Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 693-modda
Ilmiy-tekshirish, tajriba-konstruktorlik va texnologiya ishlari pudrat shartnomalari
Ilmiy-tekshirish ishlari pudrat shartnomasi boʻyicha pudratchi (ijrochi) buyurtmachi bergan vazifada koʻrsatilgan ilmiy tekshirishlarni amalga oshirish, tajriba-konstruktorlik va texnologiya ishlari pudrat shartnomasi boʻyicha esa — yangi buyum namunasini, unga tegishli konstruktorlik hujjatlarini, yangi texnologiyani ishlab chiqish yoki namuna nusxasini tayyorlash majburiyatini oladi. Bunda buyurtmachi pudratchiga (ijrochiga) texnikaviy topshiriq berish, ishni qabul qilib olish va uning haqini toʻlash majburiyatini oladi. Pudratchi bilan tuzilgan shartnoma tadqiqot olib borish, namunalar ishlab chiqish va tayyorlashning butun jarayonini ham, ularning ayrim bosqichlarini (elementlarini) ham qamrab olishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 694-modda
Ishlarni bajarish
Pudratchi ilmiy tekshirishlarni shaxsan oʻzi olib borishi shart. Agar ilmiy-tekshirish ishlari pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, u buyurtmachining roziligi bilan shartnomani bajarishga uchinchi shaxslarni jalb qilishga haqli. Pudratchi tajriba-konstruktorlik va texnologiya ishlarini bajargan vaqtida, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, uni bajarishga uchinchi shaxslarni yordamchi pudratchi sifatida jalb qilishga haqli. Ijrochi bilan uchinchi shaxslar oʻrtasidagi munosabatlarga ushbu Kodeksning 634-moddasida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllanadi.
- FuqarolikCIVIL · 695-modda
Shartnoma toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning maxfiyligi
Agar ilmiy-tekshirish ishlari yoxud tajriba-konstruktorlik va texnologiya ishlari pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, taraflar shartnoma narsasiga, uni bajarish jarayoni va olingan natijalarga doir maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlashlari shart. Maxfiy deb hisoblanadigan maʼlumotlar hajmi shartnomada belgilab qoʻyiladi. Pudratchi buyurtmachining yozma roziligi bilan mazkur shartnomalar boʻyicha bajarilgan ishlarning natijalarini patentlashga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 696-modda
Ish natijalariga taraflarning huquqlari
Ilmiy-tekshirish, tajriba-konstruktorlik va texnologiya ishlari pudrat shartnomalaridagi taraflar ish natijalaridan, shu jumladan huquqiy muhofazaga loyiq natijalardan shartnomada nazarda tutilgan doirada va shartlarda foydalanish huquqiga ega. Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, buyurtmachi oʻziga pudratchi tomonidan berilgan ish natijalaridan, shu jumladan huquqiy muhofazaga loyiq natijalardan foydalanish huquqiga ega, pudratchi esa, oʻzi olgan natijalardan oʻz ehtiyojlari uchun foydalanishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 697-modda
Buyurtmachining majburiyatlari
Ilmiy-tekshirish, tajriba-konstruktorlik va texnologiya ishlari pudrat shartnomasi boʻyicha buyurtmachi: pudratchiga texnikaviy topshiriq berishi va u bilan ishlar dasturini (texnika-iqtisodiy parametrlarni) yoki mavzusini kelishib olishi; pudratchiga ishlarni bajarish uchun zarur axborotni topshirishi; bajarilgan ishlarni qabul qilib olishi va ularning haqini toʻlashi shart.
- FuqarolikCIVIL · 698-modda
Pudratchining majburiyatlari
Ilmiy-tekshirish ishlari yoki tajriba-konstruktorlik va texnologiya ishlari pudrat shartnomasi boʻyicha pudratchi: buyurtmachi bilan kelishilgan dastur (texnika-iqtisodiy parametrlar)ga yoki mavzuga muvofiq ishlarni bajarishi va natijasini shartnomada nazarda tutilgan muddatda buyurtmachiga topshirishi; intellektual mulkni huquqiy muhofaza qilish bilan bogʻliq talablarga rioya etishi; bajarilgan ishlarda oʻzining aybi bilan yoʻl qoʻyilgan, buyurtmachining texnikaviy topshirigʻida yoki shartnomada nazarda tutilgan texnika-iqtisodiy parametrlardan chekinishga olib kelishi mumkin boʻlgan kamchiliklarni oʻz kuchi bilan va oʻz hisobidan bartaraf etishi; kutilayotgan natijalarni olish mumkin emasligi yoki ishlarni davom ettirish maqsadga muvofiq emasligi aniqlangan taqdirda, bu haqda buyurtmachini darhol xabardor qilishi; bunday shartnomalar asosida topshirilgan natijalarga uchinchi shaxslarda alohida huquqlar yoʻqligi haqida buyurtmachiga kafolat berishi shart. Agar ilmiy-tekshirish yoxud tajriba-konstruktorlik va texnologiya ishlari shartnomalarida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, pudratchi: ishlarni bajarish jarayonida qoʻlga kiritilgan ilmiy-texnikaviy natijalarni buyurtmachining roziligisiz eʼlon qilmasligi; ishlarni bajarish jarayonida qoʻlga kiritilgan huquqiy muhofazaga loyiq natijalarni himoya qilish choralarini koʻrishi va bu haqda buyurtmachini xabardor qilishi; buyurtmachiga bajarilgan ishlarda qoʻllanilgan huquqiy muhofazaga loyiq ilmiy-texnikaviy natijalardan foydalanish haqidagi maxsus litsenziyani berishi shart.
- FuqarolikCIVIL · 699-modda
Ilmiy-tekshirish ishlari shartnomasidagi natijalarga erishib boʻlmaslik oqibatlari
Agar ilmiy-tekshirish ishlari jarayonida pudratchiga bogʻliq boʻlmagan holatlar oqibatida natijaga erishish mumkin emasligi maʼlum boʻlsa, buyurtmachi shartnomada nazarda tutilgan natijalarga erishib boʻlmasligi aniqlaguncha amalga oshirilgan ishlar qiymatini toʻlashi shart, ammo bu qiymat shartnomada koʻrsatilgan ishlar bahosining tegishli qismidan ortiq boʻlmasligi lozim.
- FuqarolikCIVIL · 7-modda
Fuqarolik qonunchiligi va xalqaro shartnomalar hamda bitimlar
Agar xalqaro shartnomada yoki bitimda fuqarolik qonunchiligidagiga qaraganda boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma yoki bitim qoidalari qoʻllaniladi.
- FuqarolikCIVIL · 700-modda
Tajriba-konstruktorlik va texnologiya ishlari shartnomasidagi natijalarga erishib boʻlmaslik oqibatlari
Agar tajriba-konstruktorlik va texnologiya ishlarini bajarish jarayonida pudratchi aybdor boʻlmagani holda ishni davom ettirish mumkin emasligi yoki maqsadga muvofiq emasligi maʼlum boʻlsa, buyurtmachi pudratchining xarajatlarini toʻlashi shart.
- FuqarolikCIVIL · 701-modda
Shartnomani buzganlik uchun pudratchining javobgarligi
Pudratchi ilmiy-tekshirish ishlari yoxud tajriba-konstruktorlik va texnologiya ishlari shartnomasini umuman va tegishli darajada bajarmaganligi uchun, agar shartnomaning buzilishida oʻzining aybi yoʻqligini isbot qilmasa, buyurtmachi oldida javobgar boʻladi. Agar shartnomada oʻzgacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, buyurtmachining ishlar qiymati doirasida koʻrgan real zararini pudratchi qoplashi shart.
- FuqarolikCIVIL · 702-modda
Ilmiy-tekshirish, tajriba-konstruktorlik va texnologiya ishlari pudrat shartnomalarini huquqiy tartibga solish
Ilmiy-tekshirish ishlari yoxud tajriba-konstruktorlik va texnologiya ishlari shartnomalari asosidagi munosabatlar ushbu Kodeks bilan bir qatorda, ilmiy-tekshirish, tajriba-konstruktorlik va texnologiya ishlari shartnomalari toʻgʻrisidagi qonunchilik bilan ham tartibga solinadi.
- FuqarolikCIVIL · 703-modda
Haq evaziga xizmat koʻrsatish shartnomasi
Haq evaziga xizmat koʻrsatish shartnomasi boʻyicha ijrochi buyurtmachining topshirigʻi bilan ashyoviy shaklda boʻlmagan xizmatni bajarish (muayyan harakatlarni qilish yoki muayyan faoliyatni amalga oshirish), buyurtmachi esa bu xizmat uchun haq toʻlash majburiyatini oladi. Ushbu bobning qoidalari aloqa xizmati, tibbiyot, veterinariya, auditorlik, maslahat, axborot xizmatlari, taʼlim berish, sayyohlik xizmati va boshqa xizmatlar koʻrsatish shartnomalariga tatbiq etiladi. Ushbu Kodeksning 37, 39, 40, 43, 44, 45, 46, 48, 49 va 51-boblarida nazarda tutilgan shartnomalar boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlar bundan mustasno.
- FuqarolikCIVIL · 704-modda
Haq evaziga xizmat koʻrsatish shartnomasini bajarish
Shartnomada boshqa koʻrsatmalar boʻlmasa, ijrochi shartnomada nazarda tutilgan xizmat (xizmatlar)ni shaxsan oʻzi koʻrsatishi shart.
- FuqarolikCIVIL · 705-modda
Xizmatlarga haq toʻlash
Buyurtmachi oʻziga koʻrsatilgan xizmatlar haqini haq evaziga xizmat koʻrsatish shartnomasida koʻrsatilgan muddatlarda va tartibda toʻlashi shart. Ijrochi oʻzi aybdor boʻlmagani holda xizmatni bajara olmagan taqdirda buyurtmachi ijrochiga uning xarajatlarini toʻlashi shart, bunda ijrochining xizmat (xizmatlar) koʻrsatishdan ozod qilinishi munosabati bilan olgan yoki olishi mumkin boʻlgan foydasi chegirib qolinadi. Buyurtmachining aybi bilan xizmatni bajarish mumkin boʻlmay qolgan taqdirda, agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, xizmatlar bahosi butunlay toʻlanishi kerak.
- FuqarolikCIVIL · 706-modda
Haq evaziga xizmat koʻrsatish shartnomasini buzganlik uchun ijrochining javobgarligi
Ijrochi haq evaziga xizmat koʻrsatish shartnomasini umuman yoki tegishli darajada bajarmagan hollarda u keltirilgan zararni buyurtmachiga batamom toʻlashi shart, lekin bu toʻlov shartnomada nazarda tutilgan xizmatlar bahosining ikki baravaridan ortiq boʻlishi mumkin emas. Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish vaqtida ijrochi majburiyatini umuman yoki tegishli darajada bajarmagan hollarda haq evaziga xizmat koʻrsatish shartnomasida ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgandan kuchaytirilgan javobgarlik nazarda tutilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 707-modda
Haq evaziga xizmat koʻrsatish shartnomasini bekor qilish
Buyurtmachi xizmatlarning belgilangan bahosini batamom toʻlash sharti bilan haq evaziga xizmat koʻrsatish shartnomasini bekor qilishni talab qilishga haqli, shartnoma ijrochining aybli harakatlari tufayli bekor qilingan hollar bundan mustasno. Ijrochi shartnoma bekor qilinishi tufayli buyurtmachiga yetkazilgan zararning hammasini toʻlash sharti bilangina haq evaziga xizmat koʻrsatish shartnomasini bekor qilishni talab qilishga haqli, shartnoma buyurtmachining aybi bilan bekor qilingan hollar bundan mustasno.
- FuqarolikCIVIL · 708-modda
Haq evaziga xizmat koʻrsatish shartnomasini huquqiy jihatdan tartibga solish
Pudrat toʻgʻrisidagi umumiy qoidalar va maishiy pudrat toʻgʻrisidagi qoidalar ushbu bobning qoidalariga zid boʻlmasa, haq evaziga xizmat koʻrsatish shartnomasiga nisbatan qoʻllanadi.
- FuqarolikCIVIL · 709-modda
Yoʻlovchi, bagaj va yuk tashishning umumiy qoidalari
Yoʻlovchi, bagaj va yuk tashish (quyida tashish deb yuritiladi) tashish shartnomasi asosida amalga oshiriladi. Tashishning umumiy shartlari ushbu Kodeks, transport ustavlari va kodekslari, boshqa qonunlar va ularga muvofiq chiqarilgan qoidalar bilan belgilanadi. Transportning ayrim turlarida yoʻlovchi, bagaj va yuk tashish shartlari, shuningdek taraflarning ularni tashish boʻyicha javobgarligi, agar ushbu Kodeksda, transport ustavlari va kodekslarida, boshqa qonunlarda va ularga muvofiq chiqarilgan qoidalarda boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, taraflarning kelishuvi bilan belgilanadi.
- FuqarolikCIVIL · 710-modda
Yoʻlovchi tashish shartnomasi
Yoʻlovchi tashish shartnomasi boʻyicha tashuvchi yoʻlovchini, yoʻlovchi bagaj topshirgan boʻlsa — bagajni ham belgilangan manzilga eltib berish hamda bagajni olishga vakolat berilgan shaxsga topshirish majburiyatini oladi. Bunda yoʻlovchi belgilangan yoʻl haqini, bagaj topshirgan boʻlsa, bagaj tashish haqini ham toʻlash majburiyatini oladi. Yoʻlovchi va bagaj tashish shartnomasi tuzilganligi tegishli chipta va bagaj pattasi bilan tasdiqlanadi. Yoʻlovchi tegishli transport ustavi yoki kodeksida nazarda tutilgan tartibda: oʻzi bilan bolalarni bepul yoki boshqa imtiyozli shartlarda olib yurish; belgilangan miqdor doirasida oʻzi bilan bepul bagaj olib yurish; belgilangan miqdor doirasida bepul, miqdordan ortiqchasi uchun esa — tarif boʻyicha haq toʻlab, tashish uchun bagaj topshirish huquqiga ega.
- FuqarolikCIVIL · 711-modda
Yuk tashish shartnomasi
Yuk tashish shartnomasi boʻyicha yuk tashuvchi yuk joʻnatuvchi tomonidan oʻziga ishonib topshirilgan yukni belgilangan manzilga yetkazib berish va uni olishga vakolat berilgan shaxsga (oluvchiga) topshirish, yuk joʻnatuvchi esa yukni tashib berganlik uchun belgilangan haqni toʻlash majburiyatini oladi. Yuk tashish shartnomasi tuzilganligi tegishli transport ustavi yoki kodeksida nazarda tutilgan hujjat (transport yukxati, konosament yoki yukka doir boshqa hujjat)ni tuzish va uni yuk joʻnatuvchiga topshirish yoʻli bilan tasdiqlanadi.