Sugʻurta shartnomasi tuzilayotganda sugʻurta qildiruvchi taqdim etadigan maʼlumotlar
Sugʻurta shartnomasi tuzilayotganda sugʻurta qildiruvchi oʻziga maʼlum boʻlib, sugʻurta hodisasi yuz berishi ehtimolini va uning yuz berishi tufayli kutilajak zarar miqdori (sugʻurta xavfi)ni aniqlash uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan holatlarni sugʻurtalovchiga xabar qilishi shart.
Sugʻurta shartnomasi (polisi)ning standart shaklida, sugʻurta qildiruvchiga berilgan sugʻurta qoidalarida yoki yozma soʻrovda sugʻurtalovchi tomonidan oldindan aniq aytib qoʻyilgan holatlar muhim deb hisoblanadi.
Agar sugʻurta shartnomasi sugʻurtalovchining qandaydir savollariga sugʻurta qildiruvchining javoblari boʻlmagan holda tuzilgan boʻlsa, sugʻurtalovchi tegishli holatlar sugʻurta qildiruvchi tomonidan maʼlum qilinmaganligiga asoslanib keyinchalik shartnomani bekor qilishni yoxud uni haqiqiy emas deb topishni talab qila olmaydi.
Agar sugʻurta shartnomasi tuzilganidan keyin, ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan holatlar toʻgʻrisida sugʻurta qildiruvchi sugʻurtalovchiga bila turib yolgʻon maʼlumot berganligi aniqlansa, sugʻurtalovchi shartnomani haqiqiy emas deb topishni va ushbu Kodeks 123-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan oqibatlar qoʻllanilishini talab qilishga haqli.
Agar sugʻurta qildiruvchi aytib qoʻymagan holatlar oʻtib ketgan boʻlsa, sugʻurtalovchi shartnomani haqiqiy emas deb topishni talab qila olmaydi.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish