Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 945-modda
Naf oluvchini almashtirish
Sugʻurta qildiruvchi sugʻurta shartnomasida koʻrsatilgan naf oluvchini boshqa shaxsga, bu haqda sugʻurtalovchini yozma ravishda xabardor qilib, almashtirishga haqli. Shaxsiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurtalangan shaxsning roziligi bilan tayinlangan naf oluvchini almashtirishga faqat shu shaxsning roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi. Naf oluvchi sugʻurta shartnomasi boʻyicha bironta majburiyatni bajarganidan yoki sugʻurta tovonini yoxud sugʻurta toʻlovini toʻlash toʻgʻrisida sugʻurtalovchiga talab qoʻyganidan keyin u boshqa shaxs bilan almashtirilishi mumkin emas.
- FuqarolikCIVIL · 946-modda
Sugʻurta qildiruvchini almashtirish
Mol-mulkni sugʻurtalash shartnomasini tuzgan sugʻurta qildiruvchi vafot etgan taqdirda, sugʻurta qildiruvchining huquq va majburiyatlari bu mol-mulkni meros tartibida qabul qilib olgan shaxsga oʻtadi. Mulk huquqi oʻtishining boshqa hollarida sugʻurta qildiruvchining huquq va majburiyatlari, agar shartnomada yoki qonunchilikda boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, sugʻurtalovchining roziligi bilan yangi mulkdorga oʻtadi. Shaxsiy sugʻurta shartnomasini sugʻurtalangan shaxs foydasiga tuzgan sugʻurta qildiruvchi vafot etgan taqdirda, ushbu shartnoma bilan belgilanadigan huquq va majburiyatlar sugʻurtalangan shaxsning roziligi bilan unga oʻtadi. Sugʻurtalangan shaxs sugʻurta shartnomasi boʻyicha majburiyatlarini bajarishi mumkin boʻlmasa, uning huquqlari va majburiyatlari qonunchilikka muvofiq uning huquq va qonuniy manfaatlarini muhofaza qiluvchi shaxslarga oʻtishi mumkin. Agar sugʻurta shartnomasining amal qilish davrida sugʻurta qildiruvchi sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilsa, bunday sugʻurta qildiruvchining huquq va majburiyatlarini uning vasiyi yoki homiysi oladi. Bunda sugʻurta qildiruvchining uchinchi shaxslar oldidagi javobgarligi sugʻurtasi uning muomala layoqati tugagan yoki cheklangan paytdan boshlab tugaydi. Yuridik shaxs boʻlgan sugʻurta qildiruvchi sugʻurta shartnomasi davrida qayta tashkil etilganida uning ushbu shartnoma boʻyicha huquq va majburiyatlari sugʻurtalovchining roziligi bilan tegishli huquqiy vorisga ushbu Kodeksda belgilangan tartibda oʻtadi.
- FuqarolikCIVIL · 947-modda
Sugʻurta shartnomasi amal qilishining boshlanishi
Sugʻurta shartnomasi, agar unda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, sugʻurta mukofoti yoki birinchi badal toʻlangan paytda kuchga kiradi. Agar shartnomada sugʻurta amal qilishi boshlanishining boshqacha muddati nazarda tutilmagan boʻlsa, shartnomada shartlashilgan sugʻurta sugʻurta shartnomasi kuchga kirganidan keyin yuz bergan sugʻurta hodisalariga nisbatan tatbiq etiladi.
- FuqarolikCIVIL · 948-modda
Sugʻurta shartnomasining muddatidan ilgari bekor boʻlishi
Sugʻurta shartnomasi, agar u kuchga kirganidan keyin sugʻurta hodisasi yuz berishi ehtimoli yoʻqolgan va sugʻurta xavfining mavjud boʻlishi sugʻurta hodisasidan boshqa holatlar boʻyicha tugagan boʻlsa, tuzilgan muddati kelishidan oldin bekor boʻladi. Quyidagilar shunday holatlar jumlasiga kiradi, chunonchi: sugʻurtalangan mol-mulkning yuz bergan sugʻurta hodisasidan boshqa sabablarga koʻra nobud boʻlishi; tadbirkorlik xavfini yoki ana shu faoliyat bilan bogʻliq fuqaroviy javobgarlik xavfini sugʻurtalagan shaxsning tadbirkorlik faoliyatini belgilangan tartibda toʻxtatishi. Sugʻurta shartnomasi ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan holatlar boʻyicha muddatidan oldin bekor boʻlganda, sugʻurtalovchi sugʻurta mukofotining bir qismini sugʻurta amal qilgan vaqtga mutanosib ravishda olish huquqiga ega. Sugʻurta qildiruvchi (naf oluvchi), agar voz kechish paytiga kelib sugʻurta hodisaning yuz berish ehtimoli ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan holatlar boʻyicha yoʻqolmagan boʻlsa, sugʻurta shartnomasini bajarishdan istagan paytida voz kechishga haqli. Sugʻurta qildiruvchi (naf oluvchi) sugʻurta shartnomasidan muddatidan ilgari voz kechgan taqdirda, sugʻurtalovchiga toʻlangan sugʻurta mukofoti, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, qaytarib berilmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 949-modda
Sugʻurta shartnomasining amal qilish davrida sugʻurta xavfining ortishi oqibatlari
Mulkiy sugʻurta shartnomasining amal qilish davrida sugʻurta qildiruvchi (naf oluvchi) shartnoma tuzilayotganda sugʻurtalovchiga maʼlum qilingan holatlarda yuz bergan, oʻziga maʼlum boʻlgan muhim oʻzgarishlar toʻgʻrisida, agar bu oʻzgarishlar sugʻurta xavfi ortishiga jiddiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlsa, sugʻurtalovchiga darhol xabar qilishi shart. Sugʻurta shartnomasida (sugʻurta polisida) va sugʻurta qildiruvchiga berilgan sugʻurta qoidalarida aytib qoʻyilgan oʻzgarishlar muhim deb hisoblanadi. Sugʻurta xavfi ortishiga sabab boʻladigan holatlar toʻgʻrisida xabardor qilingan sugʻurtalovchi sugʻurta shartnomasining shartlarini oʻzgartirishni yoki xavf ortishiga mutanosib ravishda qoʻshimcha sugʻurta mukofoti toʻlashni talab qilishga haqli. Agar sugʻurta qildiruvchi (naf oluvchi) sugʻurta shartnomasining shartlari oʻzgartirilishiga yoki sugʻurta mukofotiga qoʻshimcha toʻlashga eʼtiroz bildirsa, sugʻurtalovchi ushbu Kodeksning 28-bobida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq shartnomani bekor qilishni talab etishga haqli. Sugʻurta qiluvchi yoxud naf oluvchi ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan majburiyatini bajarmagan taqdirda, sugʻurtalovchi sugʻurta shartnomasini bekor qilishni va shartnomani bekor qilish tufayli yetkazilgan zarar qoplanishini talab etishga haqli. Sugʻurtalovchi, agar sugʻurta xavfi ortishiga sabab boʻladigan holatlar yoʻqolgan boʻlsa, sugʻurta shartnomasini bekor qilishni talab etishga haqli emas. Shaxsiy sugʻurtada, sugʻurta shartnomasining amal qilishi davrida ushbu moddaning ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi qismlarida koʻrsatilgan sugʻurta xavfining oʻzgarishi oqibatlari, agar ular shartnomada toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrsatilgan boʻlsagina, yuzaga kelishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 95-modda
Valyuta qimmatliklari
Valyuta qimmatliklari deb hisoblanadigan mol-mulk turlari va ular xususida bitimlar tuzish tartibi qonun bilan belgilab qoʻyiladi. Valyuta qimmatliklariga mulk huquqi umumiy asoslarda himoya qilinadi.
