Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- IsteʼmolchiCONSUMER_RIGHTS · 26-modda
Tovarlar (ishlar, xizmatlar) xavfsiz boʻlishini va ularning sifatini nazorat qiluvchi davlat boshqaruvi organlarining vakolatlari
Tovar (ish, xizmat)lar xavfsiz boʻlishini va ularning sifatini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi hamda tovar (ish, xizmat)lar xavfsiz boʻlishi va sifati ustidan nazoratni amalga oshiruvchi boshqa davlat boshqaruv organlari oʻz vakolatlari doirasida: tovar (ish, xizmat)lar xavfsiz boʻlishiga va ularning sifatiga doir majburiy talablarni belgilaydilar hamda bu talablarga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradilar; tovar (ish, xizmat)lar xavfsiz boʻlishiga va ularning sifatiga doir talablar buzilishini bartaraf etish, past sifatli tovarlarni ishlab chiqarishdan olib tashlash, chiqarish va realizatsiya qilishni toʻxtatish (ishlar bajarilishini, xizmatlar koʻrsatilishini toʻxtatish), ularni isteʼmolchilardan qaytarib olish toʻgʻrisida ishlab chiqaruvchilarga (ijrochilarga, sotuvchilarga) koʻrsatmalar yoʻllaydilar, shuningdek, bu haqda isteʼmolchilarni xabardor qiladilar; ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi)lar tovarlar (ishlar, xizmatlar) xavfsiz boʻlishi va ularning sifatiga doir talablarni buzganlari taqdirda ularning ustidan sudlarga daʼvo arizasi beradilar. Tovar (ish, xizmat)lar xavfsiz boʻlishi va ularning sifati ustidan nazoratni amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organlari faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati muvofiqlashtirib boradi.
- IsteʼmolchiCONSUMER_RIGHTS · 27-modda
Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganligi uchun javobgar boʻladi. Ishlab chiqaruvchining (ijrochining, sotuvchining) mansabdor shaxslari, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlar oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati koʻrsatilishi shart ekanligi qonunchilikda belgilangan tovarlarni ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati koʻrsatilmagan holda realizatsiya qilish va sotish uchun qabul qilganlik, yaroqlilik muddati oʻtgan tovarlarni realizatsiya qilish va sotish uchun qabul qilganlik, isteʼmolchilarning huquqlari buzilishlarini bartaraf etish toʻgʻrisidagi koʻrsatmalarni bajarishdan boʻyin tovlaganlik, oʻz vaqtida yoki lozim darajada bajarmaganlik, shuningdek isteʼmolchilarga tovarlar (ishlar, xizmatlar) toʻgʻrisida axborot taqdim etmaganlik yoki bila turib notoʻgʻri maʼlumotlar taqdim etganlik, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) majburiy sertifikatlashtirish qoidalarini buzganlik, normativ hujjatlar talablariga javob bermaydigan tovar (ish, xizmat) tufayli isteʼmolchilarga zarar yetkazganlik uchun maʼmuriy javobgarlikka tortiladi. Maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganligi ishlab chiqaruvchilarni (ijrochilarni, sotuvchilarni) yoʻl qoʻyilgan qoidabuzarliklarni bartaraf qilish majburiyatidan ozod etmaydi. Tovar (ish, xizmat)lar xavfsiz boʻlishi haqidagi talablarga javob bermaydigan tovar (ish, xizmat)lar tufayli isteʼmolchilarga zarar yetkazilsa, tovarlar (ishlar, xizmatlar) xavfsiz boʻlishi va ularning sifati ustidan nazoratni amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladilar.
- IsteʼmolchiCONSUMER_RIGHTS · 27¹-modda
Davlat boshqaruvi organining koʻrsatmasi ustidan shikoyat qilish
Ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) davlat boshqaruvi organining koʻrsatmasi ustidan bevosita sudga yoki boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoxud mansabdor shaxsga shikoyat qilishga haqli. Davlat boshqaruvi organining koʻrsatmasi ustidan boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoxud mansabdor shaxsga shikoyat qilinishi sudga shikoyat qilish huquqini istisno etmaydi. Davlat boshqaruvi organining koʻrsatmasi ustidan sudga shikoyat qilinishi uning ijro etilishini sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirguniga qadar toʻxtatib turadi, bundan favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sogʻligʻiga boshqa haqiqiy xavf yuzaga kelishining oldini olish bilan bogʻliq boʻlgan koʻrsatmalar mustasno.
- IsteʼmolchiCONSUMER_RIGHTS · 28-modda
Moliyaviy xizmatlar sohasida isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish
Moliyaviy xizmatlar koʻrsatadigan ijrochi oʻzining tugatilishi yoki toʻlovga qobiliyatsiz boʻlishi ehtimolini nazarda tutgan holda isteʼmolchining talablarini qondirish maqsadida oʻz javobgarligini sugʻurta qildirishi shart. Moliyaviy xizmatlar ijrochisi isteʼmolchiga yetkazilgan zarar uchun oʻzining javobgarligi toʻgʻrisida sugʻurta shartnomasi borligi haqida isteʼmolchiga axborot berishi shart.
- IsteʼmolchiCONSUMER_RIGHTS · 28¹-modda
Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) axborot tizimlaridan foydalangan holda realizatsiya qilishda isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish
Tovarlar (ishlar, xizmatlar) namunalar va (yoki) ularning tavsifi boʻyicha axborot tizimlaridan foydalangan holda realizatsiya qilinishi mumkin. Axborot tizimlaridan foydalangan holda tuziladigan shartnomaga muvofiq tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishda sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) isteʼmolchiga shartnoma tuzilguniga qadar davlat tilida yoki taraflarning kelishuviga koʻra boshqa tilda quyidagi maʼlumotlarni taqdim etishi kerak: sotuvchining (ijrochining) nomi, uning manzili va shikoyatlarni qabul qilish tartibi; ishlab chiqaruvchining (ijrochining, sotuvchining) toʻliq nomi va joylashgan yeri (yuridik manzili), import qilinadigan tovarlar uchun esa ishlab chiqaruvchining hamda import qiluvchining nomi va joylashgan yeri (yuridik manzili); tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) asosiy isteʼmol xususiyatlari va oʻziga xos xususiyatlari; litsenziyalar va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning QR-kodi (matritsali shtrix kodi); tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) narxi, yetkazib berish narxi va toʻlov shartlari; ishlab chiqaruvchining (bajaruvchining) kafillik majburiyatlari, tovarni taʼmirlash shartlari, shuningdek uni saqlash bilan bogʻliq xizmatlar; shartnomani bajarishning boshqa shartlari; agar davriy ravishda tovarlarni yetkazib berish, xizmatlar koʻrsatish yoki ishlarni bajarish nazarda tutilgan boʻlsa, shartnomaning eng kam amal qilish muddati; tegishli shartnomani tuzish uchun takliflarni qabul qilish muddati; shartnomani bekor qilish tartibi. Axborot tizimlaridan foydalangan holda tuzilgan shartnoma bekor qilinganda, sotuvchi (ijrochi) isteʼmolchiga tovarni qaytarib berish amalga oshiriladigan joy toʻgʻrisida xabar berishi kerak. Tovarni namuna va (yoki) uning tavsifi boʻyicha realizatsiya qilish chogʻida sotuvchi (ijrochi) namunaga va (yoki) tavsifga muvofiq boʻlgan tovarni taqdim etishi, shuningdek isteʼmolchiga tovarni qabul qilib olishida uning butligini, yaroqliligini va isteʼmol xususiyatlari toʻliq saqlanganligini tekshirish imkoniyatini berishi shart. Agar tovar namunaga va (yoki) tavsifga muvofiq boʻlmasa, sotuvchi (ijrochi) isteʼmolchini bu haqda oldindan xabardor qilishi kerak. Tovar namunaga va (yoki) tavsifga muvofiq boʻlmagan hollarda, isteʼmolchi uni almashtirishni yoki pul summasini qaytarishni talab qilish huquqiga ega. Tovarni qaytarib berish bilan bogʻliq barcha xarajatlar sotuvchining (ijrochining) zimmasida boʻladi. Isteʼmolchining aybisiz yetkazilgan shikastlantirishlar, shuningdek tovarni koʻzdan kechirish va uni tekshirib koʻrish maqsadida qadogʻini ochish sababli tovar qiymatining pasayishi isteʼmolchini shartnomani bekor qilish huquqidan mahrum etmaydi. Agar shartnoma bekor qilinganidan keyin isteʼmolchi toʻlagan pul summasi shartnomada belgilangan muddat ichida unga sotuvchi tomonidan qaytarilmasa, sotuvchi isteʼmolchiga shartnomada belgilangan muddatlardan ortiq har bir kechiktirilgan kun uchun qaytarilishi lozim boʻlgan pul summasining bir foizi miqdorida neustoyka (penya) toʻlaydi. Bunda neustoykaning (penyaning) miqdori qaytarilishi lozim boʻlgan pul summasidan oshib ketishi mumkin emas. Neustoykaning (penyaning) toʻlanganligi sotuvchini shartnoma bekor qilinishi munosabati bilan yuzaga keladigan majburiyatlarni bajarishdan ozod etmaydi.
- IsteʼmolchiCONSUMER_RIGHTS · 29-modda
Isteʼmolchilarning huquqlarini sud orqali himoya qilish
Isteʼmolchining huquqlari buzilgan taqdirda, u sudga murojaat qilishga haqlidir. Daʼvolar, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, javobgar, isteʼmolchi joylashgan yerdagi yoki zarar yetkazilgan joydagi sudga taqdim etiladi. Isteʼmolchilar oʻz huquqlarining buzilishi bilan bogʻliq daʼvolar boʻyicha, shuningdek, tovar (ish, xizmat)lar xavfsiz boʻlishi ularning sifati ustidan nazoratni amalga oshiruvchi davlat organlari, isteʼmolchilarning jamoat birlashmalari isteʼmolchining (isteʼmolchilar nomuayyan doirasining) manfaatlarini koʻzlab qoʻzgʻatiladigan daʼvolar boʻyicha davlat boji toʻlashdan ozod qilinadilar.
- IsteʼmolchiCONSUMER_RIGHTS · 3-modda
Xalqaro shartnomalar va bitimlar
Agar Oʻzbekiston Respublikasi ishtirok etgan xalqaro shartnoma yoki bitimda isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma yoki bitim qoidalari qoʻllaniladi.
- IsteʼmolchiCONSUMER_RIGHTS · 30-modda
Isteʼmolchilarning jamoat birlashmalari
Isteʼmolchilar oʻz huquqlari va manfaatlarini himoya qilish maqsadida ixtiyoriy ravishda isteʼmolchilar birlashmalarini tuzishlari mumkin. Isteʼmolchilarning birlashmalari oʻz faoliyatini qonunchilikka muvofiq amalga oshiruvchi jamoat birlashmalaridir. Isteʼmolchilarning jamoat birlashmalari quyidagi huquqlarga ega: vakolatli davlat organlariga isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritish; isteʼmolchilarga axborotga oid va maslahat xizmatlari koʻrsatish; isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish sohasida ijtimoiy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan jamoatchilik muhokamalarini oʻtkazish, ularning natijalariga koʻra tayyorlangan takliflar va tavsiyalarni vakolatli davlat organlariga taqdim etish hamda eʼlon qilish; aholining isteʼmolchilikka oid savodxonligini oshirish boʻyicha maʼrifiy ishlarni amalga oshirish; isteʼmolchilarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish chora-tadbirlarini amalga oshirishda vakolatli davlat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan hamkorlik qilish hamda ularga koʻmaklashish. Isteʼmolchilarning jamoat birlashmalari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
- IsteʼmolchiCONSUMER_RIGHTS · 4-modda
Isteʼmolchilarning asosiy huquqlari
Isteʼmolchilar quyidagi huquqlarga ega: tovar (ish, xizmat) haqida, shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqida toʻgʻri va toʻliq maʼlumot olish; tovarni (ishni, xizmatni) erkin tanlash va uning tegishli darajada sifatli boʻlishini talab qilish; tovarning (ishning, xizmatning) xavfsiz boʻlishini talab qilish; hayoti, sogʻligʻi va mol-mulki uchun xavfli nuqsoni boʻlgan tovar (ish, xizmat), shuningdek ishlab chiqaruvchining (ijrochining, sotuvchining) gʻayriqonuniy harakati (harakatsizligi) tufayli yetkazilgan moddiy ziyon, maʼnaviy zararning oʻrni toʻliq hajmda qoplanishini talab qilish; buzilgan huquqlari yoki qonun bilan muhofaza etiladigan manfaatlari himoya qilinishini soʻrab sudga, boshqa vakolatli davlat organlariga murojaat etish; isteʼmolchilarning jamoat birlashmalarini tuzish. Isteʼmolchilarning ijtimoiy himoyaga muhtojlar toifasiga kiritilgan ayrim guruhlari uchun qonunchilik bilan savdo, maishiy xizmat va xizmat koʻrsatishning boshqa turlari boʻyicha imtiyozlar va afzalliklar belgilanishi mumkin.
