Qoʻshaloq sugʻurta
Ushbu Kodeksning 938-moddasida nazarda tutilgan qoidalar sugʻurta summasi ayni bitta mol-mulkni yoki tadbirkorlik xavfini ikki yoki bir necha sugʻurtalovchida sugʻurta qilish (qoʻshaloq sugʻurta) natijasida sugʻurta qiymatidan oshib ketgan taqdirda ham tegishincha suratda qoʻllaniladi.
Mol-mulk yoki tadbirkorlik xavfi qoʻshaloq sugʻurta qilinganda har bir sugʻurtalovchi sugʻurta tovonini oʻzi tuzgan shartnoma doirasida toʻlashga majbur boʻladi, biroq barcha sugʻurtalovchilardan olingan sugʻurta tovonlarining umumiy summasi haqiqiy zarardan ortiq boʻlishi mumkin emas.
Bunda sugʻurta qildiruvchi (naf oluvchi) sugʻurta tovonini istalgan sugʻurtalovchidan u bilan tuzilgan shartnomada nazarda tutilgan sugʻurta summasi doirasida olishga haqli. Olingan sugʻurta tovoni haqiqiy zararni qoplamagan taqdirda, sugʻurta qildiruvchi (naf oluvchi) yetishmayotgan summani boshqa sugʻurtalovchidan olishga haqli.
Yetkazilgan zarar boshqa sugʻurtalovchilar tomonidan qoplangani sababli sugʻurta tovonini toʻlashdan toʻliq yoki qisman ozod qilingan sugʻurtalovchi sugʻurta qildiruvchiga sugʻurta toʻlovlarining tegishli qismini qilingan xarajatlarni chegirgan holda qaytarishi shart.
Ushbu modda qoidalari har bir sugʻurtalovchi sugʻurta qildiruvchi, sugʻurtalangan shaxs va naf oluvchi oldidagi oʻz sugʻurta majburiyatlarini, boshqa sugʻurtalovchilar majburiyatlarini bajarganligidan qatʼi nazar, mustaqil bajaradigan qoʻshaloq shaxsiy sugʻurtada qoʻllanilmaydi.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish