Omonat saqlash uchun qilingan alohida xarajatlar
Ashyoni saqlash uchun qilingan, odatdagi bunday xarajatlardan ortiq boʻlgan hamda omonat saqlash shartnomasini tuzish chogʻida taraflar oldindan koʻrishi mumkin boʻlmagan xarajatlar (alohida xarajatlar), basharti yuk topshiruvchi ushbu xarajatlarga rozilik bergan yoki ularni keyinchalik maʼqullagan boʻlsa, shuningdek qonunchilikda yoki shartnomada nazarda tutilgan boshqa hollarda omonat saqlovchiga toʻlanadi.
Alohida xarajatlarni qilish zarur boʻlib qolganida, omonat saqlovchi yuk topshiruvchidan ushbu xarajatlarga rozilik soʻrashi shart. Agar yuk topshiruvchi omonat saqlovchi koʻrsatgan muddatda yoki javob berish uchun yetarli boʻlgan vaqtda oʻzining rozi emasligini xabar qilmasa, u alohida xarajatlarga rozi boʻlgan, deb hisoblanadi.
Ishning holatlariga koʻra yuk topshiruvchining roziligini oldindan olish mumkin boʻlsa-da, omonat saqlovchi bunday rozilikni olmasdan turib saqlash uchun alohida xarajatlar qilgan va yuk topshiruvchi keyinchalik ularni maʼqullamagan taqdirda, omonat saqlovchi alohida xarajatlarni faqat ushbu xarajatlar qilinmasa ashyoga yetkazilishi mumkin boʻlgan zarar doirasida qoplashni talab qilishi mumkin.
Agar saqlash shartnomasida boshqa hol nazarda tutilgan boʻlmasa, alohida xarajatlar saqlash haqiga qoʻshimcha ravishda toʻlanadi.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish