Mukofotni toʻlash majburiyati
Eʼlonda koʻrsatilgan harakatni kim unda belgilangan muddatda bajarsa, oʻshanga pul mukofoti toʻlash yoki boshqa mukofotni berish toʻgʻrisida (mukofotni toʻlash toʻgʻrisida) oshkora eʼlon qilgan shaxs tegishli harakatni sodir etgan har qanday shaxsga vaʼda qilingan mukofotni toʻlashi shart.
Mukofotni toʻlash majburiyati mukofot vaʼda qilinishi uning kim tomonidan vaʼda qilinganini aniqlash imkonini bergan taqdirda yuzaga keladi. Vaʼdaga qiziqish bildirgan shaxs vaʼdani yozma ravishda tasdiqlashni talab qilishga haqli va, agar haqiqatda mukofot toʻgʻrisidagi eʼlon unda koʻrsatilgan shaxs tomonidan qilinmagan boʻlib chiqsa, bunday talab qoʻyilmaganligi oqibatlari xavfi uning zimmasida boʻladi.
Agar mukofotni oshkora vaʼda qilishda uning miqdori koʻrsatilmagan boʻlsa, u mukofotni vaʼda qilgan shaxs bilan kelishuvga koʻra aniqlanadi, nizo kelib chiqqan taqdirda esa sudda aniqlanadi.
Mukofotni toʻlash majburiyati, tegishli harakat eʼlon qilinishi munosabati bilan yoki undan mustasno tarzda bajarilganidan qatʼi nazar, yuzaga keladi.
Eʼlonda koʻrsatilgan harakatni bir necha shaxs sodir etgan hollarda, ulardan tegishli harakatni birinchi boʻlib sodir etgani mukofotni olish huquqiga ega boʻladi.
Agar eʼlonda koʻrsatilgan harakat ikki yoki undan ortiq shaxs tomonidan bajarilgan boʻlsa va ulardan qaysi biri tegishli harakatni birinchi boʻlib sodir etganini aniqlashning imkoni boʻlmasa, shuningdek, agar harakat ikki yoki bundan ortiq shaxslar tomonidan bir paytning oʻzida sodir etilgan boʻlsa, mukofot ular oʻrtasida bab-baravar yoki ularning oʻzaro kelishuvida nazarda tutilgan miqdorda taqsimlanadi.
Agar mukofot toʻgʻrisidagi eʼlonda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa yoki unda koʻrsatilgan harakat xususiyatidan kelib chiqmasa, bajarilgan harakatning eʼlonda mavjud boʻlgan talablarga muvofiqligi mukofotni oshkora vaʼda qilgan shaxs tomonidan aniqlanadi, nizo kelib chiqqan taqdirda esa sudda aniqlanadi.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish