Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 962¹-modda
Konsorsium shartnomasining oʻziga xos xususiyatlari
Konsorsium shartnomasiga asosan tashkil etilgan yuridik shaxslar birlashmasi alohida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmaydi. Konsorsium shartnomasi sheriklari (ishtirokchilari) oʻzining mustaqil xoʻjalik faoliyatini saqlab qolgan holda boshqa konsorsiumlarning faoliyatida ishtirok etishi mumkin. Konsorsium shartnomasi sheriklari (ishtirokchilari) oʻrtasidagi munosabatlar yozma shaklda tuziladigan konsorsium shartnomasi bilan tartibga solinadi. Konsorsium shartnomasi sheriklariga (ishtirokchilariga) tovar bozoridagi narxlarni sunʼiy ravishda oshirish yoki pasaytirish, shu jumladan “Raqobat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablariga zid boʻlgan harakatlarni kelishib olish taqiqlanadi. Konsorsium shartnomasiga asosan tashkil etilgan yuridik shaxslar birlashmasi konsorsium shartnomasida belgilangan tijorat faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan kelishilgan ishlar yakuniga yetkazilganda yoki uning sheriklari (ishtirokchilari) qaroriga asosan oʻz faoliyatini tugatadi. Agar ushbu moddada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, konsorsium shartnomasiga nisbatan ushbu bob qoidalari qoʻllaniladi.
- FuqarolikCIVIL · 963-modda
Sheriklarning qoʻshadigan hissalari
Sherik umumiy ishga qoʻshadigan hamma narsa, jumladan pul, boshqa mol-mulk, kasbiy va boshqa bilimlar, malaka va mahorat, shuningdek ishbilarmonlik obroʻ-eʼtibori sherikning qoʻshgan hissasi hisoblanadi. Sheriklar, agar oddiy shirkat shartnomasidan yoki haqiqiy holatlardan boshqacha mazmun kelib chiqmasa, qiymati boʻyicha teng hissa qoʻshadilar deb taxmin qilinadi. Sherikning qoʻshgan hissasini pulda baholash sheriklar oʻrtasidagi kelishuv boʻyicha amalga oshiriladi.
- FuqarolikCIVIL · 964-modda
Sheriklarning umumiy mol-mulki
Sheriklar mulk huquqi asosida ega boʻlgan, ular tomonidan qoʻshilgan mol-mulk, shuningdek birgalikdagi faoliyat natijasida ishlab chiqarilgan mahsulot va bunday faoliyat tufayli olingan hosil hamda daromadlar qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib belgilab qoʻyilgan boʻlmasa yoxud majburiyatning mohiyatidan boshqacha hol kelib chiqmasa, ularning umumiy ulushli mulki hisoblanadi. Sheriklarning umumiy ulushli mulkida turgan mol-mulk, shuningdek ularning umumiy talablari va umumiy alohida huquqlari sheriklarning umumiy mol-mulkini tashkil etadi. Umumiy mol-mulkdan barcha sheriklarning manfaatlarini koʻzlab foydalaniladi. Sheriklar umumiy mol-mulkining buxgalteriya hisobini yuritish ular tomonidan oddiy shirkat shartnomasida ishtirok etayotgan yuridik shaxslardan biriga topshirilishi mumkin. Sheriklarning umumiy mol-mulkidan foydalanish ularning kelishuviga koʻra, kelishuvga erishilmagan taqdirda, sud belgilaydigan tartibda amalga oshiriladi. Sheriklarning umumiy mol-mulkni asrash boʻyicha majburiyatlari va bu majburiyatlarni bajarish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash tartibi oddiy shirkatning shartnomasida nazarda tutiladi.
- FuqarolikCIVIL · 965-modda
Sheriklarning umumiy ishlarini yuritish
Oddiy shirkat shartnomasi ishtirokchilarining umumiy ishlarini yuritish shartnomada nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi. Umumiy ishlarni yuritishda har bir sherik, agar oddiy shirkat shartnomasida ishlarni yuritish shartnomaning ayrim ishtirokchilari tomonidan yoxud birgalikda barcha ishtirokchilar tomonidan amalga oshirilishi belgilanmagan boʻlsa, barcha sheriklar nomidan ish koʻrishga haqli. Ishlar birgalikda yuritilganda har bir bitimni tuzish uchun barcha sheriklarning roziligi talab qilinadi. Uchinchi shaxslar bilan munosabatlarda sherikning barcha sheriklar nomidan bitim tuzish vakolati unga qolgan sheriklar tomonidan berilgan ishonchnoma bilan tasdiqlanadi yoki oddiy shirkat shartnomasidan kelib chiqadi. Uchinchi shaxslar bilan munosabatlarda sheriklar bitim tuzgan sherikning umumiy ishlarni yuritish boʻyicha huquqlari cheklanganligini dalil qilib koʻrsata olmaydilar, ular bunday cheklashlar borligini bitim tuzilayotgan paytda uchinchi shaxs bilganligini yoki oldindan bilishi lozim boʻlganligini isbotlagan hollar bundan mustasno. Barcha sheriklariga nisbatan ishlarni yuritish huquqi cheklab qoʻyilgan boʻlib, ular nomidan bitimlar tuzgan yoxud barcha sheriklarning manfaatlarini koʻzlab oʻz nomidan bitimlar tuzgan sherik, agar bu bitim barcha sheriklarning manfaatlari uchun zarur boʻlgan edi deb hisoblashga yetarli asoslar boʻlsa, u oʻz mablagʻlaridan qilgan xarajatlari qoplanishi huquqiga ega. Agar bunday bitimlar tufayli boshqa sheriklarga zarar yetkazilgan boʻlsa, ular bu zararning qoplanishini talab qilishga haqlidirlar. Umumiy ishlarga taalluqli qarorlar, agar oddiy shirkat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, sheriklar tomonidan umumiy kelishuvga koʻra qabul qilinadi. Umumiy ishlarni yuritishga vakolatli shartnoma ishtirokchilari, agar oddiy shirkat shartnomasida nazarda tutilgan boʻlsa, alohida haq olish huquqiga egadirlar.
- FuqarolikCIVIL · 966-modda
Sherikning axborot olishga boʻlgan huquqi
Har bir sherik, u sheriklarning umumiy ishlarini yuritishga vakolat olgan-olmaganidan qatʼi nazar, ishlarni yuritishga doir barcha hujjatlar bilan tanishishga haqli. Bu huquqni rad etish yoki uni cheklash, shu jumladan sheriklarning kelishuvi bilan rad etish yoki cheklash oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 967-modda
Sheriklarning umumiy xarajatlari, zararlari va javobgarligi
Sheriklarning birgalikdagi faoliyatiga bogʻliq xarajatlar va zararlarni qoplash tartibi ularning kelishuvi bilan aniqlanadi. Bunday kelishuv boʻlmaganda har bir sherik oʻzining umumiy ishga qoʻshgan hissasi qiymatiga mutanosib ravishda xarajatlar va zararlarni zimmasiga oladi. Sheriklardan birortasini umumiy xarajatlarni yoki zararni qoplashda ishtirok etishdan toʻliq ozod etadigan kelishuv oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmaydi. Agar oddiy shirkat shartnomasi uning ishtirokchilari tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishi bilan bogʻliq boʻlmasa, umumiy shartnoma majburiyatlari yuzasidan har bir sherik oʻzining umumiy ishga qoʻshgan hissasi qiymatiga mutanosib ravishda butun mol-mulki bilan javobgar boʻladi. Oddiy shirkat shartnomasidan kelib chiqmagan umumiy majburiyatlar boʻyicha sheriklar solidar javobgar boʻladilar. Agar oddiy shirkat shartnomasi uning ishtirokchilari tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishi bilan bogʻliq boʻlsa, sheriklar umumiy majburiyatlar boʻyicha ularning yuzaga kelish asosidan qatʼi nazar, solidar javobgar boʻladilar.
- FuqarolikCIVIL · 968-modda
Foydani taqsimlash
Sheriklar tomonidan ularning birgalikdagi faoliyati natijasida olingan foyda, agar oddiy shirkat shartnomasida yoki sheriklarning boshqa kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, sheriklarning umumiy ishga qoʻshgan hissalari qiymatiga mutanosib ravishda taqsimlanadi. Sheriklardan birortasini foydada ishtirok etishdan chetlatish toʻgʻrisidagi kelishuv oʻz-oʻzidan haqiqiy emas.
- FuqarolikCIVIL · 969-modda
Sherikning ulushini uning kreditori talabi bilan ajratish
Oddiy shirkat shartnomasi ishtirokchisining kreditori ushbu Kodeksning 227-moddasiga muvofiq uning umumiy mol-mulkdagi ulushini ajratishni talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 97-modda
Intellektual faoliyat natijalari
Ushbu Kodeks va boshqa qonunlarda belgilangan hollarda va tartibda intellektual faoliyatning aniq ifoda etilgan natijalari hamda yuridik shaxsning bu natijalarga tenglashtirilgan oʻziga xos vositalari, ana shu ishlar yoki xizmatlarni ado etayotgan jismoniy yoki yuridik shaxsning mahsulotlari (firma nomi, tovar belgisi, xizmat koʻrsatish belgisi va h.k.)ga nisbatan fuqaroning yoki yuridik shaxsning mutlaq huquqi eʼtirof etiladi. Mutlaq huquq obyekti boʻlgan intellektual faoliyat natijalari va oʻziga xos vositalaridan uchinchi shaxslar huquq egasining ruxsati bilangina foydalanishlari mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 970-modda
Oddiy shirkat shartnomasi bekor boʻlishining asoslari
Oddiy shirkat shartnomasi quyidagilar oqibatida bekor boʻladi: sheriklardan birortasi muomalaga layoqatsiz, muomala layoqati cheklangan yoki bedarak yoʻqolgan deb eʼlon qilinganda, agar oddiy shirkat shartnomasida yoki keyingi kelishuvda qolgan sheriklar oʻrtasidagi munosabatlarda shartnomaning saqlanib qolishi nazarda tutilmagan boʻlsa; sheriklardan birortasi nochor (bankrot) deb eʼlon qilinganda, ushbu moddaning ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgani bundan mustasno; sherik vafot etganda yoki oddiy shirkat shartnomasida ishtirok etayotgan yuridik shaxs tugatilganda yoxud qayta tashkil etilganda, agar shartnomada yoki keyingi kelishuvda qolgan sheriklar oʻrtasidagi munosabatlarda shartnomaning saqlanib qolishi yoxud vafot etgan sherikning (tugatilgan yoki qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning) uning merosxoʻrlari (huquqiy vorislari) bilan almashtirilishi nazarda tutilmagan boʻlsa; sheriklardan birortasi oddiy shirkatning muddatsiz shartnomasida bundan buyon ishtirok etishdan voz kechganda, ushbu moddaning ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgani bundan mustasno; muddat koʻrsatilgan holda tuzilgan oddiy shirkat shartnomasi sheriklardan birining talabi bilan oʻzi va qolgan sheriklar oʻrtasidagi munosabatlarda bekor qilinganda, ushbu moddaning ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgani bundan mustasno; oddiy shirkat shartnomasining muddati oʻtganda; sherikning ulushi uning kreditori talabi bilan ajratilganda, ushbu moddaning ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgani bundan mustasno; ushbu Kodeksda yoki shartnomada nazarda tutilgan boshqa asoslarda.
- FuqarolikCIVIL · 971-modda
Oddiy shirkat shartnomasi bekor boʻlishining oqibatlari
Oddiy shirkat shartnomasi bekor boʻlganda sheriklarning umumiy egaligiga va (yoki) foydalanishiga berib qoʻyilgan ashyolar, taraflarning kelishuvi bilan boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, ularni berib qoʻygan sheriklarga haq toʻlamasdan qaytariladi. Oddiy shirkat shartnomasi bekor boʻlgan paytdan boshlab uning ishtirokchilari uchinchi shaxslarga nisbatan bajarilmagan umumiy majburiyatlar boʻyicha solidar javobgar boʻladilar. Sheriklarning umumiy ulushli mulkida turgan mol-mulkni va ularda yuzaga kelgan umumiy talab qilish huquqlarini taqsimlash ushbu Kodeksning 223-moddasida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Umumiy ulushli mulkka xususiy alomatlari bilan belgilangan ashyoni qoʻshgan sherik oddiy shirkat shartnomasi bekor boʻlganda, qolgan sheriklar va kreditorlarning manfaatlariga rioya etilishi sharti bilan, bu ashyoni oʻziga qaytarishni talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 972-modda
Oddiy shirkatning muddatsiz shartnomasidan voz kechish
Shaxsning oddiy shirkatning muddatsiz shartnomasidan voz kechish toʻgʻrisidagi arizasi, agar shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, uning tomonidan shartnomadan chiqish moʻljallanayotgan sanadan kamida uch oy oldin berilishi lozim. Oddiy shirkatning muddatsiz shartnomasidan voz kechish huquqini cheklash toʻgʻrisidagi kelishuv oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 973-modda
Tarafning talabi bilan oddiy shirkat shartnomasini bekor qilish
Ushbu Kodeks 382-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilgan asos bilan bir qatorda, muddat koʻrsatilib yoki bekor qilish sharti sifatida maqsad koʻrsatilib tuzilgan oddiy shirkat shartnomasining tarafi shartnomani bekor qilish tufayli yetkazilgan haqiqiy zararni qolgan sheriklarga qoplagan holda shartnomani oʻzi va qolgan sheriklar oʻrtasidagi munosabatlarda bekor qilishni talab etishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 974-modda
Shartnomada ishtirok etishdan voz kechgan yoki uni bekor qilishni talab etgan sherikning javobgarligi
Ishtirokchilardan birortasi oddiy shirkat shartnomasida bundan buyon ishtirok etishdan voz kechish toʻgʻrisida ariza berishi yoxud sheriklardan birining talabi bilan shartnoma bekor qilinishi natijasida oddiy shirkat shartnomasi bekor qilinmagan taqdirda, shartnomada ishtirok etishi toʻxtagan shaxs uchinchi shaxslar oldida oʻzi shartnomada ishtirok etgan davrda yuzaga kelgan umumiy majburiyatlar boʻyicha u oddiy shirkat shartnomasining ishtirokchisi boʻlib qolavergandagi kabi javobgar boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 975-modda
Yashirin shirkat
Oddiy shirkat shartnomasida uning mavjudligini uchinchi shaxslarga maʼlum qilmaslik (yashirin shirkat) nazarda tutilishi mumkin. Bunday shartnomaga nisbatan, agar ushbu moddada boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa yoki yashirin shirkat mohiyatidan kelib chiqmasa, ushbu bob qoidalari qoʻllaniladi. Yashirin shirkat ishtirokchilaridan har biri uchinchi shaxslar bilan munosabatlarda sheriklarining umumiy manfaatlarini koʻzlab oʻz nomidan tuzgan bitimlar boʻyicha oʻzining butun mol-mulki bilan javob beradi. Sheriklar oʻrtasidagi munosabatlarda, ularning birgalikdagi faoliyati jarayonida yuzaga kelgan majburiyatlar umumiy hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 976-modda
Ommaviy tanlovni tashkil etish
Ishni eng yaxshi bajarganlik yoki boshqa natijalarga erishganlik uchun pul mukofoti toʻlash yoki boshqa mukofot berish toʻgʻrisida (mukofot toʻlash toʻgʻrisida) oshkora (ommaviy tanlov) eʼlon qilgan shaxs tanlovni oʻtkazish shartlariga muvofiq uning gʻolibi deb topilgan kimsaga shartlashilgan mukofotni toʻlashi lozim. Ommaviy tanlov tanlovni uyushtiruvchining tanlovda ishtirok etishga taklifi matbuotda va boshqa ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish yoʻli bilan barcha xohlovchilarga qaratilganda ochiq yoki tanlovda ishtirok etishga taklif tanlovni uyushtiruvchining xohishi boʻyicha muayyan doiradagi shaxslarga yuborilganda yopiq boʻlishi mumkin. Tanlovni uyushtiruvchi tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan shaxslarni dastlabki saralashdan oʻtkazgan taqdirda, ochiq tanlovda uning ishtirokchilarining dastlabki malakasi haqida shart qoʻyilishi mumkin. Ommaviy tanlov toʻgʻrisidagi eʼlon topshiriqning mohiyatini nazarda tutuvchi shartlarni, ishning natijalarini yoki boshqa yutuqlarni baholash mezonlari va tartibini, ularni taqdim etish joyi, muddati va tartibini, mukofotning miqdori va shaklini, shuningdek natijalarni eʼlon qilish tartibi va muddatlarini oʻz ichiga olgan boʻlishi lozim. Tanlov gʻolibi bilan shartnoma tuzish majburiyatini oʻz ichiga olgan ommaviy tanlovga nisbatan ushbu bobning qoidalari, ushbu Kodeksning 379-381-moddalarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, qoʻllanadi.
- FuqarolikCIVIL · 977-modda
Ommaviy tanlov shartlarini oʻzgartirish va uni bekor qilish
Ommaviy tanlov eʼlon qilgan shaxs ishlarni taqdim etish uchun belgilangan muddatning faqat birinchi yarimi mobaynida uning shartlarini oʻzgartirishga yoki tanlovni bekor qilishga haqli. Tanlov shartlarini oʻzgartirish yoki uni bekor qilish toʻgʻrisida tanlov qanday usulda eʼlon qilingan boʻlsa, shunday usulda xabar berilishi lozim. Tanlov shartlari oʻzgargan yoki u bekor qilingan taqdirda, tanlov eʼlon qilgan shaxs eʼlonda nazarda tutilgan ishni konkurs shartlarining oʻzgartirilishi yoki uning bekor qilinishi oʻziga maʼlum boʻlguncha yoki maʼlum boʻlishi lozim boʻlguncha bajargan har qanday shaxsning xarajatlarini toʻlashi lozim. Agar tanlov shartlarini oʻzgartirishda yoki uni bekor qilishda ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan talablar buzilgan boʻlsa, tanlovni eʼlon qilgan shaxs eʼlonda koʻrsatilgan shartlarga javob beradigan ishni bajarganlarga mukofot toʻlashi lozim. Tanlovni eʼlon qilgan shaxs, agar koʻrsatilgan ish tanlovdan mustasno tarzda, xususan, tanlov toʻgʻrisidagi eʼlonga qadar bajarilganligini yoxud avval boshdanoq tanlov shartlariga nomuvofiq boʻlganligini isbotlasa, xarajatlarni toʻlash majburiyatidan ozod qilinadi.
- FuqarolikCIVIL · 978-modda
Mukofotni toʻlash toʻgʻrisidagi qaror
Tanlov gʻolibiga mukofotni toʻlash toʻgʻrisidagi qaror tanlov haqidagi eʼlonda belgilangan tartib va muddatlarda chiqarilishi hamda ommaviy tanlov ishtirokchilariga maʼlum qilinishi lozim. Agar eʼlonda koʻrsatilgan natijalarga ikki yoki undan ortiq shaxsning birgalikda bajarilgan ishida erishilgan boʻlsa, mukofot ular oʻrtasida ularning kelishuviga muvofiq taqsimlanadi. Agar bunday kelishuvga erishilmagan boʻlsa, mukofotni taqsimlash tartibini sud belgilaydi.
- FuqarolikCIVIL · 979-modda
Ommaviy tanlovda gʻolib chiqqan fan, adabiyot va sanʼat asarlaridan foydalanish
Agar ommaviy tanlov narsasi fan, adabiyot yoki sanʼat asaridan iborat boʻlsa, tanlovni eʼlon qilgan shaxs, basharti tanlov shartlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, shartlashilgan mukofotga sazovor boʻlgan muallif bilan unga tegishli haqni toʻlagan holda, asardan foydalanish toʻgʻrisida shartnoma tuzishda imtiyozli huquqni qoʻlga kiritadi.
- FuqarolikCIVIL · 98-modda
Xizmat va tijorat siri
Fuqarolik qonunchiligi xizmat yoki tijorat siri boʻlgan axborotni, basharti bu axborot uchinchi shaxslarga nomaʼlumligi sababli haqiqiy yoki nisbiy tijorat qimmatiga ega boʻlgan, qonun yoʻli bilan undan erkin bahramand boʻlish mumkin boʻlmagan hamda axborot egasi uning maxfiyligini saqlashga doir choralar koʻrgan hollarda himoya etadi.