Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 749-modda
Pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash (faktoring) toʻgʻrisidagi umumiy qoidalar
Pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash (faktoring) shartnomasi boʻyicha bir taraf (moliya agenti) ikkinchi tarafga (mijozga) shu mijozning (kreditorning) uchinchi shaxsga — yuridik shaxsga yoki tadbirkorlik subyektiga (qarzdorga) pul talabnomasi hisobidan pul mablagʻlarini beradi yoki berish majburiyatini oladi, mijoz esa moliya agentiga ushbu pul talabnomasini beradi yoki berish majburiyatini oladi. Ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq voz kechiladigan pul talabnomasi: tovarlarni berishdan, shu jumladan ijaraga berishdan; ishlarni bajarishdan yoki xizmatlar koʻrsatishdan; intellektual mulk obyektlariga boʻlgan mulkiy huquqlarni oʻtkazishdan kelib chiqishi mumkin. Pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash shartnomasi ushbu Kodeks 751-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq pul talabnomasini tavsiflab bergan holda yozma ravishda tuziladi. Mijoz oʻzining moliya agenti oldidagi majburiyatlari bajarilishini taʼminlash maqsadida ham qarzdorga nisbatan pul talabnomasidan moliya agenti foydasiga voz kechishi mumkin. Pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash shartnomasi boʻyicha moliya agentining majburiyatlari mijoz uchun buxgalteriya hisobini yuritishni, shuningdek mijozga boshqa shaxs foydasiga voz kechish narsasi boʻlgan pul talabnomalari bilan bogʻliq boshqa moliyaviy xizmatlar koʻrsatishni ham oʻz ichiga olishi mumkin. Majburiyatni bajarish taʼminoti sifatida moliya agenti foydasiga voz kechilgan pul talabnomasiga nisbatan ushbu Kodeksning garovga tegishli qoidalari qoʻllaniladi, bundan ushbu Kodeksning 269, 273 — 278, 288 va 289-moddalarida nazarda tutilgan qoidalar mustasno. Pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash shartnomasiga nisbatan ushbu Kodeksning majburiyatdagi shaxslarning oʻzgarishi toʻgʻrisidagi qoidalari qoʻllaniladi, bundan ushbu Kodeksning 319 va 321-moddalarida nazarda tutilgan qoidalar mustasno.
- FuqarolikCIVIL · 75-modda
Jamoat fondlari
Fuqarolar va (yoki) yuridik shaxslar tomonidan ixtiyoriy mulkiy badallar qoʻshish asosida tashkil etilgan, xayriya, ijtimoiy, madaniy, maʼrifiy yoki boshqa ijtimoiy foydali maqsadlarni koʻzlaydigan, aʼzoligi boʻlmagan nodavlat notijorat tashkiloti jamoat fondi deb eʼtirof etiladi. Jamoat fondiga uning muassislari (muassisi) yoki vasiyat qiluvchi tomonidan oʻtkazilgan mol-mulk fondning mulkidir. Fond muassislari (muassisi) yoki fond vasiyatnoma boʻyicha tashkil etilganida vasiyatnomani ijro etuvchi fondning majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi, fond esa muassislarning (muassisning) yoki vasiyatnomani ijro etuvchining majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi. Jamoat fondining mol-mulkidan fond ustavida belgilangan maqsad va vazifalarni amalga oshirish hamda maʼmuriy xarajatlarni qoplash uchun foydalaniladi. Fond qonunchilikka muvofiq tadbirkorlik faoliyati bilan oʻz ustavida belgilangan maqsadlarga toʻgʻri keladigan doirada shugʻullanishi mumkin. Fondning tijorat tashkilotlari ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ishtiroki qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Jamoat fondi har yili oʻz faoliyati toʻgʻrisida hisobot eʼlon qilib borishi shart. Jamoat fondini boshqarish tartibi va uning organlarini shakllantirish tartibi uning ustavida belgilanadi. Jamoat fondining ustavida ushbu Kodeks 43-moddasining toʻrtinchi qismida koʻrsatilganidan tashqari quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak: fond organlarining tuzilishi, vakolatlari va shakllantirilish tartibi; fond organlarining mansabdor shaxslarini tayinlash (saylash) va lavozimidan ozod qilish tartibi; fondning mol-mulkini shakllantirish manbalari; fondning, uning vakolatxonalari hamda filiallarining mol-mulkni boshqarish borasidagi huquq va majburiyatlari; fond vakolatxonalarini ochish va filiallarini tashkil etish tartibi; fondni qayta tashkil etish va tugatish tartibi; fond tugatilgan taqdirda uning mol-mulkidan foydalanish tartibi; fond ustaviga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish tartibi. Jamoat fondining ustavida fondning belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan ramziy belgisining tavsifi, shuningdek qonunchilikka zid boʻlmagan boshqa qoidalar ham boʻlishi mumkin. Jamoat fondlari huquqiy holatining xususiyatlari qonunchilik bilan belgilanadi.
- FuqarolikCIVIL · 750-modda
Moliya agenti
Pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalashtirish shartnomalarini moliya agenti sifatida banklar, faktoring tashkilotlari va boshqa kredit tashkilotlari tuzishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 751-modda
Mablagʻ olish maqsadida boshqa shaxs foydasiga voz kechiladigan pul talabnomasi
Toʻlov muddati kelgan pul talabnomasi ham (mavjud talabnoma), shuningdek kelajakda vujudga keladigan pul mablagʻlarini olish huquqi (boʻlajak talabnoma) ham moliyalash evaziga boshqa shaxs foydasiga voz kechiladigan narsa boʻlishi mumkin. Pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash shartnomasida boshqa shaxs foydasiga voz kechish narsasi boʻlgan pul talabnomasini identifikatsiya qilish imkonini beradigan maʼlumotlar boʻlishi kerak. Boʻlajak pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechilganida, u shartnomada nazarda tutilgan talabnomadan boshqa shaxs foydasiga voz kechish narsasi boʻlgan pul mablagʻlarini qarzdordan olish huquqi vujudga kelganidan keyin moliya agentiga oʻtgan hisoblanadi. Agar pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish maʼlum voqeaga bogʻliq boʻlsa, boshqa shaxs foydasiga voz kechish ushbu voqea yuz berganidan keyin kuchga kiradi. Bunday hollarda pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechishni qoʻshimcha rasmiylashtirish talab qilinmaydi. Moliya agentining pul talabnomasiga boʻlgan huquqi mazkur talabnomadan kelib chiqadigan barcha daromadlarga nisbatan tatbiq etiladi.
- FuqarolikCIVIL · 752-modda
Mijozning moliya agenti oldidagi javobgarligi
Mijoz qarzdorning mijozga nisbatan qarshi talablari mavjudligi toʻgʻrisida axborot taqdim etilishi va boshqa shaxs foydasiga voz kechish narsasi boʻlgan pul talabnomasining haqiqiyligi uchun moliya agenti oldida javobgar boʻladi. Agar mijoz pul talabnomasini topshirish huquqiga ega boʻlsa va ushbu talabnomadan boshqa shaxs foydasiga voz kechish paytida u qarzdor bu huquqni bajarmaslikka haqli boʻladigan vaziyatlardan bexabar boʻlsa, boshqa shaxs foydasiga voz kechish narsasi boʻlgan pul talabnomasi haqiqiy hisoblanadi. Agar pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, qarzdor boshqa shaxs foydasiga voz kechish narsasi boʻlgan pul talabnomasini bajarmaganligi yoki tegishli darajada bajarmaganligi uchun mijoz javobgar boʻlmaydi. Agar pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, mijoz pul talabnomasini uchinchi shaxslarning har qanday huquqlaridan ozod holda topshirishi kerak.
- FuqarolikCIVIL · 753-modda
Pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechishni taqiqlashning haqiqiy emasligi
Mijoz bilan uning qarzdori oʻrtasida talabnomadan boshqa shaxs foydasiga voz kechishni taqiqlash yoki cheklash haqida kelishuv boʻlgan taqdirda ham, pul talabnomasidan moliya agenti foydasiga voz kechish haqiqiy hisoblanadi. Mijoz va moliya agenti pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechishga doir taqiqni yoki cheklovni buzganligi uchun qarzdor oldida javobgar boʻlmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 754-modda
Pul talabnomasidan oʻz navbatida boshqa shaxs foydasiga voz kechish
Moliya agentining pul talabnomasidan oʻz navbatida boshqa shaxs foydasiga voz kechishiga nisbatan ushbu bobning qoidalari qoʻllaniladi.
- FuqarolikCIVIL · 755-modda
Qarzdorning pul talabnomasini moliya agentiga ijro etishi
Qarzdor mijozdan yoki moliya agentidan pul talabnomasidan ushbu moliya agenti foydasiga voz kechilganligi haqida yozma bildirishnoma olgan va unda ijro etilishi kerak boʻlgan pul talabnomasi belgilangan, shuningdek toʻlov amalga oshirilishi kerak boʻlgan moliya agenti koʻrsatilgan taqdirda qarzdor toʻlovni moliya agentiga amalga oshirishi shart. Qarzdorning roziligisiz pul majburiyatining valyutasi va u amalga oshiriladigan mamlakat oʻzgartirilishi mumkin emas. Qarzdorning iltimosiga koʻra moliya agenti oqilona muddatda qarzdorga pul talabnomasidan haqiqatan ham moliya agenti foydasiga voz kechilganligining isbotini taqdim etishi kerak. Agar moliya agenti ushbu majburiyatni bajarmagan boʻlsa, qarzdor ushbu talabnoma boʻyicha toʻlovni mijozga nisbatan amalga oshirib, uning oldidagi oʻz majburiyatini bajarishga haqli. Qarzdorning pul talabnomasini ushbu moddaning qoidalariga muvofiq moliya agenti foydasiga bajarishi qarzdorni mijoz oldidagi tegishli majburiyatdan ozod qiladi.
- FuqarolikCIVIL · 756-modda
Moliya agentining qarzdordan olingan summalarga huquqlari
Agar pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash shartnomasi shartlariga koʻra moliya agenti mijozdan bu talabni sotib olib, shu yoʻl bilan uni moliyalasa, moliya agenti qarzdor talabni bajarish uchun toʻlaydigan hamma summani olish huquqini qoʻlga kiritadi, mijoz esa moliya agenti olgan summalar u sotib olgan talabnomaning bahosidan kam boʻlib chiqqanligi uchun moliya agenti oldida javobgar boʻlmaydi. Agar mijozning majburiyatlari moliya agentiga bajarilishini taʼminlash maqsadida pul talabnomasidan uning foydasiga voz kechilgan boʻlsa va pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, moliya agenti mijozga hisobot taqdim etishi hamda mijozning pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish bilan taʼminlangan qarzidan ortib qolgan summani mijozga berishi shart. Agar moliya agenti qarzdordan olgan pul mablagʻlari mijozning moliya agentiga pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish bilan taʼminlangan qarzi summasidan kam boʻlib chiqsa, mijoz qarzning qoldigʻi uchun moliya agenti oldida javobgar boʻlib qolaveradi.
- FuqarolikCIVIL · 757-modda
Qarzdorning muqobil talablari
Moliya agenti qarzdordan toʻlovni amalga oshirishni talab qilgan taqdirda, qarzdor ushbu Kodeksning 343, 344 va 345-moddalariga muvofiq, oʻzining mijoz bilan tuzilgan shartnomaga asoslangan, qarzdor pul talabnomasidan moliya agenti foydasiga voz kechilganligi haqida yozma bildirishnoma olgan paytda ixtiyorida boʻlgan oʻz pul talabnomalarini hisobga olish uchun taqdim etishga haqli. Mijoz qarzdor bilan ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan qarzdorning pul talabnomalarini hisobga olishga boʻlgan huquqlarini moliya agentiga taqdim etmaslik toʻgʻrisida yozma shaklda kelishishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 758-modda
Moliya agenti olgan summalarning qarzdorga qaytarilishi
Mijoz qarzdor bilan tuzgan shartnoma boʻyicha oʻz majburiyatlarini buzgan taqdirda, qarzdor moliya agentiga oʻtgan pul talabnomasi boʻyicha toʻlangan summalarni moliya agentidan qaytarib berishni talab qilishga haqli emas. Qarzdor pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish natijasida moliya agentiga toʻlangan summalarni, agar moliya agenti talabnomadan boshqa shaxs foydasiga voz kechish bilan bogʻliq vaʼda qilingan toʻlovni mijozga toʻlash majburiyatini bajarmaganligi yoki mijoz talabnomadan boshqa shaxs foydasiga voz kechish bilan bogʻliq toʻlovni olishi kerak boʻlgan qarzdor oldidagi majburiyatini buzganligini bila turib, bunday toʻlovni amalga oshirganligi isbot qilingan boʻlsa, ushbu summalar moliya agenti tomonidan qaytarilishini talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 758¹-modda
Pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechishni roʻyxatdan oʻtkazish
Pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish haqidagi bildirishnoma garov reyestrida roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish uchinchi shaxslarga nisbatan kuchga ega boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 758²-modda
Pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash shartnomalari boʻyicha moliya agentlarining talablarini qanoatlantirish tartibi
Aynan bir mijoz tomonidan ayni bir pul talabnomasidan yoki uning bir qismidan boshqa shaxs foydasiga bir martadan ortiq voz kechish amalga oshirilgan taqdirda, moliya agentlarining talablari navbat tartibida qanoatlantiriladi. Pul talabnomasi boʻyicha talablarni qanoatlantirish navbati pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash shartnomasi boʻyicha pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish haqidagi bildirishnoma garov reyestrida roʻyxatdan oʻtkazilgan vaqt asosida belgilanadi. Bunda moliya agentlarining talablarini qanoatlantirish navbati pul talabnomasiga boʻlgan huquq garov reyestrida roʻyxatdan oʻtkazilgan paytga qadar yoki undan keyin yuzaga kelganligidan qatʼi nazar qoʻllaniladi. Pul talabnomasiga boʻlgan huquqlar navbati ushbu Kodeks 751-moddasining toʻrtinchi qismiga muvofiq moliya agenti huquqqa ega boʻlgan har qanday daromadlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
- FuqarolikCIVIL · 759-modda
Bank omonati shartnomasi
Bank omonati shartnomasi boʻyicha birinchi tarafdan (omonatchidan) qabul qilib olgan yoki uning nomiga kelgan pul summasini (omonatni) qabul qilib olgan ikkinchi taraf (bank) shartnomada nazarda tutilgan shartlar asosida va tartibda omonat summasini foizlar yoxud boshqa daromadlar bilan yoki ularsiz qaytarish majburiyatini oladi, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno. Bank omonati shartnomasi omonat summasi bankka kelib tushgan kundan boshlab tuzilgan hisoblanadi. Fuqaro omonatchi boʻlgan bank omonati shartnomasi ommaviy shartnoma deb hisoblanadi. Bank bilan omonatchining omonat qoʻyilgan hisobvaraq boʻyicha munosabatlariga nisbatan bank hisobvaragʻi shartnomasi toʻgʻrisidagi qoidalar, agar ushbu bobning qoidalarida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa yoki u bank omonati shartnomasining mohiyatidan kelib chiqmasa, qoʻllaniladi. Ushbu bobning banklarga doir qoidalari qonunchilikka muvofiq yuridik shaxslardan omonatlar qabul qiluvchi boshqa kredit tashkilotlariga nisbatan ham qoʻllanadi.
- FuqarolikCIVIL · 76-modda
Muassasalar
Boshqaruv, ijtimoiy-madaniy vazifalarni yoki tijoratchilikdan iborat boʻlmagan boshqa vazifalarni amalga oshirish uchun mulkdor tomonidan tashkil etilgan va toʻla yoki qisman moliyaviy taʼminlab turiladigan tashkilot muassasa hisoblanadi. Muassasaning oʻziga biriktirib qoʻyilgan va oʻzi sotib olgan mol-mulkka boʻlgan huquqlari ushbu Kodeksning 178 va 180-moddalariga muvofiq belgilanadi. Muassasa oʻz majburiyatlari boʻyicha ixtiyoridagi pul mablagʻlari bilan javob beradi. Bu mablagʻlar yetarli boʻlmasa, tegishli mol-mulkning egasi uning majburiyatlari yuzasidan subsidiar javobgar boʻladi. Ayrim turdagi davlat muassasalari va boshqa muassasalar huquqiy mavqeyining xususiyatlari qonunchilik bilan belgilanadi.
- FuqarolikCIVIL · 760-modda
Pul mablagʻlarini omonatlarga jalb qilish huquqi
Pul mablagʻlarini omonatlarga jalb qilish huquqiga qonunchilikda belgilangan tartibda litsenziya berilgan banklar ega boʻladilar. Bunday huquqqa ega boʻlmagan shaxs fuqarodan omonat qabul qilgan taqdirda, omonatchi darhol omonat summasini qaytarib berishni, shuningdek bu summaga ushbu Kodeksning 327-moddasida nazarda tutilgan foizlarni toʻlashni hamda foiz summalaridan tashqari omonatchiga yetkazilgan hamma zararni qoplashni talab qilishi mumkin. Agar bunday shaxs bank omonati shartnomasi shartlari asosida yuridik shaxsning pul mablagʻlarini qabul qilgan boʻlsa, ushbu Kodeksning bitimlar haqiqiy boʻlmasligining asoslari va oqibatlariga doir tegishli qoidalari qoʻllanadi. Agar qonunda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan oqibatlar, kim boʻlishidan qatʼi nazar, fuqarolar va yuridik shaxslarning pul mablagʻlarini: omonat saqlovchilarga omonatni talab qilishi bilanoq olish va omonatchining ushbu bob qoidalarida koʻzda tutilgan boshqa huquqlarini amalga oshirish imkoniyatini bermaydigan veksellar yoki boshqa qimmatli qogʻozlar berish; ularga gʻayriqonuniy chiqarilgan deb topilgan aksiyalar va boshqa qimmatli qogʻozlarni sotish yoʻli bilan omonatlarga jalb qilish hollariga nisbatan qoʻllanadi.
- FuqarolikCIVIL · 761-modda
Bank omonati shartnomasining shakli
Bank omonati shartnomasi yozma shaklda tuzilgan boʻlishi kerak. Agar omonatning qoʻyilganligi omonat daftarchasi, jamgʻarma (depozit) sertifikati yoki bank tomonidan omonatchiga berilgan, qonunda, qonunga muvofiq belgilangan bank qoidalarida va bank amaliyotida qoʻllaniladigan ish muomalasi odatlarida bunday hujjatlar uchun nazarda tutilgan talablarga javob beradigan boshqa hujjat bilan tasdiqlangan boʻlsa, bank omonati shartnomasining yozma shakliga rioya qilingan hisoblanadi. Bank omonati shartnomasining yozma shakliga rioya qilmaslik bunday shartnomaning haqiqiy boʻlmasligiga olib keladi. Bunday shartnoma oʻz-oʻzidan haqiqiy emas.
- FuqarolikCIVIL · 762-modda
Omonatlarning turlari
Bank omonati shartnomasi omonatni talab qilinishi bilanoq berish (talab qilinguncha saqlanadigan omonat) yoki omonatni shartnomada belgilangan muddat tugaganidan keyin qaytarish (muddatli omonat) sharti bilan tuziladi. Bank omonati shartnomasida qaytarib berishning qonunchilikka zid boʻlmagan boshqa shartlari asosida omonatlar qoʻyish ham nazarda tutilishi mumkin. Bank omonati shartnomasi boʻyicha, omonatning turidan qatʼi nazar, bank omonatchining talabi bilan omonat summasini yoki uning bir qismini berishi shart, yuridik shaxslar tomonidan qaytarib berishning shartnomada nazarda tutilgan boshqa shartlari asosida qoʻyilgan omonatlar bundan mustasno. Bank omonati shartnomasining fuqaro omonatni talab qilishi bilanoq olish huquqidan, muddatli yoki boshqa omonatni esa xabardor etishning qonunchilikda belgilangan muddati oʻtganidan keyin olish huquqidan voz kechish haqidagi sharti oʻz-oʻzidan haqiqiy emas. Agar omonatchi muddatli yoki boshqa omonatni, talab qilib olinguncha saqlanadigan omonat bundan mustasno, muddat tugagunga qadar yoxud bank omonati shartnomasida koʻrsatilgan boshqa holatlar yuz bergunga qadar qaytarib berishni talab qilish niyatida boʻlsa, u oʻzining bu niyatidan bankni omonatni olishni moʻljallayotgan sanadan kamida bir oy oldin xabardor qilishi shart. Muddatli yoki boshqa omonat, talab qilib olinguncha saqlanadigan omonat bundan mustasno, muddat tugagunga qadar yoxud bank omonati shartnomasida koʻrsatilgan boshqa holatlar yuz bergunga qadar omonatchining talabi bilan unga qaytarilgan hollarda, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, omonat yuzasidan foizlar yoxud boshqa daromadlar toʻlanmaydi. Omonatchi muddatli omonat summasini muddat tugaganidan keyin yoki qaytarishning boshqa shartlari bilan qoʻyilgan omonat summasini bank omonati shartnomasida nazarda tutilgan holatlar vujudga kelganidan keyin qaytarib berishni talab qilmagan hollarda, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, shartnoma omonatni talab qilib olguncha saqlash shartlari asosida uzaytirilgan deb hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 763-modda
Omonatga toʻlanadigan foizlar va (yoki) boshqa daromadlar
Bank omonatchiga omonat summasi uchun bank omonati shartnomasida belgilanadigan miqdorda foizlar va (yoki) boshqa daromadlar toʻlaydi. Bank omonati shartnomasida toʻlanadigan foizlar miqdori haqida shart boʻlmagan taqdirda, bank talab qilib olinguncha saqlanadigan omonatlarga toʻlanadigan miqdorda foizlar toʻlashi shart. Agar bank omonati shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, bank talab qilib olinguncha saqlanadigan omonatlarga toʻlanadigan foizlar va (yoki) boshqa daromadlar miqdorini oʻzgartirish huquqiga ega. Bank foizlar va (yoki) boshqa daromadlar miqdorini kamaytirgan taqdirda, ularning yangi miqdori ular kamaytirilganligi haqida omonatchilarga xabar berilganidan keyin qoʻyilgan omonatlarga nisbatan qoʻllaniladi. Agar bank omonati shartnomasida boshqa muddat nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu xabarga qadar qoʻyilgan omonatlarga nisbatan kamaytirilgan foizlar va (yoki) boshqa daromadlar miqdori tegishli xabar berilgan paytdan bir oy oʻtganidan keyin qoʻllaniladi. Omonatni muayyan muddat oʻtgach yoki shartnomada nazarda tutilgan vaziyatlar yuz berganidan keyin qaytarish sharti bilan qoʻyilgan omonat yuzasidan bank omonati shartnomasida belgilangan foizlar va (yoki) boshqa daromadlar miqdori, agar shartnomada boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, bank tomonidan bir tomonlama kamaytirilishi mumkin emas.
- FuqarolikCIVIL · 764-modda
Omonatga foizlar yozish va toʻlash tartibi
Bank omonati summasiga foizlar omonat bankka tushgan kunning ertasidan boshlab, to u omonatchiga qaytarilgan yoki boshqa asoslarga koʻra omonatchining hisobvaragʻidan oʻchirilgan kundan oldingi kungacha yoziladi. Omonatchining hisobvaragʻi xatlanganligi oqibatida bank ushbu hisobvaraqdagi pul mablagʻlaridan foydalana olmagan davr uchun foizlar yozilmaydi. Agar bank omonati shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, bank omonati summasiga foizlar har bir oy oʻtganidan keyin uning talabi bilan omonat summasidan alohida toʻlanadi, bu muddatda talab qilib olinmagan foizlar esa foizlar yoziladigan omonat summasiga qoʻshilib boradi. Omonat qaytarilganida shu paytgacha yozilgan hamma foizlar toʻlanadi.