Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 999-modda
Tevarak-atrofdagilarga oshiqcha xavf tugʻdiradigan faoliyat tufayli yetkazilgan zarar uchun javobgarlik
Faoliyati tevarak-atrofdagilarga oshiqcha xavf tugʻdiradigan yuridik shaxslar va fuqarolar (transport tashkilotlari, sanoat korxonalari, qurilishlar, transport vositalarining egalari va boshqalar) oshiqcha xavf manbai yetkazgan zararni, agar zarar bartaraf qilib boʻlmaydigan kuch yoki jabrlanuvchining qasddan qilgan harakati oqibatida yuzaga kelganini isbotlay olmasalar, toʻlashlari shart. Zararni toʻlash majburiyati oshiqcha xavf manbaiga mulk huquqi, operativ boshqaruv huquqi yoxud boshqa har qanday qonuniy asosda (mulkiy ijara shartnomasi, transport vositasini boshqarish huquqini beradigan ishonchnoma, tegishli organning unga ortiqcha xavf manbaini topshirish toʻgʻrisidagi farmoyishiga koʻra va hokazo) egalik qiluvchi yuridik shaxs yoki fuqaroga yuklanadi. Oshiqcha xavf manbalarining egalari bu manbalarning bir biriga taʼsiri (transport vositalarining toʻqnashuvi va hokazo) natijasida uchinchi shaxslarga yetkazilgan zarar uchun ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha solidar javobgar boʻladilar. Oshiqcha xavf manbalarining oʻzaro taʼsiri natijasida ularning egalariga yetkazilgan zarar umumiy asoslarda qoplanadi. Bunda bir tarafning aybi bilan yetkazilgan zarar shu taraf tomonidan toʻliq hajmda qoplanadi, ikkala yoki bir nechta taraflarning aybi bilan yetkazilgan zarar esa ulardan har birining aybi darajasiga mutanosib ravishda qoplanadi. Taraflardan har birining aybi darajasini aniqlash imkoniyati boʻlmaganda javobgarlik ular oʻrtasida teng baravar taqsimlanadi. Zararning yetkazilishida taraflarning aybi boʻlmaganda ulardan hech biri zararni qoplashni talab qilish huquqiga ega emas. Bunday holda taraflarning har biri oʻzi koʻrgan zarar xavfini zimmasiga oladi. Oshiqcha xavf manbaining egasi shu manba yetkazgan zarar uchun, agar manba egasining tasarrufidan boshqa shaxslarning gʻayrihuquqiy harakatlari (harakatsizligi) natijasida chiqib ketganligini isbotlasa, javobgar boʻlmaydi. Bunday hollarda oshiqcha xavf manbai tomonidan yetkazilgan zarar uchun javobgarlik manbani gʻayrihuquqiy egallab olgan shaxsning zimmasida boʻladi. Bu manbani egasining tasarrufidan gʻayrihuquqiy tortib olishda egasining aybi boʻlgan taqdirda, javobgarlik uning egasiga ham, oshiqcha xavf manbaini egallab olgan shaxslarga ham yuklanishi mumkin.
- IsteʼmolchiCONSUMER_RIGHTS · 1-modda
Ushbu Qonunda qoʻllaniladigan asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi tushunchalar qoʻllaniladi: isteʼmolchi — foyda chiqarib olish bilan bogʻliq boʻlmagan holda shaxsiy isteʼmol yoki boshqa maqsadlarda tovar sotib oluvchi, ish, xizmatga buyurtma beruvchi yoxud shu niyatda boʻlgan fuqaro (jismoniy shaxs); ishlab chiqaruvchi — isteʼmolchiga realizatsiya qilish uchun tovar ishlab chiqaradigan korxona, tashkilot, muassasa yakka tartibdagi tadbirkor yoki oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar; ijrochi — maishiy xizmat, uy-joy-kommunal, taʼmirlash-qurilish, transport xizmati va xizmat koʻrsatishning boshqa sohalarida shartnoma boʻyicha isteʼmolchi uchun ishlar bajaradigan yoki xizmatlar koʻrsatadigan korxona, tashkilot, muassasa yakka tartibdagi tadbirkor yoki oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar; sotuvchi — oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha isteʼmolchiga tovar realizatsiya qiladigan korxona, tashkilot, muassasa yakka tartibdagi tadbirkor yoki oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar; shartnoma — tovarni olish-sotishni amalga oshirishda, ishlar bajarish va xizmatlar koʻrsatishda sifat, miqdor, muddat, narx va boshqa shartlar toʻgʻrisida isteʼmolchi bilan sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) oʻrtasidagi ogʻzaki yoki yozma kelishuv; tovar — ishlab chiqaruvchi faoliyatining isteʼmolchiga shartnoma boʻyicha sotish uchun moʻljallagan mahsuli, shu jumladan, import mahsuloti; normativ hujjatlar — texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar hamda boshqa hujjatlar (shaharsozlik normalari va qoidalari, davlat farmakopeyasi hamda farmakopeya maqolalari), texnik tavsiflar, retsepturalar, shuningdek tovarning (ishning, xizmatning) sifatiga va xavfsizligiga doir majburiy talablarni oʻz ichiga olgan boshqa hujjatlar; tovar (ish, xizmat)ning xavfsizligi — tovarni isteʼmol qilish, undan foydalanish, uni saqlash, tashish yoki utilizatsiya qilishning, shuningdek, ish yoki xizmat natijalaridan foydalanishning odatdagi sharoitlarida isteʼmolchining hayoti, sogʻligʻi yoki mol-mulkiga va atrof-muhitga zarar yetkazilishi ehtimoli bilan bogʻliq xavf xatarning yoʻqligi; muvofiqlik sertifikati — sertifikatlangan mahsulotning belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjat; tovar (ish, xizmat)ning nuqsoni — tovar (ish, xizmat)ning normativ hujjatlarning majburiy talablariga, shartnoma shartlariga yoxud tovar (ish, xizmat)ning sifatiga odatda qoʻyiladigan talablarga nomuvofiqligi; tovar (ish, xizmat)ning jiddiy nuqsoni — tovar (ish, xizmat)dan belgilangan maqsadda foydalanib boʻlmaydigan qilib qoʻyadigan yoxud bartaraf etish uchun koʻp mehnat va vaqt sarflash talab qiladigan kamchilik; kafolat muddati — tovardan (xizmatdan) foydalanishning (onlar hisobidagi) normativ muddati yoki tovar (xizmat)ning muayyan vazifani (necha soatda, nechta ish jarayonida, qancha kilometr masofani bosib oʻtib va h.k.) bajarish vaqti tarzida belgilangan muddati boʻlib, bu muddat ichida ishlab chiqaruvchi (ijrochi), basharti tovarni ishlatish (xizmatdan foydalanish) qoidalariga rioya etilgan boʻlsa, tovarning (xizmatning) sifatiga nisbatan normativ hujjatlarda nazarda tutilgan talablar bajarilishini kafolatlaydi va taʼminlaydi; xizmat muddati — tovardan foydalanishning belgilangan muddati boʻlib, u tamom boʻlgach, tovarning texnik holatidan qati nazar, undan foydalanish toʻxtatilishi lozim; yaroqlilik (saqlash) muddati — muayyan davr boʻlib, bu davrda tovar foydalanishga yaroqli boʻladi va u tamom boʻlgach, tovar odamlar hayoti hamda sogʻligʻi uchun xavf tugʻdirishi mumkin; kassa cheki — tovarning sotib olinganligini yoki ish (xizmat)ning haqi toʻlanganligini tasdiqlaydigan, tovar (ish, xizmat)ning bahosi, haq toʻlangan sana va kassa apparatining nomeri koʻrsatilgan hujjat; tovar cheki — tovarning sotib olinganligini yoki ish (xizmat)ning haqi toʻlanganligini tasdiqlovchi, tovar (ish, xizmat)ning bahosi, haq toʻlangan sana hamda sotuvchining nomi va joylashgan manzili haqidagi maʼlumot koʻrsatilgan hujjat. tovarni (ishni, xizmatni) isteʼmolchidan qaytarib olish — agar tovar (ish, xizmat) isteʼmolchi mulkiga aylangan yoki unga taklif etilgan boʻlsa, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) tomonidan amalga oshiriladigan, tovarning (ishning, xizmatning) xavfsizligi talablariga mos boʻlmagan tovarni (ishni, xizmatni) qaytarib olishga qaratilgan har qanday chora; tovarni (ishni, xizmatni) muomaladan chiqarish — ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) tomonidan amalga oshiriladigan, tovarning (ishning, xizmatning) xavfsizligi talablariga mos boʻlmagan tovarga (ishga, xizmatga) ofertani tugatish va bunga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgan har qanday chora;
- IsteʼmolchiCONSUMER_RIGHTS · 10-modda
Tovar (ish, xizmat)lar uchun haq toʻlash shakli hamda tartibi
Tovar (ish, xizmat)lar uchun haq toʻlash shakli hamda tartibi isteʼmolchi bilan sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) oʻrtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi. Tovarlarni kreditga sotish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Oldi-sotdi amalga oshirilganda isteʼmolchiga kassa yoki tovar cheki beriladi. Tovarni kassa yoki tovar chekini bermasdan sotish taqiqlanadi. Tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun haq toʻlash naqd pulli yoki naqd pulsiz shaklda amalga oshirilishi mumkin. Sotuvchining (ijrochining) haq toʻlash shakliga qarab tovarning ayni bir markasi (modeli, artikuli), shuningdek bir xil hajmdagi va sifatdagi ishlar, xizmatlar uchun har xil narxlar (tariflar) belgilashi, shu jumladan ularni sunʼiy ravishda oshirishi yoki pasaytirishi taqiqlanadi. Tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun naqd pulsiz shaklda haq toʻlanganda, isteʼmolchilarga ragʻbatlantirishlar berilishi mumkin.
- IsteʼmolchiCONSUMER_RIGHTS · 11-modda
Ishlab chiqaruvchi (ijrochi)ning kafillik majburiyatlari
Uzoq muddat foydalaniladigan barcha turdagi tovarlar va xizmatlarga ishlab chiqaruvchi (ijrochi) kafolat muddati belgilashi lozim. Kafolat muddati tovar isteʼmolchiga sotilgan yoki xizmat koʻrsatilgan kundan boshlab hisoblanadi. Agar tovar sotilgan kunni aniqlashning imkoni boʻlmasa, bu muddat tovar ishlab chiqarilgan kundan boshlab hisoblanadi. Ishlab chiqaruvchi (ijrochi) kafolat muddati mobaynida tovar (xizmat)ning, shu jumladan, butlovchi buyumlarning normal ishlashini (qoʻllanilishini, ulardan foydalanilishini) taʼminlashi shart. Butlovchi buyumlarning kafolat muddati, agar qonunchilikda boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, asosiy buyumning kafolat muddatidan kam boʻlmasligi lozim. Kafolat muddati tovar (xizmat)ning pasportida yoki tovarni sotish yoxud xizmat koʻrsatish paytida tovar bilan birgalikda isteʼmolchiga beriladigan boshqa hujjatda koʻrsatiladi. Ishlab chiqaruvchi tovardan kafolat muddati va xizmat muddati mobaynida foydalanish imkoniyatini taʼminlashi, tovarning taʼmirlanishini va unga texnik xizmat koʻrsatilishini tashkil etishi, tovarni ishlab chiqarish muddati mobaynida hamda u ishlab chiqarishdan olib tashlanganidan keyin tovarning xizmat muddati mobaynida, bunday muddat boʻlmagan taqdirda esa, tovar ishlab chiqarishdan olib tashlangan paytdan eʼtiboran oʻn yil mobaynida yetarli hajmda va turda ehtiyot qismlari ishlab chiqarishi hamda savdo va taʼmirlash tashkilotlariga yetkazib berishi shart. Dori vositalari va tibbiy buyumlarda, oziq-ovqat va maishiy kimyo tovarlarida ularning ishlab chiqarilgan sanasi, yaroqlilik muddati hamda ularni saqlash shartlari koʻrsatilgan boʻlishi lozim. Sotuvchilarga ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati koʻrsatilmagan yoki yaroqlilik muddati oʻtgan tovarlarni qabul qilish hamda realizatsiya qilish man etiladi.
- IsteʼmolchiCONSUMER_RIGHTS · 12-modda
Isteʼmolchining tovar (ish, xizmat) xavfsiz boʻlishiga talab qoʻyish huquqi
Isteʼmolchi oʻzi sotib olgan tovar (ish, xizmat) sanitariya-gigiyena, shu jumladan, radiologiya, epidemiyaga qarshi talablarga va amaldagi boshqa normalar hamda qoidalarga rioya etgan holda ishlab chiqarilgan yoki bajarilgan boʻlishiga va uning hayoti, sogʻligʻi, atrof-muhit uchun xavfsiz boʻlishiga, shuningdek, uning mol-mulkiga zarar yetkazmasligiga kafolat berilishini talab qilish huquqiga ega. Tovar (ish, xizmat)ning isteʼmolchilar hayoti, sogʻligʻi, mol-mulki va atrof-muhit uchun xavfsiz boʻlishiga doir talablar qonunchilik bilan belgilanadi. Ishlab chiqaruvchi (ijrochi) tovar (ish, xizmat)ning xizmat muddati yoki yaroqlilik muddati mobaynida, agar bunday muddat belgilanmagan boʻlsa, tovar isteʼmolchiga sotilgan (ish bajarilgan) dan eʼtiboran oʻn yil mobaynida uning xavfsiz boʻlishini taʼminlashi shart. Isteʼmolchilarning hayoti, sogʻligʻi, mol-mulki hamda atrof-muhit uchun xavf tugʻdiruvchi tovar ishlab chiqarganlik (ish bajarganlik, xizmat koʻrsatganlik) uchun qonunchilikka muvofiq: ishlab chiqaruvchi (ijrochi); normativ hujjatlarni tasdiqlagan organ; muvofiqlik sertifikati bergan organ; sogʻliqni saqlash, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, veterinariya xizmati organlari yoki xavfli tovar (ish, xizmat)ni ishlab chiqarish yoxud realizatsiya qilishga ruxsat bergan boshqa organlar javobgar boʻladi. Tovar (ish, xizmat)ning xavfsiz boʻlishi taʼminlanmaganligi oqibatida isteʼmolchining hayoti, sogʻligʻi yoki mol-mulkiga yetkazilgan zarar ushbu Qonunning 20-moddasiga muvofiq qoplanishi lozim. Agar tovar (ish, xizmat)dan xavfsiz foydalanish yoki uni shu tarzda tashish va saqlash uchun maxsus qoidalarga rioya etish zarur boʻlsa, ishlab chiqaruvchi (ijrochi) bunday qoidalarni ishlab chiqishi, sotuvchi (ijrochi) esa, ularni isteʼmolchilar eʼtiboriga yetkazishi shart. Agar tovardan foydalanish, uni saqlash, tashish yoki utilizatsiya qilish, ish (xizmat) natijalari isteʼmolchining hayoti, sogʻligʻi, mol-mulkiga yoki atrof-muhitga zarar yetkazayotganligi yoxud zarar yetkazishi mumkinligi aniqlansa, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) zarar keltiruvchi sabablar bartaraf etilgunga qadar ularni ishlab chiqarishni (bajarishni, uni realizatsiya qilishni) darhol toʻxtatishi, muomaladan chiqarish va isteʼmolchilardan qaytarib olish choralarini koʻrishi shart. Zarar yetkazilishining sabablarini bartaraf etish mumkin boʻlmagan taqdirda, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) bunday tovarni ishlab chiqarishdan olib tashlashi, ishni bajarish va xizmat koʻrsatishni tugatishi shart, bunda davolashga, oziq-ovqatga moʻljallangan tovarlar va maishiy kimyo tovarlari sotuvchi yoki ishlab chiqaruvchi tomonidan utilizatsiya qilinishi shart. Bu majburiyatlar sotuvchi yoki ishlab chiqaruvchi (ijrochi) tomonidan bajarilmagan taqdirda, tovarni ishlab chiqarishdan olib tashlash, ishni bajarish va xizmat koʻrsatishni toʻxtatish, ularni muomaladan chiqarish va isteʼmolchilardan qaytarib olish tovarning (ishning, xizmatning) xavfsiz boʻlishi va sifati ustidan nazoratni amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organlari koʻrsatmasiga binoan amalga oshiriladi. Isteʼmolchining hayoti, sogʻligʻi va mol-mulkiga hamda atrof-muhit uchun xavfli boʻlgan tovarlarning partiyalarini muomaladan chiqarish, ishlarni bajarishni va xizmatlar koʻrsatishni taqiqlab qoʻyish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilanadi. Tovarni qaytarib olish, ishni bajarishni va xizmat koʻrsatishni taqiqlab qoʻyish munosabati bilan isteʼmolchiga yetkazilgan zarar ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) tomonidan toʻliq hajmda qoplanishi lozim. Agar ishlab chiqaruvchi (sotuvchi) xavfli xossalarga ega boʻlgan tovarni qaytarib olish yuzasidan barcha zarur choralarni koʻrgan boʻlsa, u isteʼmolchi mazkur tovardan foydalanishni davom ettiraverishi tufayli yetkazilgan zarar uchun javobgarlikdan ozod qilinadi.
- IsteʼmolchiCONSUMER_RIGHTS · 12¹-modda
Oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha tovarni topshirish muddatini (muddatlarini) buzish
Oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq sotuvchi shartnomada belgilangan muddatda (muddatlarda) tovarni isteʼmolchiga topshirishi shart. Tovarni topshirish sotuvchi tomonidan oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq uni isteʼmolchiga yoki u koʻrsatgan shaxsga topshirish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Sotuvchi oldi-sotdi shartnomasida koʻrsatilgan muddatda (muddatlarda) tovarni topshirish boʻyicha majburiyatni bajarmagan taqdirda, sotuvchi kechiktirilgan har bir vaqt birligi (shartnomada koʻrsatilgan daqiqa, soat, kun) uchun majburiyatning bajarilmagan qismining 0,5 foizi miqdorida isteʼmolchiga penya toʻlaydi, biroq bunda penyaning umumiy summasi topshirilmagan tovar bahosidan oshib ketmasligi kerak. Penyani toʻlash sotuvchini oldi-sotdi shartnomasida koʻrsatilgan muddatda (muddatlarda) tovarni topshirish boʻyicha majburiyatni buzganlik oqibatida isteʼmolchiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplashdan ozod etmaydi. Sotuvchining ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan penyani toʻlashi va zararning oʻrnini qoplashi sotuvchini majburiyatlarni asl holida bajarishdan ozod etmaydi. Oldi-sotdi shartnomasini tuzishda va savdo qoidalarini belgilashda penya miqdori ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan miqdordan kam etib belgilanishi mumkin emas.
- IsteʼmolchiCONSUMER_RIGHTS · 13-modda
Isteʼmolchiga nuqsonli tovar sotilganda uning huquqlari
Nuqsonli tovar sotilganda isteʼmolchi, agar bu hol shartnoma tuzish paytida aytib oʻtilmagan boʻlsa, oʻz xohishiga qarab quyidagilardan birini talab qilishga haqli: tovarni ayni shunday markali (modelli, artikulli) maqbul sifatli tovarga almashtirib berish; tovarni boshqa markali (modelli, artikulli) shunday tovarga almashtirib, uning xarid narxini tegishincha qayta hisob-kitob qilish; tovarning nuqsonlarini bepul bartaraf etish yoki isteʼmolchining yoxud uchinchi shaxsning nuqsonlarni bartaraf etishga qilgan xarajatlarini qoplash; xarid narxini nuqsonga mutanosib ravishda kamaytirish; shartnomani bekor qilib, koʻrilgan zararni qoplash. Agar nuqsonlar: tovarning kafolat muddati yoxud yaroqlilik muddati mobaynida; kafolat muddati va yaroqlilik muddati belgilanmagan tovarlar boʻyicha olti oy mobaynida; koʻchmas mulk isteʼmolchiga oʻtkazilgan kundan eʼtiboran ikki yil mobaynida, agar shartnomada bundan uzoqroq muddat nazarda tutilmagan boʻlsa; mavsumiy tovarlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilangan muddat mobaynida aniqlangan boʻlsa, isteʼmolchi mazkur huquqlarini roʻyobga chiqarishi mumkin. Isteʼmolchi oʻziga sotilgan toʻplamlar, garniturlar, komplektlar va komplekslarning mustaqil tarkibiy qismi boʻlgan va mustaqil narxga ega boʻlgan buyumlarda nuqsonlar borligini aniqlagan taqdirda, butun toʻplam, garnitur, komplekt va kompleksga nisbatan ham, ularning nuqsonlari bor mustaqil tarkibiy qismlariga nisbatan ham ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan talablarni qoʻyishga haqlidir. Ushbu moddaning birinchi qismida bayon etilgan talablarni isteʼmolchi sotuvchiga qoʻyadi. Isteʼmolchining talablari u kassa yoki tovar chekini yoxud sotib olinganlikni tasdiqlovchi boshqa hujjatlarni (dalillarni), kafolat muddati belgilangan tovarlar boʻyicha esa, tegishlicha rasmiylashtirilgan texnik pasport yoki uning oʻrnini bosuvchi boshqa hujjatga taqdim etgan taqdirda koʻrib chiqiladi. Isteʼmolchining texnik pasportni yoʻqotib qoʻygan taqdirda, uni qayta tiklash qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi. Tovarda aniqlangan nuqsonlar ishlab chiqaruvchi tomonidan bartaraf etiladi. Ishlab chiqaruvchi bilan sotuvchining oʻzaro munosabatlari shartnoma bilan tartibga solinadi.
- IsteʼmolchiCONSUMER_RIGHTS · 14-modda
Nuqsonli tovarni almashtirib berish tartibi
Isteʼmolchi tovarning ishlab chiqarilishiga, tuzilishiga, tarkibiga doir kamchiliklarni yoki boshqa nuqsonlarni aniqlagan taqdirda sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) uni ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovarga yetti kunlik muddatda, tovar sifatini sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) tomonidan qoʻshimcha ravishda tekshirish zarur boʻlganida esa, isteʼmolchi talab qoʻygan paytdan eʼtiboran yigirma kun ichida almashtirib berishi shart. Ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovar boʻlmagan taqdirda, isteʼmolchining almashtirib berish xususidagi talabi daʼvo qilingan paytdan eʼtiboran bir oy ichida qondirilishi kerak. Choʻl va olis joylarda, tovarlar vaqti-vaqti bilan olib boriladigan joylarda isteʼmolchining bunday talabi ushbu joylarga navbatdagi tovar yetkazib berish uchun ketadigan muddat ichida, lekin ikki oydan kechiktirmay qondirilishi lozim. Ana shu muddatlarning oʻtkazib yuborilgan har bir kuni uchun sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) isteʼmolchiga almashtirilgan tovarni berish bilan bir vaqtda tovar bahosining bir foizi miqdorida neustoyka (penya) toʻlaydi. Isteʼmolchining roziligi bilan sotuvchi nuqsonli tovarni boshqa markali (modelli, artikulli) shunday tovarga almashtirib berib, xarid narxini tegishincha qayta hisob-kitob qilishi shart.
- IsteʼmolchiCONSUMER_RIGHTS · 15-modda
Tovar nuqsonlarini bepul bartaraf etish tartibi
Tovarda kafolat muddatida topilgan nuqsonlarni sotuvchi isteʼmolchi tegishli talab qoʻygan paytdan eʼtiboran yigirma kun ichida, ishlab chiqaruvchi esa, oʻn kun ichida bepul bartaraf etishi lozim. Isteʼmolchi kafolat muddati tugaganidan keyin tovarning nuqsonlarini bepul bartaraf etish toʻgʻrisida ishlab chiqaruvchiga talab qoʻyishga haqli. Bunday talab, basharti tovarda ishlab chiqaruvchining aybi bilan yoʻl qoʻyilgan jiddiy nuqsonlar aniqlangan boʻlsa, belgilangan xizmat muddati mobaynida, agar xizmat muddati belgilanmagan boʻlsa, oʻn yil mobaynida qoʻyilishi mumkin. Uzoq muddat davomida foydalaniladigan tovarni taʼmirlashga ketadigan vaqtda foydalanib turish uchun isteʼmolchining talabiga binoan nuqsonli tovar qaytarib berilganidan keyin uch kun ichida unga ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovar berib turiladi (sotuvchining hisobidan uning oʻzi yoki vakili eltib beradi). Buning uchun ishlab chiqaruvchi sotuvchi bilan birgalikda shartnoma asosida tovarlarning almashuv fondini nazarda tutishlari shart. Mazkur talablar tatbiq etilmaydigan uzoq muddat davomida foydalaniladigan tovarlar roʻyxatini Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati belgilaydi. Tovardagi nuqsonlarni bartaraf etish xususida talab qoʻyilgan taqdirda, undan foydalanishning kafolat muddati isteʼmolchining tovardan foydalana olmagan davrga teng muddatga uzaytiriladi. Mazkur muddat isteʼmolchi nuqsonlarni bartaraf etish talabi bilan murojaat etgan kundan eʼtiboran hisoblana boshlaydi. Sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) isteʼmolchining taʼmirlashga ketadigan vaqtda foydalanish uchun shunday tovarni berib turish haqidagi talabini bajarish kechiktirilgan har bir kun uchun, shuningdek, nuqsonlarni bartaraf etishning shartnomadan kelib chiqadigan muddatlaridan ortiq kechiktirilgan har bir kun uchun tovar narxining bir foizi miqdorida isteʼmolchiga neustoyka (penya) toʻlaydi.
- IsteʼmolchiCONSUMER_RIGHTS · 16-modda
Isteʼmolchining nuqsonli tovarning xarid narxini nuqsonga mutanosib ravishda kamaytirishni yoki shartnomani bekor qilishni talab qilish huquqi
Agar sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) isteʼmolchining tovarni almashtirib berish yoki undagi nuqsonlarni bartaraf etish haqidagi talablarini bajarmagan boʻlsa, isteʼmolchi tovarning xarid narxini nuqsonga mutanosib ravishda kamaytirishni yoki shartnomani bekor qilib yetkazilgan ziyon va maʼnaviy zararni ushbu Qonunning 20 va 22-moddalariga muvofiq qoplashni talab qilishga haqli.
- IsteʼmolchiCONSUMER_RIGHTS · 17-modda
Isteʼmolchiga nuqsonli tovar sotilgan taqdirda u bilan hisob-kitob qilish
Nuqsonli tovar ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovarga almashtirib berilgan vaqtda tovarning narxi oʻzgargan boʻlsa, qayta hisob-kitob qilinmaydi. Nuqsonli tovar boshqa markali (modelli, artikulli) tovarga almashtirib berilayotganda, agar almashtirilishi kerak boʻlgan tovar narxi uning oʻrniga berilayotgan tovar narxidan past boʻlsa, isteʼmolchi narxlardagi farqni qoʻshimcha ravishda toʻlashi lozim, almashtirilishi kerak boʻlgan tovar narxi uning oʻrniga berilayotgan tovar narxidan yuqori boʻlsa, isteʼmolchiga narxlardagi farq qaytariladi. Bunday hisob-kitob chogʻida almashtirilishi kerak boʻlgan tovar narxi oshgan taqdirda, uning talab qoʻyilgan paytdagi narxi, narxi pasaygan taqdirda esa, xarid qilingan paytdagi narxi qoʻllaniladi. Shartnoma bekor qilinayotganda tovar narxi oshgan boʻlsa, isteʼmolchi bilan hisob-kitob tovarning tegishli talab qoʻyilgan paytdagi qiymatiga qarab, narxi pasaygan taqdirda esa, xarid qilingan paytdagi qiymatiga qarab amalga oshiriladi. Tovarni kreditga sotish toʻgʻrisidagi shartnoma bekor qilinganligi munosabati bilan tovar qaytarilgan taqdirda, tovar qaytarilguniga qadar shartnoma boʻyicha isteʼmolchi tomonidan toʻlangan pul summasi unga qaytarib beriladi, shuningdek kredit olish bilan bevosita bogʻliq boʻlgan barcha xarajatlarning hamda kredit boʻyicha hisoblangan foizlar summasining oʻrni qoplanadi. Agar taraflarning kelishuvida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, isteʼmolchi tomonidan toʻlangan pul summasini unga qaytarish tovar uchun haq toʻlash qanday shaklda amalga oshirilgan boʻlsa, xuddi shunday shaklda amalga oshiriladi. Hajmi katta yoki vazni besh kilogrammdan ziyod tovarni taʼmirlash, narxini tushirish, almashtirish uchun eltish va isteʼmolchiga qaytarib keltirib berish sotuvchining (ishlab chiqaruvchining) kuchi bilan va uning hisobidan amalga oshiriladi. Ushbu majburiyat bajarilmagan taqdirda tovarni eltish va qaytarib olib kelish isteʼmolchi tomonidan amalga oshirilishi mumkin Bunda isteʼmolchining tovarni eltish va qaytarib olib ketish bilan bogʻliq xarajatlarini sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) qoplashi shart.
- IsteʼmolchiCONSUMER_RIGHTS · 18-modda
Isteʼmolchining maqbul sifatli tovarni almashtirib olish huquqi
Isteʼmolchi maqbul sifatli nooziq-ovqat tovarini xarid qilgan kunidan eʼtiboran oʻn kun ichida ushbu tovar sotib olingan joydagi sotuvchidan uni ayni shunday tovarga almashtirib olishga bunday tovar sotuvda boʻlmasa, pulini qaytarib olishga haqli. Agar tovardan foydalanilmagan, u shikastlanmagan, qadogʻi bilan qaytarilgan boʻlsa, uning isteʼmol xususiyatlari saqlangan va ushbu sotuvchidan sotib olganligini tasdiqlovchi asoslar boʻlsa, isteʼmolchining tovarni almashtirish yoxud qaytarib olish haqidagi talabi qanoatlantirilishi lozim. Agar taraflarning kelishuvida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, isteʼmolchi tomonidan toʻlangan pul summasini unga qaytarish tovar uchun haq toʻlash qanday shaklda amalga oshirilgan boʻlsa, xuddi shunday shaklda amalga oshiriladi. Almashtirib olish tartibi va almashtirib berilmaydigan tovarlar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tasdiqlaydigan qoidalar bilan belgilanadi.
- IsteʼmolchiCONSUMER_RIGHTS · 19-modda
Ishni bajarish, xizmat koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnoma shartlari buzilgan taqdirda isteʼmolchining huquqlari
Ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar koʻrsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat koʻrsatishi) shart. Ishni bajarish (xizmat koʻrsatish) muddati ish bajarilishi (xizmat koʻrsatilishi) lozim boʻlgan sanaga (davrga), shuningdek, ijrochi ishni bajarishga (xizmat koʻrsatishga) kirishishi lozim boʻlgan sanaga (davrga) qarab belgilanishi mumkin. Agar ish bajarish xizmat koʻrsatish shartnomaning amal qilish muddati davomida qismlarga boʻlib-boʻlib ado etiladigan boʻlsa (vaqtli matbuotni yetkazib berish, texnik xizmat koʻrsatish va boshqalar), ishlar bajarish (xizmatlar koʻrsatish)ning bosqichma-bosqich muddatlari (davrlari) nazarda tutilishi kerak. Agar ijrochi shartnomani ijro etishga oʻz vaqtida kirishmasa yoki shartnomaning belgilangan muddatda bajarilmasligi ayon boʻlib qolsa, isteʼmolchi ishni bajarish, xizmat koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomadan voz kechishga va yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqli. Agar ijrochi shartnoma shartlarini ish (xizmat)ni yomonlashtirgan darajada jiddiy buzgan boʻlsa, yoxud ishda (xizmatda) boshqa jiddiy nuqsonlarga yoʻl qoʻygan boʻlsa, isteʼmolchi oʻz xohishiga koʻra nuqsonlar bepul bartaraf etilishini, bajarilgan ish (koʻrsatilgan xizmat) bahosi nuqsonlarga mutanosib ravishda kamaytirilishini, xuddi shunday sifatli shu xildagi materialdan boshqa buyum bepul tayyorlab berilishini yoxud ishning takroran bajarilishini yoinki shartnoma bekor qilinib, koʻrilgan zarar toʻliq qoplanishini talab qilishga haqli. Isteʼmolchi ushbu moddaning toʻrtinchi qismida koʻrsatilgan huquqlarni: ishni (xizmatni) qabul qilib olish vaqtida yoki uning bajarilishi jarayonida nuqsonlar aniqlangan taqdirda; kafolat muddati davomida, kafolat muddati boʻlmagan taqdirda esa, ish (xizmat) qabul qilib olingan kundan eʼtiboran olti oy davomida; import yoki boshqa koʻchmas mulkda nuqsonlar aniqlangan kundan eʼtiboran ikki yil davomida roʻyobga chiqarishi mumkin. Ish bajarish (xizmat koʻrsatish) jarayonida aniqlangan nuqsonlarni bartaraf etish muddatlari shartnomada belgilab qoʻyiladi. Bajarilgan ish (koʻrsatilgan xizmat)dagi nuqsonlar, agar shartnomada birmuncha qisqaroq muddat belgilanmagan boʻlsa, isteʼmolchi talab qilgan kundan eʼtiboran yigirma kun ichida ijrochi tomonidan bartaraf etilishi kerak. Nuqsonlar belgilangan muddatda bartaraf etilmagan, shuningdek, ish bajarishni (xizmat koʻrsatishni) boshlash va tugallash kechiktirilgan taqdirda, ijrochi isteʼmolchi har bir kechiktirilgan kun, soat (agar muddat soatlarda belgilangan boʻlsa) uchun ish (xizmat) qiymatining yoki buyurtma qiymatini (agar uning qiymati alohida belgilanmagan boʻlsa) bir foizi miqdorida neustoyka (penya) toʻlaydi. Isteʼmolchi undirib olgan neustoyka (penya) summasi ish bajarish (xizmat koʻrsatish)ning alohida turi bahosidan yoki buyurtmaning umumiy bahosidan ortiq boʻlishi mumkin emas. Bajarilgan ishdagi nuqsonlarni bartaraf etish kechiktirilganligi uchun ijrochi toʻlagan neustoyka (penya) qoplanishi lozim boʻlgan zarar hisobiga kirmaydi. Ijrochining majburiyatni umuman yoki lozim darajada bajarilmaganlik uchun neustoyka (penya) toʻlashi va zararni qoplashi uni majburiyatni asl holida bajarishdan ozod etmaydi. Isteʼmolchidan qabul qilib olingan ashyo (material) yoʻqolgan, ishdan chiqqan, unga putur yetgan taqdirda yoki isteʼmolchining materialidan foydalanib bajarilgan ishda jiddiy nuqsonlar boʻlsa yo u buzib bajarilgan taqdirda ijrochi isteʼmolchiga aynan oʻxshash sifatli ashyoni qaytarishi (oʻzining aynan oʻxshash sifatli materialidan ish bajarishi yoki xizmat koʻrsatishi), buning imkoniyati boʻlmagan taqdirda esa, ashyoning (materialning) talab qoʻyilgan paytdagi qiymatini ikki baravar qilib toʻlashi shart. Ijrochi tomonidan ishlar bajarish va xizmatlar koʻrsatish uchun qabul qilib olinayotgan ashyo (material) qiymati shartnoma tuzish paytida tomonlarning kelishuviga muvofiq belgilanadi. Ishda (xizmatda) jiddiy nuqsonlar mavjud boʻlganida yoki shartnoma talablari jiddiy buzilganida, shuningdek, ashyo (material) yoʻqolgan, ishdan chiqqan, unga putur yetgan taqdirda isteʼmolchi bilan hisob-kitob ishning (xizmatning) yoki materialning shartnomani bekor qilish paytidan oshgan narxini hisobga olgan holda amalga oshiriladi. Sifatsiz bajarilgan ish (koʻrsatilgan xizmat) tufayli isteʼmolchiga yetkazilgan zarar uchun ijrochi ushbu Qonunning 20, 22, 27, 29-moddalariga muvofiq javobgar boʻladi. Ishlar bajarish va xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisida tuzilgan shartnomalar boʻyicha isteʼmolchilar bilan ijrochi oʻrtasidagi munosabatlarning oʻz mohiyatiga koʻra ushbu moddaga mos kelmaydigan xususiyatlari, shuningdek, shartnomalarning umuman yoki lozim darajada ijro etilmaganligi tufayli kelib chiqadigan oqibatlar bunday shartnomalarning alohida turlari toʻgʻrisida qonunchilikda belgilab qoʻyiladigan qoidalar bilan aniqlanadi.
- IsteʼmolchiCONSUMER_RIGHTS · 2-modda
Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik
Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonundan va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir. Qoraqalpogʻiston Respublikasida isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish Qoraqalpogʻiston Respublikasi qonunchiligi bilan ham tartibga solinadi. Qonunchilik hujjatlari ushbu Qonunda belgilangan isteʼmolchilarning huquqlarini cheklab qoʻyishi, ularni himoya qilishning kafolatlarini kamaytirishi mumkin emas.
- IsteʼmolchiCONSUMER_RIGHTS · 20-modda
Tovar (ish, xizmat)ning nuqsonlari tufayli yetkazilgan zarar uchun mulkiy javobgarlik
Tovar (ish, xizmat)ning tuzilishiga, ishlab chiqarilishiga, tarkibiga bogʻliq boʻlgan va boshqa nuqsonlari, shuningdek isteʼmolchining hayoti, sogʻligʻi yoki mol-mulkining xavfsizligini taʼmin eta olmaydigan materiallar, uskunalar, asbob-anjomlar, moslamalar yoki boshqa vositalar qoʻllanilishi oqibatida isteʼmolchining hayotiga, sogʻligʻi yoki mol-mulkiga yetkazilgan zarar sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) tomonidan qoplanishi lozim. Muvofiqlikni baholash qoidalarini buzish natijasida isteʼmolchining hayoti va sogʻligʻiga zarar yetkazilgan taqdirda, yetkazilgan zararning oʻrnini qoplashda muvofiqlikni baholash organi sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) bilan birga solidar javobgar boʻladi. Sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) bilan shartnoma munosabatlariga kirishgan-kirishmaganidan qatʼi nazar, har qanday isteʼmolchi tovar (ish, xizmat)ning nuqsoni tufayli yetkazilgan zarar qoplanishini talab qilish huquqiga ega. Isteʼmolchining hayoti, sogʻligʻi yoki mol-mulkiga yetkazilgan zarar, agar u normativ hujjatlarda nazarda tutilgan tovarning xizmat (yaroqlilik) muddati mobaynida, bunday muddat belgilanmagan taqdirda esa, tovar ishlab chiqarilgan (ish, xizmat qabul qilingan) paytdan eʼtiboran oʻn yil mobaynida yuzaga kelgan boʻlsa, qoplanishi lozim. Sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) zarar bartaraf qilib boʻlmaydigan kuch yoki foydalanish, saqlash yoxud tashishning belgilangan qoidalari isteʼmolchi tomonidan buzilishi tufayli yetkazilganligini isbotlasa, u javobgarlikdan ozod qilinadi. Tovarda (ishda, xizmatda) nuqsonlar borligi va uning normativ hujjatlar talablariga muvofiq emasligi tasdiqlangan taqdirda, sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) tekshiruv (test, ekspertiza) oʻtkazgan isteʼmolchiga yoki isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakolatli davlat organlariga tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) tekshirish (testdan oʻtkazish, ekspertiza qilish) bilan bogʻliq xarajatlarning oʻrnini toʻliq qoplashi kerak.
- IsteʼmolchiCONSUMER_RIGHTS · 21-modda
Shartnomaning isteʼmolchi huquqlarini cheklab qoʻyadigan shartlari haqiqiy emasligi
Shartnomaning isteʼmolchi huquqlarini cheklab qoʻyadigan va qonunchilikka zid boʻlgan talablari haqiqiy emas deb hisoblanadi. Agar ularni qoʻllanishi natijasida isteʼmolchiga zarar yetkazilgan boʻlsa, bu zarar ishlab chiqaruvchi (sotuvchi, ijrochi) tomonidan qoplanishi lozim. Sotuvchi (ijrochi) isteʼmolchini haq evaziga qoʻshimcha tovarlar sotib olishga yoki qoʻshimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek koʻrsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas. Shartnomaga isteʼmolchilarning qonunchilikda nazarda tutilgan huquqlarini kamsitadigan shartlarni kiritish, shuningdek ularga qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va afzalliklarni bermaslik taqiqlanadi.
- IsteʼmolchiCONSUMER_RIGHTS · 22-modda
Maʼnaviy zarar uchun haq toʻlash
Isteʼmolchining huquqlari buzilishi tufayli unga yetkazilgan maʼnaviy zarar uchun uni yetkazgan shaxs, basharti u aybdor boʻlsa, haq toʻlashi lozim. Maʼnaviy zarar uchun toʻlanadigan haq miqdorini sud belgilaydi. Maʼnaviy zarar uchun haq toʻlash mulkiy ziyon va isteʼmolchi koʻrgan zararning oʻrni qoplanishidan qatʼi nazar, amalga oshiriladi.
- IsteʼmolchiCONSUMER_RIGHTS · 23-modda
Isteʼmolchilar huquqlarining davlat tomonidan himoya qilinishini taʼminlash
Davlat isteʼmolchilarning tovar (ish, xizmat) sotib olishi va undan foydalanish chogʻidagi huquqlari hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlari himoya qilinishini kafolatlaydi. Isteʼmolchilarning huquqlari davlat tomonidan himoya qilinishini davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek, sudlar taʼminlaydilar. Sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) bilan shartnomaviy munosabatlarda isteʼmolchi qonunchilikda nazarda tutilgan oʻz talablari qanoatlantirilishi uchun ustuvor huquqqa ega. Quyidagilar isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish uchun maxsus vakolat berilgan davlat organlaridir: Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi; Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi; Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi; Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi; Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi; isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishini oʻz vakolatlari doirasida nazorat qiluvchi boshqa davlat boshqaruvi organlari.
- IsteʼmolchiCONSUMER_RIGHTS · 24-modda
Mahalliy hokimiyat organlari tomonidan isteʼmolchilar huquqlarining himoya qilinishi
Isteʼmolchilar huquqlari himoya qilinishi uchun mahalliy hokimiyat organlari: isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish sohasidagi qonunchilik bajarilishini tashkil etadilar; isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish vakolati berilgan davlat organlari va isteʼmolchilarning jamoat birlashmalari bilan hamkorlik qiladilar; isteʼmolchilarning shikoyatlari, arizalari va takliflarini koʻrib chiqadilar; oʻz huquqlari doirasida boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradilar.
- IsteʼmolchiCONSUMER_RIGHTS · 25-modda
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi va uning hududiy organlari
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi va uning hududiy organlari isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish maqsadida oʻz vakolatlari doirasida: isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasida yagona davlat siyosati ishlab chiqilishini va uning amalda roʻyobga chiqarilishini amalga oshiradi; davlat organlarining va tashkilotlarning isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirishni amalga oshiradi; isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasida fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi; tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) nazorat xaridi amalga oshirilishini, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organlari bilan birgalikda ularning ekspertizadan (testdan) oʻtkazilishini tashkil etadi; isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikning buzilishi faktlari mavjud boʻlgan taqdirda, tadbirkorlik subyektlarida (moliyaviy-xoʻjalik faoliyatiga aralashmagan holda) tekshirishlarni oʻtkazadi; normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining, shuningdek qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning isteʼmolchilarga tartibga solish taʼsirini baholashdan oʻtkazadi; isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi; isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikning qoʻllanilishiga doir masalalar yuzasidan rasmiy tushuntirishlar beradi; isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish alomatlari aniqlangan taqdirda, ishlab chiqaruvchidan (ijrochidan, sotuvchidan) zarur hujjatlarni, tushuntirishlarni va boshqa axborotni soʻrab oladi; isteʼmolchilarning huquqlarini buzayotgan kamchiliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida ishlab chiqaruvchiga (ijrochiga, sotuvchiga) koʻrsatma yuboradi; isteʼmolchilar huquqlarining buzilishi bilan bogʻliq masalalarni sudga qadar hal qilishni tashkil etishga koʻmaklashadi; sud majlislarida isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish masalalari boʻyicha mutaxassis sifatida belgilangan tartibda ishtirok etadi; isteʼmolchilarning (isteʼmolchilar nomuayyan doirasining) huquqlarini himoya qilib, sudga murojaat etish huquqiga ega; qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.