- FuqarolikCIVIL · 950-modda
Sugʻurtalangan mol-mulkka boʻlgan huquqlarning boshqa shaxsga oʻtishi
Sugʻurtalangan mol-mulkka boʻlgan huquqlar sugʻurta shartnomasi tuzilganida manfaati nazarda tutilgan shaxsdan boshqa shaxsga oʻtganida ushbu shartnoma boʻyicha huquq va majburiyatlar mol-mulkka boʻlgan huquq qaysi shaxsga oʻtgan boʻlsa, oʻsha shaxsga oʻtadi, ushbu Kodeksning 197 va 199-moddalarida koʻrsatilgan asoslar boʻyicha mol-mulkning majburiy olib qoʻyilishi hollari bundan mustasno. Sugʻurtalangan mol-mulkka boʻlgan huquqlar oʻziga oʻtgan shaxs bu haqda sugʻurtalovchini yozma ravishda xabardor qilishi lozim.
- FuqarolikCIVIL · 951-modda
Sugʻurta hodisasi yuz bergani toʻgʻrisida sugʻurtalovchini xabardor qilish
Mulkiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta qildiruvchi sugʻurta hodisasi yuz bergani oʻziga maʼlum boʻlganidan keyin bu haqda darhol sugʻurtalovchini yoki uning vakilini xabardor qilishi shart. Agar shartnomada xabar qilish muddati va (yoki) usuli nazarda tutilgan boʻlsa, bu shartlashilgan muddatda va shartnomada koʻrsatilgan usulda qilinishi lozim. Agar naf oluvchi oʻzining foydasiga tuzilgan shartnoma boʻyicha sugʻurta tovoniga boʻlgan huquqdan foydalanish niyatida boʻlsa, ayni shunday majburiyat naf oluvchi zimmasida boʻladi. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan majburiyatning bajarilmasligi sugʻurtalovchiga, agar sugʻurtalovchi sugʻurta hodisasi yuz berganini oʻz vaqtida bilganligi, yoxud bu haqda sugʻurtalovchida maʼlumotlar yoʻqligi uning sugʻurta tovonini toʻlash majburiyatiga taʼsir etmasligi isbotlanmasa, sugʻurta tovonini toʻlashni rad etish huquqini beradi. Ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalar, agar sugʻurtalangan shaxsning vafoti yoki uning sogʻligʻiga zarar yetkazilishi sugʻurta hodisasi boʻlsa, tegishli suratda shaxsiy sugʻurta shartnomasiga nisbatan qoʻllaniladi. Bunda sugʻurtalovchini xabardor qilishning shartnomada belgilanadigan muddati yigirma kundan kam boʻlishi mumkin emas.
- FuqarolikCIVIL · 952-modda
Sugʻurta hodisasidan koʻriladigan zararni kamaytirish
Mulkiy sugʻurta shartnomasida nazarda tutilgan sugʻurta hodisasi yuz berganida, sugʻurta qildiruvchi ehtimol tutilgan zararni kamaytirish uchun oqilona va mumkin boʻlgan choralarni koʻrishi shart. Sugʻurta qildiruvchi bunday choralarni koʻrar ekan, agar oʻziga maʼlum qilingan boʻlsa, sugʻurtalovchining koʻrsatmalariga amal qilishi lozim. Zararni kamaytirish maqsadida qilingan, sugʻurtalovchi qoplashi lozim boʻlgan xarajatlar, agar bunday xarajatlar zarur boʻlgan boʻlsa yoki sugʻurtalovchining koʻrsatmalarini bajarish uchun qilingan boʻlsa, tegishli choralar foydasiz boʻlib chiqsa ham, sugʻurtalovchi tomonidan qoplanishi lozim. Bunday xarajatlar sugʻurta summasining sugʻurta qiymatiga nisbatiga mutanosib ravishda, boshqa zararlarni qoplash bilan birgalikda ular sugʻurta summasidan oshib ketishi mumkinligidan qatʼi nazar, qoplanadi. Sugʻurta qiluvchi ehtimol tutilgan zararni kamaytirish uchun qasddan choralar koʻrmagani oqibatida koʻrilgan zararni qoplashdan sugʻurtalovchi ozod qilinadi.
- FuqarolikCIVIL · 953-modda
Sugʻurta qildiruvchi, naf oluvchi yoki sugʻurtalangan shaxsning aybi bilan sugʻurta hodisasi yuz berishining oqibatlari
Agar sugʻurta hodisasi sugʻurta qildiruvchi, naf oluvchi yoki sugʻurtalangan shaxsning qasd qilishi oqibatida yuz bergan boʻlsa, sugʻurtalovchi sugʻurta tovonini yoki sugʻurta toʻlovini toʻlashdan ozod qilinadi, qasddan qilingan harakatlar ular tomonidan zaruriy mudofaa yoki oxirgi zarurat holatida, shuningdek ushbu moddaning uchinchi va toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda sodir etilishi bundan mustasno. Qonunda sugʻurta hodisasi sugʻurta qiluvchining yoki naf oluvchining qoʻpol ehtiyotsizligi oqibatida yuzaga kelganda sugʻurtalovchini mulkiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta tovonini toʻlashdan ozod qilish yoki tovon miqdorini kamaytirish hollari nazarda tutilishi mumkin. Sugʻurtalovchi sugʻurtalangan shaxsning hayoti yoki sogʻligʻiga zarar yetkazganlik uchun fuqaroviy javobgarlikni sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha sugʻurta tovonini toʻlashdan, agar zarar sugʻurtalanuvchi uchun javobgar shaxsning aybi bilan yetkazilgan boʻlsa, ozod qilinmaydi. Sugʻurtalovchi shaxsiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurtalangan shaxs vafot etgan taqdirda toʻlanishi lozim boʻlgan sugʻurta toʻlovini toʻlashdan, agar uning vafoti oʻz joniga qasd qilish oqibatida roʻy bergan boʻlsa va bu vaqtgacha sugʻurta shartnomasi kamida ikki yil amal qilgan boʻlsa, ozod qilinmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 954-modda
Sugʻurtalovchini sugʻurta tovonini va sugʻurta toʻlovini toʻlashdan ozod qilish asoslari
Sugʻurtalovchi, agar qonunda yoki sugʻurta shartnomasida boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa va sugʻurta hodisasi quyidagilar oqibatida yuzaga kelgan boʻlsa, sugʻurta tovonini va sugʻurta toʻlovini toʻlashdan ozod qilinadi: yadro portlashi, radiatsiya yoki radioaktiv zaharlanish taʼsirida; harbiy harakatlar, manyovrlar yoki boshqa harbiy tadbirlar. Agar mulkiy sugʻurta shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, sugʻurtalovchi sugʻurtalangan mol-mulk davlat organlarining farmoyishi bilan olib qoʻyilishi, musodara qilinishi, rekvizitsiya qilinishi, xatlanishi yoki yoʻq qilib tashlanishi oqibatida koʻrilgan zarar uchun sugʻurta tovonini toʻlashdan ozod qilinadi.
- FuqarolikCIVIL · 955-modda
Sugʻurta tovoni yoki sugʻurta toʻlovini toʻlashni rad etish
Sugʻurtalovchi mulkiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta qildiruvchiga (naf oluvchiga) sugʻurta tovonini yoki shaxsiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta toʻlovini toʻlashni quyidagi hollarda rad etishga haqli, chunonchi: sugʻurta shartnomasining amal qilishi sugʻurta hodisasi yuz bergunga qadar, shu jumladan ushbu Kodeksning 948 va 950-moddalarida koʻrsatilgan asoslar boʻyicha bekor qilinganda; sugʻurta shartnomasi ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan asoslar boʻyicha oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmaganda; sugʻurtalovchi ushbu Kodeksning 951 — 954-moddalarida koʻrsatilgan asoslar boʻyicha sugʻurta tovonini yoki sugʻurta toʻlovini toʻlashdan ozod qilinganda; sugʻurtalovchi ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan asoslar boʻyicha sugʻurta shartnomasini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisida yoxud sugʻurta qildiruvchi (naf oluvchi) sugʻurta hodisasi holatlarini tekshirib koʻrishga yoki yetkazilgan zarar miqdorini aniqlashga toʻsqinlik qilgani tufayli sugʻurta shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisida daʼvo qoʻzgʻatganida. Sugʻurtalovchining sugʻurta tovonini yoki sugʻurta toʻlovini toʻlashni rad etish toʻgʻrisidagi qarori sugʻurta qildiruvchiga (naf oluvchiga) ular sugʻurta tovonini yoki sugʻurta toʻlovini toʻlashni soʻrab murojaat etganidan keyin oʻn besh kundan kechiktirmay xabar qilinishi va rad etish sabablarining asoslantirilgan dalil-isbotlarini oʻz ichiga olgan boʻlishi lozim. Sugʻurtalovchining sugʻurta tovonini yoki sugʻurta toʻlovini toʻlashni rad etishiga qarshi unga nisbatan sudda daʼvo qoʻzgʻatish yoʻli bilan eʼtiroz bildirilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 956-modda
Shaxsiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta toʻlovi
Shaxsiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta toʻlovi, ijtimoiy sugʻurta, ijtimoiy taʼminot boʻyicha, boshqa sugʻurta shartnomalari boʻyicha yoki zararni qoplash tartibida sugʻurta qildiruvchiga, sugʻurtalangan shaxsga yoki naf oluvchiga tegishli summalardan qatʼi nazar, shartnoma kimning foydasiga tuzilgan boʻlsa, oʻsha shaxsga toʻlanadi. Ushbu Kodeks 921-moddasining uchinchi qismi asosida shaxsiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurtalangan shaxsning merosxoʻrlariga toʻlanadigan sugʻurta toʻlovi sugʻurtalangan shaxsning merosi tarkibiga kirmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 957-modda
Sugʻurta qildiruvchining zarar qoplanishiga boʻlgan huquqlarining sugʻurtalovchiga oʻtishi (subrogatsiya)
Agar mulkiy sugʻurta shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, sugʻurta qildiruvchi (naf oluvchi)ning sugʻurta natijasida qoplangan zarar uchun javobgar shaxsdan talab qilish huquqi toʻlangan summa doirasida sugʻurta tovonini toʻlagan sugʻurtalovchiga oʻtadi. Biroq shartnomaning bila turib zarar yetkazgan shaxsga nisbatan talab qilish huquqi sugʻurtalovchiga oʻtishini istisno qiladigan shartlari oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmaydi. Sugʻurtalovchiga oʻtgan talab qilish huquqi uning tomonidan sugʻurta qildiruvchi (naf oluvchi) va zarar uchun javobgar boʻlgan shaxs oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qoidalarga rioya qilgan holda amalga oshiriladi. Sugʻurta qildiruvchi (naf oluvchi) sugʻurtalovchi oʻziga oʻtgan talab qilish huquqini amalga oshirishi uchun zarur boʻlgan barcha hujjatlar va dalillarni sugʻurtalovchiga berishi hamda barcha maʼlumotlarni unga maʼlum qilishi shart. Agar sugʻurta qildiruvchi (naf oluvchi) sugʻurtalovchi tomonidan qoplangan zarar uchun javobgar shaxsga nisbatan oʻzining talab qilish huquqidan voz kechsa yoki bu huquqni amalga oshirish sugʻurta qildiruvchining (naf oluvchining) aybi bilan mumkin boʻlmagan boʻlsa, sugʻurtalovchi sugʻurta tovonini toʻliq yoki uning tegishli qismini toʻlashdan ozod qilinadi va tovonning ortiqcha toʻlangan summasini qaytarishni talab qilishga haqli boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 958-modda
Sugʻurtalangan mol-mulkka boʻlgan huquqlarning sugʻurtalovchiga oʻtkazilishi
Mol-mulk sugʻurta qilinganda sugʻurta qildiruvchi (naf oluvchi) sugʻurta hodisasi yuz berganidan keyin sugʻurtalovchining roziligi bilan sugʻurtalangan mol-mulkka boʻlgan oʻz huquqlarini unga oʻtkazishi va sugʻurta tovonini sugʻurta summasining toʻliq hajmida olishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 959-modda
Qayta sugʻurta qilish
Sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurtalovchi oʻz zimmasiga olgan sugʻurta tovonini yoki sugʻurta toʻlovini toʻlash xavfi uning tomonidan toʻliq yoki qisman boshqa sugʻurtalovchida (sugʻurtalovchilarda) u bilan tuzilgan qayta sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha sugʻurtalanishi mumkin. Qayta sugʻurta qilish shartnomasiga nisbatan, agar qayta sugʻurta qilish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, ushbu bobning tadbirkorlik xavfini sugʻurta qilish borasida qoʻllanishi lozim boʻlgan qoidalari tatbiq etiladi. Qayta sugʻurta qilish shartnomasini tuzgan sugʻurta shartnomasi (asosiy shartnoma) boʻyicha sugʻurtalovchi keyingi shartnomada qayta sugʻurta qildiruvchi hisoblanadi. Qayta sugʻurta qilishda sugʻurta tovonini yoki sugʻurta toʻlovini toʻlash uchun asosiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta qildiruvchi oldida ushbu shartnoma boʻyicha sugʻurtalovchi javobgar boʻlib qolaveradi. Biroq asosiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurtalanuvchi hisoblangan sugʻurta tashkiloti sugʻurta hodisasi yuz berishidan oldin tugatilgan taqdirda, uning ushbu shartnoma boʻyicha huquq va majburiyatlarining qayta sugʻurta qilingan qismi qayta sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha sugʻurtalovchiga oʻtadi. Ikki yoki bir nechta qayta sugʻurta qilish shartnomalarini ketma-ket tuzishga yoʻl qoʻyiladi. Bunday shartnomalarning har biri keyingi qayta sugʻurta qilish shartnomasiga nisbatan asosiy sugʻurta shartnomasi deb hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 96-modda
Qimmatli qogʻozlar
Mulkiy huquqlarni belgilangan shaklga va majburiy rekvizitlarga amal qilgan holda tasdiqlovchi hujjatlar qimmatli qogʻozlar hisoblanib, ularni taqdim etgan taqdirdagina mazkur huquqlarni amalga oshirish yoki boshqa shaxslarga berish mumkin boʻladi. Qimmatli qogʻozlar boshqa shaxsga berilishi bilan ular tomonidan tasdiqlanadigan hamma huquqlar ham oʻsha shaxsga oʻtadi. Qimmatli qogʻozlar jumlasiga quyidagilar kiradi: obligatsiya, veksel, chek, depozit va jamgʻarma sertifikatlari, konosament, aksiya hamda qonunchilik bilan qimmatli qogʻozlar jumlasiga kiritilgan boshqa hujjatlar kiradi.
- FuqarolikCIVIL · 960-modda
Ikki tomonlama sugʻurta
Fuqarolar va yuridik shaxslar oʻz mol-mulklarini hamda ushbu Kodeks 915-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilgan boshqa mulkiy manfaatlarini ikki taraflama asosda, buning uchun ikki tomonlama sugʻurta qilish jamiyatlarida zarur mablagʻlarni birlashtirish yoʻli bilan sugʻurta qilishlari mumkin. Ikki tomonlama sugʻurta qilish jamiyatlari oʻz aʼzolarining mol-mulki hamda boshqa mulkiy manfaatlarini sugʻurta qilishni amalga oshiradi va tijoratchi boʻlmagan tashkilot hisoblanadi. Ikki tomonlama sugʻurta qilish tashkilotlari tomonidan oʻz aʼzolarining mol-mulki va mulkiy manfaatlarini sugʻurta qilish, agar jamiyatning taʼsis hujjatlarida bunday hollarda sugʻurta shartnomalari tuzish nazarda tutilmagan boʻlsa, bevosita aʼzolik asosida amalga oshiriladi. Ushbu bobning qoidalari, agar qonunda, tegishli jamiyatning taʼsis hujjatlarida yoki jamiyat belgilagan sugʻurta qilish qoidalarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, ikki tomonlama sugʻurta qilish jamiyati bilan uning aʼzolari oʻrtasidagi sugʻurtaga doir munosabatlarga nisbatan qoʻllaniladi. Ikki tomonlama sugʻurta qilish yoʻli bilan majburiy sugʻurtani amalga oshirishga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda yoʻl qoʻyiladi. Ikki tomonlama sugʻurta qilish jamiyati sugʻurtalovchi sifatida, agar uning taʼsis hujjatlarida sugʻurta faoliyatini amalga oshirish nazarda tutilgan, jamiyatning oʻzi tijorat tashkiloti shaklida tuzilgan, tegishli turdagi sugʻurtani amalga oshirish uchun litsenziyaga ega boʻlsa va qonunda belgilangan boshqa talablarga javob bersa, jamiyatning aʼzolari boʻlmagan shaxslarning manfaatlarini sugʻurta qilishni amalga oshirishi mumkin. Ikki tomonlama sugʻurta qilish jamiyatining aʼzosi boʻlmagan shaxslarning manfaatlarini sugʻurta qilish jamiyat tomonidan sugʻurta shartnomalari asosida ushbu bobning qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi. Ikki tomonlama sugʻurta qilish jamiyatlari huquqiy holatining xususiyatlari va ularning faoliyat yuritish shartlari qonunchilik bilan belgilanadi.
- FuqarolikCIVIL · 961-modda
Majburiy davlat sugʻurtasi
Fuqarolarning ijtimoiy manfaatlarini va davlatning manfaatlarini taʼminlash maqsadida qonunda hayot, sogʻliq va mol-mulkning majburiy davlat sugʻurtasi belgilab qoʻyilishi mumkin. Majburiy davlat sugʻurtasi ana shu maqsadlar uchun davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar hisobiga amalga oshiriladi. Majburiy davlat sugʻurtasi bevosita sugʻurta toʻgʻrisidagi qonunchilik asosida unda koʻrsatilgan davlat sugʻurta tashkilotlari yoki davlatning boshqa tashkilotlari (sugʻurtalovchilar) tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu bobning qoidalari, agar sugʻurta toʻgʻrisidagi qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa va sugʻurta boʻyicha mavjud munosabatlar mohiyatidan kelib chiqmasa, majburiy davlat sugʻurtasiga nisbatan qoʻllaniladi.
- FuqarolikCIVIL · 962-modda
Oddiy shirkat shartnomasi
Oddiy shirkat shartnomasi (birgalikdagi faoliyat toʻgʻrisidagi shartnoma) boʻyicha sheriklar (ishtirokchilar) deb ataluvchi ikki yoki undan ortiq shaxs foyda olish yoki qonunga zid boʻlmagan boshqa maqsadga erishish uchun oʻz hissalarini qoʻshish va yuridik shaxs tuzmasdan birgalikda ish qilish majburiyatini oladilar. Faqat yakka tadbirkorlar va (yoki) tijorat tashkilotlari tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun tuziladigan oddiy shirkat shartnomasining taraflari boʻlishlari mumkin. Ikki yoki undan ortiq tijoratchi yuridik shaxs tomonidan tuzilgan oddiy shirkat shartnomasi konsorsium shartnomasi hisoblanadi. Oddiy shirkat shartnomasi yozma shaklda tuzilishi lozim.