Asosiy kontentga oʻtish
Yurideks
KirishRoʻyxatdan oʻtish
← Qonun toʻplamiga qaytish
IsteʼmolchiCONSUMER_RIGHTS · 1-modda

Ushbu Qonunda qoʻllaniladigan asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi tushunchalar qoʻllaniladi:

isteʼmolchi — foyda chiqarib olish bilan bogʻliq boʻlmagan holda shaxsiy isteʼmol yoki boshqa maqsadlarda tovar sotib oluvchi, ish, xizmatga buyurtma beruvchi yoxud shu niyatda boʻlgan fuqaro (jismoniy shaxs);

ishlab chiqaruvchi — isteʼmolchiga realizatsiya qilish uchun tovar ishlab chiqaradigan korxona, tashkilot, muassasa yakka tartibdagi tadbirkor yoki oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar;

ijrochi — maishiy xizmat, uy-joy-kommunal, taʼmirlash-qurilish, transport xizmati va xizmat koʻrsatishning boshqa sohalarida shartnoma boʻyicha isteʼmolchi uchun ishlar bajaradigan yoki xizmatlar koʻrsatadigan korxona, tashkilot, muassasa yakka tartibdagi tadbirkor yoki oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar;

sotuvchi — oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha isteʼmolchiga tovar realizatsiya qiladigan korxona, tashkilot, muassasa yakka tartibdagi tadbirkor yoki oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar;

shartnoma — tovarni olish-sotishni amalga oshirishda, ishlar bajarish va xizmatlar koʻrsatishda sifat, miqdor, muddat, narx va boshqa shartlar toʻgʻrisida isteʼmolchi bilan sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) oʻrtasidagi ogʻzaki yoki yozma kelishuv;

tovar — ishlab chiqaruvchi faoliyatining isteʼmolchiga shartnoma boʻyicha sotish uchun moʻljallagan mahsuli, shu jumladan, import mahsuloti;

normativ hujjatlar — texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar hamda boshqa hujjatlar (shaharsozlik normalari va qoidalari, davlat farmakopeyasi hamda farmakopeya maqolalari), texnik tavsiflar, retsepturalar, shuningdek tovarning (ishning, xizmatning) sifatiga va xavfsizligiga doir majburiy talablarni oʻz ichiga olgan boshqa hujjatlar;

tovar (ish, xizmat)ning xavfsizligi — tovarni isteʼmol qilish, undan foydalanish, uni saqlash, tashish yoki utilizatsiya qilishning, shuningdek, ish yoki xizmat natijalaridan foydalanishning odatdagi sharoitlarida isteʼmolchining hayoti, sogʻligʻi yoki mol-mulkiga va atrof-muhitga zarar yetkazilishi ehtimoli bilan bogʻliq xavf xatarning yoʻqligi;

muvofiqlik sertifikati — sertifikatlangan mahsulotning belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjat;

tovar (ish, xizmat)ning nuqsoni — tovar (ish, xizmat)ning normativ hujjatlarning majburiy talablariga, shartnoma shartlariga yoxud tovar (ish, xizmat)ning sifatiga odatda qoʻyiladigan talablarga nomuvofiqligi;

tovar (ish, xizmat)ning jiddiy nuqsoni — tovar (ish, xizmat)dan belgilangan maqsadda foydalanib boʻlmaydigan qilib qoʻyadigan yoxud bartaraf etish uchun koʻp mehnat va vaqt sarflash talab qiladigan kamchilik;

kafolat muddati — tovardan (xizmatdan) foydalanishning (onlar hisobidagi) normativ muddati yoki tovar (xizmat)ning muayyan vazifani (necha soatda, nechta ish jarayonida, qancha kilometr masofani bosib oʻtib va h.k.) bajarish vaqti tarzida belgilangan muddati boʻlib, bu muddat ichida ishlab chiqaruvchi (ijrochi), basharti tovarni ishlatish (xizmatdan foydalanish) qoidalariga rioya etilgan boʻlsa, tovarning (xizmatning) sifatiga nisbatan normativ hujjatlarda nazarda tutilgan talablar bajarilishini kafolatlaydi va taʼminlaydi;

xizmat muddati — tovardan foydalanishning belgilangan muddati boʻlib, u tamom boʻlgach, tovarning texnik holatidan qati nazar, undan foydalanish toʻxtatilishi lozim;

yaroqlilik (saqlash) muddati — muayyan davr boʻlib, bu davrda tovar foydalanishga yaroqli boʻladi va u tamom boʻlgach, tovar odamlar hayoti hamda sogʻligʻi uchun xavf tugʻdirishi mumkin;

kassa cheki — tovarning sotib olinganligini yoki ish (xizmat)ning haqi toʻlanganligini tasdiqlaydigan, tovar (ish, xizmat)ning bahosi, haq toʻlangan sana va kassa apparatining nomeri koʻrsatilgan hujjat;

tovar cheki — tovarning sotib olinganligini yoki ish (xizmat)ning haqi toʻlanganligini tasdiqlovchi, tovar (ish, xizmat)ning bahosi, haq toʻlangan sana hamda sotuvchining nomi va joylashgan manzili haqidagi maʼlumot koʻrsatilgan hujjat.

tovarni (ishni, xizmatni) isteʼmolchidan qaytarib olish — agar tovar (ish, xizmat) isteʼmolchi mulkiga aylangan yoki unga taklif etilgan boʻlsa, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) tomonidan amalga oshiriladigan, tovarning (ishning, xizmatning) xavfsizligi talablariga mos boʻlmagan tovarni (ishni, xizmatni) qaytarib olishga qaratilgan har qanday chora;

tovarni (ishni, xizmatni) muomaladan chiqarish — ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) tomonidan amalga oshiriladigan, tovarning (ishning, xizmatning) xavfsizligi talablariga mos boʻlmagan tovarga (ishga, xizmatga) ofertani tugatish va bunga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgan har qanday chora;

Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?

Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.

Savol berish
Yurideks

Har bir insonning himoyalanish huquqi bor.