Transport ekspeditsiyasi shartnomasi
Transport ekspeditsiyasi shartnomasi boʻyicha ekspeditor haq evaziga va mijoz (yuk joʻnatuvchi yoki yuk oluvchi) hisobidan ekspeditsiya shartnomasida belgilangan yuk tashish bilan bogʻliq xizmatlarni bajarish yoki bajarishni tashkil etish majburiyatini oladi.
Transport ekspeditsiyasi shartnomasida ekspeditorning ekspeditor yoki mijoz tanlagan transportda va yoʻnalishda yuk tashishni tashkil etish majburiyati, mijoz yoki oʻzining nomidan yuk tashish shartnomasi (shartnomalari)ni tuzish, yukning joʻnatilishini va olinishini taʼminlash majburiyati, shuningdek tashish bilan bogʻliq boshqa majburiyatlari nazarda tutilishi mumkin.
Qoʻshimcha xizmatlar sifatida transport ekspeditsiyasi shartnomasida eksport yoki import uchun talab qilinadigan hujjatlarni olish, bojxona rasmiyatchiliklari yoki oʻzga rasmiyatchiliklarni bajarish, yukning miqdorini va holatini tekshirish, uni ortish va tushirish, mijoz zimmasiga yuklatiladigan bojlar, yigʻimlar va boshqa xarajatlarni toʻlash, yukni saqlash, uni belgilangan manzilda olish kabi yukni yetkazib berish uchun zarur boʻlgan harakatlarni amalga oshirish, shuningdek shartnomada belgilangan boshqa operatsiyalar va xizmatlarni bajarish nazarda tutilgan boʻlishi mumkin.
Ushbu bobning qoidalari transport ekspeditsiyasi shartnomasiga muvofiq ekspeditorning majburiyatlarini tashuvchi bajargan hollarga ham taalluqlidir.
Transport ekspeditsiyasi shartnomasini bajarish shartlari, agar transport-ekspeditsiya faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, taraflarning kelishuvi bilan aniqlanadi.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish