Xavfli xossalarga ega boʻlgan ashyolarni saqlash
Agar yuk topshiruvchi tez yonadigan, portlash xavfi boʻlgan yoki oʻz tabiatiga koʻra xavfli boʻlgan ashyolarni saqlash uchun topshirayotgan vaqtda saqlovchini ularning xossalari haqida ogohlantirmagan boʻlsa, omonat saqlovchi bu ashyolarni koʻrilgan ziyonni yuk topshiruvchiga toʻlamagan holda istagan vaqtda zararsizlantirishi yoki yoʻq qilib tashlashi mumkin. Yuk topshiruvchi bunday ashyolar saqlanishi munosabati bilan saqlovchiga va uchinchi shaxslarga yetkazilgan zarar uchun javob beradi.
Xavfli xossalarga ega boʻlgan ashyolar saqlash uchun professional omonat saqlovchiga topshirilgan vaqtda ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar bunday ashyolar saqlash uchun notoʻgʻri nom bilan topshirilgan va omonat saqlovchi ularni qabul qilib olish chogʻida sirtidan koʻzdan kechirish yoʻli bilan ularning xavfli xossalarga egaligini bila olmagan taqdirda qoʻllanadi.
Ashyolar haq evaziga saqlangan taqdirda, ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda ashyolarni saqlash uchun toʻlangan haq qaytarib berilmaydi, bordi-yu, bu haq toʻlanmagan boʻlsa, omonat saqlovchi uni toʻla-toʻkis undirib olishi mumkin.
Agar omonat saqlovchi xabardor boʻlgani holda va uning roziligi bilan saqlashga qabul qilingan ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan ashyolar, garchi ularni saqlash shartlariga rioya etilgan boʻlsa-da, atrofdagilar uchun yoki omonat saqlovchi yoxud uchinchi shaxslarning mol-mulki uchun xavfli boʻlib qolgan boʻlsa hamda vaziyat omonat saqlovchining yuk topshiruvchidan ularni darhol olib ketishni talab qilishiga imkon bermasa yoki yuk topshiruvchi bu talabni bajarmasa, ushbu ashyolar omonat saqlovchi tomonidan yuk topshiruvchiga ziyonni toʻlamagan holda zararsizlantirilishi yoki yoʻq qilib tashlanishi mumkin. Bunday hollarda yuk topshiruvchi ushbu ashyolarni saqlash munosabati bilan keltirilgan zarar uchun omonat saqlovchi va uchinchi shaxslar oldida javobgar boʻlmaydi.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish