Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 837-modda
Komitentning koʻrsatmalaridan chetga chiqish
Vositachi komitentning koʻrsatmalaridan ushbu Kodeksning 819-moddasida nazarda tutilgan hollarda chetga chiqishga haqli. Mol-mulkni komitent bilan kelishilgan narxdan arzon sotgan vositachi mol-mulkni kelishilgan narxda sotish imkoniga ega boʻlmaganligini va arzon narxda sotish natijasida yana ham koʻproq zararning oldi olinganligini isbot qilib bermasa, oradagi farqni komitentga toʻlashi shart. Vositachi komitentdan ruxsat soʻrashi shart boʻlgan hollarda u komitentning koʻrsatmalaridan chetga chiqishga komitentning roziligini oldindan olish imkoniyatiga ega boʻlmaganligini ham isbot qilishi shart. Agar vositachi mol-mulkni komitent bilan kelishilgandan yuqoriroq narxda sotib olgan boʻlsa, bunday xaridni qabul qilishni istamagan komitent vositachidan uchinchi shaxs bilan bitim tuzilganligi haqida bildirish olganidan keyin oqilona muddatda bu haqda vositachiga maʼlum qilishi shart. Aks holda xarid komitent tomonidan qabul qilingan deb hisoblanadi. Agar vositachi narxdagi farqni oʻzi toʻlashini maʼlum qilsa, komitent oʻzi uchun tuzilgan bitimdan bosh tortishga haqli emas.
- FuqarolikCIVIL · 838-modda
Vositachilik narsasi hisoblangan ashyolarga boʻlgan huquq
Komitentdan vositachiga oʻtgan yoki vositachi komitent hisobidan sotib olgan ashyolar komitentning mulki boʻladi. Vositachi ushbu Kodeksning 290-moddasiga muvofiq oʻz qoʻlida boʻlgan, komitentga yoki komitent koʻrsatgan shaxsga topshirilishi kerak boʻlgan ashyolarni vositachilik shartnomasi boʻyicha oʻz talablarini taʼminlash uchun ushlab turishga haqli. Komitent toʻlovga qobiliyatsiz deb eʼlon qilingan taqdirda vositachining mazkur huquqi bekor qilinadi, uning oʻzi ushlab turgan ashyolar qiymati doirasida komitentga qoʻyadigan talablari ushbu Kodeksning 291-moddasiga muvofiq garov bilan taʼminlangan talablar qatorida qanoatlantiriladi.
- FuqarolikCIVIL · 839-modda
Vositachining talablarini komitentga tegishli summalardan ushlab qolish
Vositachi ushbu Kodeksning 343-moddasiga muvofiq vositachilik shartnomasi boʻyicha oʻziga tegishli boʻlgan summalarni komitent hisobidan oʻziga tushgan hamma summalardan ushlab qolishga haqli. Biroq komitentning oʻz talablarini qondirish navbati boʻyicha garov saqlovchilar oldida imtiyozdan foydalanadigan kreditorlari bu talablarni vositachi ushlab qolgan summalardan qanoatlantirish huquqidan mahrum etilmaydilar.
- FuqarolikCIVIL · 84-modda
Koʻchmas mol-mulkni davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Koʻchmas mulkka egalik huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar, bu huquqlarning vujudga kelishi, boshqa shaxslarga oʻtishi, cheklanishi va bekor boʻlishi davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi kerak. Koʻchmas mol-mulkka boʻlgan huquqlarni va u haqda tuziladigan bitimlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organ huquq egasining iltimosiga koʻra amalga oshirilgan roʻyxatdan oʻtkazishni roʻyxatdan oʻtkazilgan huquq yoki bitim toʻgʻrisida hujjat berish yoxud roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim etilgan hujjatga ustxat yozish yoʻli bilan tasdiqlashi shart. Koʻchmas mol-mulkka boʻlgan huquqlarni va u haqda tuziladigan bitimlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organ amalga oshirilgan roʻyxatdan oʻtkazish hamda roʻyxatdan oʻtkazilgan huquqlar haqidagi axborotni har qanday shaxsga berishi shart. Axborot, roʻyxatdan oʻtkazish qayerda amalga oshirilganidan qatʼi nazar, koʻchmas mol-mulkni roʻyxatdan oʻtkazuvchi har qanday organ tomonidan beriladi. Koʻchmas mol-mulkka boʻlgan huquqni yoki u haqda tuzilgan bitimni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etish yoxud roʻyxatdan oʻtkazish muddatlarining buzilishi ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. Davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi va roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish asoslari qonunchilik bilan belgilab qoʻyiladi.
- FuqarolikCIVIL · 840-modda
Komitentning mol-mulki yoʻqolganligi, yetishmasligi yoki shikastlanganligi uchun vositachining javobgarligi
Vositachi oʻz ixtiyoridagi komitent mol-mulkining yoʻqolishiga, yetishmasligiga yoki shikastlanishiga olib kelgan har qanday kamchilik uchun komitent oldida javobgar boʻladi. Agar vositachi komitent yuborgan yoki vositachiga komitent uchun kelgan mol-mulkni qabul qilib olayotganida bu mol-mulkda tashqaridan koʻzdan kechirganda sezib qolinishi mumkin boʻlgan shikastlanish yoki yetishmovchilik mavjud boʻlsa, shuningdek komitentning vositachi qoʻlida turgan mol-mulkiga biron-bir shaxs zarar keltirgan taqdirda vositachi komitentning huquqlarini himoya qilish choralarini koʻrishi, zarur dalil-isbotlarni toʻplashi va bularning barchasi haqida darhol komitentni xabardor qilishi shart. Oʻz ixtiyoridagi komitentning mol-mulkini sugʻurtalamagan vositachi buning uchun faqat komitent unga mol-mulkni komitent hisobidan sugʻurtalashni buyurgan yoki vositachining bu mol-mulkni sugʻurtalashi vositachilik shartnomasida yoki ish muomalasi odatlarida nazarda tutilgan hollar javobgar boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 841-modda
Komitentning vositachilik shartnomasi boʻyicha ijroni qabul qilishi
Komitent: vositachilik shartnomasi boʻyicha ijro etilgan hamma narsani vositachidan qabul qilishi; oʻzi uchun vositachi tomonidan sotib olingan mol-mulkni koʻzdan kechirishi va ushbu mol-mulkda aniqlangan kamchiliklar toʻgʻrisida darhol vositachini xabardor qilishi; vositachini vositachilik topshirigʻini bajarish yuzasidan uchinchi shaxs oldida oʻz zimmasiga olgan majburiyatlardan ozod qilishi shart.
- FuqarolikCIVIL · 842-modda
Vositachilik topshirigʻini bajarish uchun qilingan xarajatlarni qoplash
Komitent vositachilik haqini, tegishli hollarda esa delkredere uchun qoʻshimcha haqni ham toʻlashdan tashqari, vositachilik topshirigʻini bajarish yuzasidan vositachi sarflagan summalarni ham unga toʻlashi shart. Agar qonunchilikda yoki vositachilik shartnomasida boshqacha tartib belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, vositachi oʻz ixtiyorida boʻlgan komitentning mol-mulkini saqlash yuzasidan qilgan xarajatlari qoplanishiga haqli emas.
- FuqarolikCIVIL · 843-modda
Vositachilik topshirigʻining komitent tomonidan bekor qilinishi
Komitent vositachiga bergan topshirigʻini istagan vaqtida bekor qilib, vositachilik shartnomasini bajarishdan bosh tortishga haqli. Bunda vositachining topshiriq bekor qilinishi munosabati bilan koʻrgan zarari umumiy asoslarda qoplanadi. Vositachilik shartnomasi amal qilish muddati koʻrsatilmagan holda tuzilgan taqdirda komitent shartnomani bekor qilishi haqida, agar shartnomada xabar qilishning uzoqroq muddati nazarda tutilgan boʻlmasa, kamida oʻttiz kun oldin vositachini xabardor qilishi shart. Bunday holda komitent vositachiga u shartnoma bekor qilinguncha tuzgan bitimlar uchun haq toʻlashi, shuningdek vositachi shartnoma bekor boʻlgunicha qilgan xarajatlarni toʻlashi shart. Topshiriq bekor qilingan taqdirda komitent vositachi ixtiyoridagi oʻz mol-mulkini vositachilik shartnomasida belgilangan muddatda, bordi-yu bunday muddat belgilanmagan boʻlsa, darhol tasarruf etishi shart. Agar komitent bu majburiyatni bajarmasa, vositachi mol-mulkni komitent hisobidan saqlab qoʻyishga topshirishga yoki uni komitent uchun iloji boricha foydali bahoda sotishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 844-modda
Vositachining topshiriqni bajarishdan bosh tortishi
Agar vositachilik shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, vositachi shartnomani bajarishdan bosh tortishga haqli emas, shartnoma amal qilish muddati koʻrsatilmasdan tuzilgan hollar bundan mustasno. Bunday holda vositachi komitentga shartnomani bekor qilishi haqida, agar xabar qilishning uzoqroq muddati shartnomada nazarda tutilgan boʻlmasa, kamida oʻttiz kun oldin xabar berishi shart. Vositachi komitentning mol-mulki saqlanishini taʼminlash uchun zarur chora-tadbirlarni koʻrishi shart. Vositachi topshiriqni bajarishdan bosh tortayotganligi haqida xabardor qilingan komitent vositachining topshiriqni bajarishdan bosh tortayotganligi haqida bildirishnoma olgan kundan eʼtiboran, agar shartnomada boshqa muddat belgilangan boʻlmasa, oʻn besh kun ichida vositachi ixtiyoridagi oʻz mol-mulkini tasarruf etishi shart. Agar komissioner ushbu majburiyatni bajarmasa, vositachi yo mol-mulkni saqlab qoʻyishga topshirishga yoki uni komitent uchun iloji boricha foydali bahoda sotishga haqli. Agar vositachilik shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, topshiriqni bajarishdan bosh tortgan vositachi shartnoma bekor qilinguncha oʻzi tuzgan bitimlar uchun vositachilik haqi olishga, shuningdek shu paytga qadar qilgan xarajatlarining qoplanishiga boʻlgan huquqini saqlab qoladi.
- FuqarolikCIVIL · 845-modda
Vositachilik shartnomasining bekor qilinishi
Vositachilik shartnomasi: komitent shartnomani bajarishdan bosh tortganligi; vositachi shartnomani bajarishdan bosh tortganligi; vositachi vafot etganligi, u muomalaga layoqatsiz, layoqati cheklangan, bedarak yoʻqolgan yoki nochor deb topilganligi oqibatida bekor qilinadi.
- FuqarolikCIVIL · 846-modda
Komitentning muddati koʻrsatilmay tuzilgan vositachilik shartnomasini bajarishdan bosh tortishi
Komitent muddati koʻrsatilmay tuzilgan vositachilik shartnomasini bajarishdan istagan vaqtda bosh tortishga haqli boʻlib, bu haqda vositachini, agar shartnomada uzoqroq muddat nazarda tutilgan boʻlmasa, kamida oʻttiz kun oldin xabardor qiladi. Bunday holda komitent vositachilik shartnomasi bekor qilinganga qadar tuzgan bitimlari uchun vositachiga haq toʻlashi, shuningdek vositachi shartnoma bekor boʻlguncha qilgan xarajatlarni unga toʻlashi shart. Komitent vositachilik shartnomasini bajarishdan bosh tortgan taqdirda ushbu Kodeks 844-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarishi shart.
- FuqarolikCIVIL · 847-modda
Vositachining vositachilik shartnomasini bajarishdan bosh tortishi
Vositachi muddati koʻrsatilmasdan tuzilgan vositachilik shartnomasini bajarishdan istagan vaqtda bosh tortishga haqli boʻlib, bu haqda komitentni, agar xabardor qilishning uzoqroq muddati shartnomada koʻzda tutilgan boʻlmasa, oʻttiz kundan kechiktirmasdan xabardor qiladi. Bunday holda vositachi oʻz ixtiyoridagi komitentning mol-mulki toʻliq saqlanishi uchun choralar koʻrishi shart. Komitent vositachilik shartnomasi bekor boʻlgunicha vositachining ixtiyoridagi mol-mulkni tasarruf qilishi shart. Agar u mana shu majburiyatni bajarmasa, vositachi yo mol-mulkni komitent hisobidan saqlashga topshirishga yoki uni komitent uchun mumkin qadar foydali bahoda sotishga haqli. Vositachilik shartnomasini bajarishdan bosh tortgan vositachi vositachilik haqini olish hamda shartnoma bekor boʻlgan paytda oʻziga tegishli boʻladigan xarajatlarni undirib olish huquqiga ega.
- FuqarolikCIVIL · 848-modda
Fuqaroning vafot etishi yoki yuridik shaxsning tugatilishi oqibatlari
Fuqaro vafot etgan yoki vositachi yuridik shaxs tugatilgan taqdirda vositachilik shartnomasi bekor qilinadi. Vositachi yuridik shaxs qayta tashkil etilganida uning vositachi sifatidagi huquq va majburiyatlari, basharti qayta tashkil etish yuz berganligi haqidagi maʼlumotni olgan kundan boshlab oʻttiz kun ichida komitent shartnomani bekor qilganligi haqida xabar bermasa, qonuniy vorislarga oʻtadi. Komitent fuqaro vafot etgan, u muomalaga layoqatsiz yoki layoqati cheklangan deb topilgan taqdirda, shuningdek komitent yuridik shaxs tugatilgan taqdirda vositachi oʻziga berilgan topshiriqni komitentning merosxoʻrlaridan yoki huquqiy vorislaridan (vakillaridan) tegishli koʻrsatmalar kelguncha bajarib turishi shart.
- FuqarolikCIVIL · 849-modda
Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi
Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi boʻyicha bir taraf (boshqaruvning muassisi) ikkinchi tarafga (ishonchli boshqaruvchiga) mol-mulkini muayyan muddatga ishonchli boshqaruvga topshiradi, ikkinchi taraf esa ushbu mol-mulkni boshqaruvning muassisi yoki u koʻrsatgan shaxs (foyda oluvchi) manfaatlarini koʻzlab boshqarish majburiyatini oladi. Mol-mulkni ishonchli boshqarishga topshirish bu mol-mulkka mulk huquqining ishonchli boshqaruvchiga oʻtishiga olib kelmaydi. Ishonchli boshqaruvchi mol-mulkni ishonchli boshqarar ekan, ishonchli boshqarish shartnomasiga muvofiq ushbu mol-mulkka nisbatan foyda oluvchining manfaatlarini koʻzlagan holda har qanday yuridik va amaliy harakatlarni qilishga haqli. Qonunda yoki shartnomada mol-mulkni ishonchli boshqarish boʻyicha ayrim harakatlarga nisbatan cheklovlar nazarda tutilishi mumkin. Ishonchli boshqarishga topshirilgan mol-mulk yuzasidan bitimlarni ishonchli boshqaruvchi oʻz nomidan amalga oshiradi, bunda u oʻzining shunday boshqaruvchi sifatida ish olib borayotganini koʻrsatadi. Agar yozma tarzda rasmiylashtirishni talab qilmaydigan harakatlar amalga oshirilayotganida ikkinchi taraf ishonchli boshqaruvchi bu harakatlarni ana shunday boshqaruvchi sifatida amalga oshirayotganligidan xabardor qilingan boʻlsa, yozma hujjatlarda esa ishonchli boshqaruvchining ismi yoki nomidan keyin tegishli belgi qoʻyilgan boʻlsa, mazkur shartga rioya qilingan hisoblanadi. Ishonchli boshqaruvchining ana shunday boshqaruvchi sifatida harakat qilishi toʻgʻrisida koʻrsatma boʻlmasa, u uchinchi shaxslar oldida shaxsan majburiyat oladi va ular oldida faqat oʻziga qarashli mol-mulk bilan javob beradi.
- FuqarolikCIVIL · 85-modda
Korxona
Butun korxona mulkiy kompleks sifatida koʻchmas mulk hisoblanadi. Butun korxona yoki uning qismi olish-sotish, garovga qoʻyish, ijara hamda ashyoviy huquqlarni belgilash, oʻzgartirish va bekor qilish bilan bogʻliq boshqa bitimlarning obyekti boʻlishi mumkin. Mulkiy kompleks boʻlgan korxona tarkibiga uning faoliyati uchun moʻljallangan hamma mulk turlari, shu jumladan yer uchastkalari, binolar, inshootlar, uskuna, inventar, xom ashyo, mahsulot, talab qilish huquqi, qarzlar, shuningdek korxonani, uning mahsuloti, ishlari va xizmatlarini aks ettiruvchi xususiy alomatlarga (firma nomi, tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari) boʻlgan huquqlar va boshqa mutlaq huquqlar, agar qonun yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, kiradi.
- FuqarolikCIVIL · 850-modda
Mol-mulkni ishonchli boshqarishning vujudga kelish (joriy boʻlish) asoslari
Mol-mulkni ishonchli boshqarish quyidagi asoslarda vujudga keladi (joriy etiladi): muassis bilan ishonchli boshqaruvchi oʻrtasida tuziladigan mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi; vasiyatning ijrochisi (ishonchli boshqaruvchi) tayinlangan vasiyatnoma; sud qarori; vasiylik va homiylik organining vasiylikka olingan shaxsning mol-mulki ustidan vasiylik belgilash toʻgʻrisidagi qarori; qonunda nazarda tutilgan hollarda boshqa yuridik faktlar.
- FuqarolikCIVIL · 851-modda
Mol-mulkni ishonchli boshqarish obyekti
Ishonchli boshqarish obyektlari korxonalar va boshqa mol-mulk komplekslari, koʻchmas mulkka mansub boʻlgan alohida obyektlar, qimmatli qogʻozlar, alohida huquqlar va boshqa mol-mulkdan iborat boʻlishi mumkin. Qonunda koʻzda tutilgan hollarni istisno etganda, pul ishonchli boshqarishning mustaqil obyekti boʻla olmaydi. Operativ boshqaruvda boʻlgan mol-mulk ishonchli boshqaruvga topshirilishi mumkin emas. Operativ boshqaruvda boʻlgan mol-mulk uni operativ boshqaruvda saqlab turgan yuridik shaxs tugatilganidan yoki mol-mulkka nisbatan operativ boshqaruv huquqi bekor qilinganidan hamda u qonunda nazarda tutilgan boshqa asoslarga koʻra mulkdorning egaligiga oʻtganidan keyingina ishonchli boshqaruvga topshirilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 852-modda
Mol-mulkni ishonchli boshqarish subyektlari
Quyidagilar mol-mulkni ishonchli boshqarish muassislari boʻladilar: mol-mulkning egasi; yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqiga ega boʻlgan shaxs; vakolatli davlat organi davlat mulki boʻlgan mol-mulkka nisbatan; qonunda nazarda tutilgan hollarda — notarius, vasiylik va homiylik organi, sud yoki boshqa vakolatli organ. Quyidagilar ishonchli boshqaruvchi boʻlishlari mumkin: fuqaro; yuridik shaxs. Mol-mulk davlat organiga ishonchli boshqaruvga berilishi mumkin emas. Ishonchli boshqaruvchi faqat oʻz roziligi bilangina tayinlanishi mumkin. Ishonchli boshqaruvchidan tashqari har qanday shaxs foyda oluvchi boʻlishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 853-modda
Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasining muhim shartlari
Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasida quyidagilar nazarda tutilishi kerak: shartnoma boʻyicha ishonchli boshqarishga beriladigan mol-mulk roʻyxati; foyda oluvchi toʻgʻrisidagi koʻrsatma; ishonchli boshqaruvchining hisobotlar taqdim etish muddatlari; ishonchli boshqarish bekor qilingan taqdirda mol-mulkni oladigan shaxs; agar haq toʻlash shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa, ishonchli boshqaruvchiga toʻlanadigan haqning miqdori va shakli. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan shartlar boʻlmagan taqdirda, shartnoma tuzilmagan hisoblanadi. Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi besh yildan ortiq boʻlmagan muddatga tuziladi. Shartnomaning amal qilish muddati tamom boʻlganida taraflardan birining shartnomani bekor qilish toʻgʻrisidagi arizasi boʻlmasa, shartnoma unda nazarda tutilgan muddatga va shartlar asosida uzaytirilgan deb hisoblanadi. Ishonchli boshqarishga topshiriladigan ayrim turdagi mol-mulklar uchun qonunda shartnoma amal qilishining boshqa eng koʻp muddatlari belgilab qoʻyilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 854-modda
Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasining shakli
Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi yozma shaklda tuziladi. Koʻchmas mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi koʻchmas mol-mulkni boshqa shaxsga berish haqidagi shartnoma uchun nazarda tutilgan shaklda va tartibda tuziladi. Koʻchmas mulkka egalik huquqining boshqa shaxsga oʻtishi qaysi tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilsa, bu mulkni ishonchli boshqarishga topshirish ham shu tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi kerak. Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi shakliga yoki koʻchmas mulkni ishonchli boshqarishga topshirishni roʻyxatga olish talabiga rioya qilmaslik, uning haqiqiy boʻlmasligini keltirib chiqaradi.