Asosiy kontentga oʻtish
Yurideks
KirishRoʻyxatdan oʻtish
← Qonun toʻplamiga qaytish
FuqarolikCIVIL · 749-modda

Pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash (faktoring) toʻgʻrisidagi umumiy qoidalar

Pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash (faktoring) shartnomasi boʻyicha bir taraf (moliya agenti) ikkinchi tarafga (mijozga) shu mijozning (kreditorning) uchinchi shaxsga — yuridik shaxsga yoki tadbirkorlik subyektiga (qarzdorga) pul talabnomasi hisobidan pul mablagʻlarini beradi yoki berish majburiyatini oladi, mijoz esa moliya agentiga ushbu pul talabnomasini beradi yoki berish majburiyatini oladi.

Ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq voz kechiladigan pul talabnomasi:

tovarlarni berishdan, shu jumladan ijaraga berishdan;

ishlarni bajarishdan yoki xizmatlar koʻrsatishdan;

intellektual mulk obyektlariga boʻlgan mulkiy huquqlarni oʻtkazishdan kelib chiqishi mumkin.

Pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash shartnomasi ushbu Kodeks 751-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq pul talabnomasini tavsiflab bergan holda yozma ravishda tuziladi.

Mijoz oʻzining moliya agenti oldidagi majburiyatlari bajarilishini taʼminlash maqsadida ham qarzdorga nisbatan pul talabnomasidan moliya agenti foydasiga voz kechishi mumkin.

Pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash shartnomasi boʻyicha moliya agentining majburiyatlari mijoz uchun buxgalteriya hisobini yuritishni, shuningdek mijozga boshqa shaxs foydasiga voz kechish narsasi boʻlgan pul talabnomalari bilan bogʻliq boshqa moliyaviy xizmatlar koʻrsatishni ham oʻz ichiga olishi mumkin.

Majburiyatni bajarish taʼminoti sifatida moliya agenti foydasiga voz kechilgan pul talabnomasiga nisbatan ushbu Kodeksning garovga tegishli qoidalari qoʻllaniladi, bundan ushbu Kodeksning 269, 273 — 278, 288 va 289-moddalarida nazarda tutilgan qoidalar mustasno.

Pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash shartnomasiga nisbatan ushbu Kodeksning majburiyatdagi shaxslarning oʻzgarishi toʻgʻrisidagi qoidalari qoʻllaniladi, bundan ushbu Kodeksning 319 va 321-moddalarida nazarda tutilgan qoidalar mustasno.

Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?

Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.

Savol berish
Yurideks

Har bir insonning himoyalanish huquqi bor.