Komitentning koʻrsatmalaridan chetga chiqish
Vositachi komitentning koʻrsatmalaridan ushbu Kodeksning 819-moddasida nazarda tutilgan hollarda chetga chiqishga haqli.
Mol-mulkni komitent bilan kelishilgan narxdan arzon sotgan vositachi mol-mulkni kelishilgan narxda sotish imkoniga ega boʻlmaganligini va arzon narxda sotish natijasida yana ham koʻproq zararning oldi olinganligini isbot qilib bermasa, oradagi farqni komitentga toʻlashi shart. Vositachi komitentdan ruxsat soʻrashi shart boʻlgan hollarda u komitentning koʻrsatmalaridan chetga chiqishga komitentning roziligini oldindan olish imkoniyatiga ega boʻlmaganligini ham isbot qilishi shart.
Agar vositachi mol-mulkni komitent bilan kelishilgandan yuqoriroq narxda sotib olgan boʻlsa, bunday xaridni qabul qilishni istamagan komitent vositachidan uchinchi shaxs bilan bitim tuzilganligi haqida bildirish olganidan keyin oqilona muddatda bu haqda vositachiga maʼlum qilishi shart. Aks holda xarid komitent tomonidan qabul qilingan deb hisoblanadi.
Agar vositachi narxdagi farqni oʻzi toʻlashini maʼlum qilsa, komitent oʻzi uchun tuzilgan bitimdan bosh tortishga haqli emas.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish