Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 855-modda
Ishonchli boshqaruvda boʻlgan mol-mulkni ajratib chiqarish
Ishonchli boshqarishga topshirilgan mol-mulk boshqaruv muassisining boshqa mol-mulkidan, shuningdek ishonchli boshqaruvchining mol-mulkidan ajratiladi. Ushbu mol-mulk ishonchli boshqaruvchida alohida balansda aks ettiriladi va u boʻyicha mustaqil hisob yuritiladi. Ishonchli boshqaruv bilan bogʻliq faoliyat boʻyicha hisob-kitob yuritish uchun alohida bank hisobvaragʻi ochiladi. Boshqaruv muassisining qarzlari boʻyicha undiruvni u ishonchli boshqaruvga topshirgan mol-mulkka qaratishga yoʻl qoʻyilmaydi, bundan ushbu shaxs bankrot deb topilgan hollar mustasno. Boshqaruv muassisi bankrot deb topilganda ushbu mol-mulkni ishonchli boshqarish bekor qilinadi va u tugatish massasiga qoʻshib yuboriladi.
- FuqarolikCIVIL · 856-modda
Uchinchi shaxslarning huquqlari boʻlgan mol-mulkni ishonchli boshqarish
Ishonchli boshqaruvchi shartnoma tuzilgunga qadar oʻziga boshqarish uchun topshirilayotgan mol-mulkka uchinchi shaxslarning huquqlari borligi haqida xabardor qilib qoʻyilishi kerak. Ushbu shart buzilgan taqdirda ishonchli boshqaruvchi shartnomani haqiqiy emas deb hisoblab, real zararni qoplashni va mutanosib haq toʻlashni talab qilishga haqli. Agar ishonchli boshqarishga topshirilgan mol-mulkka shartnoma tuzilganidan keyin uchinchi shaxslarning huquqlari paydo boʻlsa, ishonchli boshqaruvchi esa bu haqda oʻn kunlik muddatda xabardor qilinmagan boʻlsa, u mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasini bekor qilib, oʻziga keltirilgan haqiqiy zararning qoplanishini va mutanosib haq toʻlanishini talab qilish huquqiga ega.
- FuqarolikCIVIL · 857-modda
Ishonchli boshqaruvchining huquq va majburiyatlari
Ishonchli boshqaruvchi qonunda va mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasida nazarda tutilgan doirada ishonchli boshqarishga topshirilgan mol-mulkka nisbatan mulkdor huquqlarini amalga oshiradi. Ishonchli boshqaruvchi mol-mulkni boshqarish sohasidagi harakatlarni amalga oshirish natijasida qoʻlga kiritgan huquqlar ana shunday mol-mulk tarkibiga kiritiladi. Ishonchli boshqaruvchining ana shunday harakatlarni amalga oshirishi natijasida vujudga kelgan majburiyatlar shu mol-mulk hisobidan bajariladi. Ishonchli boshqaruvchi boshqaruvga topshirilgan koʻchmas mol-mulkni boshqa shaxsga berishni va garovga qoʻyishni faqat bu hol mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasida nazarda tutilgan hollarda amalga oshirishga haqli. Ishonchli boshqaruvda boʻlgan mol-mulkka huquqlarni himoya qilish uchun ishonchli boshqaruvchi oʻzining huquqlari har qanday buzilishini bartaraf etishni talab qilish huquqiga ega (ushbu Kodeksning 228, 229, 231, 232-moddalari). Ishonchli boshqaruvchi boshqaruvning muassisiga va foyda oluvchiga mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi bilan belgilangan muddatlarda va tartibda oʻz faoliyati toʻgʻrisida hisobot taqdim etib turadi.
- FuqarolikCIVIL · 858-modda
Mol-mulkni ishonchli boshqarishni boshqa shaxsga berish
Ishonchli boshqaruvchi mol-mulkni shaxsan oʻzi boshqaradi, ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Ishonchli boshqaruvchi boshqa shaxsga ishonchli boshqaruvchi nomidan mol-mulkni boshqarish uchun zarur boʻlgan harakatlarni amalga oshirishni topshirishi mumkin, basharti unga mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasida ana shunday vakolat berilgan boʻlsa yoki u bunga muassisning yozma roziligini olgan boʻlsa, yoxud boshqaruv muassisining yoki foyda oluvchining manfaatlarini taʼminlash uchun vaziyat taqozosi bilan bunga majbur boʻlsa va bunda boshqaruv muassisining koʻrsatmalarini oqilona muddatda olish imkoniga ega boʻlmasa. Ishonchli boshqaruvchi oʻzi tanlagan ishonchli vakilning harakatlari uchun oʻzining harakatlari kabi javobgar boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 859-modda
Ishonchli boshqaruvchining javobgarligi
Mol-mulkni ishonchli boshqarish paytida foyda oluvchining yoki boshqaruv muassisining manfaatlari toʻgʻrisida yetarli gʻamxoʻrlik qilmagan ishonchli boshqaruvchi foyda oluvchiga qonunchilikda boshqacha qoida belgilangan boʻlmasa mol-mulkni ishonchli boshqarish vaqtida boy berilgan foydani, boshqaruv muassisiga esa mol-mulkni yoʻqotish yoki unga shikast yetkazish bilan keltirilgan zararni, shuningdek boy berilgan foydani toʻlaydi. Agar ishonchli boshqaruvchi ushbu zararlar yengib boʻlmaydigan kuch tufayli yoki foyda oluvchining yoxud boshqaruv muassisining harakatlari tufayli kelib chiqqanligini isbot qilib bera olmasa, yetkazilgan zarar uchun javobgar boʻladi. Ishonchli boshqaruvchi oʻziga berilgan vakolatlardan chetga chiqqan yoki oʻzi uchun belgilab qoʻyilgan cheklashlarni buzgan holda tuzgan bitim boʻyicha majburiyatlarni ishonchli boshqaruvchi shaxsan oʻzi bajaradi. Agar bitimda qatnashuvchi uchinchi shaxslar vakolatlardan chetga chiqilganligini yoki belgilab qoʻyilgan cheklashlarni bilmagan boʻlsalar yoki bilishlari kerak boʻlmagan boʻlsa, vujudga kelgan majburiyatlar ushbu moddaning toʻrtinchi qismida belgilab qoʻyilgan tartibda bajarilishi kerak. Bu holda boshqaruv muassisi ishonchli boshqaruvchidan u keltirgan zararning oʻrnini qoplashni talab qilishi mumkin. Mol-mulkni ishonchli boshqarish munosabati bilan vujudga kelgan majburiyatlar boʻyicha qarzlar ushbu mol-mulk hisobidan toʻlanadi. Ushbu mol-mulk yetarli boʻlmagan taqdirda undiruv ishonchli boshqaruvchining mol-mulkiga, uning mol-mulki ham yetarli boʻlmaganida esa — boshqaruv muassisining ishonchli boshqarishga topshirilmagan mol-mulkiga qaratilishi mumkin. Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi uni tegishli suratda bajarmaslik tufayli boshqaruv muassisiga yoki foyda oluvchiga yetkazilishi mumkin boʻlgan zararning oʻrnini qoplashni taʼminlash uchun ishonchli boshqaruvchining garov berishini nazarda tutishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 86-modda
Ashyolarning tasnifi
Ashyolar fuqarolik huquqlarining obyektlari sifatida quyidagilarga boʻlinadi: xususiy va turga xos alomatlari bilan belgilangan ashyolar; boʻlinadigan va boʻlinmaydigan ashyolar; isteʼmol qilinadigan va isteʼmol qilinmaydigan ashyolar; asosiy va mansub ashyolar; murakkab ashyolar.
- FuqarolikCIVIL · 860-modda
Ishonchli boshqaruvchiga toʻlanadigan haq
Ishonchli boshqaruvchi mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasida nazarda tutilgan haqni olish, shuningdek u mol-mulkni ishonchli boshqarish chogʻida qilgan zarur xarajatlarni boshqarishga topshirilgan mol-mulk hisobidan yoki ushbu mol-mulkdan foydalanishdan kelgan daromadlar hisobidan qoplatish huquqiga ega.
- FuqarolikCIVIL · 861-modda
Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasining bekor boʻlishi
Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi quyidagi hollarda bekor boʻladi: taraflardan birining shartnoma muddati tugashi munosabati bilan shartnomani bekor qilish toʻgʻrisidagi arizasiga muvofiq; agar shartnomada boshqa hol nazarda tutilgan boʻlmasa, foyda oluvchi fuqaroning vafot etishi, foyda oluvchi yuridik shaxsning tugatilishi munosabati bilan; ishonchli boshqaruvchi fuqaro vafot etganida, u muomalaga layoqatsiz, muomala layoqati cheklangan yoki bedarak yoʻqolgan deb hisoblanganida, shuningdek yakka tadbirkor toʻlovga qobiliyatsiz deb topilganida; ishonchli boshqaruvchi yuridik shaxs tugatilganida, u toʻlovga qobiliyatsiz deb topilganida; foyda oluvchi, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, shartnoma boʻyicha foydani olishdan bosh tortganida; ishonchli boshqaruvchi yoki boshqaruv muassisi ishonchli boshqaruvchi uchun mol-mulkni ishonchli boshqarishni shaxsan amalga oshirishi mumkin emasligi munosabati bilan boshqaruvni amalga oshirishdan bosh tortganida; boshqaruv muassisi ishonchli boshqaruvchiga shartnomada kelishilgan haqni toʻlagan holda ushbu moddaning toʻrtinchi bandida koʻrsatilganidan boshqa sabablarga koʻra shartnomani bajarishdan bosh tortganida; ishonchli boshqaruvchi oʻzining majburiyatlarini tegishli darajada bajarmagan taqdirda shartnoma sudning qaroriga muvofiq bekor qilinganida; qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan boshqa asoslarga koʻra. Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi bekor qilinganida ishonchli boshqarishda boʻlgan mol-mulk, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, boshqaruv muassisiga topshiriladi. Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi taraflardan birining tashabbusi bilan bekor qilinganida ikkinchi taraf, agar shartnomada boshqacha muddat belgilangan boʻlmasa, kamida uch oy oldin bundan xabardor qilib qoʻyilishi kerak.
- FuqarolikCIVIL · 862-modda
Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi
Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomasi boʻyicha bir taraf (kompleks litsenziar) ikkinchi tarafga (kompleks litsenziatga) haq evaziga litsenziarning firma nomidan hamda qoʻriqlanadigan tijorat axborotidan, shuningdek shartnomada nazarda tutilgan mutlaq huquqlarga kiruvchi boshqa obyektlardan (tovar belgisi, xizmat koʻrsatish belgisi va ixtirolar hamda boshqalardan) litsenziatning tadbirkorlik faoliyatida foydalanish huquqini oʻz ichiga oladigan mutlaq huquqlar kompleksini (litsenziya kompleksi) berish majburiyatini oladi. Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi litsenziya kompleksidan, litsenziarning ish sohasidagi obroʻsidan va tijorat sohasidagi tajribasidan muayyan hajmda (xususan, minimal va yoki maksimal hajmda foydalanishni belgilab qoʻygan holda) muayyan faoliyat sohasiga (litsenziardan olingan yoki litsenziat ishlab chiqargan tovarlarni sotish, xizmatlarni koʻrsatish, ishlar bajarish, savdo faoliyatini amalga oshirish va hokazo) qoʻllagan holda, foydalanish hududini koʻrsatib yoki koʻrsatmasdan foydalanishni nazarda tutadi. Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi boʻyicha faqat tijorat tashkilotlari va tadbirkorlar sifatida roʻyxatga olingan fuqarolargina taraflar boʻlishi mumkin. Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi muddat koʻrsatilgan, shuningdek koʻrsatilmagan holda (muddatsiz shartnoma) tuzilishi mumkin. Basharti ushbu bobda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa yoki u shartnomaning mohiyatidan kelib chiqmasa, kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasiga ushbu Kodeksning intellektual mulk haqidagi qoidalari tegishli suratda qoʻllanadi.
- FuqarolikCIVIL · 863-modda
Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasining shakli va uni roʻyxatga olishga qoʻyiladigan talablar
Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi yozma ravishda tuzilishi kerak va u shartnomaga muvofiq litsenziar sifatida ish koʻradigan yuridik shaxsni yoki yakka tadbirkorni roʻyxatga olgan organ tomonidan roʻyxatga olinishi kerak. Ushbu qoidaga rioya qilmaslik shartnomaning haqiqiy hisoblanmasligiga sabab boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 864-modda
Kompleks tadbirkorlik boʻyicha qoʻshimcha litsenziya
Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasida litsenziatning oʻziga berilgan litsenziya kompleksi yoki uning bir qismidan boshqa shaxslarning u litsenziar bilan kelishgan yoki kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasida belgilangan shartlarda foydalanishiga ruxsat berish huquqi nazarda tutilishi mumkin. Xuddi shuningdek, shartnomada litsenziatning muayyan vaqt davomida foydalanish hududini koʻrsatgan yoki koʻrsatmagan holda muayyan miqdorda qoʻshimcha litsenziyalar berish majburiyati ham yozib qoʻyilishi mumkin. Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasining bekor qilinishi kompleks tadbirkorlik boʻyicha qoʻshimcha litsenziyani ham bekor qiladi.
- FuqarolikCIVIL · 865-modda
Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi boʻyicha haq toʻlash shakli
Litsenziat litsenziarga qatʼiy belgilab qoʻyilgan bir yoʻla yoki davriy toʻlovlar, tushumdan ajratmalar, litsenziar tomonidan unga qayta sotish uchun yetkazib beriladigan tovarlarning ulgurji narxlariga ustamalar shaklida yoki kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasida nazarda tutilgan boshqa shaklda haq toʻlaydi.
- FuqarolikCIVIL · 866-modda
Litsenziarning majburiyatlari
Litsenziar: litsenziatga texnikaviy va tijorat hujjatlarini topshirishi hamda litsenziat kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi boʻyicha oʻziga berilgan huquqlarni amalga oshirishi uchun zarur boʻlgan boshqa axborotni taqdim etishi, shuningdek litsenziat va uning xodimlariga ushbu huquqlarni amalga oshirish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan yoʻl-yoʻriqlar berishi shart; litsenziatga shartnomada nazarda tutilgan litsenziyalarni berishi, ularning belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlashi; litsenziatga doimiy texnikaviy va maslahat yordami koʻrsatishi, shu jumladan xodimlarni oʻqitish va ularning malakasini oshirishda yordam berishi shart. Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasida litsenziarning boshqa majburiyatlari ham nazarda tutilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 867-modda
Litsenziatning majburiyatlari
Litsenziat kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi boʻyicha amalga oshiradigan faoliyatning xarakteri va xususiyatlarini hisobga olgan holda litsenziat: shartnomada nazarda tutilgan faoliyatni amalga oshirish chogʻida litsenziarning firma nomidan shartnomada koʻrsatilgan tarzda foydalanishi; u shartnoma asosida ishlab chiqarayotgan tovarlar, koʻrsatayotgan xizmatlar, bajarayotgan ishlar sifati bevosita litsenziarning oʻzi ishlab chiqarayotgan, koʻrsatayotgan yoki bajarayotgan shunday tovarlar, xizmatlar yoki ishlarning sifatiga aniq mos boʻlishini taʼminlashi; litsenziarning litsenziya kompleksiga kiruvchi alohida huquqlardan foydalanish xarakteri, usullari va shartlari bu huquqlardan litsenziarning foydalanishiga aniq mos kelishiga qaratilgan barcha yoʻriqnomalari va koʻrsatmalariga, shu jumladan litsenziat shartnoma boʻyicha oʻziga berilgan huquqlarni amalga oshirish vaqtida foydalanadigan tijorat binolarining tashqi va ichki bezaklariga doir koʻrsatmalariga ham rioya etishi; sotib oluvchilar (buyurtmachilar) bevosita litsenziardan tovar (xizmat, ish) ni sotib olgan (buyurtma bergan) vaqtda ularga umid qilishlari mumkin boʻlgan hamma qoʻshimcha xizmatlarni koʻrsatishi; litsenziarning ishlab chiqarish sirlarini va undan olgan boshqa maxfiy tijorat axborotini oshkor qilmasligi; agar shartnomada toʻgʻridan-toʻgʻri nazarda tutilgan boʻlsa, shartlashilgan miqdorda yordamchi litsenziyalarni berishi; kompleks tadbirkorlik litsenziyasi tufayli firma nomidan, tovar belgisidan, xizmat koʻrsatish belgisidan yoki boshqa individuallashtirish vositasidan foydalanayotganligini sotib oluvchilarga (buyurtmachilarga) ular uchun juda aniq usulda maʼlum qilishi shart.
- FuqarolikCIVIL · 868-modda
Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasining cheklaydigan shartlari
Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasida cheklaydigan (eksklyuziv) shartlar, xususan: litsenziarning litsenziatga biriktirib qoʻyilgan hududda foydalanish uchun boshqa xuddi shunday kompleks tadbirkorlik litsenziyalarini bermaslik yoki ushbu hududda bevosita mustaqil faoliyat olib bormaslik majburiyati; litsenziatning kompleks tadbirkorlik litsenziyasidan foydalaniladigan hududda litsenziar bilan raqobatlashmaslik majburiyati; litsenziatning litsenziarning raqobatchilaridan (boʻlajak raqobatchilaridan) boshqa kompleks tadbirkorlik litsenziyalarini olishdan voz kechishi; litsenziatning shartnoma boʻyicha oʻziga berilgan alohida huquqlarni amalga oshirish vaqtida foydalaniladigan tijorat binolari joylashtiriladigan yerni, shuningdek ularning tashqi va ichki bezaklarini litsenziar bilan kelishish majburiyati nazarda tutilishi mumkin. Agar cheklaydigan shartlar tegishli bozorning holatini va taraflarning iqtisodiy mavqeyini hisobga olganda raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilikka zid boʻlsa, bu shartlar monopoliyaga qarshi organ yoki boshqa manfaatdor shaxsning daʼvosiga koʻra haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Agar kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasining cheklaydigan shartlariga koʻra: litsenziar litsenziatning tovarni sotish bahosini yoki litsenziat bajaradigan (koʻrsatadigan) ishlar (xizmatlar) narxini belgilashga, yoki mazkur narxlarning yuqori va pastki chegaralarini belgilab qoʻyishga haqli boʻlsa; litsenziat tovarlarni faqat maʼlum toifadagi sotib oluvchilarga (buyurtmachilarga) yoki shartnomada belgilab qoʻyilgan hududda joylashgan (yashaydigan) sotib oluvchilarga (buyurtmachilarga)gina sotishga, ishlarni bajarishga yoki xizmatlar koʻrsatishga haqli boʻlsa, bunday cheklovchi shartlar haqiqiy emas.
- FuqarolikCIVIL · 869-modda
Litsenziarning litsenziatga qoʻyiladigan talablar boʻyicha javobgarligi
Litsenziat kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi boʻyicha sotayotgan (bajarayotgan, koʻrsatayotgan) tovarlar (ishlar, xizmatlar) sifati shartnomaga mos emasligi toʻgʻrisida litsenziatga qoʻyiladigan talablar yuzasidan litsenziar subsidiar javobgar boʻladi. Litsenziatga litsenziarning mahsulotini (tovarlarini) tayyorlovchi sifatida qoʻyiladigan talablar yuzasidan litsenziar litsenziat bilan solidar javobgar boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 87-modda
Xususiy va turga xos alomatlari bilan belgilanadigan ashyolar
Alohida, faqat oʻzigagina xos, uni bir xil ashyolar orasidan ajratib turadigan va shu tariqa xususiy alomatlarga ega boʻlgan ashyo xususiy alomatlari bilan belgilangan ashyo hisoblanadi. Xususiy alomatlari bilan belgilangan ashyolar jumlasiga noyob, yaʼni oʻzi bir dona boʻlgan ashyolar, shuningdek muayyan usul bilan ajratib qoʻyilgan ashyolar (muhr bosish, alohida belgilar tushirish, nomer, raqam berish va shu kabilar) kiradi. Xususiy alomatlari bilan belgilangan ashyolar boshqasi bilan almashtirib boʻlmaydigan ashyolardir. Bir turdagi hamma ashyolarga xos alomatlarga ega boʻlgan hamda soni, ogʻirligi, oʻlchovi va shu kabilar bilan belgilanadigan ashyolar turga xos alomatlari bilan belgilanadigan ashyolar hisoblanadi. Turga xos alomatlari bilan belgilanadigan ashyolar boshqasi bilan almashtirsa boʻladigan ashyolardir.
- FuqarolikCIVIL · 870-modda
Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasini oʻzgartirish
Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi ushbu Kodeks 28-bobining qoidalariga muvofiq oʻzgartirilishi mumkin. Tegishli oʻzgartishlar ushbu Kodeksning 863-moddasida belgilangan tartibda roʻyxatga olingan paytdan boshlab shartnoma oʻzgartirilgan deb hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 871-modda
Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasini bekor qilish
Muddati koʻrsatilib tuzilgan kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi ushbu Kodeks 28-bobining qoidalariga muvofiq bekor qilinishi mumkin. Taraflardan har biri muddatsiz kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasidan istagan vaqtda bosh tortishga haqli boʻlib, agar shartnomada uzoqroq muddat nazarda tutilgan boʻlmasa, bu haqda ikkinchi tarafni olti oy oldin xabardor qilishi kerak. Litsenziya kompleksiga kirgan firma nomini yangi firma nomi bilan almashtirmasdan unga boʻlgan huquq bekor qilingan taqdirda kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi bekor qilinadi. Muddati koʻrsatib tuzilgan kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish, shuningdek muddatsiz kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasini bekor qilish ushbu Kodeksning 863-moddasida belgilangan tartibda roʻyxatga olinishi kerak.
- FuqarolikCIVIL · 872-modda
Taraflar oʻzgarganida kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasining oʻz kuchida qolishi
Litsenziya kompleksiga kiruvchi biron-bir alohida huquqning boshqa shaxsga oʻtishi kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos boʻlmaydi. Yangi litsenziar oʻziga oʻtgan alohida huquq jumlasiga kiruvchi huquqlar va majburiyatlar boʻyicha shartnomaga kirishadi. Litsenziar fuqaro vafot etgan taqdirda, uning kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi boʻyicha huquq va majburiyatlari merosxoʻrga, basharti bu merosxoʻr tadbirkor sifatida roʻyxatga olingan boʻlsa yoki meros ochilgan kundan eʼtiboran olti oy mobaynida tadbirkor sifatida roʻyxatga olinsa, oʻtadi. Aks holda shartnoma bekor qilinadi. Merosxoʻr tegishli huquq va majburiyatlarni qabul qilib olguncha yoki merosxoʻr tadbirkor sifatida roʻyxatga olinguncha boʻlgan davrda litsenziya kompleksini notarius tomonidan belgilangan tartibda tayinlanadigan boshqaruvchi idora qiladi.