Asosiy kontentga oʻtish
Yurideks
KirishRoʻyxatdan oʻtish
← Qonun toʻplamiga qaytish
FuqarolikCIVIL · 834-modda

Vositachilik topshirigʻini bajarish

Vositachi uchinchi shaxs bilan oʻzi tuzgan bitimdan kelib chiqadigan hamma majburiyatlarni bajarishi va hamma huquqlarni amalga oshirishi shart.

Vositachi oʻz zimmasiga olgan topshiriqni komitentning koʻrsatmalariga muvofiq, vositachilik shartnomasida bunday koʻrsatmalar boʻlmaganda esa — ish muomalasi odatlariga yoki odatda qoʻyiladigan boshqa talablarga muvofiq komitent uchun eng foydali shartlar asosida bajarishi lozim. Agar vositachi bitimni komitent koʻrsatganidan ham foydaliroq shartlar asosida tuzgan boʻlsa, qoʻshimcha foyda, basharti shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, taraflar oʻrtasida baravar taqsimlanadi.

Vositachi bitimning ijrosi uchun komitentga kafolat bergan (delkredere) hollarda u vositachilik shartnomasida kelishilgan miqdorda qoʻshimcha haq olish huquqiga ega boʻladi.

Komitent hisobidan uchinchi shaxs bilan tuzilgan bitim uchinchi shaxs tomonidan bajarilmaganligi uchun vositachi komitent oldida javobgar boʻlmaydi, vositachi ushbu shaxsni tanlashda zarur ehtiyotkorlik qilmagan yoki bitimning bajarilishiga kafolat bergan (delkredere) hollar bundan mustasno.

Vositachi uchinchi shaxs bilan tuzgan bitimni uchinchi shaxs bajarmagan taqdirda, vositachi bu haqda darhol komitentga xabar berishi, zarur dalil-isbotlarni toʻplashi va taʼminlashi, shuningdek komitentning talabiga koʻra bunday bitim yuzasidan huquqlarni talablarni boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi qoidalarga rioya qilgan holda (ushbu Kodeksning 313-317, 319, 320-moddalari) unga topshirishi shart.

Ushbu moddaning beshinchi qismi asosida bitim boʻyicha huquqlarni komitentga topshirishga, vositachining uchinchi shaxs bilan huquqlarni bunday berishni taqiqlaydigan yoki cheklaydigan kelishuvidan qatʼi nazar, yoʻl qoʻyiladi. Bu hol vositachi huquqni topshirishni taqiqlash yoki cheklash haqidagi kelishuvni buzib huquqni topshirganligi munosabati bilan uni uchinchi shaxs oldidagi javobgarlikdan ozod qilmaydi.

Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?

Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.

Savol berish
Yurideks

Har bir insonning himoyalanish huquqi bor.