Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- OilaFAMILY · 104-modda
Aliment undirishda hisobga olinadigan daromadlar
Aliment Oʻzbekiston Respublikasi hududida va uning tashqarisida pul yoki natura tarzida olingan barcha turdagi daromadlardan ushlab qolinadi. Chet el valyutasida olinadigan daromadlar aliment undiriladigan kunda amalda boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining rasmiy kursi boʻyicha soʻmlarda hisoblanadi.
- OilaFAMILY · 105-modda
Aliment miqdorini kamaytirish yoki aliment toʻlashdan ozod qilish
Aliment toʻlayotgan ota-onaning boshqa voyaga yetmagan bolalari boʻlib, undan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirilganda oʻsha bolalar aliment olayotgan bolalarga nisbatan moddiy jihatdan kamroq taʼminlanib qoladigan boʻlsa, shuningdek aliment toʻlayotgan ota (ona) nogironligi boʻlgan shaxs boʻlib, moddiy jihatdan qiynalib kelayotgan boʻlsa yoki aliment olayotgan shaxs mustaqil daromadga ega boʻlgan taqdirda, aliment miqdori sud tomonidan kamaytirilishi mumkin. Agar voyaga yetmagan bola davlat yoki nodavlat muassasalarining toʻliq taʼminotida boʻlsa, sud aliment toʻlayotgan ota yoki onaning moddiy ahvolini hisobga olib, toʻlanayotgan aliment miqdorini kamaytirish yoki uni aliment toʻlashdan ozod qilish haqida hal qiluv qarori chiqarishi mumkin. Aliment miqdorini kamaytirish yoki uni toʻlashdan ozod qilish uchun asos boʻlgan holatlar tugaganda manfaatdor taraf aliment qonunda belgilangan miqdorda undirilishini talab qilib, sudga murojaat etishga haqli.
- OilaFAMILY · 106-modda
Ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga taʼminot berish
Ota-onasi vafot etganligi oqibatida yetim qolgan voyaga yetmagan bolalarga taʼminot berish, ularni tarbiyalash va ularga taʼlim berish davlat tomonidan toʻliq amalga oshiriladi.
- OilaFAMILY · 107-modda
Bolalar muassasalariga joylashtirilgan bolalar uchun aliment undirish
Voyaga yetmagan bolani ota-onasidan olish va uni bolalar tarbiya muassasasiga joylashtirish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarorini chiqarishda sud ota va onaning har biridan mazkur bola foydasiga ushbu Kodeksning 99-moddasida belgilangan miqdorlarda alimentlar undiradi. Bunda undirilgan alimentlar mazkur bola nomiga ochilgan bank hisobvaragʻida jamlanadi va u voyaga yetganda toʻlanadi.
- OilaFAMILY · 108-modda
Voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz bolalarning taʼminot talab qilish huquqi
Mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj voyaga yetgan bolalar ota-onasidan, agar ular yoʻq boʻlsa, qarindoshlari va ushbu Kodeksda koʻrsatilgan boshqa shaxslardan oʻz taʼminoti uchun aliment talab qilish huquqiga ega. Bunday hollarda aliment miqdori sud tomonidan aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxsning moddiy va oilaviy ahvoli hisobga olinib, pul bilan toʻlanadigan qatʼiy summada belgilanishi mumkin.
- OilaFAMILY · 109-modda
Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalarning ota-onasiga taʼminot berish majburiyati
Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalar mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj oʻz ota-onasiga taʼminot berishlari va ular toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilishlari shart. Ota-onasining davlat va nodavlat muassasalari qaramogʻida ekanligi voyaga yetgan mehnatga layoqatli bolalarni ota-ona haqida gʻamxoʻrlik qilish va ularga moddiy yordam koʻrsatish majburiyatidan ozod qilmaydi.
- OilaFAMILY · 11-modda
Oilaviy huquqlarni himoya qilish
Oilaviy huquqlarni himoya qilish sud tomonidan fuqarolik sud ishlarini yuritish qoidalari boʻyicha, ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda esa, vasiylik va homiylik organlari yoki boshqa davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi. Oilaviy huquqlarni himoya qilish ushbu Kodeksning tegishli moddalarida nazarda tutilgan usullarda amalga oshiriladi.
- OilaFAMILY · 110-modda
Ota-onaga beriladigan taʼminot miqdori va tartibi
Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalar oʻz ota-onasiga ixtiyoriy ravishda moddiy yordam berishdan boʻyin tovlasalar, taʼminot miqdori bolalarning oilaviy va moddiy ahvolini hisobga olgan holda sudning hal qiluv qaroriga asosan belgilanadi. Ota-ona, aliment undirish haqidagi talabni oʻz bolalarining biriga yoki bir nechtasiga nisbatan qoʻyganligidan qatʼi nazar, aliment miqdorini belgilashda sud voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalarning barchasini hisobga olishi lozim. Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalardan aliment undirish nizosi uzil-kesil hal boʻlgunga qadar sudya shu nizo boʻyicha vaqtincha toʻlab turilishi lozim boʻlgan summani koʻrsatib, ajrim chiqarishi mumkin. Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalardan undirilayotgan aliment miqdori qonunchilikda belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 11,75 foizidan kam boʻlmasligi kerak.
- OilaFAMILY · 111-modda
Ota-onaning taʼminoti uchun qilinadigan qoʻshimcha xarajatlar
Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalar ota-onasining kasalligiga va boshqa uzrli sabablarga koʻra qilinadigan qoʻshimcha xarajatlarda ishtirok etishlari shart. Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalar tomonidan qoʻshimcha xarajatlar ixtiyoriy ravishda qoplanmasa, talab qilinayotgan summa sud tartibida undirilishi mumkin.
- OilaFAMILY · 112-modda
Nizo sudda hal etilgunga qadar aliment undirish
Bolaning tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomasida ota (ona) deb yozilgan shaxsdan aliment undirish toʻgʻrisidagi nizo uzil-kesil hal etilgunga qadar sudya shu nizo boʻyicha undan ushbu Kodeksda belgilangan miqdorda vaqtincha aliment undirish toʻgʻrisida ajrim chiqarishi mumkin.
- OilaFAMILY · 113-modda
Bolalarni ota-onasiga taʼminot berish majburiyatidan ozod qilish
Agar sud ota-onaning ota-onalik majburiyatini bajarishdan boʻyin tovlaganligini aniqlasa, bolalarni mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj ota-onasiga taʼminot berish majburiyatidan ozod qilishi mumkin.
- OilaFAMILY · 114-modda
Aliment undirish toʻgʻrisidagi sud qarorini ijro etish
Aliment undirish toʻgʻrisidagi sudning hal qiluv qarori yoki sud buyrugʻi qonunchilikda belgilangan tartibda ijro etiladi.
- OilaFAMILY · 115-modda
Sudning bir necha hal qiluv qarorlari boʻyicha undiriladigan aliment miqdorini belgilash
Boshqa-boshqa ota-onadan tugʻilgan voyaga yetmagan bolalar uchun sudning bir necha hal qiluv qarorlariga asosan bir ota (ona)dan undirilayotgan alimentning umumiy miqdori ushbu Kodeksning 99-moddasida nazarda tutilgan miqdordan oshib ketsa, aliment toʻlovchi ota (ona) aliment toʻlash haqidagi sudning hal qiluv qarori yoki sud buyrugʻi kimning foydasiga chiqqan boʻlsa, oʻsha shaxslarning har biriga nisbatan alimentning miqdorini tegishincha kamaytirish toʻgʻrisida daʼvo taqdim etishi mumkin. Sud sudlarning barcha hal qiluv qarorlariga binoan toʻlanishi lozim boʻlgan, ushbu Kodeks 99-moddasida belgilangan aliment miqdoridan kelib chiqqan holda, bolalarga nisbatan sudlarning hal qiluv qarorlari mavjud boʻlsa, ularning har biriga tegishli boʻlgan alimentning teng ulushdagi yangi miqdorini belgilaydi. Alimentning miqdorini kamaytirishga asos boʻlgan holatlar tugagan taqdirda, voyaga yetmagan bolalari uchun aliment oluvchi shaxs ushbu Kodeksning 99-moddasida koʻrsatilgan miqdorda aliment undirish toʻgʻrisida daʼvo bilan sudga murojaat qilishga haqlidir.
- OilaFAMILY · 116-modda
Aliment toʻlashdan bosh tortganlik uchun javobgarlik
Voyaga yetmagan yoki voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga aliment toʻlash haqidagi sudning hal qiluv qarorini bajarishdan boʻyin tovlagan shaxslar ushbu Kodeksning 79-moddasiga asosan ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin. Ota-onasiga moddiy yordam berish toʻgʻrisidagi sudning hal qiluv qarorlarini bajarmaslik jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi.
- OilaFAMILY · 117-modda
Er-xotinning bir-biriga taʼminot berish majburiyatlari
Er-xotin bir-biriga moddiy yordam berishi shart. Bunday yordam berishdan bosh tortilgan taqdirda, yordamga muhtoj, mehnatga layoqatsiz er yoki xotin, shuningdek xotin homiladorlik davrida va oʻrtada bola tugʻilgan kundan eʼtiboran uch yil davomida, oʻrtadagi nogironligi boʻlgan bolani u oʻn sakkiz yoshga toʻlguniga qadar parvarishlashni yoki bolalikdan I guruh nogironligi boʻlgan oʻrtadagi bolani parvarishlashni amalga oshirgan, yordamga muhtoj boʻlgan er (xotin) yordam berishga qodir boʻlgan xotindan (erdan) sud tartibida taʼminot (aliment) olish huquqiga ega.
- OilaFAMILY · 118-modda
Nikohdan ajralganidan keyin sobiq er (xotin)ning taʼminot olish huquqi
Yetarli mablagʻga ega boʻlgan sobiq er (xotin)dan: sobiq xotin homiladorlik davrida va oʻrtada bola tugʻilgan kundan boshlab uch yil davomida; oʻrtadagi nogironligi boʻlgan bolani u oʻn sakkiz yoshga toʻlguniga qadar parvarishlashni yoki bolalikdan I guruh nogironligi boʻlgan bolani parvarishlashni amalga oshirgan, yordamga muhtoj boʻlgan sobiq xotin (er); nikohdan ajralgunga qadar yoki nikohdan ajralgan paytdan boshlab bir yil davomida mehnatga layoqatsiz boʻlib qolgan yordamga muhtoj sobiq xotin (er); nikohdan ajralgan paytdan boshlab besh yil ichida pensiya yoshiga yetgan yordamga muhtoj xotin (er), agar er-xotin uzoq vaqt nikohda turishgan boʻlsa, sud tartibida aliment talab qilish huquqiga egadir. Nikohdan ajralgandan keyin sobiq er yoki xotinga toʻlanadigan aliment miqdori va uni toʻlash tartibi sobiq er-xotin oʻrtasidagi kelishuv bilan belgilanishi mumkin.
- OilaFAMILY · 119-modda
Er-xotin (sobiq er-xotin)dan sud tartibida undiriladigan aliment miqdori
Er-xotin (sobiq er-xotin) oʻrtasida aliment toʻlash toʻgʻrisida kelishuv mavjud boʻlmagan hollarda er yoki xotinga (sobiq er yoki xotinga) sud tartibida undirib beriladigan aliment miqdori sud tomonidan er yoki xotinning (sobiq er yoki xotinning) moddiy va oilaviy ahvolini hamda taraflarning eʼtiborga loyiq boshqa manfaatlarini eʼtiborga olib, har oyda pul bilan toʻlanadigan qatʼiy summada belgilanadi, biroq bu summa qonunchilikda belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 11,75 foizidan kam boʻlmasligi lozim.
- OilaFAMILY · 12-modda
Oilaviy munosabatlarda daʼvo muddatining qoʻllanilishi
Oilaviy munosabatlardan kelib chiqadigan talablarga nisbatan daʼvo muddati joriy qilinmaydi, ushbu Kodeks bilan belgilangan hollar bundan mustasnodir. Daʼvo muddatini belgilovchi normalarni qoʻllashda sud Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga amal qiladi.
- OilaFAMILY · 120-modda
Er va xotinni bir-birlariga taʼminot berish majburiyatidan ozod qilish yoki bu majburiyatni muayyan muddat bilan cheklash
Sud quyidagi hollarda: agar er-xotin nikohda qisqa vaqt mobaynida boʻlgan boʻlsa; agar oʻz taʼminoti uchun mablagʻ toʻlanishini talab qilayotgan er yoki xotinning noloyiq xulq-atvori tufayli nikohdan ajratilgan boʻlsa; agar yordamga muhtoj er yoki xotinning mehnatga layoqatsiz boʻlib qolishi uning spirtli ichimliklarni, giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni suiisteʼmol qilishi yoki qasddan jinoyat sodir etishi oqibatida yuz bergan boʻlsa, er (xotin)ni yordamga muhtoj mehnatga layoqatsiz xotin (er)ga taʼminot berish majburiyatidan ozod qilishi yoxud bu majburiyatni muayyan muddat bilan cheklab qoʻyishi mumkin.
- OilaFAMILY · 121-modda
Er (xotin)ning aliment olish huquqining tugashi
Er-xotinning bir-biridan taʼminot olish huquqi ushbu Kodeksning 117 va 118-moddalariga muvofiq taʼminot olish uchun asos boʻlgan shartlar tugagan taqdirda, shuningdek nikohdan ajralgan yordamga muhtoj, mehnatga layoqatsiz er yoki xotin yangi nikohga kirganda tugaydi. Bunday hollarda, agar taʼminot uchun mablagʻ sudning hal qiluv qaroriga binoan undirilgan boʻlsa, uni toʻlashi shart boʻlgan er (xotin) bundan buyon aliment toʻlashdan ozod etish haqidagi talab bilan sudga murojaat qilishga haqlidir.