Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 980-modda
Taqdim etilgan ishlarni ommaviy tanlov ishtirokchilariga qaytarish
Ommaviy tanlovni eʼlon qilgan shaxs, agar tanlov toʻgʻrisidagi eʼlonda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa yoki bajarilgan ishning xususiyatidan kelib chiqmasa, mukofotga sazovor boʻlmagan ishlarni tanlov ishtirokchilariga qaytarishi shart.
- FuqarolikCIVIL · 981-modda
Mukofotni toʻlash majburiyati
Eʼlonda koʻrsatilgan harakatni kim unda belgilangan muddatda bajarsa, oʻshanga pul mukofoti toʻlash yoki boshqa mukofotni berish toʻgʻrisida (mukofotni toʻlash toʻgʻrisida) oshkora eʼlon qilgan shaxs tegishli harakatni sodir etgan har qanday shaxsga vaʼda qilingan mukofotni toʻlashi shart. Mukofotni toʻlash majburiyati mukofot vaʼda qilinishi uning kim tomonidan vaʼda qilinganini aniqlash imkonini bergan taqdirda yuzaga keladi. Vaʼdaga qiziqish bildirgan shaxs vaʼdani yozma ravishda tasdiqlashni talab qilishga haqli va, agar haqiqatda mukofot toʻgʻrisidagi eʼlon unda koʻrsatilgan shaxs tomonidan qilinmagan boʻlib chiqsa, bunday talab qoʻyilmaganligi oqibatlari xavfi uning zimmasida boʻladi. Agar mukofotni oshkora vaʼda qilishda uning miqdori koʻrsatilmagan boʻlsa, u mukofotni vaʼda qilgan shaxs bilan kelishuvga koʻra aniqlanadi, nizo kelib chiqqan taqdirda esa sudda aniqlanadi. Mukofotni toʻlash majburiyati, tegishli harakat eʼlon qilinishi munosabati bilan yoki undan mustasno tarzda bajarilganidan qatʼi nazar, yuzaga keladi. Eʼlonda koʻrsatilgan harakatni bir necha shaxs sodir etgan hollarda, ulardan tegishli harakatni birinchi boʻlib sodir etgani mukofotni olish huquqiga ega boʻladi. Agar eʼlonda koʻrsatilgan harakat ikki yoki undan ortiq shaxs tomonidan bajarilgan boʻlsa va ulardan qaysi biri tegishli harakatni birinchi boʻlib sodir etganini aniqlashning imkoni boʻlmasa, shuningdek, agar harakat ikki yoki bundan ortiq shaxslar tomonidan bir paytning oʻzida sodir etilgan boʻlsa, mukofot ular oʻrtasida bab-baravar yoki ularning oʻzaro kelishuvida nazarda tutilgan miqdorda taqsimlanadi. Agar mukofot toʻgʻrisidagi eʼlonda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa yoki unda koʻrsatilgan harakat xususiyatidan kelib chiqmasa, bajarilgan harakatning eʼlonda mavjud boʻlgan talablarga muvofiqligi mukofotni oshkora vaʼda qilgan shaxs tomonidan aniqlanadi, nizo kelib chiqqan taqdirda esa sudda aniqlanadi.
- FuqarolikCIVIL · 982-modda
Mukofot haqidagi oshkora vaʼdani bekor qilish
Mukofot toʻlashni oshkora eʼlon qilgan shaxs berilgan vaʼdadan xuddi shunday tartibda voz kechishga haqli, voz kechishga yoʻl qoʻyilmasligi eʼlonning oʻzida nazarda tutilgan yoki undan kelib chiqadigan yoki mukofot vaʼda qilingan harakatni sodir etish uchun muayyan muddat berilgan yoxud voz kechishni eʼlon qilish paytiga kelib bir yoki bir necha qiziqish bildirgan shaxslar eʼlonda koʻrsatilgan harakatni bajarib boʻlgan hollar bundan mustasno. Mukofot haqidagi oshkora vaʼdani bekor qilish mukofot toʻgʻrisida eʼlon qilgan shaxsni qiziqish bildirgan shaxsga u eʼlonda koʻrsatilgan harakatni bajarishi munosabati bilan qilgan xarajatlarini qoplashdan ozod qilmaydi. Qoplash miqdori barcha hollarda eʼlonda koʻrsatilgan mukofotdan ortiqcha boʻlishi mumkin emas.
- FuqarolikCIVIL · 983-modda
Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarni tashkil etish hamda ularda ishtirok etish bilan bogʻliq talablar
Fuqarolar va yuridik shaxslarning qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarni, shu jumladan garov oʻyinlarini tashkil etish yoki ularda ishtirok etish bilan bogʻliq talablari sudda himoya qilinmaydi, bundan ushbu oʻyinlarda aldov, zoʻravonlik, tahdid qilish taʼsirida yoxud oʻz vakilining mazkur oʻyinlar tashkilotchisi bilan gʻarazli kelishuvi tufayli ishtirok etgan shaxslarning talablari va ushbu Kodeksning 984-moddasida koʻrsatilgan munosabatlardan kelib chiqadigan talablar mustasno.
- FuqarolikCIVIL · 984-modda
Lotereyalar, Internet jahon axborot tarmogʻida tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni va bukmekerlik garovlarini oʻtkazishning oʻziga xos xususiyatlari
Lotereyalarning, Internet jahon axborot tarmogʻida tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarning va bukmekerlik garovlarining (bundan buyon matnda oʻyinlar deb yuritiladi) vakolatli davlat organidan litsenziya olgan tashkilotchilari hamda oʻyinlarning ishtirokchilari oʻrtasidagi munosabatlar qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadi va shartnomaga asoslanadi. Oʻyinlarning tashkilotchisi va ishtirokchisi oʻrtasidagi shartnoma chipta, kvitansiya berish orqali yoki oʻyinni tashkil etish qoidalarida nazarda tutilgan boshqa usulda rasmiylashtiriladi hamda ishtirokchi chipta qiymatini toʻlagan yoki oʻyinga pul tikkan paytdan eʼtiboran tuzilgan deb eʼtirof etiladi. Qonun hujjatlari bilan alohida toifadagi shaxslarning oʻyinlarda ishtirok etishi taqiqlanishi mumkin. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan shartnomani tuzish toʻgʻrisidagi taklif oʻyinlarni oʻtkazish muddati hamda yutuqni aniqlash tartibi va uning miqdori haqidagi shartlarni oʻz ichiga olgan boʻlishi kerak. Oʻyinlarning tashkilotchisi ularni belgilangan muddatda oʻtkazishni rad etgan taqdirda, oʻyinlarning ishtirokchilari ularning tashkilotchisidan oʻyinlar qoldirilganligi yoki ularning muddati koʻchirilganligi tufayli yetkazilgan haqiqiy zararning oʻrnini qoplashni talab qilishga haqli. Oʻyinlarni oʻtkazish shartlariga muvofiq gʻolib deb eʼtirof etiladigan shaxslarga oʻyinlarni oʻtkazish shartlarida nazarda tutilgan miqdorda, shaklda (pulda yoki naturada) va muddatda, agar ushbu shartlarda muddat koʻrsatilmagan boʻlsa, oʻyinlarning natijalari aniqlangan paytdan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay yoxud qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa muddatda oʻyinlar tashkilotchisi tomonidan yutuq toʻlanishi kerak. Oʻyinlarning tashkilotchisi ushbu moddaning beshinchi qismida koʻrsatilgan majburiyatini bajarmagan taqdirda, oʻyinda gʻolib boʻlgan ishtirokchi oʻyinlar tashkilotchisidan yutuqni toʻlashni, shuningdek oʻyinlar tashkilotchisi tomonidan shartnoma buzilganligi tufayli yetkazilgan zararlarning oʻrnini qoplashni talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 985-modda
Zarar yetkazganlik uchun javobgarlikning umumiy asoslari
Gʻayriqonuniy harakat (harakatsizlik) tufayli fuqaroning shaxsiga yoki mol-mulkiga yetkazilgan zarar, shuningdek yuridik shaxsga yetkazilgan zarar, shu jumladan boy berilgan foyda zararni yetkazgan shaxs tomonidan toʻliq hajmda qoplanishi lozim. Qonunda zararni toʻlash majburiyati zarar yetkazuvchi boʻlmagan shaxsga yuklatilishi mumkin. Qonunchilikda yoki shartnomada jabrlanuvchilarga zararni toʻlashdan tashqari tovon toʻlash majburiyati belgilab qoʻyilishi mumkin. Zarar yetkazgan shaxs, agar zarar oʻz aybi bilan yetkazilmaganini isbotlasa, zararni toʻlashdan ozod qilinadi. Qonunda zarar yetkazgan shaxsning aybi boʻlmagan taqdirda ham zararni toʻlash nazarda tutilishi mumkin. Qonuniy harakatlar tufayli yetkazilgan zarar qonunda nazarda tutilgan hollarda toʻlanishi lozim. Agar zarar jabrlanuvchining iltimosi yoki roziligi bilan yetkazilgan boʻlsa, zarar yetkazgan shaxsning harakatlari esa jamiyatning axloqiy tamoyillarini buzmasa, zararni toʻlash rad etilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 986-modda
Zarar yetkazishning oldini olish
Kelgusida zarar yetkazilishi xavfi borligi bunday xavfni yuzaga keltiradigan faoliyatni taqiqlash toʻgʻrisida daʼvo qoʻzgʻatishga asos boʻlishi mumkin. Agar yetkazilgan zarar zarar yetkazishni davom ettirayotgan korxona, inshootdan foydalanish yoxud boshqa ishlab chiqarish faoliyatining oqibati boʻlsa, sud javobgarga zararni qoplashdan tashqari tegishli faoliyatni toʻxtatib turish yoki tugatish majburiyatini yuklashga haqli. Tegishli faoliyatni toʻxtatib turish yoki tugatish jamoatchilik manfaatlariga zid boʻlgan taqdirdagina, sud bu haqdagi daʼvoni rad etishi mumkin. Bunday faoliyatni toʻxtatib turishni yoki tugatishni rad etish jabrlanuvchilarni ushbu faoliyat tufayli yetkazilgan zararni undirish huquqidan mahrum etmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 987-modda
Zaruriy mudofaa holatida zarar yetkazganlik
Zaruriy mudofaa holatida yetkazilgan zarar, agar bunda mudofaa chegarasidan chiqilmagan boʻlsa, toʻlanmaydi. Agar gʻayriqonuniy tajovuzdan himoyalanish paytida himoyalanuvchi uchinchi shaxsga zarar yetkazgan boʻlsa, bu zarar tajovuz qilgan shaxs tomonidan toʻlanishi lozim. Shaxsga uning jinoiy harakatlarining payini qirqish yoxud uni ushlash va tegishli organlarga olib borish sababli yetkazilgan zarar toʻlanmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 988-modda
Oxirgi zarurat holatida zarar yetkazganlik
Oxirgi zarurat holatida yetkazilgan zarar, yaʼni zarar yetkazgan shaxsning oʻziga yoki boshqa shaxslarga tahdid solgan xavfni bartaraf etish uchun oxirgi zarurat holatida yetkazilgan zarar, agar bu xavf mazkur holatlarda boshqa vositalar bilan bartaraf etilishi mumkin boʻlmasa, zarar yetkazgan shaxs tomonidan toʻlanishi lozim, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno. Bunday zarar yetkazilgan holatlarni hisobga olib, sud uni toʻlash majburiyatini zararni yetkazgan shaxs uchinchi shaxsning manfaatini koʻzlab harakat qilgan boʻlsa, oʻsha shaxsga yuklashi yoxud bu uchinchi shaxsni ham, zarar yetkazgan shaxsni ham zararni toʻlashdan toʻliq yoki qisman ozod qilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 989-modda
Yuridik shaxsning yoki fuqaroning oʻz xodimi tomonidan yetkazilgan zarar uchun javobgarligi
Yuridik shaxs yoxud fuqaro oʻz xodimi mehnat (xizmat, lavozim) majburiyatlarini bajarib turgan vaqtida yetkazgan zararni qoplaydi. Ushbu bobning qoidalariga muvofiq, mehnat shartnomasi asosida, shuningdek fuqaroviy-huquqiy shartnoma asosida ish bajarayotgan fuqarolar, agar bunda ishlarni bexatar olib borish yuzasidan tegishli yuridik shaxsning yoki fuqaroning topshirigʻi boʻyicha yoki nazorati ostida harakat qilgan boʻlsalar yoki harakat qilishlari lozim boʻlgan boʻlsa, xodimlar deb eʼtirof etiladilar. Xoʻjalik shirkatlari va jamiyatlari, ishlab chiqarish kooperativlari oʻz ishtirokchilari (aʼzolari) tomonidan ular shirkat va jamiyat yoki kooperativning tadbirkorlik, ishlab chiqarish yoki boshqa faoliyatini amalga oshirish vaqtida yetkazilgan zararni qoplaydilar.
- FuqarolikCIVIL · 99-modda
Shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa nomoddiy neʼmatlar
Shaxsning hayoti va sogʻligʻi, shaʼni va qadr-qimmati, shaxsiy daxlsizligi, ishchanlik obroʻsi, shaxsiy hayotining daxlsizligi, xususiy va oilaviy siri, nomga boʻlgan huquqi, tasvirga boʻlgan huquqi, mualliflik huquqi, boshqa shaxsiy nomulkiy huquqlar hamda tugʻilganidan boshlab yoki qonunga muvofiq fuqaroga tegishli boʻlgan boshqa nomoddiy neʼmatlar tortib olinmaydi va oʻzga usul bilan boshqa shaxsga berilmaydi. Vafot etgan kishiga tegishli boʻlgan shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa nomoddiy neʼmatlar qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda boshqa shaxslar, shu jumladan huquq egasining vorislari tomonidan amalga oshirilishi va himoya etilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 990-modda
Davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, shuningdek ularning mansabdor shaxslari tomonidan yetkazilgan zarar uchun javobgarlik
Davlat organlarining, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining qonunga xilof qarorlari natijasida fuqaroga yoki yuridik shaxsga yetkazilgan zarar, ular mansabdor shaxslarining aybidan qatʼi nazar, sudning qarori asosida qoplanishi lozim. Davlat organlari, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlari mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) natijasida fuqaroga yoki yuridik shaxsga yetkazilgan zarar sudning qarori asosida qoplanishi lozim. Zarar ushbu Kodeksning 15-moddasida nazarda tutilgan tartibda qoplanadi.
- FuqarolikCIVIL · 991-modda
Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlari va sudning qonunga xilof harakatlari tufayli yetkazilgan zarar uchun javobgarlik
Qonunga xilof tarzda hukm etish, qonunga xilof tarzda jinoiy javobgarlikka tortish, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishni yoki munosib xulq-atvorda boʻlish haqida tilxat olishni qonunga xilof qoʻllanish, qamoq tariqasidagi maʼmuriy jazoni qonunga xilof tarzda berish, shuningdek har qanday qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash natijasida fuqaroga yetkazilgan zarar tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlari va sudning mansabdor shaxslari aybidan qatʼi nazar, qonunda belgilangan tartibda davlat tomonidan toʻla hajmda toʻlanadi. Sudning qarori bilan zararni qoplash zarar yetkazilishida aybdor boʻlgan mansabdor shaxslar zimmasiga yuklanishi mumkin. Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlari va sudning boshqa tarzdagi qonunga xilof faoliyati natijasida fuqaroga yoki yuridik shaxsga yetkazilgan zarar, agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, umumiy asoslarda toʻlanadi.
- FuqarolikCIVIL · 992-modda
Zararning oʻz javobgarligini sugʻurtalagan shaxs tomonidan toʻlanishi
Ixtiyoriy yoki majburiy sugʻurta tartibida jabrlanuvchi foydasiga oʻz javobgarligini sugʻurtalagan yuridik shaxs yoki fuqaro yetkazilgan zararni toʻliq qoplash uchun sugʻurta tovoni (sugʻurta toʻlovi) yetishmagan taqdirda, sugʻurta tovoni (sugʻurta toʻlovi) va zararning haqiqiy miqdori oʻrtasidagi farqni toʻlaydi.
- FuqarolikCIVIL · 993-modda
Oʻn toʻrt yoshgacha boʻlgan voyaga yetmaganlar tomonidan yetkazilgan zarar uchun javobgarlik
Oʻn toʻrt yoshgacha boʻlgan voyaga yetmagan (kichik yoshdagi bola) tomonidan yetkazilgan zarar uchun uning ota-onasi (farzandlikka oluvchilari) yoki vasiylari, agar zarar ularning aybi bilan yetkazilmaganligini isbotlay olmasalar, javobgar boʻladilar. Agar vasiylikka muhtoj kichik yoshdagi bola tegishli tarbiyalash, davolash muassasasida, aholini ijtimoiy himoya qilish muassasasida yoki qonunga koʻra vasiysi hisoblanadigan boshqa shunga oʻxshash muassasada turgan boʻlsa, bu muassasa, agar zarar muassasaning aybi bilan yetkazilmaganligini isbotlay olmasa, kichik yoshdagi bola tomonidan yetkazilgan zararni toʻlashi shart. Agar kichik yoshdagi bola oʻquv yurti, tarbiyalash, davolash muassasasi yoki uning ustidan nazoratni amalga oshirishi shart boʻlgan boshqa muassasaning, shuningdek shartnoma asosida nazoratni amalga oshiruvchi shaxsning nazorati ostida turgan vaqtda zarar yetkazgan boʻlsa, bu muassasalar va shaxslar, agar zarar ularning nazoratni amalga oshirishdagi aybi bilan yetkazilmaganligini isbotlay olmasalar, zarar uchun javobgar boʻladilar. Ota-ona (farzandlikka oluvchilar), vasiylar, oʻquv yurtlari, tarbiyalash, davolash muassasalari va boshqa muassasalarning kichik yoshdagi bola tomonidan yetkazilgan zararni toʻlash majburiyati kichik yoshdagi bola voyaga yetishi yoki u zararni toʻlash uchun yetarlicha mol-mulk olishi munosabati bilan bekor boʻlmaydi. Agar ota-ona (farzandlikka oluvchilar), vasiylar, shuningdek ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatilgan boshqa shaxslar vafot etgan boʻlsalar yoki ular zararni toʻlash uchun yetarli mablagʻga ega boʻlmasalar, toʻliq muomalaga layoqatli boʻlib qolgan zarar yetkazuvchining oʻzi bunday mablagʻga ega boʻlsa, sud taraflarning mulkiy ahvolini, shuningdek boshqa holatlarni inobatga olib, zararni toʻliq yoki qisman zarar yetkazuvchining oʻz mol-mulki hisobidan qoplash toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 994-modda
Oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan voyaga yetmaganlar tomonidan yetkazilgan zarar uchun javobgarlik
Oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan voyaga yetmaganlar yetkazilgan zarar uchun umumiy asoslarda mustaqil javobgar boʻladilar. Oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan voyaga yetmaganning zararni qoplash uchun yetarli mol-mulki yoki boshqa daromad manbalari boʻlmagan taqdirda, zarar toʻligʻicha yoki uning yetishmagan qismi voyaga yetmaganning ota-onasi (farzandlikka oluvchilari) yoki vasiyi tomonidan, agar ular zarar oʻzlarining aybi bilan yetkazilmaganligini isbotlay olmasalar, toʻlanishi lozim. Agar homiylikka muhtoj oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan voyaga yetmagan tegishli tarbiyalash, davolash muassasasida, aholini ijtimoiy himoya qilish muassasasida yoki qonunga koʻra uning homiysi hisoblanuvchi boshqa shunga oʻxshash muassasada turgan boʻlsa, bu muassasalar, agar zarar ularning aybi bilan yetkazilmaganligini isbotlay olmasalar, zararni toʻligʻicha yoki uning yetishmaydigan qismini toʻlashlari shart. Zarar yetkazgan voyaga yetganida yoxud u voyaga yetmasidan unda mol-mulk yoki zararni toʻlash uchun yetarli daromad manbalari paydo boʻlganida yoxud u voyaga yetmasidan muomala layoqatiga ega boʻlganida ota-ona (farzandlikka oluvchilar), homiy va tegishli muassasaning zararni toʻlash boʻyicha majburiyati tugaydi.
- FuqarolikCIVIL · 995-modda
Ota-onalik huquqlaridan mahrum etilgan ota-onaning voyaga yetmaganlar tomonidan yetkazilgan zarar uchun javobgarligi
Sud ota-onalik huquqlaridan mahrum etilgan ota-onaga ularning voyaga yetmagan bolalari tomonidan ota-onasi oʻz huquqlaridan mahrum qilinganidan keyin uch yil ichida sodir etilgan zarar uchun, agar bolaning zarar yetkazilishiga sabab boʻlgan xulq-atvori ular bolani tarbiyalash boʻyicha oʻz majburiyatlarini lozim darajada bajarmaganliklarining oqibati boʻlsa, javobgarlikni yuklashi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 996-modda
Muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro tomonidan yetkazilgan zarar uchun javobgarlik
Muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro tomonidan yetkazilgan zararni uning vasiyi yoki uning ustidan nazoratni amalga oshirishi shart boʻlgan tashkilot, agar zarar ularning aybi bilan yetkazilmaganligini isbotlay olmasa, toʻlaydi. Vasiy yoki tashkilotning muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro tomonidan yetkazilgan zararni toʻlash boʻyicha majburiyati, uning muomala layoqati tiklangan taqdirda ham tugamaydi. Agar vasiy vafot etsa yoxud zararni toʻlash uchun yetarlicha mablagʻga ega boʻlmasa, zarar yetkazuvchining oʻzi esa bunday mablagʻga ega boʻlsa, sud jabrlanuvchining va zarar yetkazuvchining mulkiy ahvolini, shuningdek boshqa holatlarni inobatga olib, zararni toʻligʻicha yoki qisman zarar yetkazuvchining mol-mulki hisobidan toʻlash toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 997-modda
Muomala layoqati cheklangan fuqaro tomonidan yetkazilgan zarar uchun javobgarlik
Muomala layoqati cheklangan deb topilgan fuqaro tomonidan spirtli ichimliklar yoki giyohvandlik vositalarini suiisteʼmol qilish oqibatida yetkazilgan zararni uning oʻzi umumiy asoslarda toʻlaydi.
- FuqarolikCIVIL · 998-modda
Oʻz harakatlarining ahamiyatini tushuna olmaydigan fuqaro tomonidan yetkazilgan zarar uchun javobgarlik
Oʻz harakatlarining ahamiyatini tushuna olmaydigan yoki ularni idora qila olmaydigan holatda zarar yetkazgan muomalaga layoqatli fuqaro, shuningdek oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan voyaga yetmagan keltirgan zarari uchun javobgar boʻlmaydi. Agar jabrlanuvchining hayoti yoki sogʻligʻiga zarar yetkazilgan boʻlsa, sud jabrlanuvchining va zarar yetkazuvchining mulkiy ahvolini, shuningdek boshqa holatlarni inobatga olib, zararni toʻlash majburiyatini toʻligʻicha yoki qisman zarar yetkazuvchiga yuklashi mumkin. Zarar yetkazuvchi, agar spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari isteʼmol qilish tufayli yoki boshqa usulda oʻzini oʻzi shu holatga keltirgan boʻlsa, javobgarlikdan ozod qilinmaydi. Agar zarar ruhiy holati buzilgani (ruhiy kasallik yoki aqli zaiflik) oqibatida oʻz harakatlari ahamiyatini tushuna olmagan yoki ularni idora qila olmagan shaxs tomonidan yetkazilgan boʻlsa, zararni toʻlash majburiyati sud tomonidan bu shaxs bilan birga yashovchi, zarar yetkazuvchining bunday holati haqida bilgan, lekin uni muomalaga layoqatsiz deb topish va uning ustidan vasiylik oʻrnatish toʻgʻrisida masala qoʻymagan eri (xotini), ota-onasi, voyaga yetgan farzandlariga yuklanishi mumkin.