Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- OilaFAMILY · 122-modda
Voyaga yetmagan va voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz shaxslarga taʼminot berish majburiyati
Ushbu Kodeksning 123—128-moddalarida koʻrsatilgan shartlar mavjud boʻlsa, voyaga yetmagan, shuningdek voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj shaxslarga taʼminot berish majburiyati sud tomonidan ularning qarindoshlari: bobo, buvi, nevara, aka-uka, opa-singil, shuningdek oʻgay ota va oʻgay ona, oʻgay oʻgʻil va oʻgay qiz, doimiy tarbiyada boʻlgan shaxslar zimmasiga yuklatilishi mumkin.
- OilaFAMILY · 123-modda
Bobo va buvining oʻz nevaralariga taʼminot berish majburiyati
Ota-onasi yoʻq boʻlgan yoki ulardan taʼminot ololmaydigan voyaga yetmagan nevaralariga taʼminot berish majburiyati yetarli mablagʻga ega boʻlgan bobo va buvi zimmasiga yuklatilishi mumkin. Voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj nevaralarning ota-onasi, eri yoki xotini (sobiq eri yoki xotini) va voyaga yetgan mehnatga layoqatli bolalari boʻlmasa yoxud ulardan taʼminot uchun mablagʻ ololmasa, ularga nisbatan ham bu majburiyat bobo va buvining zimmasiga yuklatilishi mumkin.
- OilaFAMILY · 124-modda
Nevaralarning bobo va buvilariga taʼminot berish majburiyati
Oʻzlarining voyaga yetgan bolalaridan yoxud eri yoki xotinidan (sobiq eri yoki xotinidan) taʼminot ololmaydigan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bobo va buviga taʼminot berish majburiyati yetarli mablagʻga ega boʻlgan voyaga yetgan mehnatga layoqatli nevaralar zimmasiga yuklatilishi mumkin.
- OilaFAMILY · 125-modda
Aka-uka va opa-singillarning voyaga yetmagan yoki voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz aka-uka va opa-singillariga taʼminot berish majburiyati
Ota-onasi yoʻq boʻlgan yoki ulardan taʼminot ololmaydigan voyaga yetmagan aka-uka va opa-singillariga taʼminot berish majburiyati yetarli mablagʻga ega boʻlgan aka-uka va opa-singillar zimmasiga yuklatilishi mumkin. Voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj aka-uka va opa-singillarning ota-onasi, eri yoki xotini (sobiq eri yoki xotini) va voyaga yetgan mehnatga layoqatli bolalari boʻlmasa yoxud ulardan taʼminot uchun mablagʻ ololmasa, ularga nisbatan ham bu majburiyat aka-uka va opa-singillarning zimmasiga yuklatilishi mumkin.
- OilaFAMILY · 126-modda
Doimiy tarbiyada boʻlganlarning oʻz tarbiyachilariga taʼminot berish majburiyati
Mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj eri yoki xotini (sobiq eri yoki xotini) yoki voyaga yetgan mehnatga layoqatli bolalari boʻlmagan yoxud ulardan taʼminot uchun mablagʻ ololmaydigan, amalda ularni tarbiyalaganlarga taʼminot berish majburiyati ularning doimiy tarbiyasi va taʼminotida boʻlgan shaxslar zimmasiga yuklatilishi mumkin. Bunday majburiyat vasiylikda (homiylikda) turgan shaxslar zimmasiga yuklatilmaydi. Sud tarbiyada boʻlganlarni, agar ular tarbiyachilarning tarbiyasi va taʼminotida besh yildan kam turgan boʻlsa, ushbu moddada koʻrsatilgan majburiyatdan ozod qilishga haqli.
- OilaFAMILY · 127-modda
Oʻgay ota va oʻgay onaning oʻgay oʻgʻil va oʻgay qizlariga taʼminot berish majburiyati
Oʻgay ota va oʻgay onaning tarbiyasida yoki taʼminotida boʻlgan voyaga yetmagan oʻgay oʻgʻil va oʻgay qizlarning ota-onasi yoʻq boʻlsa yoxud oʻz ota-onasidan yetarli mablagʻ ololmayotgan boʻlsa, ularga taʼminot berish majburiyati oʻgay ota va oʻgay ona zimmasiga yuklatilishi mumkin. Voyaga yetgan yordamga muhtoj, mehnatga layoqatsiz oʻgay oʻgʻil va oʻgay qizlarning ota-onasi, eri yoki xotini (sobiq eri yoki xotini) va voyaga yetgan mehnatga layoqatli bolalari boʻlmasa yoxud ulardan taʼminot uchun yetarli mablagʻ ololmasa, oʻgay ota va oʻgay onaning zimmasiga ularga nisbatan ham shunday majburiyat yuklatilishi mumkin.
- OilaFAMILY · 128-modda
Oʻgay oʻgʻil va oʻgay qizlarning oʻgay ota va oʻgay onaga taʼminot berish majburiyati
Mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj oʻgay ota va oʻgay onaning ota-onasi, eri yoki xotini (sobiq eri yoki xotini) yoki voyaga yetgan mehnatga layoqatli bolalari boʻlmasa yoxud ulardan taʼminot uchun mablagʻ ololmasa, ularga taʼminot berish majburiyati oʻgay oʻgʻil va oʻgay qizlar zimmasiga yuklatilishi mumkin. Agar oʻgay oʻgʻil va oʻgay qizni oʻgay ota va oʻgay ona besh yildan kam vaqt davomida tarbiyalagan va taʼminot bergan boʻlsa, shuningdek ular oʻz majburiyatlarini lozim darajada bajarmagan boʻlsa, sud oʻgay oʻgʻil va oʻgay qizni oʻgay otasi va oʻgay onasiga taʼminot berish majburiyatidan ozod qilishga haqli.
- OilaFAMILY · 129-modda
Qarindoshlar va boshqa shaxslardan undiriladigan alimentning miqdori
Qarindoshlar va boshqa shaxslardan voyaga yetmagan bolalar uchun, shuningdek voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj shaxslar taʼminoti uchun undiriladigan alimentning miqdori sud tomonidan aliment undirilayotgan shaxsning va aliment olayotgan shaxsning moddiy va oilaviy ahvolini hisobga olib, har oyda pul bilan toʻlanadigan qatʼiy summada belgilanadi. Aliment miqdorini belgilashda, talab aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxslarning barchasiga yoxud ularning bir nechtasiga yoki faqat biriga qaratilgan boʻlishidan qatʼi nazar, ana shu shaxslar hisobga olinadi.
- OilaFAMILY · 13-modda
Nikoh tuzish tartibi
Nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida tuziladi. Diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikoh huquqiy ahamiyatga ega emas. Nikoh tuzish nikohlanuvchilarning fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlariga ariza berganlaridan keyin bir oy oʻtgach, shaxsan ularning ishtirokida amalga oshiriladi. Uzrli sabablar boʻlganda fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organi bir oy oʻtgunga qadar nikoh tuzishga ruxsat berishi mumkin. Alohida hollar (homiladorlik, bola tugʻilishi, bir tarafning kasalligi va boshqalar)da nikoh ariza berilgan kuni tuzilishi mumkin. Nikoh tuzish fuqarolik holati dalolatnomalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organi nikohni roʻyxatga olishni rad etganda, shikoyat bilan bevosita sudga yoki boʻysunishiga koʻra yuqori turuvchi organga murojaat qilinishi mumkin.
- OilaFAMILY · 130-modda
Aliment toʻlash toʻgʻrisida kelishuv tuzish
Aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuv (aliment miqdori, shartlari va toʻlash tartibi) aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxs bilan aliment oluvchi oʻrtasida tuziladi. Agar aliment oluvchi muomalaga layoqatsiz boʻlsa, kelishuv uning qonuniy vakili bilan tuziladi.
- OilaFAMILY · 131-modda
Aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuvning shakli
Aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuv yozma shaklda tuzilib, notarial tartibda tasdiqlanishi lozim. Aliment toʻlash toʻgʻrisida kelishuv tuzishning qonunda belgilangan shakliga rioya qilmaslik, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida nazarda tutilgan oqibatlarga olib keladi. Notarial tartibda tasdiqlangan aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuv ijro varaqasi kuchiga ega boʻladi.
- OilaFAMILY · 132-modda
Aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuvni oʻzgartirish yoki bekor qilish
Aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuv taraflarning oʻzaro roziligi bilan istalgan vaqtda oʻzgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin. Aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuv qanday shaklda tuzilgan boʻlsa, uni oʻzgartirish yoki bekor qilish ham oʻsha shaklda amalga oshiriladi. Aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuvning bajarilishini bir taraflama rad qilishga yoki uning shartlarini bir taraflama oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolida jiddiy oʻzgarishlar yuz berganda hamda aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuvni oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisida ular oʻzaro kelisha olmaganda, manfaatdor taraf kelishuvni oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisidagi daʼvo bilan sudga murojaat qilishga haqli. Sud aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuvni oʻzgartirish yoki bekor qilish masalasini hal qilishda taraflarning eʼtiborga loyiq har qanday manfaatini hisobga olishga haqli.
- OilaFAMILY · 133-modda
Aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuvga binoan toʻlanadigan alimentlar miqdori
Aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuvga binoan toʻlanadigan alimentlarning miqdorini taraflar shu kelishuvda belgilaydilar. Voyaga yetmagan bolalarga aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuvga binoan toʻlanadigan alimentning miqdori aliment sud tartibida undirilganda bolalar olishi mumkin boʻlgan miqdordan kam boʻlmasligi kerak.
- OilaFAMILY · 134-modda
Aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuvga binoan aliment toʻlash usullari va tartibi
Aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuv boʻyicha aliment toʻlash usullari va tartibi shu kelishuv bilan belgilanadi. Alimentlar: aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxsning ish haqi va (yoki) boshqa daromadiga nisbatan ulushlarda; vaqti-vaqtida pul bilan toʻlanadigan qatʼiy summada; bir yoʻla pul bilan toʻlanadigan qatʼiy summada; mol-mulk bilan yoki kelishuvda qayd etilgan boshqa usullarda toʻlanishi mumkin. Aliment toʻlash haqidagi kelishuvda aliment toʻlashning turli usullarini birga qoʻshib qoʻllash nazarda tutilishi mumkin. Aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuv boʻyicha toʻlanadigan aliment miqdorini indeksatsiya qilish shu kelishuvga muvofiq amalga oshiriladi. Agar aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuvda indeksatsiya qilish tartibi koʻrsatilmagan boʻlsa, indeksatsiya ushbu Kodeksning 144-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi.
- OilaFAMILY · 135-modda
Alimentni ixtiyoriy toʻlash
Aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxs alimentni ixtiyoriy ravishda shaxsan yoki oʻz arizasiga muvofiq ishlab turgan joyida yoxud pensiya, nafaqa, stipendiya va boshqa turdagi mablagʻ olayotgan joyida toʻlanadi. Voyaga yetmagan bolalar uchun olinadigan aliment arizaga muvofiq ushbu Kodeksning 99-moddasida belgilangan miqdorlarda ushlab qolinadi. Voyaga yetmagan bolalar taʼminoti uchun alimentlar bola voyaga yetguniga qadar boʻlgan davr uchun, shu jumladan koʻchmas yoki koʻchar mulk yoxud boshqa qimmatli ashyoni berish yoʻli bilan oldindan toʻlanishi mumkin. Alimentning ixtiyoriy ravishda toʻlab turilishi aliment undiruvchini aliment undirish haqidagi daʼvo yoki ariza bilan xohlagan vaqtda sudga murojaat qilish huquqidan mahrum etmaydi.
- OilaFAMILY · 136-modda
Alimentni sud tartibida undirish
Aliment olish huquqiga ega boʻlgan shaxs, aliment talab qilish huquqi vujudga kelganidan soʻng qancha muddat oʻtganidan qatʼi nazar, xohlagan vaqtda aliment undirish toʻgʻrisidagi talab bilan sudga murojaat qilishga haqlidir. Mazkur shaxs, nizo boʻlmagan taqdirda, voyaga yetmagan bolalar uchun aliment undirish toʻgʻrisidagi ariza bilan sudga murojaat etishga haqli boʻlib, bu ariza buyruq tartibida ish yuritish tarzida koʻrib chiqiladi. Aliment sudga murojaat etilgan paytdan boshlab undiriladi. Agar taʼminot uchun mablagʻ olish choralari sudga murojaat qilingunga qadar koʻrilganligi, ammo aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxsning uni toʻlashdan bosh tortganligi oqibatida aliment olinmaganligi sud tomonidan aniqlansa, oʻtgan davr uchun aliment sudga murojaat etilgan paytdan boshlab uch yillik muddat doirasida undirib olinishi mumkin.
- OilaFAMILY · 137-modda
Ish beruvchining (tashkilot maʼmuriyatining) aliment ushlab qolish majburiyati
Aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxsning ish joyidagi ish beruvchi yoki pensiya, nafaqa, stipendiya olayotgan joyidagi tashkilot maʼmuriyati aliment toʻlash toʻgʻrisidagi notarial tartibda tasdiqlangan kelishuvga yoki ijro varaqasiga asosan aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxsning ish haqidan va (yoki) boshqa daromadidan har oyda aliment ushlab qolib, aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxsga ish haqi toʻlangan va (yoki) boshqa daromadlar olingan kundan boshlab, uch kundan kechiktirmay aliment oluvchi shaxsga aliment toʻlashi yoki aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxsning hisobidan unga oʻtkazishi shart.
- OilaFAMILY · 138-modda
Aliment toʻlovchining ish, oʻqish joyi va turar joyi oʻzgarganligi haqida xabar qilish majburiyati
Sudning hal qiluv qarori yoki aliment toʻlash toʻgʻrisidagi notarial tartibda tasdiqlangan kelishuv boʻyicha aliment ushlab qolishi lozim boʻlgan ish beruvchi (tashkilot maʼmuriyati) aliment toʻlovchi shaxs bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi haqida, shuningdek uning yangi ish, oʻqish joyi yoki turar joyi unga maʼlum boʻlsa, bu haqda sudning hal qiluv qarori ijro etiladigan joydagi davlat ijrochisiga yoki aliment oluvchi shaxsga uch kun muddat ichida xabar berishi shart. Aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxs ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan muddatda oʻz ish, oʻqish joyi yoki turar joyi oʻzgarganligi haqida, shuningdek qoʻshimcha ish haqi yoki boshqa daromadi toʻgʻrisida davlat ijrochisini hamda aliment oluvchi shaxsni xabardor qilishi shart. Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan maʼlumotlarni belgilangan muddatda uzrsiz sabablarga koʻra xabar qilmagan taqdirda, aybdor mansabdor shaxs va aliment toʻlovchi shaxs qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
- OilaFAMILY · 139-modda
Aliment qarzini undirish
Aliment qarzi aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxsning ish haqi va (yoki) boshqa daromadidan undiriladi. Ish haqi va (yoki) boshqa daromad yetarli boʻlmaganda, aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxsning banklar va boshqa kredit tashkilotlaridagi hisobvaraqlarida turgan pul mablagʻidan, tijorat va tijoratchi boʻlmagan tashkilotlarga shartnoma asosida oʻtkazilgan pul mablagʻidan undiriladi, mulk huquqining oʻtishiga olib keluvchi shartnomalar bundan mustasno. Bu mablagʻ yetarli boʻlmaganda undirish aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxsning qonun boʻyicha undirish qaratilishi mumkin boʻlgan har qanday mol-mulkiga qaratiladi. Undirish aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxsning hisobvaraqlaridagi pul mablagʻiga va uning boshqa mol-mulkiga qonunchilikda belgilangan tartibda qaratiladi. Aliment toʻlash toʻgʻrisidagi notarial tartibda tasdiqlangan kelishuv yoki ijro varaqasi asosida oʻtgan davrdagi aliment qarzi ijro varaqasi yoki aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuv aliment undirish uchun taqdim qilingunga qadar oʻtgan uch yildan ortiq boʻlmagan muddat uchun undiriladi. Alimentlar ijro varaqasi yoki aliment toʻlash toʻgʻrisidagi notarial tartibda tasdiqlangan kelishuv boʻyicha aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxsning aybi bilan undirilmagan boʻlsa, alimentlar ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatilgan uch yillik muddatdan qatʼi nazar, oʻtgan barcha vaqt uchun undiriladi.
- OilaFAMILY · 14-modda
Nikoh tuzishning ixtiyoriyligi
Nikoh tuzish ixtiyoriydir. Nikoh tuzish uchun boʻlajak er-xotin oʻz roziligini erkin ifoda etish qobiliyatiga ega boʻlishi kerak. Nikoh tuzishga majbur qilish taqiqlanadi.