Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 800-modda
Akkreditivni ijro etish
Akkreditivni ijro etish uchun mablagʻ oluvchi ijrochi bankka akkreditivning hamma shartlari bajarilganligini tasdiqlaydigan hujjatlarni taqdim etadi. Ushbu shartlardan birortasi buzilgan taqdirda akkreditiv hisobidan pul toʻlanmaydi. Agar ijrochi bank akkreditiv shartlariga muvofiq toʻlovni amalga oshirgan yoki boshqa operatsiyani bajargan boʻlsa, bank-emitent unga qilingan xarajatlarni toʻlashi shart. Bank-emitentning ushbu xarajatlari, shuningdek akkreditivni bajarish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa hamma xarajatlari mijoz tomonidan qoplanadi.
- FuqarolikCIVIL · 801-modda
Hujjatlarni qabul qilishdan bosh tortish
Agar ijrochi bank tashqi alomatlari boʻyicha akkreditiv shartlariga muvofiq kelmaydigan hujjatlarni qabul qilishdan bosh tortsa, u bu haqda darhol mablagʻ oluvchiga va bank-emitentga sabablarni koʻrsatgan holda maʼlum qilishi kerak. Agar bank-emitent ijrochi bank tomonidan qabul qilingan hujjatlarni olgach, ular tashqi alomatlariga koʻra akkreditiv shartlariga mos kelmaydi deb hisoblasa, ularni qabul qilishdan bosh tortishga hamda ijrochi bankdan mablagʻ oluvchiga akkreditiv shartlarini buzgan holda toʻlangan summani talab qilishga, qoplanmagan akkreditiv boʻyicha esa toʻlangan summani qoplashdan bosh tortishga haqli boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 802-modda
Akkreditiv shartlari buzilganligi uchun bankning javobgarligi
Akkreditiv shartlari buzilganligi uchun mijoz oldida bank-emitent, bank-emitent oldida esa ijrochi bank javobgar boʻladi, ushbu moddada nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Ijrochi bank qoplangan yoki tasdiqlangan akkreditiv boʻyicha pul mablagʻlarini toʻlashdan asossiz bosh tortgan taqdirda mablagʻlarni oluvchi oldidagi javobgarlik ijrochi bank zimmasiga yuklatilishi mumkin. Ijrochi bank akkreditiv shartlarini buzish oqibatida qoplangan yoki tasdiqlangan akkreditiv boʻyicha pul mablagʻlarini notoʻgʻri bergan taqdirda, mijoz oldidagi javobgarlik ijrochi bank zimmasiga yuklatilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 803-modda
Akkreditivni yopish
Akkreditiv ijrochi bankda: akkreditiv muddati tamom boʻlgach; mablagʻ oluvchining akkreditivning amal qilish muddati tamom boʻlgunicha undan foydalanishdan voz kechishi haqidagi arizasiga koʻra, agar bunday voz kechish mumkinligi akkreditiv shartlarida nazarda tutilgan boʻlsa; pul toʻlovchining akkreditivni butunlay yoki qisman chaqirib olish haqidagi talabiga muvofiq, agar bunday chaqirib olishga akkreditiv shartlari boʻyicha yoʻl qoʻyilsa, yopiladi. Akkreditiv yopilganligi haqida ijrochi bank bank-emitentni xabardor qilishi kerak. Deponentlangan akkreditivning foydalanilmagan summasi akkreditiv yopilishi bilan bir vaqtda bank-emitentga qaytarib berilishi kerak. Bank-emitent qaytarib berilgan summalarni toʻlovchining mablagʻlar deponentlangan hisobvaragʻiga kiritib qoʻyishi shart.
- FuqarolikCIVIL · 804-modda
Inkasso boʻyicha hisob-kitoblar haqida umumiy qoidalar
Inkasso boʻyicha hisob-kitob qilinganida mijoz oʻz bankiga (bank-emitentga) pul toʻlovchidan toʻlovni va (yoki) toʻlov akseptini mijoz hisobidan qabul qilish haqida topshiriqnoma yuboradi. Inkasso topshirigʻini olgan bank-emitent uni bajarish uchun boshqa bankni (ijrochi bankni) jalb qilishga haqli. Inkasso boʻyicha hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibi qonunchilik bilan va bank amaliyotida qoʻllaniladigan ish muomalasi odatlari bilan boshqariladi. Mijozning topshirigʻi bajarilmagan yoki tegishli suratda bajarilmagan taqdirda, bank-emitent uning oldida ushbu Kodeksning 24-bobida nazarda tutilgan asoslarga koʻra va miqdorda javobgar boʻladi. Agar ijrochi bank tomonidan hisob-kitob operatsiyalarini amalga oshirish qoidalari buzilganligi munosabati bilan mijozning topshirigʻi bajarilmagan yoki tegishli suratda bajarilmagan boʻlsa, mijoz oldidagi javobgarlik ushbu bank zimmasiga yuklatilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 805-modda
Inkasso topshirigʻini bajarish
Biron-bir hujjat boʻlmagan yoki hujjatlar tashqi alomatlariga koʻra inkasso topshiriqnomasiga mos boʻlmagan taqdirda ijro etuvchi bank bu haqda darhol inkasso topshiriqnomasini bergan shaxsga xabar qilishi shart. Mazkur kamchiliklar bartaraf etilmagan taqdirda, bank topshiriqlarni bajarmasdan hujjatlarni qaytarib yuborishga haqli. Hujjatlar qanday shaklda olingan boʻlsa, oʻsha shaklda toʻlovchiga taqdim etiladi, inkasso operatsiyasini rasmiylashtirish uchun zarur boʻlgan bank belgilari va yozuvlari bundan mustasno. Agar hujjatlar olinishi bilanoq ular boʻyicha pul toʻlanishi shart boʻlsa, ijrochi bank inkasso topshiriqnomasini olgan zahoti toʻlovga taqdim etishi shart. Agar hujjatlar boʻyicha pul boshqa muddatda toʻlanishi kerak boʻlsa, ijrochi bank toʻlovchining akseptini olish uchun hujjatlarni inkasso topshiriqnomasi olinishi bilanoq, darhol akseptga taqdim etishi kerak, toʻlov talabi esa hujjatda koʻrsatilgan toʻlov muddati boshlanadigan kundan kechiktirmasdan qoʻyilishi kerak. Qisman bajariladigan toʻlovlar bank qoidalarida belgilab qoʻyilgan hollarda yoki inkasso topshiriqnomasida maxsus ruxsat boʻlsa qabul qilinishi mumkin. Olingan (inkassolangan) summalar ijrochi bank tomonidan darhol bank-emitent tasarrufiga topshirilishi, u esa bu summalarni mijozning hisobvaragʻiga kiritib qoʻyishi shart. Ijrochi bank inkasso qilingan summadan oʻziga tegishli haqni va xarajatlarni qoplashga ketadigan pulni ushlab qolishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 806-modda
Toʻlovdan bosh tortishni xabar qilish
Agar toʻlov va (yoki) aksept olingan boʻlmasa, ijrochi bank pul toʻlanmaganligining yoki akseptdan bosh tortilganligining sabablari toʻgʻrisida bank-emitentni darhol xabardor qilishi shart. Bank-emitent bu haqda darhol mijozga xabar berishi, undan navbatdagi harakatlar xususida koʻrsatmalar soʻrashi shart. Bundan keyingi harakatlar toʻgʻrisida bank qoidalarida belgilangan muddatda koʻrsatmalar olinmasa, ijrochi bank hujjatlarni inkasso topshiriqnomasi yuborgan bankka qaytarishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 807-modda
Cheklar bilan hisob-kitob qilishning umumiy qoidalari
Chek beruvchining chekda koʻrsatilgan summani chek saqlovchiga toʻlash haqida bankka hech qanday shart qoʻyilmagan topshirigʻi mavjud boʻlgan qimmatli qogʻoz chek deyiladi. Chek bilan hisob-kitob qilinganida faqat chek beruvchining chek berish yoʻli bilan tasarruf etishga haqli boʻlgan mablagʻlari saqlanayotgan bankgina chek boʻyicha pul toʻlovchi qilib koʻrsatilishi mumkin. Chekni taqdim etish muddati oʻtmagunicha uni chaqirib olishga yoʻl qoʻyilmaydi. Chekning berilishi — bajarish uchun chek berilgan pul majburiyatini bekor qilmaydi. Toʻlov muomalasida cheklardan foydalanish tartibi va shartlari ushbu Kodeks va boshqa qonunchilik bilan tartibga solinadi.
- FuqarolikCIVIL · 808-modda
Chekning rekvizitlari
Chekda quyidagilar boʻlishi shart: hujjat matniga kiritilgan “chek” degan nom; muayyan pul summasini toʻlash haqida toʻlovchiga topshiriq; toʻlovchining nomi va toʻlov qaysi hisobvaraqdan amalga oshirilishi kerakligi; toʻlov valyutasi; chek tuzilgan sana va joy; chekni yozib bergan shaxsning — chek beruvchining imzosi. Hujjatda mazkur rekvizitlardan birontasining boʻlmasligi chekni kuchdan mahrum qiladi. Tuzilgan joyi koʻrsatilmagan chek chek beruvchi turgan joyda imzolangan deb hisoblanadi. Chekning shakli va uni toʻldirish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.
- FuqarolikCIVIL · 809-modda
Chek boʻyicha pul toʻlash
Chek boʻyicha pul chek beruvchining mablagʻlari hisobidan toʻlanadi. Chek qonunchilikda belgilab qoʻyilgan muddatda toʻlovga taqdim etilgan taqdirdagina u boʻyicha pul toʻlanadi. Chek boʻyicha pul toʻlagan shaxs chekning toʻlov olinganligi haqidagi tilxat bilan birga oʻziga berilishini talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 81-modda
Fuqarolik huquqlari obyektlarining turlari
Fuqarolik huquqlarining obyektlariga ashyolar, shu jumladan pul va qimmatli qogʻozlar, boshqa buyumlar, mol-mulk, shu jumladan mulkiy huquqlar, ishlar va xizmatlar, ixtirolar, sanoat namunalari, fan, adabiyot, sanʼat asarlari va intellektual faoliyatning boshqa natijalari, shuningdek shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa moddiy hamda nomoddiy boyliklar kiradi.
- FuqarolikCIVIL · 810-modda
Chek boʻyicha huquqlarni boshqa shaxsga berish
Chek boʻyicha huquqlar ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalarga rioya qilgan holda boshqa shaxsga beriladi. Egasining nomi yozilgan chek boshqa shaxsga berilishi mumkin emas. Oʻtkazma chekda pul toʻlovchiga qilingan indossament toʻlovni olganlik uchun tilxat kuchiga ega boʻladi. Toʻlovchi tomonidan qilingan indossament haqiqiy emas. Agar indossament boʻyicha olingan oʻtkazma chekka ega boʻlgan shaxs oʻzining huquqini uzluksiz (bir-birini taqozo etuvchi) indossamentlar qatori bilan asoslab bersa, u oʻtkazma chekning qonuniy egasi deb hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 811-modda
Toʻlov kafolati (aval)
Chek boʻyicha toʻlov kafolat (aval) vositasida toʻla yoki qisman kafolatlanishi mumkin. Avalni toʻlovchidan boshqa har qanday shaxs berishi mumkin. Aval chekning old tomoniga yoki qoʻshimcha varaqqa “aval deb hisoblansin” degan yozuv bilan va u kim tomonidan hamda kim uchun berilganini koʻrsatgan holda qoʻyiladi. Agar aval kim uchun berilganligi koʻrsatilmagan boʻlsa, aval chek beruvchi uchun berilgan hisoblanadi. Aval avalchi tomonidan imzolanib, uning yashash joyi (turgan yeri) va ustxat yozilgan sana koʻrsatiladi. Avalchi u avalni kim uchun bergan boʻlsa, oʻsha shaxs singari javobgar boʻladi. Agar avalchi kafolatlagan majburiyat shaklga amal qilmaslikdan boshqa har qanday asoslarga koʻra haqiqiy boʻlmagan taqdirda ham, avalchining majburiyati haqiqiy boʻlaveradi. Chek boʻyicha pul toʻlagan avalchi u kafolat bergan shaxsga nisbatan ham, bu shaxs oldida majburiyati boʻlgan shaxslarga nisbatan ham chekdan kelib chiqadigan huquqlarni qoʻlga kiritadi.
- FuqarolikCIVIL · 812-modda
Chekni inkasso qilish
Chek saqlovchiga xizmat qiladigan bankka toʻlovni olish uchun chekni inkassoga taqdim etish toʻlovga taqdim etish deb hisoblanadi. Chek boʻyicha ushbu Kodeksning 805-moddasida belgilab qoʻyilgan tartibda pul toʻlanadi. Inkassolangan chek boʻyicha mablagʻlarni chek saqlovchining hisobvaragʻiga kiritish, agar chek saqlovchi bilan bank oʻrtasidagi shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, toʻlovchidan toʻlov olinganidan keyin amalga oshiriladi.
- FuqarolikCIVIL · 813-modda
Toʻlovchining majburiyatlari
Chek boʻyicha toʻlovchi chekning haqiqiyligiga, shu jumladan taqdim etuvchi chek boʻyicha vakil qilingan shaxs ekanligiga ham imkoniyatidagi hamma usullar bilan ishonch hosil qilishi kerak. Inkassolangan chek boʻyicha pul toʻlanganida toʻlovchi indossantlarning imzosini emas, balki indossamentlar toʻgʻriligini tekshirishi shart. Soxta, oʻgʻirlangan yoki yoʻqotib qoʻyilgan chek boʻyicha toʻlovchi pul toʻlashi oqibatida koʻrilgan zarar kimning aybi bilan yetkazilganligiga qarab, toʻlovchining yoki chek beruvchining zimmasiga yuklatiladi.
- FuqarolikCIVIL · 814-modda
Chek boʻyicha pul toʻlashdan bosh tortganlikni tasdiqlash
Chek boʻyicha pul toʻlashdan bosh tortganlik quyidagi usullardan biri bilan tasdiqlanishi kerak: notarius tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda norozilik bildirish; pul toʻlovchi chekka u boʻyicha pul toʻlashdan bosh tortganligi haqida belgi qoʻyilib, chek haq toʻlash uchun taqdim etilgan sanani koʻrsatish; inkasso qiluvchi bankning chek oʻz vaqtida taqdim etilganligi va u boʻyicha pul toʻlanmaganligi haqida, sanasini koʻrsatgan holda belgi qoʻyishi. Norozilik yoki shu kabi harakat chekni haq toʻlash uchun taqdim etish muddati tugaguncha amalga oshirilishi kerak. Agar chek muddatning oxirgi kunida taqdim etilgan boʻlsa, norozilik yoki shu kabi harakat keyingi ish kunida amalga oshirilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 815-modda
Chek boʻyicha pul toʻlanmaganligini xabar qilish
Chek saqlovchi pul toʻlanmaganligi haqida norozilik bildirilgan yoki shu kabi harakat amalga oshirilgan kundan keyingi ikki ish kuni mobaynida oʻz indossantiga va chek beruvchiga xabar qilishi shart. Har bir indossant bildirish olgan kundan keyingi ikki ish kuni ichida oʻzi olgan bildirish haqida oʻzining (oldingi) indossantiga xabar berishi shart. Oʻsha shaxs uchun aval bergan shaxsga ham shu muddatda xabar yuboriladi. Koʻrsatilgan muddat davomida xabar yubormagan shaxs chek boʻyicha oʻz huquqlaridan mahrum boʻlmaydi. U chek boʻyicha pul toʻlanmaganligini xabar qilmagani tufayli keltirilgan zararning oʻrnini chek summasi doirasida qoplashi shart.
- FuqarolikCIVIL · 816-modda
Chek boʻyicha pul toʻlamaslik oqibatlari
Toʻlovchi chek boʻyicha pul toʻlashdan bosh tortgan va bu hol ushbu Kodeksning 814-moddasiga muvofiq tasdiqlanganida chek saqlovchi oʻz xohishiga koʻra chek boʻyicha majburiyatli boʻlgan bitta, bir necha yoki barcha shaxslarga (chek beruvchi, avalchilar, indossantlarga) nisbatan daʼvo qoʻzgʻatishga haqli boʻlib, ular chek saqlovchi oldida solidar javobgar boʻladilar. Chek saqlovchi mazkur shaxslardan chek summasini, chek boʻyicha pul olishga qilgan oʻz chiqimlarini, shuningdek foizlarni ushbu Kodeks 327-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan miqdorda va tartibda toʻlashni talab qilishga haqli. Xuddi shunday huquqqa chek boʻyicha pul toʻlashi shart boʻlgan shaxs ham chek boʻyicha pul toʻlaganidan keyin ega boʻladi. Chek saqlovchining ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarga nisbatan daʼvosi chekni haq toʻlashga taqdim etish muddati tamom boʻlgan kundan eʼtiboran olti oy mobaynida qoʻzgʻatilishi mumkin. Majburiyatli shaxslarning bir-birlariga nisbatan daʼvolari boʻyicha regress talablari tegishli majburiyatli shaxs talabni qondirgan kundan yoki unga daʼvo qoʻzgʻatilgan kundan boshlab olti oy oʻtgach qoplanadi.
- FuqarolikCIVIL · 817-modda
Topshiriq shartnomasi
Topshiriq shartnomasi boʻyicha bir taraf (vakil) ikkinchi taraf (topshiriq beruvchi)ning nomidan va uning hisobidan muayyan yuridik harakatlarni sodir etish majburiyatini oladi. Vakil tuzgan bitim boʻyicha huquq va majburiyatlar bevosita topshiriq beruvchida vujudga keladi. Topshiriq vakil tomonidan bir yoki bir necha muayyan yuridik harakatlarni sodir etish haqida yoki topshiriq beruvchining ishlarini uning koʻrsatmalariga muvofiq yuritish haqida berilishi mumkin. Vakil alohida huquqlarga ega boʻladigan topshiriq shartnomasi boʻyicha bir taraf (topshiriq beruvchi) ikkinchi tarafga (alohida huquqlarga ega boʻlgan vakilga) topshiriq beruvchi nomidan va uning hisobidan maʼlum sohada yoki (va) maʼlum hududda topshiriq beruvchi uchun yuridik ahamiyatga ega boʻlgan hamma harakatlarni sodir etishni topshiradi. Topshiriq shartnomasi yozma shaklda tuziladi. Topshiriq shartnomasi vakil topshiriq beruvchining nomidan ish olib borishga haqli boʻladigan muddatni koʻrsatgan yoki bunday muddatni koʻrsatmagan holda tuzilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 818-modda
Topshiriq shartnomasi boʻyicha haq toʻlash
Agar qonunchilikda yoki topshiriq shartnomasida nazarda tutilgan boʻlsa, topshiriq beruvchi ishonchli vakilga haq toʻlashi shart. Agar topshiriq shartnomasi ikkala taraf yoki ulardan birining tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishi bilan bogʻliq boʻlsa, topshiriq beruvchi, agar shartnomada boshqa hol nazarda tutilgan boʻlmasa, ishonchli vakilga haq toʻlashi shart. Haq toʻlash nazarda tutilgan topshiriq shartnomasida toʻlanadigan haqning miqdori va uni toʻlash haqidagi shartlar boʻlmasa, haq ushbu Kodeks 356-moddasining toʻrtinchi qismiga muvofiq shunga oʻxshash xizmatlar uchun odatda qabul qilingan narxlar boʻyicha belgilanadi va topshiriq bajarilganidan keyin toʻlanadi. Vakil talab qilingan hamma harakatlarni tegishli darajada amalga oshirgan, biroq topshiriq u aybdor boʻlmagan holda bajarilmay qolgan taqdirda ham haq toʻlanishi kerak. Tijorat vakili sifatida ish olib boruvchi ishonchli vakil ushbu Kodeksning 290-moddasiga muvofiq, topshiriq beruvchiga topshirilishi kerak boʻlgan oʻz qoʻlidagi ashyolarni topshiriq shartnomasi boʻyicha oʻz talablarini taʼminlash uchun ushlab turishga haqli.