Asosiy kontentga oʻtish
Yurideks
KirishRoʻyxatdan oʻtish
← Qonun toʻplamiga qaytish
IsteʼmolchiCONSUMER_RIGHTS · 19-modda

Ishni bajarish, xizmat koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnoma shartlari buzilgan taqdirda isteʼmolchining huquqlari

Ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar koʻrsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat koʻrsatishi) shart.

Ishni bajarish (xizmat koʻrsatish) muddati ish bajarilishi (xizmat koʻrsatilishi) lozim boʻlgan sanaga (davrga), shuningdek, ijrochi ishni bajarishga (xizmat koʻrsatishga) kirishishi lozim boʻlgan sanaga (davrga) qarab belgilanishi mumkin. Agar ish bajarish xizmat koʻrsatish shartnomaning amal qilish muddati davomida qismlarga boʻlib-boʻlib ado etiladigan boʻlsa (vaqtli matbuotni yetkazib berish, texnik xizmat koʻrsatish va boshqalar), ishlar bajarish (xizmatlar koʻrsatish)ning bosqichma-bosqich muddatlari (davrlari) nazarda tutilishi kerak.

Agar ijrochi shartnomani ijro etishga oʻz vaqtida kirishmasa yoki shartnomaning belgilangan muddatda bajarilmasligi ayon boʻlib qolsa, isteʼmolchi ishni bajarish, xizmat koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomadan voz kechishga va yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqli.

Agar ijrochi shartnoma shartlarini ish (xizmat)ni yomonlashtirgan darajada jiddiy buzgan boʻlsa, yoxud ishda (xizmatda) boshqa jiddiy nuqsonlarga yoʻl qoʻygan boʻlsa, isteʼmolchi oʻz xohishiga koʻra nuqsonlar bepul bartaraf etilishini, bajarilgan ish (koʻrsatilgan xizmat) bahosi nuqsonlarga mutanosib ravishda kamaytirilishini, xuddi shunday sifatli shu xildagi materialdan boshqa buyum bepul tayyorlab berilishini yoxud ishning takroran bajarilishini yoinki shartnoma bekor qilinib, koʻrilgan zarar toʻliq qoplanishini talab qilishga haqli.

Isteʼmolchi ushbu moddaning toʻrtinchi qismida koʻrsatilgan huquqlarni:

ishni (xizmatni) qabul qilib olish vaqtida yoki uning bajarilishi jarayonida nuqsonlar aniqlangan taqdirda;

kafolat muddati davomida, kafolat muddati boʻlmagan taqdirda esa, ish (xizmat) qabul qilib olingan kundan eʼtiboran olti oy davomida;

import yoki boshqa koʻchmas mulkda nuqsonlar aniqlangan kundan eʼtiboran ikki yil davomida roʻyobga chiqarishi mumkin.

Ish bajarish (xizmat koʻrsatish) jarayonida aniqlangan nuqsonlarni bartaraf etish muddatlari shartnomada belgilab qoʻyiladi. Bajarilgan ish (koʻrsatilgan xizmat)dagi nuqsonlar, agar shartnomada birmuncha qisqaroq muddat belgilanmagan boʻlsa, isteʼmolchi talab qilgan kundan eʼtiboran yigirma kun ichida ijrochi tomonidan bartaraf etilishi kerak. Nuqsonlar belgilangan muddatda bartaraf etilmagan, shuningdek, ish bajarishni (xizmat koʻrsatishni) boshlash va tugallash kechiktirilgan taqdirda, ijrochi isteʼmolchi har bir kechiktirilgan kun, soat (agar muddat soatlarda belgilangan boʻlsa) uchun ish (xizmat) qiymatining yoki buyurtma qiymatini (agar uning qiymati alohida belgilanmagan boʻlsa) bir foizi miqdorida neustoyka (penya) toʻlaydi.

Isteʼmolchi undirib olgan neustoyka (penya) summasi ish bajarish (xizmat koʻrsatish)ning alohida turi bahosidan yoki buyurtmaning umumiy bahosidan ortiq boʻlishi mumkin emas.

Bajarilgan ishdagi nuqsonlarni bartaraf etish kechiktirilganligi uchun ijrochi toʻlagan neustoyka (penya) qoplanishi lozim boʻlgan zarar hisobiga kirmaydi.

Ijrochining majburiyatni umuman yoki lozim darajada bajarilmaganlik uchun neustoyka (penya) toʻlashi va zararni qoplashi uni majburiyatni asl holida bajarishdan ozod etmaydi.

Isteʼmolchidan qabul qilib olingan ashyo (material) yoʻqolgan, ishdan chiqqan, unga putur yetgan taqdirda yoki isteʼmolchining materialidan foydalanib bajarilgan ishda jiddiy nuqsonlar boʻlsa yo u buzib bajarilgan taqdirda ijrochi isteʼmolchiga aynan oʻxshash sifatli ashyoni qaytarishi (oʻzining aynan oʻxshash sifatli materialidan ish bajarishi yoki xizmat koʻrsatishi), buning imkoniyati boʻlmagan taqdirda esa, ashyoning (materialning) talab qoʻyilgan paytdagi qiymatini ikki baravar qilib toʻlashi shart.

Ijrochi tomonidan ishlar bajarish va xizmatlar koʻrsatish uchun qabul qilib olinayotgan ashyo (material) qiymati shartnoma tuzish paytida tomonlarning kelishuviga muvofiq belgilanadi.

Ishda (xizmatda) jiddiy nuqsonlar mavjud boʻlganida yoki shartnoma talablari jiddiy buzilganida, shuningdek, ashyo (material) yoʻqolgan, ishdan chiqqan, unga putur yetgan taqdirda isteʼmolchi bilan hisob-kitob ishning (xizmatning) yoki materialning shartnomani bekor qilish paytidan oshgan narxini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.

Sifatsiz bajarilgan ish (koʻrsatilgan xizmat) tufayli isteʼmolchiga yetkazilgan zarar uchun ijrochi ushbu Qonunning 20, 22, 27, 29-moddalariga muvofiq javobgar boʻladi.

Ishlar bajarish va xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisida tuzilgan shartnomalar boʻyicha isteʼmolchilar bilan ijrochi oʻrtasidagi munosabatlarning oʻz mohiyatiga koʻra ushbu moddaga mos kelmaydigan xususiyatlari, shuningdek, shartnomalarning umuman yoki lozim darajada ijro etilmaganligi tufayli kelib chiqadigan oqibatlar bunday shartnomalarning alohida turlari toʻgʻrisida qonunchilikda belgilab qoʻyiladigan qoidalar bilan aniqlanadi.

Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?

Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.

Savol berish
Yurideks

Har bir insonning himoyalanish huquqi bor.