Ikki tomonlama sugʻurta
Fuqarolar va yuridik shaxslar oʻz mol-mulklarini hamda ushbu Kodeks 915-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilgan boshqa mulkiy manfaatlarini ikki taraflama asosda, buning uchun ikki tomonlama sugʻurta qilish jamiyatlarida zarur mablagʻlarni birlashtirish yoʻli bilan sugʻurta qilishlari mumkin.
Ikki tomonlama sugʻurta qilish jamiyatlari oʻz aʼzolarining mol-mulki hamda boshqa mulkiy manfaatlarini sugʻurta qilishni amalga oshiradi va tijoratchi boʻlmagan tashkilot hisoblanadi.
Ikki tomonlama sugʻurta qilish tashkilotlari tomonidan oʻz aʼzolarining mol-mulki va mulkiy manfaatlarini sugʻurta qilish, agar jamiyatning taʼsis hujjatlarida bunday hollarda sugʻurta shartnomalari tuzish nazarda tutilmagan boʻlsa, bevosita aʼzolik asosida amalga oshiriladi.
Ushbu bobning qoidalari, agar qonunda, tegishli jamiyatning taʼsis hujjatlarida yoki jamiyat belgilagan sugʻurta qilish qoidalarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, ikki tomonlama sugʻurta qilish jamiyati bilan uning aʼzolari oʻrtasidagi sugʻurtaga doir munosabatlarga nisbatan qoʻllaniladi.
Ikki tomonlama sugʻurta qilish yoʻli bilan majburiy sugʻurtani amalga oshirishga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda yoʻl qoʻyiladi.
Ikki tomonlama sugʻurta qilish jamiyati sugʻurtalovchi sifatida, agar uning taʼsis hujjatlarida sugʻurta faoliyatini amalga oshirish nazarda tutilgan, jamiyatning oʻzi tijorat tashkiloti shaklida tuzilgan, tegishli turdagi sugʻurtani amalga oshirish uchun litsenziyaga ega boʻlsa va qonunda belgilangan boshqa talablarga javob bersa, jamiyatning aʼzolari boʻlmagan shaxslarning manfaatlarini sugʻurta qilishni amalga oshirishi mumkin.
Ikki tomonlama sugʻurta qilish jamiyatining aʼzosi boʻlmagan shaxslarning manfaatlarini sugʻurta qilish jamiyat tomonidan sugʻurta shartnomalari asosida ushbu bobning qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Ikki tomonlama sugʻurta qilish jamiyatlari huquqiy holatining xususiyatlari va ularning faoliyat yuritish shartlari qonunchilik bilan belgilanadi.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish