Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 783-modda
Hisobvaraqdan pul mablagʻlarini oʻchirish asoslari
Bank hisobvaraqdan pul mablagʻlarini mijozning topshirigʻi asosida oʻchiradi. Mijozning topshirigʻisiz hisobvaraqda turgan pul mablagʻlarini oʻchirishga sudning qarori bilan, shuningdek ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunda belgilab qoʻyilgan yoxud bank bilan mijoz oʻrtasidagi shartnomada nazarda tutilgan hollarda yoʻl qoʻyiladi.
- FuqarolikCIVIL · 784-modda
Hisobvaraqdan pul mablagʻlarini oʻchirish navbati
Hisobvaraqda unga qoʻyilgan hamma talablarni qanoatlantirish uchun yetarli miqdorda pul mablagʻlari boʻlsa, bu mablagʻlarni hisobvaraqdan oʻchirish mijozning farmoyishlari va oʻchirish uchun boshqa hujjatlar tushgan tartibda (kalendar navbat), agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, amalga oshiriladi. Hisobvaraqdagi pul mablagʻlari unga qoʻyilgan barcha talablarni qondirish uchun yetarli boʻlmagan taqdirda, pul mablagʻlari quyidagi navbatda oʻchiriladi: birinchi navbatda mutanosib ravishda budjetga, budjetdan tashqari fondlarga toʻlovlarni hamda ish haqi toʻlash uchun pul mablagʻlari berilishini nazarda tutuvchi toʻlov (ijrochi) hujjatlari boʻyicha, alimentlarni undirishga doir talablarni qondirish uchun hisobvaragʻidan pul mablagʻlarini oʻtkazish yoki pulni berishni nazarda tutuvchi ijrochi hujjatlar boʻyicha, mualliflik shartnomalariga binoan mukofotlarni toʻlash boʻyicha, shuningdek hayoti va salomatligiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash boʻyicha, budjetga toʻlovlar boʻyicha hamda mehnatga oid va unga tenglashtirilgan huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan toʻlovlar boʻyicha xoʻjalik subyektlarining majburiyatlari teng darajada bajarilishini taʼminlovchi ijrochi hujjatlar boʻyicha pul oʻchiriladi; ikkinchi navbatda boshqa pul talablarini qondirishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari boʻyicha pul oʻchiriladi; uchinchi navbatda boshqa toʻlov hujjatlari boʻyicha kalendar navbat tartibida pul oʻchiriladi. Bevosita ishlab chiqarish faoliyati bilan bogʻliq kechiktirib boʻlmaydigan ehtiyojlarga pul mablagʻlarini qonunchilikda belgilangan miqdorda hisobdan chiqarish, kalendar navbat tartibidan tashqari navbatda amalga oshiriladi.
- FuqarolikCIVIL · 785-modda
Hisobvaraq boʻyicha operatsiyalar oʻz vaqtida amalga oshirilmaganligi va pul mablagʻlari asossiz oʻchirilganligi uchun bankning javobgarligi
Mijozga kelgan pul mablagʻlari hisobvaraqqa oʻz vaqtida kiritib qoʻyilmagan yoki bank hisobvaraqdan mablagʻlarni asossiz ravishda oʻchirgan hollarda bank mijozning talabi bilan tegishli summani darhol hisobvaraqqa kiritib qoʻyishi shart, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Bank oʻz vaqtida kiritilmagan yoki asossiz oʻchirilgan summaga ushbu Kodeksning 327-moddasiga muvofiq foizlar toʻlashi va zararning oʻrnini qoplashi ham shart. Bank hisobvaraqdan mablagʻlarni oʻz vaqtida bermaganligi va mijozning hisobvaraqdan mablagʻlarni oʻtkazish haqidagi farmoyishlarini oʻz vaqtida bajarmaganligi uchun ham javobgar boʻladi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
- FuqarolikCIVIL · 786-modda
Bank siri
Banklar bank hisobvaragʻi va bank omonati, hisobvaraq boʻyicha operatsiyalar hamda mijoz haqidagi maʼlumotlar sir saqlanishini kafolatlaydi. Bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlar faqat mijozlarning oʻzlariga yoki ularning vakillariga berilishi mumkin. Davlat organlariga va ularning mansabdor shaxslariga bunday maʼlumotlar qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda berilishi mumkin. Bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlar bank tomonidan oshkor qilingan taqdirda, huquqlari buzilgan mijoz keltirilgan zararning oʻrnini qoplashni bankdan talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 787-modda
Hisobvaraqni tasarruf qilishning cheklanishi
Mijozning hisobvaraqda turgan pul mablagʻlarini tasarruf qilish huquqlarini cheklashga yoʻl qoʻyilmaydi, hisobvaraqda turgan pul mablagʻlarini xatlash yoki qonunda nazarda tutilgan hollarda hisobvaraq boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib qoʻyish hollari bundan mustasno.
- FuqarolikCIVIL · 788-modda
Bank hisobvaragʻi shartnomasini bekor qilish
Bank hisobvaragʻi shartnomasi mijozning arizasiga muvofiq istalgan vaqtda bekor qilinadi. Bankning talabiga koʻra bank hisobvaragʻi shartnomasi quyidagi hollarda sud tomonidan bekor qilinishi mumkin: mijozning hisobvaragʻida saqlanayotgan pul mablagʻlari summasi bank qoidalarida yoki shartnomada koʻzda tutilgan eng kam miqdordan oz boʻlsa, agar bunday summa bank bu haqda ogohlantirgan kundan boshlab bir oyda tiklanmasa; agar shartnomada boshqa muddat nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu hisobvaraq boʻyicha bir yil davomida operatsiyalar qilinmagan boʻlsa. Hisobvaraqdagi pul mablagʻlarining qoldigʻi mijozning tegishli yozma arizasi olinganidan keyin kechi bilan yetti kun ichida mijozga beriladi yoki uning koʻrsatmasiga muvofiq boshqa hisobvaraqqa oʻtkaziladi. Bank hisobvaragʻi shartnomasining bekor qilinishi mijoz hisobvaragʻini yopish uchun asos boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 789-modda
Banklarning hisobvaraqlari
Ushbu bobning qoidalari, agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, vakillik hisobvaraqlariga, vakillik yordamchi hisobvaraqlariga, banklarning boshqa hisobvaraqlariga ham tatbiq etiladi.
- FuqarolikCIVIL · 79-modda
Davlatning fuqarolik-huquqiy munosabatlarda ishtirok etishi
Davlat fuqarolik qonunchiligi bilan tartibga solinadigan munosabatlarda ularning boshqa ishtirokchilari bilan baravar asoslarda ishtirok etadi. Fuqarolik qonunchiligi bilan tartibga solinadigan munosabatlarda davlat nomidan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda ular maxsus vakil qilgan boshqa organlar ishtirok etadilar. Davlat oʻzining fuqarolik-huquqiy majburiyatlari boʻyicha oʻz mulki boʻlgan mablagʻlari bilan javob beradi.
- FuqarolikCIVIL · 790-modda
Naqd pullar bilan va naqd pulsiz hisob-kitoblar
Fuqarolarning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishlari bilan bogʻliq boʻlmagan holda ular oʻrtasidagi hisob-kitoblar va fuqarolar ishtirokidagi hisob-kitoblar naqd pullar bilan yoki naqd pulsiz summasi cheklanmagan holda amalga oshirilishi mumkin. Yuridik shaxslar oʻrtasidagi hisob-kitoblar, shuningdek fuqarolarning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishi bilan bogʻliq holda ular ishtirokidagi hisob-kitoblar naqd pulsiz tartibda amalga oshiriladi. Koʻrsatib oʻtilgan shaxslar oʻrtasidagi hisob-kitoblar, agar qonunda boshqacha tartib belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, naqd pulda ham amalga oshirilishi mumkin. Agar qonundan boshqacha tartib kelib chiqmasa va bunday tartibni foydalanilayotgan hisob-kitoblar shakli taqozo etmasa, naqd pulsiz hisob-kitoblar ularda qatnashayotgan shaxslarning hisobvaraqlari ochilgan banklar, boshqa kredit tashkilotlari (bundan buyon –– banklar) orqali amalga oshiriladi.
- FuqarolikCIVIL · 791-modda
Naqd pulsiz hisob-kitoblarning shakllari
Naqd pulsiz hisob-kitoblar amalga oshirilganda toʻlov topshiriqnomalari, akkreditivlar, cheklar bilan hisob-kitob qilishga, inkasso boʻyicha hisob-kitob qilishga, shuningdek qonunda, qonunga muvofiq chiqariladigan bank qoidalarida hamda bank amaliyotida qoʻllanilayotgan ish muomalasi odatlarida nazarda tutilgan boshqa shakllarda hisob-kitob qilishga ham yoʻl qoʻyiladi. Shartnomadagi taraflar ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan hisob-kitob qilish shakllarining istalganini tanlab olishga va shartnomada nazarda tutishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 792-modda
Toʻlov topshiriqnomalari bilan qilinadigan hisob-kitoblar toʻgʻrisida umumiy qoidalar
Toʻlov topshiriqnomasi bilan hisob-kitob qilinganida bank mijozning topshirigʻiga muvofiq uning hisobvaragʻidagi mablagʻlar hisobidan maʼlum miqdor pul summasini mijoz koʻrsatgan shaxsning shu yoki boshqa bankdagi hisobvaragʻiga qonunchilikda nazarda tutilgan muddatlarda, agar bank hisobvaragʻi shartnomasida qisqaroq muddat nazarda tutilgan boʻlmasa yoki u bank amaliyotida qoʻllaniladigan ish muomalasi odatlarida belgilangan boʻlmasa, oʻtkazish majburiyatini oladi. Toʻlov topshiriqnomasida mablagʻlarni oluvchi sifatida koʻrsatilgan shaxs bankdan toʻlovni amalga oshirishni talab qilish huquqiga ega boʻlmaydi, bunday huquq qonunda yoki mijozning bank bilan tuzgan shartnomasida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
- FuqarolikCIVIL · 793-modda
Toʻlov topshiriqnomasini bankning qabul qilish shartlari
Toʻlov topshiriqnomasining hamda u bilan birga taqdim etiladigan hisob-kitob hujjatlarining mazmuni va shakli bank qoidalarida belgilab qoʻyilgan talablarga mos kelishi kerak. Mijozning topshirigʻi uning hisobvaragʻida mablagʻlar boʻlgan taqdirdagina, agar mijoz bilan bank oʻrtasidagi shartnomada boshqa hol nazarda tutilgan boʻlmasa, bank tomonidan ijroga qabul qilinadi.
- FuqarolikCIVIL · 794-modda
Topshiriqni ijro etish
Mijozning toʻlov topshiriqnomasini qabul qilgan bank tegishli pul summasini topshiriqnomada koʻrsatilgan shaxsning hisobvaragʻiga oʻtkazish uchun uni mablagʻ oluvchining bankiga ushbu Kodeksning 792-moddasi birinchi qismida belgilab qoʻyilgan muddatlarda oʻtkazishi shart. Bank mijozning topshiriqnomasida koʻrsatilgan hisobvaraqqa pul mablagʻlarini oʻtkazish operatsiyalarini bajarish uchun boshqa banklarni jalb qilishga haqli. Bank mijozning talabiga koʻra, agar qonunda boshqacha tartib belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, topshiriqning bajarilganligi haqida unga darhol xabar berishi shart.
- FuqarolikCIVIL · 795-modda
Topshiriqni bajarmaganlik yoki tegishli darajada bajarmaganlik uchun javobgarlik
Mijozning topshirigʻi bajarilmagan yoki tegishli darajada bajarilmagan taqdirda, bank buning uchun ushbu Kodeksning 327-moddasiga muvofiq javobgar boʻladi. Toʻlov topshiriqnomasi boʻyicha hisob-kitob operatsiyalarini amalga oshirishda ishtirok etadigan banklar ushbu topshiriqni bergan shaxs oldida solidar javobgar boʻladilar.
- FuqarolikCIVIL · 796-modda
Akkreditiv boʻyicha hisob-kitoblar haqida umumiy qoidalar
Akkreditiv boʻyicha hisob-kitob qilinganida mijozning (toʻlovchining) topshirigʻi bilan va uning koʻrsatmalariga muvofiq akkreditiv ochgan bank (bank-emitent) mablagʻlarni oluvchi yoki u koʻrsatgan shaxs (bundan keyingi matnda — mablagʻlarni oluvchi) hujjatlarni taqdim etgan va akkreditivda nazarda tutilgan boshqa shartlarni bajargan taqdirda toʻlovni amalga oshirish majburiyatini oladi. Qoplangan (deponentlangan) akkreditiv ochilgan taqdirda bank-emitent uni ochish vaqtida mijozning oʻz mablagʻlarini yoki unga berilgan kreditni bank emitentning majburiyatlari amal qilib turadigan butun muddatga ijrochi bank ixtiyoriga oʻtkazishi shart. Qoplanmagan akkreditiv ochilgan taqdirda bank-emitent ijrochi bankka akkreditivning butun summasini bank-emitentning ijrochi bankda yuritilayotgan hisobvaragʻidan oʻchirish huquqini beradi.
- FuqarolikCIVIL · 797-modda
Akkreditivning amal qilish muddati va u boʻyicha hisob-kitob qilish tartibi
Akkreditivning amal qilish muddati va u boʻyicha hisob-kitob qilish tartibi pul mablagʻlarini toʻlovchi bilan oluvchi oʻrtasidagi shartnomada belgilab qoʻyiladi. Shartnomada yana quyidagilar boʻlishi kerak: bank-emitentning nomi; akkreditivning turi va uni bajarish usuli; mablagʻlarni oluvchini akkreditiv ochilganligi haqida xabardor qilish usuli; akkreditiv boʻyicha mablagʻlar olish uchun oluvchi tomonidan taqdim etiladigan hujjatlarning toʻliq roʻyxati va aniq tavsifi; tovarlar joʻnatilganidan (xizmatlar koʻrsatilgan, ishlar bajarilganidan) keyin hujjatlarni taqdim etish muddatlari, ularni rasmiylashtirishga qoʻyiladigan talablar.
- FuqarolikCIVIL · 798-modda
Chaqirib olinadigan akkreditiv
Bank-emitent tomonidan mablagʻ oluvchini oldindan xabardor qilmagan holda oʻzgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin boʻlgan akkreditiv chaqirib olinadigan akkreditiv deyiladi. Akkreditivni chaqirib olish bank-emitent zimmasiga mablagʻlarni oluvchi oldida biron-bir majburiyat yuklamaydi. Agar ijro etuvchi bank operatsiyalarni bajarish paytigacha akkreditivning shartlari oʻzgartirilganligi yoki u bekor qilinganligi haqida bildirish olmagan boʻlsa, u chaqirib olinadigan akkreditiv boʻyicha toʻlovni yoki boshqa operatsiyalarni amalga oshirishi shart. Agar akkreditivning matnida boshqa narsa nazarda tutilgan boʻlmasa, u chaqirib olinadigan akkreditiv boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 799-modda
Chaqirib olinmaydigan akkreditiv
Mablagʻ oluvchining roziligisiz bekor qilinishi mumkin boʻlmagan akkreditiv chaqirib olinmaydigan akkreditiv deyiladi. Bank-emitentning iltimosiga binoan akkreditiv boʻyicha operatsiyani oʻtkazishda ishtirok etayotgan ijrochi bank chaqirib olinmaydigan akkreditivni tasdiqlashi mumkin (tasdiqlangan akkreditiv). Bunday tasdiqlash ijrochi bank bank-emitentning majburiyatiga qoʻshimcha suratda akkreditiv shartlariga muvofiq toʻlovni amalga oshirish majburiyatini oʻz zimmasiga olganligini bildiradi. Ijrochi bank tomonidan tasdiqlangan chaqirib olinmaydigan akkreditiv ijrochi bankning roziligisiz oʻzgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin emas.
- FuqarolikCIVIL · 8-modda
Fuqarolik huquq va burchlarining vujudga kelish asoslari
Fuqarolik huquq va burchlari qonunchilikda nazarda tutilgan asoslardan, shuningdek fuqarolar hamda yuridik shaxslarning, garchi qonunchilikda nazarda tutilgan boʻlmasa-da, lekin fuqarolik qonunchiligining umumiy negizlari va mazmuniga koʻra fuqarolik huquq hamda burchlarni keltirib chiqaradigan harakatlaridan vujudga keladi. Fuqarolik huquq va burchlari quyidagilardan vujudga keladi: 1) qonunda nazarda tutilgan shartnomalar va boshqa bitimlardan, shuningdek garchi qonunda nazarda tutilgan boʻlmasa-da, lekin unga zid boʻlmagan shartnomalar va boshqa bitimlardan; 2) qonunda fuqarolik huquq va burchlari vujudga kelishining asosi sifatida nazarda tutilgan davlat organlarining yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hujjatlaridan; 3) sudning fuqarolik huquq va burchlarini belgilagan qaroridan; 4) qonun yoʻl qoʻyadigan asoslarda mol-mulk olish natijasida; 5) fan, adabiyot, sanʼat asarlarini yaratish, ixtirolar va boshqa intellektual faoliyat natijasida; 6) boshqa shaxsga zarar yetkazish natijasida; 7) asossiz boyib ketish natijasida; 8) fuqarolar va yuridik shaxslarning boshqa harakatlari natijasida; 9) qonunchilik fuqarolik-huquqiy oqibatlarning kelib chiqishi bilan bogʻlaydigan hodisalar natijasida. Davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi shart boʻlgan mol-mulkka boʻlgan huquqlar, agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, unga boʻlgan tegishli huquqlar roʻyxatdan oʻtkazilgan paytdan boshlab vujudga keladi.
- FuqarolikCIVIL · 80-modda
Davlat va yuridik shaxslar javobgarligining farqlab qoʻyilishi
Davlat tomonidan tuzilgan yuridik shaxs davlatning majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi. Qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari davlat oʻzi tuzgan yuridik shaxsning majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi. Ushbu moddaning qoidalari davlat tuzgan shartnoma asosida yuridik shaxsning majburiyatlari boʻyicha oʻz zimmasiga kafillik olgan (kafolat bergan) yoki mazkur yuridik shaxs davlatning majburiyatlari boʻyicha oʻz zimmasiga kafillik olgan (kafolat bergan) hollarga taalluqli emas.