Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 927-modda
Sugʻurta shartnomasining shakli
Sugʻurta shartnomasi yozma yoki elektron shaklda tuzilishi lozim. Bu talabga rioya etmaslik shartnomaning haqiqiy sanalmasligiga sabab boʻladi. Sugʻurta shartnomasi bitta hujjatni tuzish yoxud sugʻurtalovchi tomonidan sugʻurta qildiruvchiga uning yozma yoki ogʻzaki arizasiga binoan sugʻurtalovchi imzolagan, sugʻurta shartnomasining shartlarini oʻz ichiga olgan sugʻurta polisini topshirish yoʻli bilan tuzilishi mumkin. Bu holda sugʻurta qildiruvchining sugʻurtalovchi taklif etgan shartlarda shartnoma tuzishga rozi ekanligi sugʻurtalovchidan koʻrsatilgan hujjatlarni qabul qilib olish va sugʻurta mukofoti toʻlash yoxud –– sugʻurta mukofoti boʻlib-boʻlib toʻlanganda — birinchi badalni toʻlash orqali tasdiqlanadi. Sugʻurtalovchi shartnoma tuzish chogʻida sugʻurtaning alohida turlari boʻyicha sugʻurta shartnomasi (sugʻurta polisi)ning oʻzi ishlab chiqqan standart shakllarini qoʻllanishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 928-modda
Bosh polis boʻyicha sugʻurtalash
Bir turdagi mol-mulk (tovarlar, yuklar va hokazoning) turli turkumlarini muayyan muddat davomida bir xildagi shartlarda muntazam sugʻurtalash sugʻurta qildiruvchining sugʻurtalovchi bilan kelishuviga binoan bitta sugʻurta shartnomasi –– bosh polis asosida amalga oshirilishi mumkin. Sugʻurta qildiruvchi bosh polisning taʼsir doirasida boʻladigan mol-mulkning har bir turkumi toʻgʻrisida sugʻurtalovchiga bunday polisda shartlashilgan maʼlumotlarni unda nazarda tutilgan muddatda, agar muddat nazarda tutilmagan boʻlsa — ular olinganidan keyin darhol xabar qilishi shart. Agar hatto bunday maʼlumotlarni olish paytigacha sugʻurtalovchi toʻlashi lozim boʻlgan zarar koʻrish ehtimoli oʻtib ketgan boʻlsa ham, sugʻurta qildiruvchi bu majburiyatdan ozod boʻlmaydi. Sugʻurta qildiruvchining talabiga binoan sugʻurtalovchi bosh polisning taʼsir doirasida boʻladigan mol-mulkning alohida turkumlari boʻyicha sugʻurta polislarini berishi shart. Sugʻurta polisining mazmuni bosh polisga nomuvofiq boʻlgan taqdirda, sugʻurta polisi afzal koʻriladi.
- FuqarolikCIVIL · 929-modda
Sugʻurta shartnomasining muhim shartlari
Mulkiy sugʻurta shartnomasi tuzishda sugʻurta qildiruvchi bilan sugʻurtalovchi oʻrtasida quyidagilar toʻgʻrisida kelishuvga erishilishi lozim: sugʻurta obyekti boʻlgan muayyan mol-mulk yoxud boshqa mulkiy manfaat toʻgʻrisida; yuz berishi ehtimol tutilib sugʻurta amalga oshirilayotgan voqea (sugʻurta hodisasi)ning xususiyati toʻgʻrisida; sugʻurta summasi miqdori toʻgʻrisida; sugʻurta tovoni miqdorini aniqlash tartibi toʻgʻrisida, agar shartnomada uni sugʻurta summasidan oz miqdorda toʻlash mumkinligi nazarda tutilgan boʻlsa; sugʻurta mukofotining miqdori va uni toʻlash muddati (muddatlari) toʻgʻrisida; shartnomaning amal qilish muddati toʻgʻrisida. Shaxsiy sugʻurta shartnomasi tuzishda sugʻurta qildiruvchi bilan sugʻurtalovchi oʻrtasida quyidagilar toʻgʻrisida kelishuvga erishilishi lozim: sugʻurtalangan shaxs toʻgʻrisida; sugʻurtalangan shaxs hayotida yuz berishi ehtimol tutilib sugʻurta amalga oshirilayotgan voqea (sugʻurta hodisasi)ning xususiyati toʻgʻrisida; sugʻurta summasi miqdori toʻgʻrisida; sugʻurta mukofotining miqdori va uni toʻlash muddati (muddatlari) toʻgʻrisida; shartnomaning amal qilish muddati toʻgʻrisida. Taraflarning kelishuviga binoan shartnomaga boshqa shartlar ham kiritilishi mumkin. Agar sugʻurta shartnomasi sugʻurta qildiruvchi, sugʻurtalangan shaxs yoki naf oluvchi hisoblangan fuqaroning ahvolini qonunchilikda belgilangan qoidalarga nisbatan yomonlashtiradigan shartlarni oʻz ichiga olsa, shartnomaning ana shu shartlari oʻrniga qonunchilikning tegishli qoidalari qoʻllaniladi.
- FuqarolikCIVIL · 93-modda
Hayvonlar
Qonunchilikda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, mol-mulk toʻgʻrisidagi umumiy qoidalar hayvonlarga nisbatan ham qoʻllaniladi. Huquqlarni amalga oshirish chogʻida hayvonlar bilan shafqatsiz munosabatda boʻlishga yoʻl qoʻyilmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 930-modda
Sugʻurta shartnomasi shartlarini sugʻurta qoidalarida belgilab qoʻyish
Sugʻurta shartnomasini tuzish shartlari sugʻurtalovchi yoxud sugʻurtalovchilar birlashmasi tomonidan qabul qilingan, maʼqullangan yoki tasdiqlangan tegishli turdagi sugʻurtaning standart qoidalari (sugʻurta qoidalari)da belgilab qoʻyilishi mumkin. Sugʻurta qoidalarida mavjud boʻlgan va sugʻurta shartnomasi (polisi) matniga kiritilmagan shartlar, agar shartnomada (polisda) shunday qoidalar qoʻllanilishi toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrsatilgan va qoidalarning oʻzi shartnoma (polis) bilan bitta hujjatda yoki uning orqa tomonida bayon qilingan yoxud unga ilova qilingan boʻlsa, sugʻurta qiluvchi (naf oluvchi) uchun majburiydir. Ilova qilingan taqdirda, shartnomani tuzish paytida sugʻurta qildiruvchiga sugʻurta qoidalari topshirilgani shartnomada yozuv bilan tasdiqlab qoʻyilishi lozim. Sugʻurta shartnomasi tuzilayotganda sugʻurta qildiruvchi va sugʻurtalovchi sugʻurta qoidalarining ayrim bandlarini oʻzgartirish yoki chiqarib tashlash va qoidalarda boʻlmagan bandlarni shartnomaga kiritish toʻgʻrisida kelishishlari mumkin. Sugʻurta qildiruvchi (naf oluvchi) oʻz manfaatlarini himoya qilib, sugʻurta shartnomasida (polisida) koʻrsatib oʻtilgan tegishli turdagi sugʻurta qoidalarini, hatto agar bu qoidalar ushbu moddaga koʻra uning uchun majburiy boʻlmasa ham, vaj qilib keltirishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 931-modda
Sugʻurta shartnomasi tuzilayotganda sugʻurta qildiruvchi taqdim etadigan maʼlumotlar
Sugʻurta shartnomasi tuzilayotganda sugʻurta qildiruvchi oʻziga maʼlum boʻlib, sugʻurta hodisasi yuz berishi ehtimolini va uning yuz berishi tufayli kutilajak zarar miqdori (sugʻurta xavfi)ni aniqlash uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan holatlarni sugʻurtalovchiga xabar qilishi shart. Sugʻurta shartnomasi (polisi)ning standart shaklida, sugʻurta qildiruvchiga berilgan sugʻurta qoidalarida yoki yozma soʻrovda sugʻurtalovchi tomonidan oldindan aniq aytib qoʻyilgan holatlar muhim deb hisoblanadi. Agar sugʻurta shartnomasi sugʻurtalovchining qandaydir savollariga sugʻurta qildiruvchining javoblari boʻlmagan holda tuzilgan boʻlsa, sugʻurtalovchi tegishli holatlar sugʻurta qildiruvchi tomonidan maʼlum qilinmaganligiga asoslanib keyinchalik shartnomani bekor qilishni yoxud uni haqiqiy emas deb topishni talab qila olmaydi. Agar sugʻurta shartnomasi tuzilganidan keyin, ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan holatlar toʻgʻrisida sugʻurta qildiruvchi sugʻurtalovchiga bila turib yolgʻon maʼlumot berganligi aniqlansa, sugʻurtalovchi shartnomani haqiqiy emas deb topishni va ushbu Kodeks 123-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan oqibatlar qoʻllanilishini talab qilishga haqli. Agar sugʻurta qildiruvchi aytib qoʻymagan holatlar oʻtib ketgan boʻlsa, sugʻurtalovchi shartnomani haqiqiy emas deb topishni talab qila olmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 932-modda
Sugʻurtalovchining sugʻurta xavfini baholash huquqi
Mol-mulkni sugʻurtalash shartnomasi tuzilayotganida sugʻurtalovchi sugʻurta qilinayotgan mol-mulkni koʻzdan kechirishga, zarurat boʻlganda esa uning haqiqiy qiymatini belgilash maqsadida baholashdan oʻtkazishni tashkil etishga haqli. Shaxsiy sugʻurta shartnomasi tuzilayotganida sugʻurtalovchi sugʻurta qilinayotgan shaxs sogʻligʻining haqiqiy holatini aniqlash uchun uni tekshirtirishga haqli. Ushbu modda asosida sugʻurtalovchi tomonidan sugʻurta xavfini baholash boshqa holatni isbotlashga haqli boʻlgan sugʻurta qildiruvchi uchun majburiy emas.
- FuqarolikCIVIL · 933-modda
Sugʻurta siri
Sugʻurtalovchi sugʻurta qildiruvchi, sugʻurtalangan shaxs va naf oluvchi, ularning sogʻligʻining holati toʻgʻrisidagi, shuningdek bu shaxslarning mulkiy ahvoli toʻgʻrisidagi oʻz kasb faoliyati natijasida oʻzi olgan maʼlumotlarni oshkor qilishga haqli emas. Sugʻurta sirini buzganlik uchun sugʻurtalovchi buzilgan huquqlarning turi va buzish xususiyatiga qarab ushbu Kodeksning 985, 1021 va 1022-moddalari qoidalariga muvofiq javobgar boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 934-modda
Sugʻurta summasi
Mulkiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurtalovchi sugʻurta tovonini toʻlash majburiyatini oladigan yoki shaxsiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha toʻlash majburiyatini oladigan summa (sugʻurta summasi) sugʻurta qildiruvchining sugʻurtalovchi bilan kelishuviga koʻra ushbu modda qoidalariga muvofiq belgilanadi. Mol-mulkni yoki tadbirkorlik xavfini sugʻurta qilishda, agar sugʻurta shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, sugʻurta summasi ularning haqiqiy qiymatidan (sugʻurta qiymatidan) oshmasligi lozim, quyidagilar shular jumlasiga kiradi: mol-mulk uchun — uning sugʻurta shartnomasini tuzish kuni turgan joyidagi haqiqiy qiymati; tadbirkorlik xavfi — sugʻurta hodisasi yuz berganida sugʻurta qildiruvchi tadbirkorlik faoliyatidan koʻrishi mumkin boʻlgan zarar. Shaxsiy sugʻurta shartnomalarida va fuqaroviy javobgarlikni sugʻurtalash shartnomalarida sugʻurta summasini taraflar oʻz ixtiyorlariga koʻra aniqlaydilar, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
- FuqarolikCIVIL · 935-modda
Mol-mulkning sugʻurta qiymati
Sugʻurta shartnomasini tuzish paytida taraflarning kelishuviga koʻra aniqlanadigan, sugʻurta manfaati bilan bogʻlanadigan mol-mulk qiymati, agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, sugʻurta qiymati (sugʻurta bahosi) deb hisoblanadi. Mol-mulkning shartnomada koʻrsatilgan sugʻurta qiymati ustida keyinchalik nizolashish mumkin emas, shartnoma tuzilgunga qadar sugʻurta xavfini baholash boʻyicha oʻz huquqidan foydalanmagan sugʻurtalovchi bu qiymat borasida bila turib chalgʻitilgan hol bundan mustasno.
- FuqarolikCIVIL · 936-modda
Toʻliq boʻlmagan mulkiy sugʻurta
Agar mol-mulkni yoki tadbirkorlik xavfini sugʻurtalash shartnomasida sugʻurta summasi sugʻurta qiymatidan kam qilib belgilangan boʻlsa, sugʻurtalovchi sugʻurta hodisasi yuz berganida sugʻurta qildiruvchiga (naf oluvchiga) u koʻrgan zararni sugʻurta summasining sugʻurta qiymatiga boʻlgan nisbatiga mutanosib ravishda qoplashi shart.
- FuqarolikCIVIL · 937-modda
Qoʻshimcha mulkiy sugʻurta
Agar mol-mulk yoki tadbirkorlik xavfi faqat sugʻurta qiymatining bir qismi miqdorida sugʻurtalangan boʻlsa, sugʻurta qildiruvchi (naf oluvchi) qoʻshimcha sugʻurta qilishga, shu jumladan boshqa sugʻurtalovchida sugʻurta qilishga haqli, ammo barcha sugʻurta shartnomalari boʻyicha umumiy sugʻurta summasi sugʻurta qiymatidan oshib ketmasligi lozim. Ushbu modda birinchi qismining qoidalariga rioya etmaslik, ushbu Kodeksning 938-moddasida nazarda tutilgan oqibatlarni keltirib chiqaradi.
- FuqarolikCIVIL · 938-modda
Sugʻurta qiymatidan ortiq miqdorda sugʻurta qilish oqibatlari
Agar sugʻurta shartnomasida koʻrsatilgan mol-mulk yoki tadbirkorlik xavfining sugʻurta summasi sugʻurta qiymatidan ortiq boʻlsa, shartnoma sugʻurta summasining sugʻurta qiymatidan ortiq boʻlgan qismida oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmaydi. Bu holda sugʻurta mukofotining ortiqcha toʻlangan qismi qaytarib berilmaydi. Agar sugʻurta shartnomasiga muvofiq sugʻurta mukofoti boʻlib-boʻlib toʻlansa va ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan holatlar aniqlangan paytgacha uning hammasi toʻlanmagan boʻlsa, qolgan sugʻurta badallari sugʻurta summasi miqdorini kamaytirishga mutanosib tarzda kamaytirilgan miqdorda toʻlanishi lozim. Agar sugʻurta shartnomasidagi sugʻurta summasini oshirib yuborish sugʻurta qildiruvchi tomonidan aldashning oqibati boʻlsa, sugʻurtalovchi shartnomani haqiqiy emas deb topishni va oʻziga yetkazilgan zarar uning sugʻurta qildiruvchidan olgan sugʻurta mukofoti summasidan ortiq miqdorda qoplanishini talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 939-modda
Qoʻshaloq sugʻurta
Ushbu Kodeksning 938-moddasida nazarda tutilgan qoidalar sugʻurta summasi ayni bitta mol-mulkni yoki tadbirkorlik xavfini ikki yoki bir necha sugʻurtalovchida sugʻurta qilish (qoʻshaloq sugʻurta) natijasida sugʻurta qiymatidan oshib ketgan taqdirda ham tegishincha suratda qoʻllaniladi. Mol-mulk yoki tadbirkorlik xavfi qoʻshaloq sugʻurta qilinganda har bir sugʻurtalovchi sugʻurta tovonini oʻzi tuzgan shartnoma doirasida toʻlashga majbur boʻladi, biroq barcha sugʻurtalovchilardan olingan sugʻurta tovonlarining umumiy summasi haqiqiy zarardan ortiq boʻlishi mumkin emas. Bunda sugʻurta qildiruvchi (naf oluvchi) sugʻurta tovonini istalgan sugʻurtalovchidan u bilan tuzilgan shartnomada nazarda tutilgan sugʻurta summasi doirasida olishga haqli. Olingan sugʻurta tovoni haqiqiy zararni qoplamagan taqdirda, sugʻurta qildiruvchi (naf oluvchi) yetishmayotgan summani boshqa sugʻurtalovchidan olishga haqli. Yetkazilgan zarar boshqa sugʻurtalovchilar tomonidan qoplangani sababli sugʻurta tovonini toʻlashdan toʻliq yoki qisman ozod qilingan sugʻurtalovchi sugʻurta qildiruvchiga sugʻurta toʻlovlarining tegishli qismini qilingan xarajatlarni chegirgan holda qaytarishi shart. Ushbu modda qoidalari har bir sugʻurtalovchi sugʻurta qildiruvchi, sugʻurtalangan shaxs va naf oluvchi oldidagi oʻz sugʻurta majburiyatlarini, boshqa sugʻurtalovchilar majburiyatlarini bajarganligidan qatʼi nazar, mustaqil bajaradigan qoʻshaloq shaxsiy sugʻurtada qoʻllanilmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 94-modda
Pul (valyuta)
Oʻzbekiston Respublikasining pul birligi soʻmdir. Soʻm yozib qoʻyilgan qiymati boʻyicha qabul qilinishi shart boʻlgan qonuniy toʻlov vositasidir. Toʻlovlar naqd pul bilan va naqd pulsiz hisob-kitoblar tarzida amalga oshiriladi. Hisob-kitoblarni chet el valyutasida amalga oshirish hollari, tartibi va shartlari qonunchilik bilan belgilab qoʻyiladi.
- FuqarolikCIVIL · 940-modda
Turli xildagi sugʻurta xavflaridan mulkiy sugʻurta
Mol-mulk va tadbirkorlik xavfi turli xildagi sugʻurta xavflaridan xoh bitta, xoh alohida sugʻurta shartnomalari boʻyicha, shu jumladan turli sugʻurtalovchilar bilan tuzilgan shartnomalar boʻyicha sugʻurta qilinishi mumkin. Bunday hollarda barcha shartnomalar boʻyicha umumiy sugʻurta summasi miqdori sugʻurta qiymatidan oshib ketishiga yoʻl qoʻyiladi va tegishli suratda ushbu Kodeksning 939-moddasi qoidalari qoʻllaniladi.
- FuqarolikCIVIL · 941-modda
Birgalikda sugʻurta qilish
Sugʻurta obyekti bitta shartnoma boʻyicha bir necha sugʻurtalovchi tomonidan oʻrtada sugʻurtalanishi mumkin (birgalikda sugʻurta qilish). Agar bunday shartnomada sugʻurtalovchilardan har birining huquq va majburiyatlari belgilanmagan boʻlsa, ular mulkiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta tovonini yoki shaxsiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta toʻlovini toʻlash uchun sugʻurta qildiruvchi (naf oluvchi) oldida solidar javobgar boʻladilar. Yirik va alohida yirik xavflarni oʻrtada sugʻurta qilish uchun birgalikda sugʻurtalovchilar birgalikdagi faoliyat toʻgʻrisidagi shartnoma asosida oddiy shirkatlar (sugʻurta sherikchiligi) tuzishlari mumkin. Birgalikda sugʻurtalovchilar oʻrtasida tegishli kelishuv boʻlgan taqdirda, ulardan biri sugʻurta qildiruvchi (naf oluvchi)ning oldida faqat oʻz ulushi uchun javobgar boʻlib qolgani holda, u bilan oʻzaro munosabatlarda barcha birgalikdagi sugʻurtalovchilar nomidan vakil boʻlishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 942-modda
Sugʻurta mukofoti va sugʻurta badallari
Sugʻurta mukofoti deganda sugʻurta qildiruvchi (naf oluvchi) sugʻurta shartnomasida belgilangan tartibda va muddatlarda sugʻurtalovchiga toʻlashi shart boʻlgan sugʻurta haqi tushuniladi. Sugʻurtalovchi sugʻurta shartnomasi boʻyicha toʻlanishi lozim boʻlgan sugʻurta mukofoti miqdorini belgilashda sugʻurta obyekti va sugʻurta xavfi xususiyati hisobga olingan holda oʻzi tomonidan ishlab chiqilgan, sugʻurta summasi birligidan undiriladigan mukofotni aniqlaydigan sugʻurta tariflarini qoʻllashga haqli. Qonunda nazarda tutilgan hollarda sugʻurta mukofotining miqdori davlat sugʻurta nazorati organlari tomonidan joriy etilgan yoki tartibga solinadigan sugʻurta tariflariga muvofiq belgilanadi. Agar sugʻurta shartnomasida sugʻurta mukofotini boʻlib-boʻlib toʻlash nazarda tutilgan boʻlsa, shartnomada navbatdagi sugʻurta badallarini belgilangan muddatlarda toʻlamaslik oqibatlari koʻrsatib qoʻyilishi mumkin. Agar sugʻurta hodisasi toʻlash muddati oʻtkazib yuborilgan navbatdagi sugʻurta badali toʻlanishidan oldin yuz bergan boʻlsa, sugʻurtalovchi mulkiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha toʻlanishi lozim boʻlgan sugʻurta tovoni yoki shaxsiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta toʻlovi miqdorini sugʻurta mukofotining oʻziga toʻlangan qismiga mutanosib summada cheklashga va muddati oʻtkazib yuborilgan sugʻurta badali summasini hisobga olishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 943-modda
Sugʻurta shartnomasining haqiqiy emasligi
Sugʻurta shartnomasi quyidagi hollarda oʻz-oʻzidan haqiqiy emas: shartnoma tuzilayotgan paytda sugʻurta obyekti mavjud boʻlmasa; jinoiy yoʻl bilan qoʻlga kiritilgan, jinoyat narsasi hisoblanuvchi yoki musodara qilinishi lozim boʻlgan mol-mulk mulkiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurtalangan boʻlsa; shartnoma boʻyicha gʻayrihuquqiy manfaat sugʻurtalangan boʻlsa; sugʻurta shartnomasida sugʻurta hodisasi sifatida yuz berish ehtimolligi va tasodifiylik belgilari boʻlmagan voqea nazarda tutilgan boʻlsa. Sugʻurta shartnomasi ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan boshqa hollarda ham oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 944-modda
Sugʻurtalangan shaxsni almashtirish
Zarar yetkazganlik uchun javobgarlik xavfini sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha sugʻurta qildiruvchidan boshqa shaxsning javobgarligi sugʻurtalangan hollarda, shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, sugʻurta qildiruvchi bu shaxsni sugʻurta hodisasi yuz berguncha istalgan vaqtda, sugʻurtalovchini yozma ravishda xabardor qilib, boshqa shaxsga almashtirishga haqli. Shaxsiy sugʻurta shartnomasida koʻrsatilgan sugʻurtalangan shaxs sugʻurta qildiruvchi tomonidan shu sugʻurtalangan shaxs va sugʻurtalovchining roziligi bilangina boshqa shaxsga almashtirilishi mumkin.