Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 731-modda
Ekspeditsiya shartnomasidan bosh tortish
Mijoz yoki ekspeditor oʻn kun oldin boshqa tarafni ogohlantirib, transport ekspeditsiyasi shartnomasini bajarishdan bosh tortishga haqli. Transport ekspeditsiyasi shartnomasini bajarishdan bir tomonlama bosh tortilganida, bu haqda maʼlum qilgan taraf shartnomaning bekor qilinishi tufayli koʻrilgan zararni ikkinchi tarafga toʻlaydi.
- FuqarolikCIVIL · 732-modda
Qarz shartnomasi
Qarz shartnomasi boʻyicha bir taraf (qarz beruvchi) ikkinchi tarafga (qarz oluvchiga) pul yoki turga xos alomatlari bilan belgilangan boshqa ashyolarni mulk qilib beradi, qarz oluvchi esa qarz beruvchiga bir yoʻla yoki boʻlib-boʻlib, oʻshancha summadagi pulni yoki qarzga olingan ashyolarning xili, sifati va miqdoriga baravar ashyolarni (qarz summasini) qaytarib berish majburiyatini oladi. Qarz shartnomasi pul yoki ashyolar topshirilgan paytdan boshlab tuzilgan hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 733-modda
Qarz shartnomasining shakli
Fuqarolar oʻrtasida qarz shartnomasi, agar bu qarzning summasi bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan ortiq boʻlsa, oddiy yozma shaklda tuzilishi shart, shartnomadagi taraflardan biri yuridik shaxs boʻlganida esa summasidan qatʼi nazar, yozma shaklda tuzilishi shart. Qarz shartnomasining yozma shakliga rioya qilmaslik ushbu Kodeksning 109-moddasida nazarda tutilgan oqibatlarga olib keladi. Agar qarz oluvchining tilxati yoki unga qarz beruvchi tomonidan muayyan summa yoki muayyan miqdordagi ashyolar topshirilganligini tasdiqlaydigan boshqa hujjat mavjud boʻlsa, qarz shartnomasi yozma shaklda tuzilgan hisoblanadi. Agar qarz majburiyati qarz oluvchi tomonidan berilgan veksel, obligatsiya yoki qarz summasini va qarz beruvchining uni undirib olish huquqini belgilaydigan boshqa qimmatli qogʻoz bilan tasdiqlangan boʻlsa, qarz shartnomasining yozma shakliga rioya qilingan hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 734-modda
Qarz shartnomasi boʻyicha foizlar
Agar qonunda yoki qarz shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, qarz beruvchi (yuridik shaxs yoki fuqaro) qarz oluvchidan qarz summasiga shartnomada belgilangan miqdorda va tartibda foizlar olish huquqiga ega boʻladi. Agar qarz shartnomasi boʻyicha qarz oluvchiga turga xos alomatlari bilan belgilangan ashyolar topshirilsa, ularning miqdori va shakli (pul yoki natura holidagi) shartnomada koʻzda tutilgan hollarda foizlar toʻlanishi kerak. Foizlar toʻlash tartibi va muddatlari qarz shartnomasi bilan belgilanadi. Agar foizlar toʻlash tartibi va muddatlari shartnomada belgilangan boʻlmasa, ular asosiy qarzni qaytarish uchun shartnomada nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda toʻlanadi.
- FuqarolikCIVIL · 735-modda
Qarz oluvchining qarz summasini qaytarish majburiyati
Qarz oluvchi olingan qarz summasini qarz shartnomasida nazarda tutilgan muddatda va tartibda qarz beruvchiga qaytarishi shart. Agar qarz summasini qaytarish muddati shartnomada belgilangan boʻlmasa, qarz oluvchi uni qarz beruvchi qarzni qaytarish haqida talab qoʻygan kundan boshlab oʻttiz kun mobaynida qaytarishi kerak. Foizsiz qarz summasi qarz oluvchi tomonidan muddatidan oldin qaytarilishi mumkin. Foiz evaziga berilgan qarz summasi, agar qarz shartnomasida koʻzda tutilgan boʻlsa yoki qarz beruvchining roziligi bilan, muddatidan oldin qaytarilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 736-modda
Qarz oluvchi tomonidan qarz shartnomasini buzish oqibatlari
Agar qonunchilikda yoki qarz shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, qarz oluvchi qarz summasini vaqtida qaytarmagan hollarda ushbu Kodeksning 734-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan foizlar toʻlangan boʻlishidan qatʼi nazar, qarz qaytarib berilishi kerak boʻlgan kundan boshlab to u qarz beruvchiga qaytarib berilgan kungacha bu summa yuzasidan ushbu Kodeksning 327-moddasi birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan miqdorda foizlar toʻlanishi kerak. Agar qarz shartnomasida qarzni qismlab (boʻlib-boʻlib) qaytarish nazarda tutilgan boʻlsa, qarz oluvchi qarzning navbatdagi qismini qaytarish uchun belgilangan muddatni buzgan taqdirda, qarz beruvchi qarzning qolgan barcha summasini tegishli foizlar bilan birga muddatidan oldin qaytarishni talab qilishga haqli. Agar qarz shartnomasida qarz boʻyicha foizlarni qarzning oʻzini qaytarish muddatidan oldin toʻlash nazarda tutilgan boʻlsa, bu majburiyat buzilgan taqdirda, qarz beruvchi qarz oluvchidan qarz summasini tegishli foizlari bilan birga muddatidan oldin qaytarishni talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 737-modda
Qarz shartnomasi yuzasidan daʼvolashish
Qarz oluvchi pul yoki boshqa ashyolarni qarz beruvchidan amalda olmaganligini yoki shartnomada koʻrsatilganidan kam miqdorda olganligini isbot qilib, qarz shartnomasi yuzasidan daʼvolashishga haqli. Yozma shaklda tuzilishi lozim boʻlgan qarz shartnomasi yuzasidan guvohlarning koʻrsatmalari yordamida daʼvolashish mumkin emas, shartnoma aldash, zoʻrlik ishlatish, tahdid qilish, qarz oluvchining vakili qarz beruvchi bilan yomon niyatda kelishishi yoki qiyin vaziyatlar taʼsirida tuzilgan hollar bundan mustasno. Agar qarz oluvchi qarz shartnomasi yuzasidan daʼvolashuvi jarayonida pul yoki boshqa ashyolar haqiqatan ham qarz beruvchidan olinmaganligi aniqlansa, qarz shartnomasi tuzilmagan hisoblanadi. Qarz oluvchi qarz beruvchidan pul yoki boshqa ashyolarni shartnomada koʻrsatilganidan amalda kam miqdorda olgan hollarda shartnoma ana shu miqdordagi pul yoki ashyolarga tuzilgan hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 738-modda
Qarz oluvchining majburiyatlari bajarilishini taʼminlash
Qarz oluvchi qarz summasining qaytarib berilishini taʼminlash yuzasidan qarz shartnomasida nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarmasa, shuningdek qarzning taʼminoti qarz beruvchi javobgar boʻlmagan vaziyatlarda yoʻqotilsa yoki uning shartlari yomonlashsa, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, qarz beruvchi qarz oluvchidan qarz summasini muddatidan oldin qaytarishni va tegishli foizlarni toʻlashni talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 739-modda
Aniq maqsadli qarz
Agar qarz shartnomasi qarz oluvchining mablagʻlardan aniq maqsadda (aniq maqsadli qarz) foydalanishi sharti bilan tuzilgan boʻlsa, qarz oluvchi qarz beruvchiga qarz summasidan aniq maqsadda foydalanilishini nazorat qilish imkoniyatini taʼminlab berishi shart. Qarz oluvchi qarz shartnomasining qarz summasidan aniq maqsadda foydalanish haqidagi shartlarini bajarmagan taqdirda, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, qarz beruvchi qarz oluvchidan qarz summasini muddatidan oldin qaytarishni va tegishli foizlarni toʻlashni talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 74-modda
Jamoat birlashmalari
Maʼnaviy yoki oʻzga nomoddiy ehtiyojlarni qanoatlantirish uchun oʻz manfaatlarining mushtarakligi asosida qonunda belgilangan tartibda birlashgan fuqarolarning ixtiyoriy birlashmalari jamoat birlashmalari hisoblanadi. Jamoat birlashmalari oʻz ustavlarida nazarda tutilgan ishlab chiqarish yoki oʻzga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga haqlidirlar. Jamoat birlashmalarining ishtirokchilari (aʼzolari) ushbu birlashmalarga mulk qilib bergan mol-mulklariga, shu jumladan aʼzolik badallariga boʻlgan huquqlarini saqlab qolmaydilar. Ular aʼzo sifatida ishtirok etayotgan jamoat birlashmalarining majburiyatlari boʻyicha javob bermaydilar, mazkur birlashmalar esa — oʻz aʼzolarining majburiyatlari boʻyicha javob bermaydilar. Jamoat birlashmalari huquqiy mavqeyining xususiyatlari qonunchilik bilan belgilanadi.
- FuqarolikCIVIL · 740-modda
Veksel
Taraflarning kelishuviga muvofiq qarz oluvchi veksel bergan boʻlib, bu veksel uni beruvchining (oddiy veksel) yoki vekselda koʻrsatilgan boshqa toʻlovchining (oʻtkazma veksel) vekselda nazarda tutilgan muddat kelgach, qarzga olingan pul summalarini toʻlash haqidagi hech qanday shart bilan bogʻlanmagan majburiyatini tasdiqlasa, taraflarning veksel boʻyicha munosabatlari qonunchilik bilan tartibga solinadi.
- FuqarolikCIVIL · 741-modda
Obligatsiya
Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda qarz shartnomasi obligatsiyalar chiqarish va sotish yoʻli bilan tuzilishi mumkin. Obligatsiya qimmatli qogʻoz boʻlib, uni saqlovchining obligatsiyani chiqargan shaxsdan obligatsiyada nazarda tutilgan muddatda obligatsiyaning nominal qiymatini yoki boshqa mulkiy ekvivalentini olish huquqini tasdiqlaydi. Obligatsiya uni saqlovchiga obligatsiyaning nominal qiymatidan obligatsiyada qayd etilgan miqdorda foizlar olish huquqini yoki boshqa mulkiy huquqlarni ham beradi.
- FuqarolikCIVIL · 742-modda
Qarzni yangilab, qarz majburiyatiga aylantirish
Taraflarning kelishuviga muvofiq, oldi-sotdi, mulkni ijaraga olish yoki boshqa asoslar tufayli paydo boʻlgan har qanday qarz qarz majburiyati bilan almashtirilishi mumkin. Qarzning qarz majburiyati bilan almashtirilishi ushbu Kodeksning 347-moddasida nazarda tutilgan majburiyatni yangilash toʻgʻrisidagi qoidalarga rioya qilgan holda amalga oshiriladi va qarz shartnomasi uchun belgilangan shaklda bajariladi.
- FuqarolikCIVIL · 743-modda
Davlat zayomi shartnomasi
Davlat zayomi shartnomasi boʻyicha davlat qarz oluvchi, fuqaro yoki yuridik shaxs esa qarz beruvchi boʻladi. Davlat zayomlari ixtiyoriydir. Davlat zayomi shartnomasi qarz beruvchining qarz oluvchidan unga qarzga berilgan pul mablagʻlarini yoki, zayom shartlariga bogʻliq holda, — boshqa mol-mulkni, belgilangan foizlarni yoki boshqa mulkiy huquqlarni zayomni muomalaga chiqarish shartlarida nazarda tutilgan muddatlarda olish huquqini tasdiqlaydigan davlat obligatsiyalari yoki boshqa davlat qimmatli qogʻozlarini qarz beruvchining sotib olishi yoʻli bilan tuziladi. Muomalaga chiqarilgan zayomning shartlarini oʻzgartirishga (zayomni konversiyalash), shu jumladan ushbu Kodeksning 383-moddasida nazarda tutilgan asoslarga koʻra, oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Davlat zayomi shartnomasi boʻyicha davlat ushbu Kodeksning qoidalariga muvofiq javobgar boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 744-modda
Kredit shartnomasi
Kredit shartnomasi boʻyicha bir taraf — bank yoki boshqa kredit tashkiloti (kreditor) ikkinchi tarafga (qarz oluvchiga) shartnomada nazarda tutilgan miqdorda va shartlar asosida pul mablagʻlari (kredit) berish, qarz oluvchi esa olingan pul summasini qaytarish va uning uchun foizlar toʻlash majburiyatini oladi. Qonunchilikka muvofiq kredit tashkilotlari boʻlmagan tijorat tashkilotlarining kreditlashni amalga oshirishiga yoʻl qoʻyilgan hollarda kredit shartnomasi toʻgʻrisidagi qoidalar bunday tijorat tashkilotlari amalga oshiradigan kreditlash munosabatlariga nisbatan qoʻllanadi. Kredit boʻyicha qarzdorlikni undirish toʻgʻrisida sudning hal qiluv qarori chiqarilganda sud qarorida koʻrsatilgan, kredit boʻyicha undiriladigan summaga nisbatan ushbu Kodeksning 327-moddasi birinchi va ikkinchi qismlarida hamda 734-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan foizlar, shuningdek neustoyka hisoblanishi toʻxtatiladi. Agar ushbu paragrafning qoidalarida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa va u kredit shartnomasining mohiyatidan kelib chiqmasa, kredit shartnomasi munosabatlariga nisbatan ushbu bob 1-paragrafining qoidalari qoʻllanadi.
- FuqarolikCIVIL · 745-modda
Kredit shartnomasining shakli
Kredit shartnomasi yozma shaklda tuzilishi shart. Yozma shaklga rioya qilmaslik kredit shartnomasining haqiqiy boʻlmasligiga olib keladi. Bunday shartnoma oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 746-modda
Kredit berish yoki olishdan bosh tortish
Kreditor qarz oluvchini toʻlovga qobiliyatsiz deb hisoblasa, qarz oluvchi kreditni taʼminlash majburiyatlarini bajarmasa, shartnomada nazarda tutilgan kreditdan aniq maqsadda foydalanish majburiyatini buzsa, shuningdek shartnomada nazarda tutilgan boshqa hollarda qarz oluvchiga kredit shartnomasida nazarda tutilgan kreditni berishdan butunlay yoki qisman bosh tortishga haqli. Qarz oluvchi kredit olishdan butunlay yoki qisman bosh tortishga haqli. Agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, qarz oluvchi bu haqda kreditorni kredit shartnomasida belgilab qoʻyilgan kredit berish muddatiga qadar xabardor qilishi shart. Qarz oluvchi kredit shartnomasida nazarda tutilgan kreditdan aniq maqsadda foydalanish majburiyatini buzgan taqdirda kreditor shartnoma boʻyicha qarz oluvchini bundan buyon kreditlashni toʻxtatishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 746¹-modda
Kreditni muddatidan oldin qaytarishni talab qilish
Kreditni muddatidan oldin sud tartibida undirishda, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, kreditor dastlab qarzning belgilangan muddatda qaytarilmagan qismini undirish uchun sudga murojaat qiladi. Bunda agar qarz oluvchi muddati oʻtgan qarzni toʻliq toʻlamagan taqdirda, kreditor kreditning qolgan barcha summasini muddatidan oldin qaytarish haqidagi talab bilan sudga murojaat qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 747-modda
Ashyolarni kreditga berish shartnomasi
Taraflar bir tarafning kredit shartnomasi shartlari asosida turga xos alomatlari bilan belgilangan ashyolarni ikkinchi tarafga berish majburiyatini nazarda tutuvchi shartnomani tuzishlari mumkin. Ashyolarni kreditga berish toʻgʻrisidagi shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, shartnomaning berilayotgan ashyolarning miqdori, assortimenti, toʻliqligi, sifati, idishi va (yoki) oʻralishi haqidagi shartlari tovarlarni oldi-sotdi shartnomasi toʻgʻrisidagi qoidalarga muvofiq bajarilishi shart.
- FuqarolikCIVIL · 748-modda
Tijorat krediti
Bajarilishi uchun pul summalarini yoki turga xos alomatlari bilan belgilanadigan boshqa ashyolarni ikkinchi tarafga mulk qilib topshirish talab qilinadigan shartnomalarda, agar qonunchilikda boshqa hol belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, kredit berish, shu jumladan boʻnak, oldindan haq toʻlash, tovarlarga, ishlar yoki xizmatlarga haq toʻlashni kechiktirish va boʻlib-boʻlib toʻlash shaklida kredit berish (tijorat krediti) nazarda tutilishi mumkin. Tegishli majburiyat bayon qilingan shartnoma toʻgʻrisidagi qoidalarda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa va u mazkur majburiyatning mohiyatiga zid kelmasa, tijorat kreditiga nisbatan tegishli suratda ushbu bobning qoidalari qoʻllanadi.