Asosiy kontentga oʻtish
Yurideks
KirishRoʻyxatdan oʻtish
← Qonun toʻplamiga qaytish
IsteʼmolchiCONSUMER_RIGHTS · 12-modda

Isteʼmolchining tovar (ish, xizmat) xavfsiz boʻlishiga talab qoʻyish huquqi

Isteʼmolchi oʻzi sotib olgan tovar (ish, xizmat) sanitariya-gigiyena, shu jumladan, radiologiya, epidemiyaga qarshi talablarga va amaldagi boshqa normalar hamda qoidalarga rioya etgan holda ishlab chiqarilgan yoki bajarilgan boʻlishiga va uning hayoti, sogʻligʻi, atrof-muhit uchun xavfsiz boʻlishiga, shuningdek, uning mol-mulkiga zarar yetkazmasligiga kafolat berilishini talab qilish huquqiga ega.

Tovar (ish, xizmat)ning isteʼmolchilar hayoti, sogʻligʻi, mol-mulki va atrof-muhit uchun xavfsiz boʻlishiga doir talablar qonunchilik bilan belgilanadi.

Ishlab chiqaruvchi (ijrochi) tovar (ish, xizmat)ning xizmat muddati yoki yaroqlilik muddati mobaynida, agar bunday muddat belgilanmagan boʻlsa, tovar isteʼmolchiga sotilgan (ish bajarilgan) dan eʼtiboran oʻn yil mobaynida uning xavfsiz boʻlishini taʼminlashi shart.

Isteʼmolchilarning hayoti, sogʻligʻi, mol-mulki hamda atrof-muhit uchun xavf tugʻdiruvchi tovar ishlab chiqarganlik (ish bajarganlik, xizmat koʻrsatganlik) uchun qonunchilikka muvofiq:

ishlab chiqaruvchi (ijrochi);

normativ hujjatlarni tasdiqlagan organ;

muvofiqlik sertifikati bergan organ;

sogʻliqni saqlash, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, veterinariya xizmati organlari yoki xavfli tovar (ish, xizmat)ni ishlab chiqarish yoxud realizatsiya qilishga ruxsat bergan boshqa organlar javobgar boʻladi.

Tovar (ish, xizmat)ning xavfsiz boʻlishi taʼminlanmaganligi oqibatida isteʼmolchining hayoti, sogʻligʻi yoki mol-mulkiga yetkazilgan zarar ushbu Qonunning 20-moddasiga muvofiq qoplanishi lozim.

Agar tovar (ish, xizmat)dan xavfsiz foydalanish yoki uni shu tarzda tashish va saqlash uchun maxsus qoidalarga rioya etish zarur boʻlsa, ishlab chiqaruvchi (ijrochi) bunday qoidalarni ishlab chiqishi, sotuvchi (ijrochi) esa, ularni isteʼmolchilar eʼtiboriga yetkazishi shart.

Agar tovardan foydalanish, uni saqlash, tashish yoki utilizatsiya qilish, ish (xizmat) natijalari isteʼmolchining hayoti, sogʻligʻi, mol-mulkiga yoki atrof-muhitga zarar yetkazayotganligi yoxud zarar yetkazishi mumkinligi aniqlansa, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) zarar keltiruvchi sabablar bartaraf etilgunga qadar ularni ishlab chiqarishni (bajarishni, uni realizatsiya qilishni) darhol toʻxtatishi, muomaladan chiqarish va isteʼmolchilardan qaytarib olish choralarini koʻrishi shart.

Zarar yetkazilishining sabablarini bartaraf etish mumkin boʻlmagan taqdirda, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) bunday tovarni ishlab chiqarishdan olib tashlashi, ishni bajarish va xizmat koʻrsatishni tugatishi shart, bunda davolashga, oziq-ovqatga moʻljallangan tovarlar va maishiy kimyo tovarlari sotuvchi yoki ishlab chiqaruvchi tomonidan utilizatsiya qilinishi shart. Bu majburiyatlar sotuvchi yoki ishlab chiqaruvchi (ijrochi) tomonidan bajarilmagan taqdirda, tovarni ishlab chiqarishdan olib tashlash, ishni bajarish va xizmat koʻrsatishni toʻxtatish, ularni muomaladan chiqarish va isteʼmolchilardan qaytarib olish tovarning (ishning, xizmatning) xavfsiz boʻlishi va sifati ustidan nazoratni amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organlari koʻrsatmasiga binoan amalga oshiriladi.

Isteʼmolchining hayoti, sogʻligʻi va mol-mulkiga hamda atrof-muhit uchun xavfli boʻlgan tovarlarning partiyalarini muomaladan chiqarish, ishlarni bajarishni va xizmatlar koʻrsatishni taqiqlab qoʻyish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilanadi.

Tovarni qaytarib olish, ishni bajarishni va xizmat koʻrsatishni taqiqlab qoʻyish munosabati bilan isteʼmolchiga yetkazilgan zarar ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) tomonidan toʻliq hajmda qoplanishi lozim.

Agar ishlab chiqaruvchi (sotuvchi) xavfli xossalarga ega boʻlgan tovarni qaytarib olish yuzasidan barcha zarur choralarni koʻrgan boʻlsa, u isteʼmolchi mazkur tovardan foydalanishni davom ettiraverishi tufayli yetkazilgan zarar uchun javobgarlikdan ozod qilinadi.

Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?

Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.

Savol berish
Yurideks

Har bir insonning himoyalanish huquqi bor.