- IsteʼmolchiCONSUMER_RIGHTS · 5-modda
Ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi), savdo va xizmat koʻrsatish qoidalari toʻgʻrisidagi maʼlumot
Ishlab chiqaruvchi oʻz korxonasining nomi va joylashgan (yuridik) manzili haqida isteʼmolchini xabardor qilishi shart. Bunday maʼlumot ishlab chiqarish markasi yoki tovar belgisida koʻrsatilgan boʻlishi yoxud boshqa usulda taqdim etilishi lozim. Sotuvchi (ijrochi) oʻz tashkilotining firma nomi, uning joylashgan (yuridik) manzili va ish tartibini isteʼmolchilarga maʼlum qilishi shart. Bunday maʼlumot lavhada aks ettirilishi lozim. Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan maʼlumot savdo va xizmat koʻrsatish muvaqqat binolar, yarmarkalar, koʻchma doʻkonchalar orqali amalga oshirilgan yoki savdo va xizmat koʻrsatish sotuvchi (ijrochi)ning doimiy joylashgan manzilidan tashqarida amalga oshirilgan boshqa hollarda ham isteʼmolchilar eʼtiboriga yetkazilishi kerak. Sotuvchi (ijrochi) isteʼmolchiga tovarlar savdosi, maishiy va boshqa turdagi xizmat koʻrsatishning qoidalari toʻgʻrisida toʻliq maʼlumot berishi shart. Ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqidagi, savdo va xizmat koʻrsatish qoidalari toʻgʻrisidagi maʼlumot isteʼmolchiga davlat tilida taqdim etiladi. Mazkur maʼlumot qoʻshimcha ravishda boshqa tillarda ham taqdim etilishi mumkin.
- IsteʼmolchiCONSUMER_RIGHTS · 6-modda
Tovar (ish, xizmat)lar toʻgʻrisidagi maʼlumot
Ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) isteʼmolchiga oʻzi realizatsiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida oʻz vaqtida zarur, toʻgʻri va tushunarli maʼlumot berishi shart. Bunda mazkur maʼlumot tovarlarning etiketkalarida, tamgʻalarida, texnik hujjatida yoki tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) ayrim turlari uchun qabul qilingan boshqa usulda isteʼmolchilarga yetkazilishi mumkin. Tovar (ish, xizmat) haqidagi maʼlumotda quyidagilar koʻrsatilishi shart: tovarning (ishning, xizmatning) nomi; tovar (ish, xizmat) majburiy talablariga muvofiq kelishi shart boʻlgan normativ hujjatning nomi; tovar (ish, xizmat)ning asosiy isteʼmol xususiyatlari, shu jumladan, oʻziga xos xususiyatlari roʻyxati; narxi (tarifi) va sotib olish shartlari; normativ-huquqiy hujjatlarga yoki texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq ishlab chiqarish sanasi koʻrsatilishi kerak boʻlgan tovarning ishlab chiqarilgan sanasi; ishlab chiqaruvchi (ijrochi)ning kafillik majburiyatlari; tovardan samarali va xavfsiz foydalanish qoidalari hamda shartlari; tovarning xizmat (yaroqlilik) muddati va ushbu muddat tugaganidan keyin isteʼmolchi nima ishlar qilishi zarurligi, shuningdek bunday ishlarni bajarmaslik natijasida kelib chiqishi mumkin boʻlgan oqibatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar; ishlab chiqaruvchining (ijrochining, sotuvchining) toʻliq nomi va joylashgan yeri (yuridik manzili), litsenziyalar va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning QR-kodi (matritsali shtrix kodi), import qilinadigan tovarlar uchun esa ishlab chiqaruvchining hamda import qiluvchining nomi va joylashgan yeri (yuridik manzili); tovar kelib chiqqan mamlakatning nomi; ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi)ning hamda ular isteʼmolchidan daʼvo qabul qilishga vakolat bergan, shuningdek, taʼmirlashlarini bajaradigan va texnikaviy xizmat koʻrsatadigan korxonalarning manzillari; tovarlarni saqlash, xavfsiz utilizatsiya qilish usullari hamda qoidalari. konsert-tomosha tadbirlari oʻtkazilayotganda fonogrammadan foydalanish toʻgʻrisidagi axborot. Konsert-tomosha tadbirining dasturida ijrochilar va asar mualliflari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi shart. Tovar (ish, xizmat) toʻgʻrisidagi maʼlumot isteʼmolchiga davlat tilida taqdim etiladi. Mazkur maʼlumot qoʻshimcha ravishda boshqa tillarda ham taqdim etilishi mumkin. Texnik jihatdan tartibga solinishi majburiy boʻlgan tovar boʻyicha isteʼmolchiga uning texnik tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi toʻgʻrisida tegishli maʼlumotlar taqdim etilishi kerak. Tovar (ish, xizmat) haqidagi zarur axborotning yoʻqligi bunday tovar (ish, xizmat)ni realizatsiya qilish maʼlumot berilgunga qadar tegishli davlat boshqaruvi organining koʻrsatmasi boʻyicha toʻxtatib turilishiga sabab boʻladi.
- IsteʼmolchiCONSUMER_RIGHTS · 7-modda
Tovar (ish, xizmat) haqida notoʻgʻri maʼlumot berilgan taqdirda isteʼmolchining huquqlari
Agar tovar (ish, xizmat) haqida notoʻgʻri yoki yetarli darajada toʻliq boʻlmagan maʼlumot berilganligi: zarur isteʼmol xossalariga ega boʻlmagan tovar (ish, xizmat) sotib olinishiga sabab boʻlsa, isteʼmolchi shartnomani bekor qilishga va oʻziga yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqlidir; sotib olingan tovar (ish, xizmat)dan koʻzlangan maqsadda foydalana olmaslikka sabab boʻlsa, isteʼmolchi tegishli maʼlumot oqilona qisqa (koʻpi bilan uch kunlik) muddatda berilishini talab qilishga haqlidir. Agar maʼlumot aytilgan muddatda berilmasa, isteʼmolchi shartnomani bekor qilib, zararning qoplanishini talab qilishga haqlidir; isteʼmolchining hayotiga, sogʻligʻiga yoxud mol-mulkiga zarar yetkazilishiga sabab boʻlsa, u ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) oldiga qonunchilikda nazarda tutilgan talablarni qoʻyishga haqlidir. Isteʼmolchining tovar (ish, xizmat) haqidagi notoʻgʻri yoki yetarli darajada toʻliq boʻlmagan maʼlumot tufayli yetkazilgan zararni qoplash toʻgʻrisidagi talablari sotib olingan tovar (ish, xizmat)ning xossalari va jihatlari haqida isteʼmolchi maxsus bilimga ega emas degan taxminga asoslanib qarab chiqiladi. Notoʻgʻri reklama oqibatida sotib olingan tovar (ish, xizmat) tufayli isteʼmolchiga yetkazilgan zarar ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) tomonidan toʻliq hajmda qoplanishi lozim.
- IsteʼmolchiCONSUMER_RIGHTS · 8-modda
Isteʼmolchining savdo va boshqa xizmat koʻrsatish turlari sohasida shartnoma tuzish hamda sotib olinayotgan tovar (ish, xizmat) sifatini tekshirish huquqi
Isteʼmolchi shartnoma tuzish yoʻli bilan tovarni (ish xizmat)ni erkin sotib olish huquqiga ega boʻlib, bu shartnomaga koʻra sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) isteʼmolchiga muayyan miqdordagi va maqbul sifatli tovarni mulk qilib topshirish (ish bajarish, xizmat koʻrsatish) majburiyatini, isteʼmolchi esa, shartlashilgan pulni toʻlash majburiyatini oʻz zimmalariga oladilar. Narxnoma bilan qoʻyilgan tovarlar hamda tovar (ish, xizmatlar) haqida keluvchilar eʼtiboriga havola etiladigan maʼlumot tegishli shartnomani tuzish uchun taklif deb hisoblanadi. Tomonlar oʻrtasida shartnoma narsasi, miqdor, narx va boshqa muhim shartlar toʻgʻrisida kelishuvga erishilsa, isteʼmolchi bilan ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) oʻrtasida shartnoma tuzilgan hisoblanadi. Tuzilgan zahoti bajariladigan shartnoma, qoida tariqasida, ogʻzaki shaklda tuziladi, qonunchilikda belgilab qoʻyilgan hollar bundan mustasno. Tuzilgan vaqtdan boshqa paytda (oldindan beriladigan buyurtmalar boʻyicha, joʻnatma savdoda va boshqa hollarda) bajariladigan shartnoma yozma shaklda tuziladi. Isteʼmolchi sotib olingan tovar (ish, xizmat) sifatini, butligini, vazni va narxini tekshirish huquqiga ega, sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) esa, nazorat-oʻlchov asboblarini, narxga doir hujjatlarni taqdim etishi, tovarni ishlatib koʻrsatishi, undan xavfsiz va toʻgʻri foydalanishni oʻrgatishi, zarurat boʻlsa, tovarni ekspertizaga yuborishi shart.
- IsteʼmolchiCONSUMER_RIGHTS · 9-modda
Oldi-sotdi shartnomalarining ayrim turlari toʻgʻrisidagi qoidalar
Oldi-sotdi shartnomalarining ayrim turlari toʻgʻrisidagi qoidalar, shuningdek, ayrim turdagi tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan tasdiqlanadi.
- OilaFAMILY · 1-modda
Oila toʻgʻrisidagi qonunchilik hamda ularning vazifalari
Oila toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Kodeksdan hamda unga muvofiq qabul qilinadigan boshqa qonunchilik hujjatlaridan iborat. Oila toʻgʻrisidagi qonunchilikning vazifalari oilani mustahkamlashdan, oilaviy munosabatlarni oʻzaro muhabbat, ishonch va hurmat, hamjihatlik, bir-biriga yordam berish hamda oila oldida uning barcha aʼzolarining masʼulligi hissi asosida qurishdan, biron-bir shaxsning oila masalalariga oʻzboshimchalik bilan aralashishiga yoʻl qoʻymaslikdan, oila aʼzolari oʻz huquqlarini toʻsqinliksiz amalga oshirishini hamda bu huquqlarning himoya qilinishini taʼminlashdan iboratdir.
- OilaFAMILY · 10-modda
Oilaviy huquqlarni amalga oshirish va oilaviy majburiyatlarni bajarish
Fuqarolar oilaviy munosabatlardan kelib chiqadigan huquqlarini oʻz xohishlariga koʻra tasarruf etadilar. Oila aʼzolarining oʻz huquqlarini amalga oshirishlari hamda oʻz majburiyatlarini bajarishlari oilaning boshqa aʼzolari va oʻzga shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini buzmasligi shart.
- OilaFAMILY · 100-modda
Ota-onaning voyaga yetgan bolalariga aliment toʻlashi
Ota-ona voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga taʼminot berishi shartdir. Voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga taʼminot berish ota-onaning kelishuviga binoan amalga oshiriladi. Ota-ona oʻrtasida bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda nizo sud tartibida hal qilinadi.
- OilaFAMILY · 101-modda
Ota-onaning voyaga yetgan bolalariga toʻlaydigan aliment miqdori
Ota-onadan voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga undiriladigan alimentning miqdori sud tomonidan aliment toʻlashi shart boʻlgan ota-onaning oilaviy va moddiy ahvoli hisobga olinib, har oyda pul bilan toʻlanadigan qatʼiy summada belgilanadi.
- OilaFAMILY · 102-modda
Ota-onadan bolalarga undiriladigan aliment miqdorini aniqlash tartibi
Ota-onadan bolalarga undiriladigan aliment miqdori aliment toʻlovchining oylik ish haqiga va (yoki) boshqa daromadiga nisbatan ulushlar hisobida yoki pul bilan toʻlanadigan qatʼiy summada belgilanishi mumkin. Aliment toʻlashi shart boʻlgan ota-onaning ish haqi va (yoki) boshqa daromadi doimo bir xilda boʻlmay, oʻzgarib tursa yoxud daromadining bir qismini natura tarzida oladigan boʻlsa, shuningdek daromaddan ulush tarzida aliment undirish imkoniyati boʻlmasa yoinki ota-ona rasman belgilangan ish haqi yoki daromadga ega boʻlmasa, voyaga yetmagan bolalarning taʼminoti uchun toʻlanishi lozim boʻlgan aliment miqdori har oyda pul bilan toʻlanadigan qatʼiy summada belgilanishi mumkin.
- OilaFAMILY · 103-modda
Bolalarning taʼminoti uchun qilinadigan qoʻshimcha xarajatlar
Ota-ona favqulodda holatlar (bolaning ogʻir shikastlanishi, kasal boʻlishi va boshqalar) tufayli kelib chiqqan, bolaning taʼminoti uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha xarajatlarda ishtirok etishi shart. Qoʻshimcha xarajatlarda ishtirok etishdan bosh tortgan ota (ona)dan sud ularning oilaviy va moddiy ahvolini hisobga olib, qoʻshimcha xarajatlarni qisman pul bilan toʻlanadigan qatʼiy summada undirish haqida hal qiluv qarori chiqarishi mumkin.