Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 819-modda
Topshiriqni topshiriq beruvchining koʻrsatmalariga muvofiq bajarish
Vakil oʻziga berilgan topshiriqni topshiriq beruvchining koʻrsatmalariga muvofiq bajarishi shart. Topshiriq beruvchining koʻrsatmalari aniq, yoʻl qoʻyiladigan va bajariladigan boʻlmogʻi kerak. Agar ishning holatlariga koʻra topshiriq beruvchining manfaatlari uchun uning koʻrsatmalaridan chetga chiqish zarur boʻlsa hamda vakil topshiriq beruvchidan bu haqda oldindan soʻray olmagan yoxud oʻz soʻroviga oqilona muddatda javob olmagan boʻlsa, u topshiriq beruvchining koʻrsatmalaridan chetga chiqishga haqli. Bunday hollarda vakil xabar berish imkoni tugʻilishi bilanoq yoʻl qoʻyilgan chetga chiqishlar haqida topshiriq beruvchiga xabar berishi shart. Topshiriq beruvchi tijorat vakili sifatida ish olib boradigan vakilga topshiriq beruvchining manfaatlarini koʻzlab oldindan soʻrov yubormagan holda topshiriq beruvchining koʻrsatmalaridan chetga chiqish huquqini berishi mumkin. Bunday hollarda tijorat vakili, agar topshiriq shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, yoʻl qoʻyilgan chetga chiqishlar haqida topshiriq beruvchiga oqilona muddatda xabar berishi shart.
- FuqarolikCIVIL · 82-modda
Fuqarolik huquqlari obyektlarining muomalada boʻlishi
Fuqarolik huquqlarining obyektlari erkin suratda boshqa shaxslarga berilishi yoki universal huquqiy vorislik (meros qilib olish, yuridik shaxsni qayta tashkil etish) tartibida yoxud boshqa usul bilan, agar ular muomaladan chiqarilmagan yoki ularning muomalada boʻlishi cheklab qoʻyilmagan boʻlsa, bir shaxsdan ikkinchi shaxsga oʻtishi mumkin. Muomalada boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydigan fuqarolik huquqlari obyektlarining turlari (muomaladan chiqarilgan obyektlar) qonunda toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrsatilgan boʻlishi kerak. Muayyan muomala ishtirokchilarigagina qarashli boʻla oladigan yoki muomalada boʻlishiga maxsus ruxsatnoma bilan yoʻl qoʻyiladigan fuqarolik huquqlari obyektlarining (muomalada boʻlishi cheklangan obyektlarning) turlari qonunda koʻrsatilgan tartibda belgilanadi.
- FuqarolikCIVIL · 820-modda
Vakilning majburiyatlari
Vakil quyidagilarni bajarishi: oʻziga berilgan topshiriqni ushbu Kodeksning 822-moddasida koʻrsatilgan hollardan tashqari, shaxsan oʻzi bajarishi; topshiriq beruvchining talabiga muvofiq unga topshiriq qanday bajarilayotganligi haqida maʼlumot berib turishi; topshiriqni bajarish uchun tuzilgan bitimlar boʻyicha olingan hamma narsani kechiktirmasdan topshiriq beruvchiga topshirishi; topshiriq bajarib boʻlinganidan keyin amal qilish muddati tamom boʻlmagan ishonchnomani kechiktirmasdan topshiriq beruvchiga qaytarib berishi va, agar shartnoma shartlariga yoki topshiriqning xususiyatiga koʻra zarur boʻlsa, hisobot taqdim etib, unga isbotlovchi hujjatlarni ilova qilishi shart.
- FuqarolikCIVIL · 821-modda
Topshiriq beruvchining majburiyatlari
Agar topshiriq shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, topshiriq beruvchi quyidagilarni bajarishi: vakilni topshiriqni bajarish uchun zarur mablagʻlar bilan taʼminlashi; vakil shartnomaga muvofiq bajargan ishni kechiktirmasdan qabul qilib olishi; vakil topshiriqni bajarish uchun qilgan zarur xarajatlarni toʻlashi; topshiriq bajarilganidan keyin, agar qonunchilikda yoki shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa, vakilga haq toʻlashi shart.
- FuqarolikCIVIL · 822-modda
Topshiriqni bajarishni boshqa shaxsga ishonib topshirish
Agar topshiriq shartnomasida nazarda tutilgan boʻlsa yoki vakil topshiriq beruvchining manfaatlarini himoya qilish maqsadida vaziyat taqozosi bilan majbur boʻlsa, vakil topshiriqning bajarilishini boshqa shaxsga (oʻrinbosarga) topshirishga haqli. Topshiriqni bajarishni boshqa shaxsga ishonib topshirgan vakil bu haqda darhol topshiriq beruvchini xabardor qilishi shart. Topshiriq beruvchi vakil tanlagan oʻrinbosarni rad etishga haqli, oʻrinbosarning nomi topshiriq shartnomasida keltirilgan hollar bundan mustasno. Agar vakil oʻrinbosarining nomi shartnomada koʻrsatilgan boʻlsa, vakil ishlarning oʻrinbosar tomonidan olib borilishi uchun javobgar boʻlmaydi. Agar ishlarning oʻrinbosar tomonidan olib borilishi topshiriq shartnomasida nazarda tutilgan boʻlsa-yu, lekin oʻrinbosarning nomi unda koʻrsatilgan boʻlmasa, vakil oʻrinbosarning aybli harakatlari uchun javobgar boʻlmaydi. Agar vakilning oʻrinbosari tomonidan ish yuritilishi topshiriq shartnomasida nazarda tutilmagan boʻlsa, vakil oʻz oʻrinbosarining har qanday harakatlari uchun javobgar boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 823-modda
Topshiriq shartnomasining bekor boʻlishi
Topshiriq shartnomasi: topshiriq beruvchi topshiriqni bekor qilishi; vakil topshiriqdan bosh tortishi; topshiriq beruvchining yoki vakilning vafot etishi, ulardan birining muomalaga layoqatsiz, muomala layoqati cheklangan yoki bedarak yoʻqolgan deb topilishi natijasida toʻxtatiladi. Topshiriq beruvchi istagan vaqtda topshiriqni bekor qilishga, vakil esa topshiriqdan bosh tortishga haqli. Bu huquqdan voz kechish haqidagi kelishuv oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmaydi. Agar vakil topshiriq shartnomasining bekor qilingani haqida bilmagan va bilishi lozim boʻlmagan boʻlsa, uning topshiriq beruvchining koʻrsatmasiga muvofiq qonuniy ravishda qilgan harakatlari topshiriq beruvchi (uning qonuniy vorisi) zimmasiga uchinchi shaxslar va vakilga nisbatan majburiyat yuklaydi. Tadbirkor sifatida ish olib borayotgan vakil bilan topshiriq shartnomasidan bosh tortayotgan taraf shartnomani bekor qilish toʻgʻrisida ikkinchi tarafni, agar shartnomada uzoqroq muddat nazarda tutilgan boʻlmasa, kamida oʻttiz kun oldin xabardor qilishi shart. Tijorat vakili boʻlgan yuridik shaxs qayta tashkil etilganida topshiriq beruvchi oʻz topshirigʻini ana shunday oldindan xabar bermay turib bekor qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 824-modda
Topshiriq shartnomasini bekor qilish oqibatlari
Agar topshiriq shartnomasi topshiriq vakil tomonidan toʻliq bajarilishidan oldin bekor qilingan boʻlsa, topshiriq beruvchi vakilga topshiriqni bajarish vaqtida qilingan chiqimlarni toʻlashi, vakilga haq berilishi kerak boʻlganida esa, unga bajarilgan ishga muvofiq haq toʻlashi ham shart. Bu qoida vakil topshiriqning bekor qilinganini bilgan yoki bilishi lozim boʻlganidan keyin bajargan topshiriqqa tatbiq etilmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 825-modda
Topshiriq shartnomasida huquqiy vorislik
Vakil vafot etgan taqdirda, uning merosxoʻrlari yoki meros mulkning saqlanishini taʼminlash majburiyati yuklatilgan boshqa shaxslar topshiriq shartnomasi bekor qilinishi haqida topshiriq beruvchiga kechiktirmay xabar berishlari hamda topshiriq beruvchining mol-mulkini muhofaza qilish uchun zarur choralarni koʻrishlari, xususan, topshiriq beruvchining ashyolarini, shuningdek hujjatlarini saqlab qoʻyishlari, soʻngra esa unga topshirishlari shart. Vakil (ishonchli vakil) boʻlgan yuridik shaxsni tugatayotgan shaxsning zimmasida ham shunday majburiyat boʻladi. Vakil (ishonchli vakil) sifatida ish olib borayotgan yuridik shaxs qayta tashkil etilganida topshiriq beruvchi bu haqda darhol xabardor qilinishi kerak. Mazkur holatda bunday yuridik shaxsning huquq va majburiyatlari, agar topshiriq beruvchi oʻttiz kunlik muddatda topshiriq shartnomasidan bosh tortishini maʼlum qilmasa, uning qonuniy vorisiga oʻtadi.
- FuqarolikCIVIL · 826-modda
Begona shaxsning manfaatini koʻzlab harakat qilish shartlari
Manfaatdor shaxsga yoki uning mol-mulkiga zarar yetkazilishining oldini olish, uning majburiyatlarini bajarish yoki uning qonunga zid boʻlmagan boshqa manfaatlarini koʻzlab, uning topshirigʻisiz, boshqa koʻrsatmasisiz yoki oldindan vaʼda berilgan roziligisiz qilingan harakatlar (begona shaxsning manfaatini koʻzlab qilingan harakatlar) ochiq koʻrinib turgan manfaat yoki foydadan hamda manfaatdor shaxsning haqiqiy yoki ehtimol tutilgan niyatlaridan kelib chiqib hamda ishning holatlariga koʻra zarur gʻamxoʻrlik va ehtiyotkorlik bilan qilinmogʻi kerak. Ushbu bobda nazarda tutilgan qoidalar bunday harakatlar faoliyatining maqsadlaridan biri boʻlgan davlat organlari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari boshqa shaxslar manfaatlari yoʻlida amalga oshiradigan harakatlarga nisbatan qoʻllanmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 827-modda
Boshqa shaxsning manfaatini koʻzlab topshiriqsiz harakat qiluvchi shaxsning majburiyatlari
Boshqa shaxsning manfaatlarini koʻzlab, uning topshirigʻisiz harakat qiluvchi shaxs birinchi imkoniyat tugʻilishi bilanoq, bu haqda manfaatdor shaxsga xabar berishi shart. Agar manfaatdor shaxs bu harakatlarni maʼqullasa, shundan keyin topshiriq shartnomasi toʻgʻrisidagi qoidalar taraflarning munosabatlariga nisbatan qoʻllanadi. Mazkur harakatlar maʼqullanmagan taqdirda ular boʻyicha javobgarlik topshiriqsiz harakat qilgan shaxs zimmasiga yuklatiladi. Manfaatdor shaxsni xabardor qilish mumkin boʻlmasa, harakatlarni topshiriqsiz boshlagan shaxs ularni oxiriga yetkazishi, manfaatdor shaxs uchun salbiy mulkiy oqibatlarning oldini olish boʻyicha oʻziga bogʻliq boʻlgan hamma choralarni koʻrishi shart. Bunda topshiriqsiz harakat qilgan shaxs ishni yuritish bilan bogʻliq boʻlgan hamma narsani, shu jumladan tuzilgan bitimlar boʻyicha majburiyatlarni ham oʻz zimmasiga olishi shart. Agar boshqa shaxsning manfaatlarini koʻzlab uning topshirigʻisiz harakat qilayotgan shaxs birinchi imkoniyat tugʻilishi bilanoq bu haqda manfaatdor shaxsni xabardor qilmasa, u qilingan xarajatlarni qoplashni talab qilishga haqli emas. Boshqa shaxsning manfaatini koʻzlab topshiriqsiz harakat qilayotgan shaxs tegishli faoliyatning amalga oshirilishidan manfaatdor boʻlgan fuqaro vafot etgan yoki yuridik shaxsning faoliyati toʻxtatilgan taqdirda ham manfaatdor shaxsning merosxoʻrlari (qonuniy vorislari) uning oʻrnini olgunlaricha boshlangan faoliyatni davom ettirishi shart.
- FuqarolikCIVIL · 828-modda
Boshqa shaxsning manfaatini koʻzlab bitim tuzish
Boshqa shaxsning manfaatini koʻzlab tuzilgan bitim boʻyicha majburiyatlar bitim tuzilishidan manfaatdor boʻlgan shaxs mazkur bitimni maʼqullagan paytdan boshlab unga oʻtadi, basharti boshqa taraf majburiyatlarning bunday oʻtishiga eʼtiroz bildirmasa yoki bitimni tuzish paytida bitim boshqa shaxsning manfaatini koʻzlab tuzilganligini bilgan yoxud bilishi lozim boʻlgan boʻlsa. Bunday bitim boʻyicha majburiyatlar bitim tuzilishidan manfaatdor boʻlgan shaxsga oʻtganida, ushbu bitim boʻyicha huquqlar ham shu shaxsga berilishi zarur. Bitim tuzgan shaxs boshqa shaxsning manfaatlarini koʻzlab amalga oshirilgan faoliyat tufayli qilgan xarajatlari qoplanguncha huquqlarni topshirishni kechiktirib turishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 829-modda
Topshiriqsiz qilingan harakatlardan manfaatdor shaxsning majburiyatlari
Topshiriqsiz qilingan harakatlardan manfaatdor boʻlgan shaxs uning manfaatlarini koʻzlab ish olib borgan shaxsga zarur xarajatlarni va boshqa haqiqiy zararni qoplashi shart. Mazkur majburiyat boshqa shaxsning manfaatlari yoʻlidagi harakatlar oqilona boʻlib, biroq koʻzlangan natijaga erishilmagan hollarda ham saqlanib qoladi. Lekin boshqa shaxsning mol-mulkiga zarar yetkazishning oldi olingan hollarda oʻrnini qoplash haqining miqdori mol-mulkning qiymatidan oshib ketmasligi kerak. Agar shaxsning harakatlari bevosita boshqa shaxsning manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan boʻlmasa, shu jumladan ularni amalga oshirgan shaxs oʻz manfaatlarimni koʻzlab harakat qilyapman deb xato oʻylagan va uning harakatlari boshqa shaxsning asossiz boyib ketishiga olib kelgan hollarda ham ushbu Kodeksning 58-bobida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllanadi. Boshqa shaxsning manfaatlarini koʻzlab qilingan harakatlar uning tadbirkorlik faoliyati doirasiga kirgan taqdirda, bu shaxs haqiqiy zararning oʻrnini qoplash bilan bir qatorda tegishli miqdorda haq toʻlanishini ham talab qilishga haqli. Boshqa shaxsning manfaatlarini koʻzlab harakat qilgan shaxsning manfaatdor shaxs maʼqullaganidan keyingi harakatlari munosabati bilan qilgan xarajatlari va koʻrgan boshqa zararlari tegishli turdagi shartnoma toʻgʻrisidagi qoidalarga muvofiq qoplanadi.
- FuqarolikCIVIL · 83-modda
Mol-mulkning turlari
Mol-mulk fuqarolik huquqlari obyekti sifatida koʻchmas mulkka va koʻchar mulkka boʻlinadi. Koʻchmas mulk jumlasiga yer uchastkalari, yer osti boyliklari, binolar, inshootlar, koʻp yillik dov-daraxtlar va yer bilan uzviy bogʻlangan boshqa mol-mulk, yaʼni belgilangan maqsadiga nomutanosib zarar yetkazmagan holda joyini oʻzgartirish mumkin boʻlmaydigan obyektlar kiradi. Qonunda boshqa mol-mulk ham koʻchmas mol-mulk qatoriga kiritilishi mumkin. Koʻchmas mol-mulkka boʻlgan huquqlarni qoʻlga kiritish va ular bekor boʻlishining xususiyatlari qonun bilan belgilab qoʻyiladi. Koʻchmas mulk jumlasiga kirmaydigan mol-mulk koʻchar mulk hisoblanadi. Koʻchar mulkka boʻlgan huquqlarni roʻyxatdan oʻtkazish talab etilmaydi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
- FuqarolikCIVIL · 830-modda
Boshqa shaxsning manfaatlarini koʻzlab qilingan harakatlar tufayli yetkazilgan zararni qoplash
Boshqa shaxsning manfaatlarini koʻzlab qilingan harakatlar tufayli manfaatdor shaxsga yoki uchinchi shaxsga yetkazilgan zararni qoplash sohasidagi munosabatlar ushbu Kodeks 57-bobining qoidalariga muvofiq tartibga solinadi.
- FuqarolikCIVIL · 831-modda
Boshqa shaxsning manfaatini koʻzlab harakat qilgan shaxsning hisoboti
Boshqa shaxsning manfaatini koʻzlab harakat qilgan shaxs kimning manfaatini koʻzlab faoliyat olib borgan boʻlsa, oʻsha shaxsga olingan daromadlar, qilingan xarajatlar va koʻrilgan zararni koʻrsatgan holda hisobot taqdim etishi shart.
- FuqarolikCIVIL · 832-modda
Vositachilik shartnomasi
Vositachilik shartnomasi boʻyicha bir taraf (vositachi) ikkinchi tarafning (komitent) topshirigʻi boʻyicha oʻz nomidan, biroq komitent hisobidan bir yoki bir necha bitimni haq evaziga tuzish majburiyatini oladi. Vositachilik shartnomasi yozma ravishda tuzilishi shart. Vositachi tomonidan uchinchi shaxs bilan tuzilgan bitim boʻyicha, garchi bitimda komitentning nomi tilga olingan yoki u bitimni bajarish boʻyicha uchinchi shaxs bilan bevosita munosabatlarga kirishgan boʻlsa ham, vositachi huquqlarga ega boʻladi va zimmasiga majburiyat oladi. Vositachilik shartnomasi muayyan muddatga yoki amal qilish muddati koʻrsatilmagan holda, qaysi hududda bajarilishi koʻrsatilgan yoki koʻrsatilmagan holda, komitent vositachiga topshirgan komitentning manfaatlarini koʻzlab va uning hisobidan bitim tuzish huquqini uchinchi shaxslarga bermaslik haqida majburiyat olgan holda yoki bunday majburiyatni olmagan holda, vositachilik narsasi boʻlgan tovarlarning assortimenti xususida shartlar qoʻyilgan yoki qoʻyilmagan holda tuzilishi mumkin. Qonunchilikda ayrim turdagi vositachilik shartnomasining xususiyatlari nazarda tutilgan boʻlishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 833-modda
Vositachilik haqi
Komitent vositachiga haq toʻlashi, vositachi bitimning uchinchi shaxs tomonidan bajarilishi uchun kafolatni oʻz zimmasiga olgan (delkredere) hollarda esa shartnomada belgilangan miqdorda qoʻshimcha haq ham toʻlashi shart. Agar shartnomada bu miqdor nazarda tutilgan boʻlmasa va u shartnomaning shartlaridan kelib chiqqan holda belgilanishi mumkin boʻlmasa, haq miqdori ushbu Kodeks 356-moddasining toʻrtinchi qismiga muvofiq belgilanadi. Agar vositachilik shartnomasi komitentga bogʻliq sabablar bilan bajarilmagan boʻlsa, vositachi vositachilik haqiga, shuningdek qilingan xarajatlarning qoplanishiga boʻlgan huquqini saqlab qoladi.
- FuqarolikCIVIL · 834-modda
Vositachilik topshirigʻini bajarish
Vositachi uchinchi shaxs bilan oʻzi tuzgan bitimdan kelib chiqadigan hamma majburiyatlarni bajarishi va hamma huquqlarni amalga oshirishi shart. Vositachi oʻz zimmasiga olgan topshiriqni komitentning koʻrsatmalariga muvofiq, vositachilik shartnomasida bunday koʻrsatmalar boʻlmaganda esa — ish muomalasi odatlariga yoki odatda qoʻyiladigan boshqa talablarga muvofiq komitent uchun eng foydali shartlar asosida bajarishi lozim. Agar vositachi bitimni komitent koʻrsatganidan ham foydaliroq shartlar asosida tuzgan boʻlsa, qoʻshimcha foyda, basharti shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, taraflar oʻrtasida baravar taqsimlanadi. Vositachi bitimning ijrosi uchun komitentga kafolat bergan (delkredere) hollarda u vositachilik shartnomasida kelishilgan miqdorda qoʻshimcha haq olish huquqiga ega boʻladi. Komitent hisobidan uchinchi shaxs bilan tuzilgan bitim uchinchi shaxs tomonidan bajarilmaganligi uchun vositachi komitent oldida javobgar boʻlmaydi, vositachi ushbu shaxsni tanlashda zarur ehtiyotkorlik qilmagan yoki bitimning bajarilishiga kafolat bergan (delkredere) hollar bundan mustasno. Vositachi uchinchi shaxs bilan tuzgan bitimni uchinchi shaxs bajarmagan taqdirda, vositachi bu haqda darhol komitentga xabar berishi, zarur dalil-isbotlarni toʻplashi va taʼminlashi, shuningdek komitentning talabiga koʻra bunday bitim yuzasidan huquqlarni talablarni boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi qoidalarga rioya qilgan holda (ushbu Kodeksning 313-317, 319, 320-moddalari) unga topshirishi shart. Ushbu moddaning beshinchi qismi asosida bitim boʻyicha huquqlarni komitentga topshirishga, vositachining uchinchi shaxs bilan huquqlarni bunday berishni taqiqlaydigan yoki cheklaydigan kelishuvidan qatʼi nazar, yoʻl qoʻyiladi. Bu hol vositachi huquqni topshirishni taqiqlash yoki cheklash haqidagi kelishuvni buzib huquqni topshirganligi munosabati bilan uni uchinchi shaxs oldidagi javobgarlikdan ozod qilmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 835-modda
Qoʻshimcha vositachilik
Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, vositachi vositachilik shartnomasini bajarish maqsadida boshqa shaxs bilan qoʻshimcha vositachilik shartnomasi tuzishga haqli boʻlib, qoʻshimcha vositachining harakatlari uchun komitent oldida javobgar boʻlib qolaveradi. Qoʻshimcha vositachilik shartnomasi boʻyicha vositachi qoʻshimcha vositachiga nisbatan komitent huquqlari va majburiyatlariga ega boʻladi. Qonun biron-bir bitimni faqat maxsus vakil qilingan shaxslar bilan tuzishga yoʻl qoʻyadigan hollarda qoʻshimcha vositachilik shartnomasi faqat ana shunday shaxs bilangina tuzilishi mumkin. Agar vositachilik shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, vositachilik shartnomasi bekor qilingunga qadar komitent vositachining roziligisiz qoʻshimcha vositachi bilan bevosita munosabatlarga kirishishga haqli emas.
- FuqarolikCIVIL · 836-modda
Vositachi sotadigan mol-mulkning bahosi
Vositachi sotadigan mol-mulkning bahosi, agar qonunchilikda yoki vositachilik shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, komitent bilan kelishgan holda belgilanadi.