Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasining bekor boʻlishi
Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi quyidagi hollarda bekor boʻladi:
taraflardan birining shartnoma muddati tugashi munosabati bilan shartnomani bekor qilish toʻgʻrisidagi arizasiga muvofiq;
agar shartnomada boshqa hol nazarda tutilgan boʻlmasa, foyda oluvchi fuqaroning vafot etishi, foyda oluvchi yuridik shaxsning tugatilishi munosabati bilan;
ishonchli boshqaruvchi fuqaro vafot etganida, u muomalaga layoqatsiz, muomala layoqati cheklangan yoki bedarak yoʻqolgan deb hisoblanganida, shuningdek yakka tadbirkor toʻlovga qobiliyatsiz deb topilganida;
ishonchli boshqaruvchi yuridik shaxs tugatilganida, u toʻlovga qobiliyatsiz deb topilganida;
foyda oluvchi, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, shartnoma boʻyicha foydani olishdan bosh tortganida;
ishonchli boshqaruvchi yoki boshqaruv muassisi ishonchli boshqaruvchi uchun mol-mulkni ishonchli boshqarishni shaxsan amalga oshirishi mumkin emasligi munosabati bilan boshqaruvni amalga oshirishdan bosh tortganida;
boshqaruv muassisi ishonchli boshqaruvchiga shartnomada kelishilgan haqni toʻlagan holda ushbu moddaning toʻrtinchi bandida koʻrsatilganidan boshqa sabablarga koʻra shartnomani bajarishdan bosh tortganida;
ishonchli boshqaruvchi oʻzining majburiyatlarini tegishli darajada bajarmagan taqdirda shartnoma sudning qaroriga muvofiq bekor qilinganida;
qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan boshqa asoslarga koʻra.
Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi bekor qilinganida ishonchli boshqarishda boʻlgan mol-mulk, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, boshqaruv muassisiga topshiriladi.
Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi taraflardan birining tashabbusi bilan bekor qilinganida ikkinchi taraf, agar shartnomada boshqacha muddat belgilangan boʻlmasa, kamida uch oy oldin bundan xabardor qilib qoʻyilishi kerak.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish