Asosiy kontentga oʻtish
Yurideks
KirishRoʻyxatdan oʻtish
← Qonun toʻplamiga qaytish
FuqarolikCIVIL · 955-modda

Sugʻurta tovoni yoki sugʻurta toʻlovini toʻlashni rad etish

Sugʻurtalovchi mulkiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta qildiruvchiga (naf oluvchiga) sugʻurta tovonini yoki shaxsiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta toʻlovini toʻlashni quyidagi hollarda rad etishga haqli, chunonchi:

sugʻurta shartnomasining amal qilishi sugʻurta hodisasi yuz bergunga qadar, shu jumladan ushbu Kodeksning 948 va 950-moddalarida koʻrsatilgan asoslar boʻyicha bekor qilinganda;

sugʻurta shartnomasi ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan asoslar boʻyicha oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmaganda;

sugʻurtalovchi ushbu Kodeksning 951 — 954-moddalarida koʻrsatilgan asoslar boʻyicha sugʻurta tovonini yoki sugʻurta toʻlovini toʻlashdan ozod qilinganda;

sugʻurtalovchi ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan asoslar boʻyicha sugʻurta shartnomasini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisida yoxud sugʻurta qildiruvchi (naf oluvchi) sugʻurta hodisasi holatlarini tekshirib koʻrishga yoki yetkazilgan zarar miqdorini aniqlashga toʻsqinlik qilgani tufayli sugʻurta shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisida daʼvo qoʻzgʻatganida.

Sugʻurtalovchining sugʻurta tovonini yoki sugʻurta toʻlovini toʻlashni rad etish toʻgʻrisidagi qarori sugʻurta qildiruvchiga (naf oluvchiga) ular sugʻurta tovonini yoki sugʻurta toʻlovini toʻlashni soʻrab murojaat etganidan keyin oʻn besh kundan kechiktirmay xabar qilinishi va rad etish sabablarining asoslantirilgan dalil-isbotlarini oʻz ichiga olgan boʻlishi lozim.

Sugʻurtalovchining sugʻurta tovonini yoki sugʻurta toʻlovini toʻlashni rad etishiga qarshi unga nisbatan sudda daʼvo qoʻzgʻatish yoʻli bilan eʼtiroz bildirilishi mumkin.

Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?

Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.

Savol berish
Yurideks

Har bir insonning himoyalanish huquqi bor.