Aliment toʻlovchining ish, oʻqish joyi va turar joyi oʻzgarganligi haqida xabar qilish majburiyati
Sudning hal qiluv qarori yoki aliment toʻlash toʻgʻrisidagi notarial tartibda tasdiqlangan kelishuv boʻyicha aliment ushlab qolishi lozim boʻlgan ish beruvchi (tashkilot maʼmuriyati) aliment toʻlovchi shaxs bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi haqida, shuningdek uning yangi ish, oʻqish joyi yoki turar joyi unga maʼlum boʻlsa, bu haqda sudning hal qiluv qarori ijro etiladigan joydagi davlat ijrochisiga yoki aliment oluvchi shaxsga uch kun muddat ichida xabar berishi shart.
Aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxs ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan muddatda oʻz ish, oʻqish joyi yoki turar joyi oʻzgarganligi haqida, shuningdek qoʻshimcha ish haqi yoki boshqa daromadi toʻgʻrisida davlat ijrochisini hamda aliment oluvchi shaxsni xabardor qilishi shart.
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan maʼlumotlarni belgilangan muddatda uzrsiz sabablarga koʻra xabar qilmagan taqdirda, aybdor mansabdor shaxs va aliment toʻlovchi shaxs qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish