Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 765-modda
Omonatning qaytarilishini taʼminlash
Bank qabul qilib olgan omonatlarning qaytarilishini taʼminlash uchun foydalanishi shart boʻlgan vositalar va usullar qonun bilan va bank omonati shartnomasi bilan belgilanadi. Bank omonatchining talabiga muvofiq omonatning qaytarilishi taʼminlanganligi toʻgʻrisida axborot berishi shart. Bank omonatning qaytarilishini taʼminlash boʻyicha majburiyatlarini bajarmagan, shuningdek taʼminotni yoʻqotgan yoki uning shartlarini yomonlashtirgan taqdirda, omonatchi bankdan omonat summasini darhol qaytarib berishni, ushbu Kodeksning 327-moddasiga muvofiq unga foizlar toʻlashni hamda oʻziga yetkazilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 766-modda
Omonatni qaytarish haqidagi talabni bajarmaganlik uchun javobgarlik
Bank omonatchining omonatni yoki uning bir qismini qaytarish haqidagi talabini ushbu Kodeksning 762-moddasida nazarda tutilgan muddatlarda bajarmagan taqdirda, ushbu Kodeksning 327-moddasiga muvofiq bank omonatga foizlar toʻlashdan qatʼi nazar, keltirilgan zararni toʻlashi shart.
- FuqarolikCIVIL · 767-modda
Omonatchining hisobvaragʻiga uchinchi shaxslarning pul mablagʻlarini qoʻyishi
Agar bank omonati shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, omonatga uchinchi shaxslardan omonatchining hisobvaragʻi toʻgʻrisidagi zarur maʼlumotlarni koʻrsatgan holda tushgan pul mablagʻlari kiritib qoʻyiladi. Bunda omonatchi bunday shaxslarga omonat boʻyicha hisobvaraq toʻgʻrisidagi zarur maʼlumotlarni berish bilan ulardan pul mablagʻlarini olishga rozi boʻlgan deb hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 768-modda
Uchinchi shaxs foydasiga qoʻyilgan omonat
Omonat bankka muayyan uchinchi shaxs foydasiga qoʻyilishi mumkin. Nomiga omonat qoʻyilayotgan fuqaroning ismini yoki yuridik shaxsning nomini koʻrsatish bank omonati toʻgʻrisidagi tegishli shartnomaning muhim shartidir. Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, nomiga omonat qoʻyilgan uchinchi shaxs pul oʻz hisobvaragʻiga kelib tushgan paytdan boshlab omonatchi huquqlarini qoʻlga kiritadi. Nomiga omonat qoʻyilgan uchinchi shaxs undan voz kechgan hollarda uchinchi shaxs nomiga bank omonati shartnomasi tuzgan shaxs omonatni qaytarib berishni talab qilishga yoki uni oʻz nomiga oʻtkazishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 769-modda
Omonat daftarchasi
Agar taraflarning kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, fuqaro bilan bank omonati shartnomasi tuzish hamda uning hisobvaragʻiga omonat boʻyicha pul mablagʻlarini kiritib qoʻyish omonat daftarchasi bilan tasdiqlanadi. Omonat daftarchasida bankning yoki uning tegishli filialining nomi, uning joylashgan manzili hamda omonat boʻyicha hisobvaraq nomeri, shuningdek hisobvaraqqa kiritilgan hamma pul mablagʻlari summasi, hisobvaraqdan oʻchirilgan hamma pul mablagʻlari summasi va omonat daftarchasi bankka taqdim etilgan paytda hisobvaraqdagi pul mablagʻlarining qoldigʻi koʻrsatilgan va tasdiqlangan boʻlishi shart. Agar omonatning boshqa holati isbot qilingan boʻlmasa, omonat toʻgʻrisida omonat daftarchasida koʻrsatilgan maʼlumotlar bank bilan omonatchi oʻrtasida omonat boʻyicha hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun asos boʻladi. Bank omonati shartnomasida egasining nomi yozilgan omonat daftarchasini berish nazarda tutiladi. Bank omonat daftarchasi taqdim etilganida omonatni beradi, unga foizlar toʻlaydi hamda omonatchining omonat boʻyicha hisobvaraqdagi pul mablagʻlarini boshqa shaxslarga oʻtkazish haqidagi topshirigʻini bajaradi. Agar egasining nomi yozilgan omonat daftarchasi yoʻqotilgan boʻlsa yoki taqdim etish uchun yaroqsiz holga keltirilgan boʻlsa, bank omonatchining arizasiga muvofiq unga yangi omonat daftarchasi beradi.
- FuqarolikCIVIL · 77-modda
Yuridik shaxslar birlashmalari
Tijorat tashkilotlari oʻzlarining tadbirkorlik faoliyatlarini muvofiqlashtirish, shuningdek mushtarak mulkiy manfaatlarini ifoda etish hamda himoya qilish maqsadida notijorat tashkilotlar hisoblanuvchi uyushmalar (ittifoqlar) va oʻzga birlashmalariga birlashishlari mumkin. Agar ishtirokchilarning qaroriga muvofiq uyushmaga (ittifoqqa) va oʻzga birlashmaga tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish vazifasi yuklatilsa, bunday uyushma (ittifoq) va oʻzga birlashma ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda xoʻjalik shirkati yoki jamiyatiga aylantirilishi kerak yoxud tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun xoʻjalik jamiyatlari tuzishi yoki ularda ishtirok etishi mumkin. Notijorat tashkilotlari oʻz faoliyatlarini muvofiqlashtirish, shuningdek mushtarak manfaatlarini ifoda etish hamda himoya qilish maqsadida uyushmalar (ittifoqlar) shaklida birlashmalar tuzishlari mumkin. Uyushma (ittifoq) va oʻzga birlashmalar yuridik shaxs hisoblanadi. Uyushma (ittifoq) va oʻzga birlashmalarning aʼzolari oʻz mustaqilliklarini va yuridik shaxs huquqlarini saqlab qoladilar. Uyushma (ittifoq) va oʻzga birlashmalar oʻz aʼzolarining majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi. Uyushma (ittifoq) va oʻzga birlashmalarning aʼzolari ularning majburiyatlari boʻyicha uyushma (ittifoq) va oʻzga birlashmalarning taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan miqdorda va tartibda subsidiar javobgar boʻladilar. Uyushma (ittifoq) va oʻzga birlashmalarning nomi ularning asosiy faoliyatini koʻrsatishi, unga “uyushmasi”, “ittifoqi” soʻzlari yoki birlashma turini koʻrsatadigan boshqa soʻz kiritilgan boʻlishi kerak. Qonunchilikda yuridik shaxslar birlashmalari huquqiy mavqeyining xususiyatlari belgilanishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 770-modda
Omonat (depozit) sertifikati
Omonat (depozit) sertifikati egasining nomi yozilgan qimmatli qogʻoz boʻlib, bankka qoʻyilgan omonat summasini ham, omonatchining (sertifikat saqlovchining) belgilangan muddat tamom boʻlganidan keyin sertifikatni bergan bankda yoki ushbu bankning istalgan filialida omonat summasini va sertifikatda koʻrsatib qoʻyilgan foizlarni olish huquqini ham tasdiqlaydi. Omonat (depozit) sertifikati pul toʻlash uchun muddatidan oldin taqdim etilgan taqdirda bank, agar sertifikatning shartlarida foizlarning boshqacha miqdori belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, omonat summasini va talab qilib olinguncha saqlanadigan omonatlar boʻyicha toʻlanadigan foizlarni toʻlaydi.
- FuqarolikCIVIL · 771-modda
Bank hisobvaragʻi shartnomasi
Bank hisobvaragʻi shartnomasi boʻyicha bir taraf — bank yoki boshqa kredit muassasasi (bundan buyon matnda — bank) ikkinchi tarafning — mijozning (hisobvaraq egasining) hisobvaragʻiga tushayotgan pul mablagʻlarini qabul qilish va kiritib qoʻyish, mijozning hisobvaraqdan tegishli summalarini oʻtkazish va toʻlash hamda hisobvaraq boʻyicha boshqa operatsiyalarni amalga oshirish haqidagi farmoyishlarini bajarish majburiyatini oladi. Ushbu bobning banklarga taalluqli qoidalari boshqa kredit tashkilotlari oʻzlariga berilgan ruxsatnoma (litsenziya)ga muvofiq bank hisobvaragʻi shartnomasini tuzish va bajarish chogʻida ularga nisbatan ham qoʻllanadi.
- FuqarolikCIVIL · 772-modda
Bankning mijozga qarashli pul mablagʻlaridan foydalanishi
Bank mijozning bank hisobvaragʻida mavjud boʻlgan pul mablagʻlaridan hisobvaraqqa talablar qoʻyilgan vaqtda mablagʻlarning mavjud boʻlishini hamda hisobvaraq egasining ushbu mablagʻlarni hisobvaraqda turgan summalar doirasida moneliksiz tasarruf etish huquqini kafolatlagan holda foydalanishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 773-modda
Mijozning pul mablagʻlarini tasarruf etishi
Mijoz bankdagi hisobvaraqda turgan oʻz pul mablagʻlarini mustaqil tasarruf etadi. Bank mijozning pul mablagʻlaridan qay tarzda foydalanishni belgilashga va nazorat qilishga hamda uning pul mablagʻlarini oʻz xohishiga koʻra tasarruf etish huquqlariga qonunda yoki bank hisobvaragʻi shartnomasida nazarda tutilmagan boshqa cheklashlarni belgilashga haqli emas. Mijozning bankdagi hisobvaraqda turgan pul mablagʻlari qonunchilikda belgilangan tartibda naqd pul shaklida olinishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 774-modda
Bank hisobvaragʻi shartnomasining shakli
Bank hisobvaragʻi shartnomasi yozma shaklda tuzilishi kerak. Bank hisobvaragʻi shartnomasining yozma shakliga rioya qilmaslik ushbu shartnomaning haqiqiy boʻlmasligini keltirib chiqaradi. Bunday shartnoma oʻz-oʻzidan haqiqiy emas.
- FuqarolikCIVIL · 775-modda
Bank hisobvaragʻi shartnomasini tuzish
Bank hisobvaragʻi shartnomasi bank tomonidan mijozga yoki u koʻrsatgan shaxsga bankda taraflar kelishgan shartlarda hisobvaraq ochish yoʻli bilan tuziladi. Yuridik shaxslar va fuqarolar oʻzlariga hisob-kitob va kassa xizmati koʻrsatadigan banklarni mustaqil tanlaydilar. Bank muayyan turdagi hisobvaraqlar ochish uchun eʼlon qilgan, qonunda va qonunga muvofiq belgilab qoʻyilgan bank qoidalarida nazarda tutilgan tegishli talablarga mos keladigan shartlar asosida hisobvaraq ochishni taklif qilib murojaat etgan mijoz bilan bank hisobvaragʻi shartnomasi tuzishi shart. Bank tegishli operatsiyalarni amalga oshirish qonunda, bankning taʼsis hujjatlarida va unga berilgan litsenziyada nazarda tutilgan hisobvaraqni ochishni rad etishga haqli emas, ana shunday rad etishga bankda bank xizmati koʻrsatishga qabul qilish imkoniyati yoʻqligi sabab boʻlgan hollar bundan mustasno. Bank bank hisobvaragʻi shartnomasini tuzishdan asossiz ravishda bosh tortgan taqdirda, mijoz uning oldiga ushbu Kodeks 377-moddasining oltinchi va yettinchi qismlarida nazarda tutilgan talablarni qoʻyishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 776-modda
Hisobvaraqda turgan pul mablagʻlarini tasarruf etish huquqini tasdiqlash
Mijoz nomidan hisobvaraqdagi mablagʻlarni oʻtkazish va berish haqida koʻrsatma beradigan shaxslarning huquqlari mijoz tomonidan bankka qonunda nazarda tutilgan, qonunga muvofiq bank qoidalari hamda bank hisobvaragʻi shartnomasi bilan belgilangan hujjatlarni taqdim etish yoʻli bilan tasdiqlanadi. Mijoz uchinchi shaxslarning talabiga muvofiq, shu jumladan mijozning ushbu shaxslar oldidagi majburiyatlarini bajarishi bilan bogʻliq talabiga muvofiq pul mablagʻlarini hisobvaraqdan oʻchirish haqida farmoyish berishi mumkin. Bank tegishli talab qoʻyilgan vaqtda uni qoʻyishga haqli boʻlgan shaxsni aniqlash va bunday talabning xarakteri va asoslarini belgilash imkonini beradigan zarur maʼlumotlar bu farmoyishlarda yozma ravishda koʻrsatilgan taqdirda ularni qabul qiladi. Bank hisobvaragʻi shartnomasida hisobvaraqda turgan pul mablagʻlarini tasarruf etish huquqini elektron toʻlov vositalaridan hamda ularda mijozning oʻz imzosi, kodlari, parollari hamda farmoyish tegishli vakolati boʻlgan shaxs tomonidan berilganligini tasdiqlaydigan boshqa vositalarning oʻxshatmalaridan foydalanilgan boshqa hujjatlar bilan tasdiqlash nazarda tutilgan boʻlishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 777-modda
Hisobvaraq boʻyicha bank bajaradigan operatsiyalar
Agar bank hisobvaragʻi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, bank qonunda, qonunga muvofiq belgilab qoʻyilgan bank qoidalarida va bank amaliyotida qoʻllanadigan ish muomalasi odatlarida ushbu turdagi hisobvaraqlar uchun belgilab qoʻyilgan operatsiyalarni amalga oshirish yoʻli bilan hisobvaraqqa kelib tushayotgan pul mablagʻlarini qabul qilishi va kiritib qoʻyishi hamda mijozning pul mablagʻlarini qoʻlga berish haqidagi topshiriqlarini bajarishi shart.
- FuqarolikCIVIL · 778-modda
Hisobvaraq boʻyicha operatsiyalarni amalga oshirish muddatlari
Agar qonunda yoki bank hisobvaragʻi shartnomasida boshqacha muddatlar belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, bank tegishli toʻlov hujjati bankka tushgan kunning ertasidan kechiktirmasdan tushgan pul mablagʻlarini hisobvaraqqa kiritib qoʻyishi, mijozning topshirigʻiga muvofiq hisobvaraqdan pul mablagʻlarini qoʻlga berishi yoki oʻtkazishi shart. Hisobvaraq boʻyicha operatsiyalarni amalga oshirish muddatlarini buzish bank uchun ushbu Kodeksning 327-moddasida nazarda tutilgan oqibatlarni keltirib chiqaradi.
- FuqarolikCIVIL · 779-modda
Hisobvaraqni kreditlash
Bank hisobvaragʻi shartnomasiga muvofiq bank mijozning hisobvaragʻida pul mablagʻlari yoʻqligiga qaramay, mijozning talablariga muvofiq toʻlovlarni amalga oshirgan hollarda bank mijozga toʻlov amalga oshirilgan kundan boshlab tegishli summaga kredit bergan (hisobvaraqni kreditlash) hisoblanadi. Taraflarning hisobvaraqni kreditlash bilan bogʻliq huquq va majburiyatlari, agar bank hisobvaragʻi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, qarz va kredit toʻgʻrisidagi qoidalar bilan belgilanadi.
- FuqarolikCIVIL · 78-modda
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari yuridik shaxs sifatida fuqarolik-huquqiy munosabatlarning qatnashchilaridir. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari yaratgan yoki sotib olgan mol-mulk ularning mulkidir. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining huquqiy mavqeyi qonunchilik bilan belgilanadi.
- FuqarolikCIVIL · 780-modda
Bankning hisobvaraq boʻyicha operatsiyalarni amalga oshirishga qilgan xarajatlarini toʻlash
Mijoz bankning hisobvaraqda turgan pul mablagʻlari bilan operatsiya qilish boʻyicha xizmatlariga bank hisobvaragʻi shartnomasida nazarda tutilgan shartlar asosida haq toʻlaydi. Mazkur operatsiyalarni amalga oshirish borasidagi bank xizmatlarining narxi bank hisobvaragʻi shartnomasida belgilab qoʻyilmagan hollarda xizmatlar uchun toʻlanadigan haq ushbu Kodeksning 356-moddasiga muvofiq belgilanadi. Bankning xizmatlari uchun ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan haq, agar bank hisobvaragʻi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, bank tomonidan har oyning oxirida mijozning hisobvaragʻida turgan pul mablagʻlaridan undirib olinadi.
- FuqarolikCIVIL · 781-modda
Hisobvaraqda turgan pul mablagʻlaridan bankning foydalanganligi uchun foiz toʻlash
Agar bank hisobvaragʻi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, bank hisobvaraqda turgan pul mablagʻlaridan foydalanganligi uchun mijozga foizlar toʻlaydi, ularning summasi hisobvaraqqa kiritib qoʻyiladi. Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan foizlar bank tomonidan bank hisobvaragʻi shartnomasida belgilanadigan miqdorda, shartnomada tegishli shartlar nazarda tutilmagan taqdirda esa— odatda bank talab qilib olinguncha saqlanadigan omonatlar yuzasidan toʻlaydigan miqdorda toʻlanadi. Foizlar summasi bank hisobvaragʻi shartnomasida nazarda tutilgan muddatlarda, bunday muddatlar bank hisobvaragʻi shartnomasida nazarda tutilmagan hollarda esa — yilning har choragi tamom boʻlgach, hisobvaraqqa kiritib qoʻyiladi.
- FuqarolikCIVIL · 782-modda
Bankning va mijozning muqobil talablarini hisobga olish
Bankning hisobvaraqni kreditlash hamda bank xizmatlari uchun haq toʻlash bilan bogʻliq holda mijoz oldiga qoʻyiladigan pul talablari, shuningdek mijozning pul mablagʻlaridan foydalanganlik uchun foizlar toʻlash haqida bank oldiga qoʻyadigan talablari, agar bank hisobvaragʻi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, bir-birlarining talablarini hisobga olish yoʻli bilan bekor qilinadi. Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan talablar bank tomonidan hisobga olinib, u talablar hisobga olinganligi toʻgʻrisida mijozga bank hisobvaragʻi shartnomasida belgilab qoʻyilgan tartibda va muddatlarda, bordiyu tegishli shartlarni taraflar kelishib olishmagan boʻlsa, banklar odatda tegishli hisobvaraqdagi pul mablagʻlarining holati toʻgʻrisida mijozlarga axborot beradigan tartibda va muddatlarda axborot berishi shart.