Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) axborot tizimlaridan foydalangan holda realizatsiya qilishda isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish
Tovarlar (ishlar, xizmatlar) namunalar va (yoki) ularning tavsifi boʻyicha axborot tizimlaridan foydalangan holda realizatsiya qilinishi mumkin.
Axborot tizimlaridan foydalangan holda tuziladigan shartnomaga muvofiq tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishda sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) isteʼmolchiga shartnoma tuzilguniga qadar davlat tilida yoki taraflarning kelishuviga koʻra boshqa tilda quyidagi maʼlumotlarni taqdim etishi kerak:
sotuvchining (ijrochining) nomi, uning manzili va shikoyatlarni qabul qilish tartibi;
ishlab chiqaruvchining (ijrochining, sotuvchining) toʻliq nomi va joylashgan yeri (yuridik manzili), import qilinadigan tovarlar uchun esa ishlab chiqaruvchining hamda import qiluvchining nomi va joylashgan yeri (yuridik manzili);
tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) asosiy isteʼmol xususiyatlari va oʻziga xos xususiyatlari;
litsenziyalar va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning QR-kodi (matritsali shtrix kodi);
tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) narxi, yetkazib berish narxi va toʻlov shartlari;
ishlab chiqaruvchining (bajaruvchining) kafillik majburiyatlari, tovarni taʼmirlash shartlari, shuningdek uni saqlash bilan bogʻliq xizmatlar;
shartnomani bajarishning boshqa shartlari;
agar davriy ravishda tovarlarni yetkazib berish, xizmatlar koʻrsatish yoki ishlarni bajarish nazarda tutilgan boʻlsa, shartnomaning eng kam amal qilish muddati;
tegishli shartnomani tuzish uchun takliflarni qabul qilish muddati;
shartnomani bekor qilish tartibi.
Axborot tizimlaridan foydalangan holda tuzilgan shartnoma bekor qilinganda, sotuvchi (ijrochi) isteʼmolchiga tovarni qaytarib berish amalga oshiriladigan joy toʻgʻrisida xabar berishi kerak.
Tovarni namuna va (yoki) uning tavsifi boʻyicha realizatsiya qilish chogʻida sotuvchi (ijrochi) namunaga va (yoki) tavsifga muvofiq boʻlgan tovarni taqdim etishi, shuningdek isteʼmolchiga tovarni qabul qilib olishida uning butligini, yaroqliligini va isteʼmol xususiyatlari toʻliq saqlanganligini tekshirish imkoniyatini berishi shart. Agar tovar namunaga va (yoki) tavsifga muvofiq boʻlmasa, sotuvchi (ijrochi) isteʼmolchini bu haqda oldindan xabardor qilishi kerak. Tovar namunaga va (yoki) tavsifga muvofiq boʻlmagan hollarda, isteʼmolchi uni almashtirishni yoki pul summasini qaytarishni talab qilish huquqiga ega.
Tovarni qaytarib berish bilan bogʻliq barcha xarajatlar sotuvchining (ijrochining) zimmasida boʻladi.
Isteʼmolchining aybisiz yetkazilgan shikastlantirishlar, shuningdek tovarni koʻzdan kechirish va uni tekshirib koʻrish maqsadida qadogʻini ochish sababli tovar qiymatining pasayishi isteʼmolchini shartnomani bekor qilish huquqidan mahrum etmaydi.
Agar shartnoma bekor qilinganidan keyin isteʼmolchi toʻlagan pul summasi shartnomada belgilangan muddat ichida unga sotuvchi tomonidan qaytarilmasa, sotuvchi isteʼmolchiga shartnomada belgilangan muddatlardan ortiq har bir kechiktirilgan kun uchun qaytarilishi lozim boʻlgan pul summasining bir foizi miqdorida neustoyka (penya) toʻlaydi. Bunda neustoykaning (penyaning) miqdori qaytarilishi lozim boʻlgan pul summasidan oshib ketishi mumkin emas. Neustoykaning (penyaning) toʻlanganligi sotuvchini shartnoma bekor qilinishi munosabati bilan yuzaga keladigan majburiyatlarni bajarishdan ozod etmaydi.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish