Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 712-modda
Charter (fraxtlash) shartnomasi
Charter (fraxtlash) shartnomasi boʻyicha bir taraf (fraxtchi) ikkinchi tarafga (fraxtlovchiga) haq evaziga bir yoki bir necha transport vositasi sigʻimining hammasini yoki bir qismini yoʻlovchi, bagaj va yuk tashish uchun bir marta yoki bir necha marta qatnashga berish majburiyatini oladi. Charter (fraxtlash) shartnomasini tuzish tartibi, uning shakli va turlari transport ustavlari va kodekslarida belgilab qoʻyiladi.
- FuqarolikCIVIL · 713-modda
Bir yoʻnalishda har xil transportda tashish
Har xil transportda yagona transport hujjati asosida yoʻlovchi, bagaj va yuk tashilganida (bir yoʻnalishda har xil transportda tashish) transport tashkilotlarining oʻzaro munosabatlari, shuningdek bunday tashishni tashkil qilish tartibi bir yoʻnalishda har xil (aralash) transportda tashishga doir qonunchilikka muvofiq tegishli turdagi transport tashkilotlari oʻrtasidagi kelishuv bilan belgilanadi.
- FuqarolikCIVIL · 714-modda
Umumiy foydalanishdagi transportda tashish
Tijorat tashkiloti tomonidan amalga oshiriladigan tashish, agar qonunchilikdan yoki ushbu tashkilotga berilgan ruxsatnomadan (litsenziyadan) uning har qanday fuqaro yoki yuridik shaxs murojaatiga muvofiq yoʻlovchi, bagaj va (yoki) yuk tashishi shartligi anglashilsa, umumiy foydalanishdagi transportda tashish deb eʼtirof etiladi. Umumiy foydalanishdagi transportda tashish shartnomasi ommaviy shartnomadir.
- FuqarolikCIVIL · 715-modda
Kira haqi
Agar qonunchilikda boshqa hol nazarda tutilgan boʻlmasa, yoʻlovchi, bagaj va yuk tashiganlik uchun taraflar kelishuvi bilan belgilangan miqdorda haq olinadi. Umumiy foydalanishdagi transportda yoʻlovchi, bagaj va yuk tashiganlik uchun olinadigan haq transport ustavlari va kodekslarida belgilangan tartibda tasdiqlanadigan tariflar asosida joriy etiladi. Tashuvchi tomonidan yuk egasining talabi bilan bajariladigan va tariflarda nazarda tutilmagan ish va xizmatlar uchun taraflarning kelishuviga muvofiq haq toʻlanadi. Agar qonunchilikda, tashish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa yoki u majburiyat mohiyatidan kelib chiqmasa, tashuvchi tashish uchun topshirilgan yuklarni oʻziga tegishli kira haqini va tashish boʻyicha boshqa toʻlovlarni taʼminlash maqsadida ushlab turish huquqiga ega.
- FuqarolikCIVIL · 716-modda
Transport vositalarini berish, yuk ortish (tushirish)
Tashuvchi yuk joʻnatuvchiga tegishli yukni tashishga yaroqli shay holdagi transport vositalarini joʻnatuvchidan qabul qilingan talabnoma (buyurtma)da, tashish shartnomasida yoki tashishni tashkil etish toʻgʻrisidagi shartnomada belgilangan muddatda yuk ortish uchun berishi shart. Berilgan transport vositalari tegishli yukni tashishga yaroqsiz boʻlsa, yuk joʻnatuvchi bunday transportni rad etishga haqli. Yuk ortish (tushirish) transport tashkiloti yoki joʻnatuvchi (oluvchi) tomonidan tashish shartnomasida nazarda tutilgan tartibda transport ustavlari, kodekslari hamda ularga muvofiq chiqarilgan qoidalarga rioya qilgan holda amalga oshiriladi. Yuk joʻnatuvchi (oluvchi)ning kuch va vositalari bilan amalga oshiriladigan yuk ortish (tushirish) ishlari tashish shartnomasida nazarda tutilgan muddatlarda, agar bunday muddatlar transport ustavlari va kodekslarida hamda ularga muvofiq chiqarilgan qoidalarda belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, bajarilishi kerak.
- FuqarolikCIVIL · 717-modda
Yoʻlovchi, bagaj va yukni eltib qoʻyish muddati
Tashuvchi yoʻlovchi, bagaj yoki yukni belgilangan manzilga transport ustavlari, kodekslari yoki shartnomada nazarda tutilgan tartibda belgilangan muddatda, bunday muddat boʻlmagan taqdirda esa, oqilona muddatda eltib qoʻyishi shart.
- FuqarolikCIVIL · 718-modda
Tashishdan kelib chiqadigan majburiyatlar boʻyicha javobgarlik
Tashishdan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarmagan yoki tegishli suratda bajarmagan taqdirda, taraflar ushbu Kodeksda, transport ustavlari va kodekslarida, shuningdek taraflarning kelishuvida belgilangan tarzda javobgar boʻladilar. Transport tashkilotlarining yoʻlovchilar va yuk egalari bilan tashuvchining qonunda belgilab qoʻyilgan javobgarligini cheklash yoki bartaraf etish haqidagi kelishuvlari haqiqiy emas.
- FuqarolikCIVIL · 719-modda
Tashuvchining transport vositalarini bermaganlik, joʻnatuvchining esa berilgan transport vositalaridan foydalanmaganlik uchun javobgarligi
Tashuvchi yuk tashish uchun transport vositalarini qabul qilingan talabnoma (buyurtma)ga yoki boshqa tashish shartnomasiga muvofiq bermaganligi uchun, joʻnatuvchi esa yukni taqdim etmaganligi yoki berilgan transport vositalaridan boshqa sabablarga koʻra foydalanmaganligi uchun transport ustavlari va kodekslari, shuningdek taraflarning kelishuvlari bilan belgilangan tarzda javobgar boʻladilar. Agar transport vositalarini bermaslik yoki oʻz vaqtida bermaslik, yoxud transport vositalaridan foydalanmaslik: yengib boʻlmas kuch yoki boshqa stixiyali hodisalar, shuningdek harbiy harakatlar tufayli; muayyan yoʻnalishlarda yuk tashish tegishli transport ustavi yoki kodeksida nazarda tutilgan tartibda toʻxtatib yoki cheklab qoʻyilganligi tufayli yuz bergan boʻlsa, yuk tashuvchi va yuk joʻnatuvchi javobgarlikdan ozod qilinadi.
- FuqarolikCIVIL · 720-modda
Yoʻlovchini joʻnatib yuborish kechiktirilgani uchun tashuvchining javobgarligi
Yoʻlovchi tashish uchun transport vositasini kechiktirib joʻnatganlik yoki bunday transport vositasi manzilga kechikib kelganligi uchun, shahar va shahar atrofi yoʻnalishlarida tashish bundan mustasno, tashuvchi, agar kechikish yengib boʻlmas kuch yoxud tashuvchiga bogʻliq boʻlmagan boshqa holatlar tufayli yuz berganini isbot qilib bermasa, yoʻlovchiga jarima tariqasida neustoyka toʻlaydi. Jarima miqdori va uni toʻlash tartibi transport ustavlari va kodekslari bilan belgilanadi. Yoʻlovchiga jarima toʻlash tashuvchini transport vositasini joʻnatish kechikkanligi yoki manzilga kechikib yetib kelganligi sababli yoʻlovchi koʻrgan zararni unga toʻlash majburiyatidan ozod qilmaydi. Transport vositalarini joʻnatish kechikkanligi sababli yoʻlovchi ularda joʻnashdan bosh tortgan taqdirda, tashuvchi yoʻlovchiga kira haqini va u qilgan boshqa xarajatlarni qaytarishi shart.
- FuqarolikCIVIL · 721-modda
Yuk yoki bagaj yoʻqolganligi, kam chiqqanligi va ularga shikast yetkazilganligi (buzilganligi) uchun tashuvchining javobgarligi
Agar tashuvchi yuk yoki bagajning yoʻqolishi, kam chiqishi yoki shikastlanishida (buzilishida) oʻzining aybi yoʻqligini isbot qilib bera olmasa, tashish uchun qabul qilib olgan yuk va bagaj yoʻqolganligi, kam chiqqanligi yoki ularga shikast yetkazilganligi (buzilganligi) uchun javobgar boʻladi. Yuk yoki bagajni tashish vaqtida yetkazilgan zarar tashuvchi tomonidan quyidagi miqdorda toʻlanadi: yuk yoki bagaj yoʻqolgan yoxud kam chiqqan taqdirda — yoʻqolgan yoki kam chiqqan yuk yoxud bagajning qiymati miqdorida; yuk yoki bagajga shikast yetkazilgan (buzilgan) taqdirda — uning qiymati qancha pasaygan boʻlsa, shuncha summa miqdorida, shikastlangan (buzilgan) yuk yoki bagajni tiklash mumkin boʻlmaganida esa, uning qiymati miqdorida; bahosini eʼlon qilgan holda tashishga topshirilgan yuk yoki bagaj yoʻqolgan taqdirda — yuk yoki bagajning eʼlon qilingan qiymati miqdorida. Transport tashkiloti real zararni toʻlash bilan birga yoʻqolgan, kam chiqqan yoki shikastlangan (buzilgan) yukni tashish uchun olgan kira haqini, agar u yukning bahosiga kirmasa, joʻnatuvchi (oluvchi)ga qaytarib beradi. Joʻnatuvchi tashuvchidan yuklar yoʻqolishi, kam chiqishi yoki shikastlanishi (buzilishi) tufayli yetkazilgan boshqa zararni ham toʻlashni talab qilishga haqli. Yuk yoʻqolganligi, kam chiqqanligi, shikastlanganligi (buzilganligi) uchun bir yoʻnalishda har xil transportda tashuvchilar yuk joʻnatuvchi (yuk oluvchi) oldida solidar javobgar boʻladilar. Agar oxirgi tashuvchi yukning kechikib kelishida tashuvchilarning aybi yoʻqligini isbot qilib bera olmasa, yukning kechikib kelganligi uchun javobgar boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 722-modda
Tashishni tashkil etish shartnomalari
Tashuvchi bilan yuk egasi muntazam tashishni amalga oshirish zarur boʻlganida tashishni tashkil etish haqida uzoq muddatli shartnomalar tuzishlari mumkin. Yuk tashishni tashkil etish shartnomasi boʻyicha tashuvchi shartlashilgan hajmdagi yuklarni belgilangan muddatlarda qabul qilib olish, yuk egasi esa — topshirish majburiyatini oladilar. Yuk tashishni tashkil etish shartnomasida tashish uchun beriladigan transport vositalarining va topshiriladigan yuklarning hajmi, ularni topshirish muddatlari va boshqa shartlari, hisob-kitob qilish tartibi, shuningdek tashishni tashkil etishning boshqa shartlari belgilab qoʻyiladi.
- FuqarolikCIVIL · 723-modda
Transport tashkilotlari oʻrtasidagi shartnomalar
Har xil transport tashkilotlari oʻrtasida yuk tashishni taʼminlashga qaratilgan ishlarni tashkil etish haqida shartnomalar (asosiy kelishuvlar, yuklarni markazlashtirilgan tartibda tashib keltirish (tashib ketish) shartnomalari va boshqalar) tuzilishi mumkin. Bunday shartnomalarni tuzish tartibi transport ustavlari va kodekslari, boshqa qonunchilik bilan belgilanadi.
- FuqarolikCIVIL · 724-modda
Yuk tashishga nisbatan talab va daʼvolar
Tashuvchiga nisbatan yuk tashishdan kelib chiqadigan daʼvoni qoʻzgʻatishdan oldin unga tegishli transport ustavi yoki kodeksida nazarda tutilgan tartibda talab qoʻyilgan boʻlishi shart. Agar yuk tashuvchi talabni qondirishni toʻliq yoki qisman rad etsa yoki oʻttiz kunlik muddat ichida talabga javob qaytarmasa, yuk joʻnatuvchi yoki yuk oluvchi tashuvchiga nisbatan daʼvo qoʻzgʻatishi mumkin. Yuk tashishdan kelib chiqadigan talablar boʻyicha daʼvo qoʻzgʻatish muddati ushbu Kodeksning 154-moddasiga muvofiq belgilanadigan paytdan boshlab bir yil qilib belgilanadi. Ushbu moddaning qoidalari yoʻlovchi yoki bagaj tashishdan kelib chiqadigan talablarga taalluqli emas.
- FuqarolikCIVIL · 725-modda
Yoʻlovchining hayoti yoki sogʻligʻiga shikast yetkazilganligi uchun tashuvchining javobgarligi
Yoʻlovchining hayoti yoki sogʻligʻiga shikast yetkazilganligi uchun tashuvchining javobgarligi, agar qonunda yoki shartnomada kuchaytirilgan javobgarlik nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu Kodeksning 57-bobi qoidalari boʻyicha belgilanadi.
- FuqarolikCIVIL · 726-modda
Transport ekspeditsiyasi shartnomasi
Transport ekspeditsiyasi shartnomasi boʻyicha ekspeditor haq evaziga va mijoz (yuk joʻnatuvchi yoki yuk oluvchi) hisobidan ekspeditsiya shartnomasida belgilangan yuk tashish bilan bogʻliq xizmatlarni bajarish yoki bajarishni tashkil etish majburiyatini oladi. Transport ekspeditsiyasi shartnomasida ekspeditorning ekspeditor yoki mijoz tanlagan transportda va yoʻnalishda yuk tashishni tashkil etish majburiyati, mijoz yoki oʻzining nomidan yuk tashish shartnomasi (shartnomalari)ni tuzish, yukning joʻnatilishini va olinishini taʼminlash majburiyati, shuningdek tashish bilan bogʻliq boshqa majburiyatlari nazarda tutilishi mumkin. Qoʻshimcha xizmatlar sifatida transport ekspeditsiyasi shartnomasida eksport yoki import uchun talab qilinadigan hujjatlarni olish, bojxona rasmiyatchiliklari yoki oʻzga rasmiyatchiliklarni bajarish, yukning miqdorini va holatini tekshirish, uni ortish va tushirish, mijoz zimmasiga yuklatiladigan bojlar, yigʻimlar va boshqa xarajatlarni toʻlash, yukni saqlash, uni belgilangan manzilda olish kabi yukni yetkazib berish uchun zarur boʻlgan harakatlarni amalga oshirish, shuningdek shartnomada belgilangan boshqa operatsiyalar va xizmatlarni bajarish nazarda tutilgan boʻlishi mumkin. Ushbu bobning qoidalari transport ekspeditsiyasi shartnomasiga muvofiq ekspeditorning majburiyatlarini tashuvchi bajargan hollarga ham taalluqlidir. Transport ekspeditsiyasi shartnomasini bajarish shartlari, agar transport-ekspeditsiya faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, taraflarning kelishuvi bilan aniqlanadi.
- FuqarolikCIVIL · 727-modda
Shartnomaning shakli
Transport ekspeditsiyasi shartnomasi yozma shaklda tuziladi. Agar ekspeditorning oʻz majburiyatlarini bajarishi uchun ishonchnoma zarur boʻlsa, mijoz uni berishi shart.
- FuqarolikCIVIL · 728-modda
Transport ekspeditsiyasi shartnomasi boʻyicha ekspeditorning javobgarligi
Transport ekspeditsiyasi shartnomasi boʻyicha majburiyatlarni bajarmaganligi yoki tegishli darajada bajarmaganligi uchun ekspeditor ushbu Kodeks 24-bobining qoidalariga muvofiq belgilanadigan asoslarda va miqdorda javobgar boʻladi. Agar ekspeditor majburiyatning buzilishi tashish shartnomalari tegishli ravishda bajarilmaganligi tufayli kelib chiqqanini isbotlasa, ekspeditorning mijoz oldidagi javobgarligi tegishli tashuvchi ekspeditor oldida javobgar boʻladigan qoidalarga muvofiq belgilanadi.
- FuqarolikCIVIL · 729-modda
Ekspeditorga beriladigan hujjatlar va boshqa axborot
Mijoz ekspeditorga hujjatlar hamda yukning xossalari, uni tashish shartlari toʻgʻrisidagi boshqa axborotni, shuningdek ekspeditor transport ekspeditsiyasi shartnomasida nazarda tutilgan vazifalarni bajarishi uchun zarur boʻlgan boshqa axborotni berishi shart. Ekspeditor olingan axborotdagi aniqlangan kamchiliklar haqida mijozga xabar qilishi, axborot toʻliq boʻlmaganida esa, mijozdan zarur qoʻshimcha maʼlumotlarni talab qilib olishi shart. Mijoz zarur axborotni taqdim etmagan taqdirda, ekspeditor bunday axborot taqdim etilgunga qadar tegishli majburiyatlarni ijro etishga kirishmaslikka haqli. Mijoz ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan axborotni taqdim etish majburiyatini buzganligi munosabati bilan ekspeditorga yetkazilgan zarar uchun javobgar boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 73-modda
Matlubot kooperativi
Ishtirokchilarning moddiy (mulkiy) ehtiyojlarini qondirish maqsadida fuqarolarning aʼzolikka asoslangan ixtiyoriy birlashmasi matlubot kooperativi hisoblanib, bu birlashuv uning aʼzolari tomonidan oʻz mulkiy (pay) badallarini qoʻshish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Matlubot kooperativining ustavida ushbu Kodeks 43-moddasining toʻrtinchi va beshinchi qismlarida koʻrsatilgan maʼlumotlardan tashqari quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak: kooperativ aʼzolari qoʻshadigan pay badallarining miqdori toʻgʻrisidagi; kooperativ aʼzolari pay badallarining tarkibi va ularni qoʻshish tartibi hamda ularning badalni qoʻshish majburiyatini buzganlik uchun javobgarligi toʻgʻrisidagi; kooperativni boshqarish organlarining tarkibi hamda vakolatlari va ular tomonidan qarorlar qabul qilish tartibi, shu jumladan qarorlar bir ovozdan yoki ovozlarning malakali koʻpchiligi bilan qabul qilinadigan masalalar toʻgʻrisidagi; kooperativ koʻrgan zararlarni kooperativ aʼzolari tomonidan toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi. Matlubot kooperativining nomida uning faoliyatining asosiy maqsadi koʻrsatilishi, shuningdek “kooperativi” soʻzi yoki “matlubot uyushmasi” yoxud “matlubot jamiyati” degan soʻzlar boʻlishi kerak. Matlubot kooperativining aʼzolari koʻrilgan zararni yillik balans tasdiqlanganidan keyin uch oy mobaynida qoʻshimcha badallar toʻlash yoʻli bilan qoplashlari shart. Ushbu burch bajarilmagan taqdirda kooperativ kreditorlarning talablariga muvofiq sud tomonidan tugatilishi mumkin. Matlubot kooperativining aʼzolari uning majburiyatlari boʻyicha har bir kooperativ aʼzosi toʻlaydigan qoʻshimcha badalning toʻlanmagan qismi doirasida subsidiar javobgar boʻladilar. Bu holda kooperativ aʼzolari solidar javob beradilar. Matlubot kooperativining tijorat faoliyatiga nisbatan ushbu Kodeksning tijoratchi tashkilotlar toʻgʻrisidagi qoidalari qoʻllaniladi. Matlubot kooperativlarining huquqiy mavqeyi, shuningdek ular aʼzolarining huquq va burchlari ushbu Kodeksga va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
- FuqarolikCIVIL · 730-modda
Uchinchi shaxsning ekspeditor majburiyatini bajarishi
Agar transport ekspeditsiyasi shartnomasidan ekspeditorning oʻz majburiyatlarini shaxsan bajarishi shartligi kelib chiqmasa, ekspeditor oʻz majburiyatlarini bajarishga boshqa shaxslarni jalb qilishga haqli. Majburiyatni bajarishni uchinchi shaxs zimmasiga yuklash ekspeditorni transport ekspeditsiyasi shartnomasining bajarilishi uchun mijoz oldidagi javobgarlikdan ozod qilmaydi.