda oʻzining rozi emasligini xabar qilmasa, u alohida xarajatlarga rozi boʻlgan, deb hisoblanadi. Ishning holatlariga koʻra yuk topshiruvchining roziligini oldindan olish mumkin boʻlsa-da, omonat saqlovchi bunday rozilikni olmasdan turib saqlash uchun alohida xarajatlar qilgan va yuk topshiruvchi keyinchalik ularni maʼqullamagan taqdirda, omonat saqlovchi alohida xarajatlarni faqat ushbu xarajatlar qilinmasa ashyoga yetkazilishi mumkin boʻlgan zarar doirasida qoplashni talab qilishi mumkin. Agar saqlash shartnomasida boshqa hol nazarda tutilgan boʻlmasa, alohida xarajatlar saqlash haqiga qoʻshimcha ravishda toʻlanadi.
- FuqarolikCIVIL · 888-modda
Ashyoning yuk topshiruvchi tomonidan qaytarib olinishi
Yuk topshiruvchi shartnomada nazarda tutilgan saqlash muddati tamom boʻlgach, saqlash uchun topshirilgan ashyoni qaytarib olishi shart. Yuk topshiruvchi ashyoni olishdan bosh tortgan taqdirda, agar omonat saqlash shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, omonat saqlovchi ashyoni mustaqil suratda sotishga, uning qiymati belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravariga teng summadan ortiq boʻlgan taqdirda esa — ushbu Kodeksning 379, 380 va 381-moddalarida nazarda tutilgan tartibda sotishga haqli. Ashyoni sotishdan tushgan summa omonat saqlovchiga tegishli haq chegirib tashlangach, yuk topshiruvchiga beriladi.
- FuqarolikCIVIL · 889-modda
Ashyo yoʻqolganligi, kam chiqqanligi yoki shikastlanganligi uchun omonat saqlovchining javobgarligi
Omonat saqlovchi saqlash uchun qabul qilingan ashyo yoʻqolganligi, kam chiqqanligi yoki shikastlanganligi uchun ushbu Kodeksning 333-moddasida nazarda tutilgan asoslarga koʻra javobgar boʻladi. Professional omonat saqlovchi ashyoning yoʻqolishi, kam chiqishi yoki shikastlanishi: yengib boʻlmas kuch taʼsiri oqibatida; ashyoning uni saqlash uchun qabul qilish chogʻida omonat saqlovchi bilmagan va bilishi shart boʻlmagan yashirin xossalari tufayli; saqlanayotgan ashyoning yoʻqolganligi, kam chiqqanligi yoki shikastlanganligi yuk topshiruvchining qasddan qilganligi yoki qoʻpol ehtiyotsizligi natijasida yuz berganligini isbotlamasa javobgar boʻladi. Shartnomada nazarda tutilgan saqlash muddati yoki omonat saqlovchining talabiga koʻra ashyoni qaytarib olishi shart boʻlgan vaqt tugagach, yuk topshiruvchi saqlanayotgan ashyoni qaytarib olmasa, omonat saqlovchi bundan buyon ashyo yoʻqolganligi, kam chiqqanligi yoki shikastlanganligi uchun qasddan harakat qilgan yoki qoʻpol ehtiyotsizlik qilgan taqdirdagina javob beradi.
- FuqarolikCIVIL · 89-modda
Isteʼmol qilinadigan va isteʼmol qilinmaydigan ashyolar
Bir karra foydalanish natijasida yoʻqolib ketadigan yoki dastlabki holatida mavjud boʻlmay qoladigan ashyolar (xom ashyo, yoqilgʻi, oziq-ovqat mahsulotlari va shu kabilar) isteʼmol qilinadigan ashyolar hisoblanadi. Qayta-qayta foydalanishga moʻljallangan, bunda oʻzining dastlabki holatini uzoq vaqt davomida saqlab qoladigan hamda asta-sekin yemirilib boradigan ashyolar (binolar, uskunalar, transport vositalari) isteʼmol qilinmaydigan ashyolar hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 890-modda
Omonat saqlovchining javobgarlik darajasi
Ashyo yoʻqolganligi, kam chiqqanligi yoki shikastlanganligi tufayli yuk topshiruvchiga yetkazilgan zarar, agar qonunda yoki saqlash shartnomasida boshqa hol nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu Kodeksning 324-moddasiga muvofiq omonat saqlovchi tomonidan qoplanadi. Ashyo tekin saqlanganida uning yoʻqolishi, kam chiqishi yoki shikastlanishi tufayli yuk topshiruvchiga yetkazilgan zarar: ashyolar yoʻqolganligi va kam chiqqanligi uchun — yoʻqolgan yoki yetishmayotgan ashyolarning qiymati miqdorida; ashyolar shikastlanganligi uchun — ularning qiymati qancha summaga kamaygan boʻlsa, shuncha summa miqdorida qoplanadi. Agar omonat saqlovchi javobgar boʻlgan holda shikast yetishi natijasida ashyoning sifati undan dastlabki vazifasi boʻyicha foydalanish mumkin boʻlmaydigan darajada oʻzgargan boʻlsa, yuk topshiruvchi undan voz kechishga va omonat saqlovchidan ushbu ashyoning qiymatini, shuningdek, agar qonunda yoki omonat saqlash shartnomasida nazarda tutilgan boʻlsa, boshqa zararni ham qoplashni talab qilishga haqli.