Boyliklarni bankda saqlash
Bank qimmatli qogʻozlarni, qimmatbaho metallar va toshlarni, boshqa boyliklarni, shuningdek hujjatlarni saqlash uchun qabul qilishi mumkin.
Bankda boyliklarni saqlash shartnomasi bank tomonidan boylik topshiruvchiga nomi yozilgan saqlov hujjatini berish yoʻli bilan rasmiylashtiriladi. Bu hujjatni taqdim etish bank tomonidan saqlanayotgan boyliklarni boylik topshiruvchiga berish uchun asos boʻladi.
Qimmatli qogʻozlarni saqlash (depozit) shartnomasida nazarda tutilgan hollarda bank ularning toʻliq saqlanishini taʼminlashdan tashqari, ushbu qogʻozlarga nisbatan yuridik ahamiyatga ega harakatlarni ham (vakillik va hokazo) amalga oshiradi.
Boyliklarni yakka tartibdagi poʻlat sandiqdan (poʻlat sandiq boʻlinmasidan, saqlash uchun moʻljallangan alohida binodan) foydalangan holda saqlash shartnomasi bank tomonidan boyliklarni saqlash uchun qabul qilish harakatlarini amalga oshirish va boylik topshiruvchiga poʻlat sandiq kalitini, boylik topshiruvchini koʻrsatadigan varaqcha, koʻrsatuvchining poʻlat sandiqni ochish va undan boyliklarni olish huquqini tasdiqlaydigan boshqa belgi yoki hujjat berish yoʻli bilan tuzilishi mumkin.
Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, boylik topshiruvchi istagan vaqtda boyliklarni poʻlat sandiqdan olishi, ularni qayta qoʻyishi, saqlanayotgan hujjatlar bilan ishlashi mumkin. Bunda bank boylik topshiruvchining boyliklarni olishini va qaytarib topshirishini hisobga olish huquqiga ega.
Boylik topshiruvchi boyliklarning bir qismini poʻlat sandiqdan olgan taqdirda, bank boyliklarning qolgan qismi but saqlanishi uchun javobgar boʻladi.
Ushbu moddada belgilangan bankning poʻlat sandigʻida boyliklarni saqlash qoidalari bank oʻz poʻlat sandigʻini mulk ijarasi shartlari asosida foydalanish uchun boshqa shaxsga beradigan hollarga taalluqli boʻlmaydi.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish