Asosiy kontentga oʻtish
Yurideks
KirishRoʻyxatdan oʻtish
← Qonun toʻplamiga qaytish
IsteʼmolchiCONSUMER_RIGHTS · 15-modda

Tovar nuqsonlarini bepul bartaraf etish tartibi

Tovarda kafolat muddatida topilgan nuqsonlarni sotuvchi isteʼmolchi tegishli talab qoʻygan paytdan eʼtiboran yigirma kun ichida, ishlab chiqaruvchi esa, oʻn kun ichida bepul bartaraf etishi lozim.

Isteʼmolchi kafolat muddati tugaganidan keyin tovarning nuqsonlarini bepul bartaraf etish toʻgʻrisida ishlab chiqaruvchiga talab qoʻyishga haqli. Bunday talab, basharti tovarda ishlab chiqaruvchining aybi bilan yoʻl qoʻyilgan jiddiy nuqsonlar aniqlangan boʻlsa, belgilangan xizmat muddati mobaynida, agar xizmat muddati belgilanmagan boʻlsa, oʻn yil mobaynida qoʻyilishi mumkin.

Uzoq muddat davomida foydalaniladigan tovarni taʼmirlashga ketadigan vaqtda foydalanib turish uchun isteʼmolchining talabiga binoan nuqsonli tovar qaytarib berilganidan keyin uch kun ichida unga ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovar berib turiladi (sotuvchining hisobidan uning oʻzi yoki vakili eltib beradi). Buning uchun ishlab chiqaruvchi sotuvchi bilan birgalikda shartnoma asosida tovarlarning almashuv fondini nazarda tutishlari shart. Mazkur talablar tatbiq etilmaydigan uzoq muddat davomida foydalaniladigan tovarlar roʻyxatini Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati belgilaydi.

Tovardagi nuqsonlarni bartaraf etish xususida talab qoʻyilgan taqdirda, undan foydalanishning kafolat muddati isteʼmolchining tovardan foydalana olmagan davrga teng muddatga uzaytiriladi. Mazkur muddat isteʼmolchi nuqsonlarni bartaraf etish talabi bilan murojaat etgan kundan eʼtiboran hisoblana boshlaydi.

Sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) isteʼmolchining taʼmirlashga ketadigan vaqtda foydalanish uchun shunday tovarni berib turish haqidagi talabini bajarish kechiktirilgan har bir kun uchun, shuningdek, nuqsonlarni bartaraf etishning shartnomadan kelib chiqadigan muddatlaridan ortiq kechiktirilgan har bir kun uchun tovar narxining bir foizi miqdorida isteʼmolchiga neustoyka (penya) toʻlaydi.

Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?

Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.

Savol berish
Yurideks

Har bir insonning himoyalanish huquqi bor.