Ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi), savdo va xizmat koʻrsatish qoidalari toʻgʻrisidagi maʼlumot
Ishlab chiqaruvchi oʻz korxonasining nomi va joylashgan (yuridik) manzili haqida isteʼmolchini xabardor qilishi shart. Bunday maʼlumot ishlab chiqarish markasi yoki tovar belgisida koʻrsatilgan boʻlishi yoxud boshqa usulda taqdim etilishi lozim.
Sotuvchi (ijrochi) oʻz tashkilotining firma nomi, uning joylashgan (yuridik) manzili va ish tartibini isteʼmolchilarga maʼlum qilishi shart. Bunday maʼlumot lavhada aks ettirilishi lozim.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan maʼlumot savdo va xizmat koʻrsatish muvaqqat binolar, yarmarkalar, koʻchma doʻkonchalar orqali amalga oshirilgan yoki savdo va xizmat koʻrsatish sotuvchi (ijrochi)ning doimiy joylashgan manzilidan tashqarida amalga oshirilgan boshqa hollarda ham isteʼmolchilar eʼtiboriga yetkazilishi kerak.
Sotuvchi (ijrochi) isteʼmolchiga tovarlar savdosi, maishiy va boshqa turdagi xizmat koʻrsatishning qoidalari toʻgʻrisida toʻliq maʼlumot berishi shart.
Ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqidagi, savdo va xizmat koʻrsatish qoidalari toʻgʻrisidagi maʼlumot isteʼmolchiga davlat tilida taqdim etiladi. Mazkur maʼlumot qoʻshimcha ravishda boshqa tillarda ham taqdim etilishi mumkin.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish