Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- OilaFAMILY · 140-modda
Aliment qarzining miqdorini belgilash
Aliment qarzining miqdori davlat ijrochisi tomonidan sudning hal qiluv qarori yoki aliment toʻlash toʻgʻrisidagi notarial tartibda tasdiqlangan kelishuvda belgilangan aliment miqdoridan kelib chiqqan holda aniqlanadi. Ushbu Kodeksning 99-moddasiga asosan voyaga yetmagan bolalarga toʻlanadigan aliment qarzining miqdori aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxsning ish haqi va (yoki) boshqa daromadi miqdoridan kelib chiqqan holda aliment undirilmagan vaqt uchun hisoblab chiqiladi. Agar aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxs shu davrda ishlamagan boʻlsa yoki uning ish haqi va (yoki) daromadini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim qilinmagan boʻlsa, aliment qarzi undirilayotgan vaqtda aliment Oʻzbekiston Respublikasidagi oʻrtacha oylik ish haqi miqdori boʻyicha hisoblab chiqiladi. Agar qarzni bunday belgilash taraflardan birining manfaatlariga jiddiy putur yetkazsa, manfaatlariga putur yetkazilgan taraf sudga murojaat qilishga haqlidir. Sud taraflarning moddiy va oilaviy ahvolini va boshqa eʼtiborga loyiq holatlarni inobatga olib, qarzning pul bilan toʻlanadigan qatʼiy summasini belgilashi mumkin.
- OilaFAMILY · 141-modda
Aliment qarzini toʻlashdan ozod qilish
Taraflar oʻrtasidagi kelishuvga muvofiq aliment qarzini toʻlashdan ozod qilish yoki uni kamaytirishga taraflarning oʻzaro roziligi boʻlgandagina yoʻl qoʻyiladi, voyaga yetmagan bolalarga aliment toʻlanadigan hollar bundan mustasno. Agar sud aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxs kasalligi yoki boshqa uzrli sabablarga koʻra aliment toʻlamaganligini aniqlasa hamda uning moddiy va oilaviy ahvoli yigʻilgan aliment qarzni toʻlashga imkon bermaydi deb topsa, aliment toʻlovchining daʼvosiga binoan uni aliment qarzlarini toʻlashdan toʻla yoki qisman ozod etishga haqlidir.
- OilaFAMILY · 142-modda
Alimentni oʻz vaqtida toʻlamaganlik uchun javobgarlik
Aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuvga muvofiq aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxsning aybi bilan qarz vujudga kelgan boʻlsa, aybdor shaxs ushbu kelishuvda belgilangan tartibda javobgar boʻladi. Sudning hal qiluv qaroriga koʻra aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxsning aybi bilan qarz vujudga kelgan boʻlsa, aybdor shaxs kechiktirilgan har bir kun uchun toʻlanmay qolgan aliment summasining oʻndan bir foizi miqdorida aliment oluvchiga neustoyka toʻlaydi. Aliment oluvchi aliment oʻz vaqtida toʻlanmaganligida aybdor aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxsdan aliment toʻlash majburiyatlarini oʻz vaqtida bajarmaganlik oqibatida yetkazilgan barcha zararlarning neustoyka bilan qoplanmagan qismini undirishga ham haqlidir.
- OilaFAMILY · 143-modda
Alimentni hisobga oʻtkazishga va qaytarib olishga yoʻl qoʻyilmasligi
Aliment qarshi qoʻyilgan boshqa talablar bilan hisobga oʻtkazilishi mumkin emas. Alimentni qaytarib olishga yoʻl qoʻyilmaydi, quyidagi hollar bundan mustasno: aliment oluvchi tomonidan yolgʻon maʼlumotlar berish yoki qalbaki hujjatlar taqdim etish oqibatida aliment undirish toʻgʻrisida chiqarilgan sudning hal qiluv qarori bekor qilinganda; aliment oluvchi tomonidan aldash, qoʻrqitish yoki zoʻrlik taʼsiri ostida tuzilgan aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuv haqiqiy emas deb topilganda; aliment toʻlanishiga asos boʻlgan sudning hal qiluv qarori, aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuv yoki ijro varaqasi qalbakiligi fakti sud hukmi bilan aniqlanganda. Agar ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan harakatlar voyaga yetmagan bolaning yoki voyaga yetgan muomalaga layoqatsiz aliment oluvchining vakili tomonidan sodir etilgan boʻlsa, aliment qaytarib olinmaydi, toʻlangan aliment summalari esa, aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxsning daʼvosiga koʻra aybdor vakildan undiriladi.
- OilaFAMILY · 144-modda
Alimentni indeksatsiya qilish
Sudning hal qiluv qaroriga asosan pul bilan toʻlanadigan qatʼiy summada undirilayotgan alimentlarni indeksatsiya qilish alimentlar ushlab qolinayotgan joyda qonunchilik bilan belgilangan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoriga mutanosib ravishda amalga oshiriladi. Indeksatsiya qilish maqsadida alimentning miqdori sud tomonidan qonunchilikda belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining muayyan qismiga mos ravishda pul bilan toʻlanadigan qatʼiy summada belgilanadi.
- OilaFAMILY · 145-modda
Aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxs chet davlatga ketayotganida aliment toʻlanishi
Aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxs doimiy yashash uchun yoki uch oydan ortiq muddatga chet davlatga ketayotganida qonunga muvofiq oʻzi taʼminot berishi lozim boʻlgan aliment oluvchilar bilan ushbu Kodeksning 130—134-moddalariga asosan aliment toʻlash toʻgʻrisida kelishuv tuzishi shart. Aliment toʻlash toʻgʻrisida kelishuvga erishilmagan taqdirda manfaatdor shaxs aliment miqdorining pul bilan toʻlanadigan qatʼiy summada belgilanishi va alimentni bir yoʻla toʻlash toʻgʻrisida yoki aliment evaziga muayyan mol-mulkni berish yoxud alimentni boshqa usulda toʻlash toʻgʻrisidagi talab bilan sudga murojaat qilishga haqli. Voyaga yetmagan bolalar taʼminoti uchun alimentlar oldindan toʻlangan yoki aliment toʻlash majburiyatini taʼminlash uchun garov shartnomasi tuzilgan boʻlsa, shaxs aliment toʻlash toʻgʻrisida kelishuv tuzish majburiyatidan ozod etiladi. Alimentlarni oldindan toʻlash, shuningdek aliment toʻlash majburiyatini taʼminlash boʻyicha garov shartnomasini tuzish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
- OilaFAMILY · 146-modda
Aliment miqdorini oʻzgartirish yoki aliment toʻlashdan ozod qilish
Aliment miqdori sud tartibida belgilanganidan keyin taraflardan birining moddiy yoki oilaviy ahvoli oʻzgarsa, sud ulardan har birining talabiga koʻra alimentning belgilangan miqdorini oʻzgartirishga yoki aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxsni aliment toʻlashdan ozod qilishga haqli. Aliment miqdorini oʻzgartirishda yoki uni toʻlashdan ozod qilishda sud taraflarning eʼtiborga loyiq boshqa manfaatlarini hisobga olishga haqli.
- OilaFAMILY · 147-modda
Aliment majburiyatlarining tugatilishi
Aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuvda belgilangan aliment majburiyatlari taraflardan birining oʻlimi, mazkur kelishuv muddatining oʻtishi yoki unda nazarda tutilgan boshqa asoslarga koʻra tugaydi. Sud tartibida undiriladigan aliment toʻlash: bola voyaga yetganda yoki voyaga yetmasdan turib toʻla muomala layoqatiga ega boʻlganda; foydasiga aliment undirilayotgan bola farzandlikka olinganda; sud aliment oluvchining mehnatga layoqati tiklangan yoki uni yordamga muhtoj boʻlmay qolgan deb topganda; mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj aliment oluvchi sobiq er yoki xotin yangi nikohga kirganda; aliment oluvchi yoki aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxs vafot etganda tugatiladi.
- OilaFAMILY · 148-modda
Ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish
Ota-ona vafot etganda, ota-onalik huquqidan mahrum etilganda, ularning ota-onalik huquqi cheklanganda, ular muomalaga layoqatsiz deb topilganda, kasal boʻlganda, uzoq muddat boʻlmaganda, ota-ona bolalarni tarbiyalash yoki ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan boʻyin tovlaganda, shu jumladan ota-ona tarbiya, davolash, aholini ijtimoiy himoyalash muassasalari va shunga oʻxshash boshqa muassasalardagi bolasini olishdan bosh tortganda, shuningdek ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan boshqa hollarda bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish vasiylik va homiylik organlari zimmasiga yuklatiladi.
- OilaFAMILY · 149-modda
Ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni aniqlash va hisobga olish
Vasiylik va homiylik organlari ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni aniqlaydi, bunday bolalarni hisobga oladi va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan har bir holatga qarab, bolalarni joylashtirish shakllarini tanlaydi, shuningdek bundan buyon ularga taʼminot berish, ularni tarbiyalash va ularga taʼlim berish shart-sharoitlarini nazorat qilib boradi. Vasiylik va homiylik organidan tashqari boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni aniqlash va joylashtirish boʻyicha faoliyat yuritishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Tashkilotlarning (maktabgacha taʼlim tashkilotlarining, umumtaʼlim muassasalarining, davolash muassasalarining va boshqa muassasalarning), fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining mansabdor shaxslari va boshqa fuqarolar bolalar ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlganligidan xabardor boʻlgach, yetti kunlik muddat ichida bu haqda bolalar haqiqatda turgan joydagi vasiylik va homiylik organlariga xabar berishlari shart. Vasiylik va homiylik organi bunday maʼlumotlarni olgan kundan eʼtiboran uch kun ichida bolaning turmush sharoitini tekshirib chiqishi va bunda bolaning ota-ona yoki qarindoshlari qaramogʻidan mahrum boʻlganligi aniqlansa, uni joylashtirish masalasi hal boʻlguniga qadar bolaning huquq va manfaatlari himoya qilinishini taʼminlashi shart. Ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni vasiylik va homiylik organiga xabar qilmaganlik, shuningdek bunday bolalarni joylashtirishda qonunchilik talablarini buzganlik uchun ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatilgan muassasalarning rahbarlari va organlarning mansabdor shaxslari qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
- OilaFAMILY · 15-modda
Nikoh yoshi
Nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun oʻn sakkiz yosh etib belgilanadi. Uzrli sabablar boʻlganida, alohida hollarda (homiladorlik, bola tugʻilishi, voyaga yetmagan shaxsning toʻla muomalaga layoqatli deb eʼlon qilinishi (emansipatsiya), nikohga kirishni xohlovchilarning iltimosiga koʻra nikoh davlat roʻyxatidan oʻtkaziladigan joydagi tuman, shahar hokimi nikoh yoshini koʻpi bilan bir yilga kamaytirishi mumkin.
- OilaFAMILY · 150-modda
Ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni joylashtirish
Ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar oila (farzandlikka olinishi, vasiylik, homiylik belgilanishi yoki tutingan oila)ga berilishi, bunday imkoniyat boʻlmaganda esa, yetim bolalar yoxud ota-onalar qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun tayinlangan muassasalar (tarbiya, davolash, aholini ijtimoiy himoyalash muassasasi va shunga oʻxshash boshqa muassasalar)ga tarbiyaga berilishi lozim. Ota-onasi qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan oilaga yoki muassasalarga tarbiyalash uchun joylashtirish masalasi hal boʻlgunga qadar vasiylik (homiylik) majburiyatlarini bajarish vaqtincha vasiylik va homiylik organlari zimmasiga yuklatiladi.
- OilaFAMILY · 151-modda
Farzandlikka olish
Farzandlikka olishga faqat voyaga yetmagan bolalarga nisbatan va faqat ularning eng ustun manfaatlarini koʻzlab yoʻl qoʻyiladi. Farzandlikka olish bolani farzandlikka olishni istagan shaxslarning (shaxsning) arizasiga koʻra, vasiylik va homiylik organlarining farzandlikka olishning asosliligi va farzandlikka olinayotgan bolaning eng ustun manfaatlariga toʻgʻri kelishi haqidagi xulosasi hisobga olingan holda sud tomonidan amalga oshiriladi. Farzandlikka olish toʻgʻrisidagi ishlar Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksida nazarda tutilgan qoidalar boʻyicha alohida ish yuritish tartibida, farzandlikka oluvchilar (oluvchi), vasiylik va homiylik organlari vakillari, shuningdek prokuror ishtirokida sud tomonidan koʻrib chiqiladi. Aka-ukalar va opa-singillarni turli shaxslar tomonidan farzandlikka olishga yoʻl qoʻyilmaydi, farzandlikka olish bolalarning eng ustun manfaatlariga muvofiq kelgan hollar bundan mustasno.
- OilaFAMILY · 152-modda
Farzandlikka olishi mumkin boʻlgan shaxslar
Voyaga yetgan erkak yoki ayol fuqarolar farzandlikka oluvchilar boʻlishi mumkin, quyidagi shaxslar bundan mustasno: ota-onalik huquqidan mahrum qilingan yoki ota-onalik huquqi cheklanganlar; qonun bilan belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganlar; asab kasalliklari yoki narkologiya muassasalarida roʻyxatda turuvchilar; ushbu Kodeks 169-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan asoslar boʻyicha farzandlikka olganligi bekor qilingan sobiq farzandlikka oluvchilar; hayotga, sogʻliqqa qarshi jinoyatlar, hayot yoki sogʻliq uchun xavfli boʻlgan jinoyatlar, jinsiy erkinlikka, oilaga, yoshlarga va axloqqa qarshi, shaxsning ozodligiga, shaʼni va qadr-qimmatiga qarshi (bundan tuhmat, haqorat qilish mustasno), fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi (bundan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish, mualliflik yoki ixtirochilik huquqlarini buzish mustasno), tinchlikka va insoniyatning xavfsizligiga qarshi, Oʻzbekiston Respublikasiga qarshi jinoyatlar, oʻzganing mol-mulkini talon-toroj qilish bilan bogʻliq boʻlgan jinoyatlar, jinoiy yoʻl bilan topilgan mol-mulkni olish yoki oʻtkazish, tijoratda pora evaziga ogʻdirib olish yoxud nodavlat tijorat tashkilotining yoki boshqa nodavlat tashkilotining xizmatchisini pora evaziga ogʻdirib olish, boshqaruv tartibiga, shuningdek odil sudlovga qarshi jinoyatlar, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash, jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar (bundan uchuvchisiz uchadigan apparatlarni qonunga xilof ravishda olib kirish, oʻtkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish, karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlarni tarqatish, uchuvchisiz uchadigan apparatlarni saqlash va ulardan foydalanish tartibini buzish, tadqiqot faoliyatini amalga oshirishda xavfsizlik qoidalarini buzish, mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish, sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish, togʻ-kon, qurilish yoki portlatish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish, yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzish mustasno), giyohvandlik vositalarining yoki psixotrop moddalarning qonunga xilof muomalasidan iborat jinoyatlar, jamoat tartibiga qarshi jinoyatlar va harbiy mansabdorlik jinoyatlari sodir etganlik uchun ilgari hukm qilinganlar; ushbu modda birinchi qismining oltinchi xatboshisida koʻrsatilgan jinoyatlar jumlasiga kirmaydigan ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etganlik uchun ilgari hukm qilinganlar; ushbu modda birinchi qismining oltinchi va yettinchi xatboshilarida koʻrsatilgan jinoyatlarni sodir etganlik uchun oʻziga nisbatan jinoyat ishi ayblilik toʻgʻrisidagi masala hal qilinmay turib tugatilganlar; farzandlikka olishga monelik qiladigan kasalliklarga chalinganlar. Mazkur kasalliklarning roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Farzandlikka oluvchilar va farzandlikka olinuvchilar yoshidagi farq oʻn besh yoshdan kam boʻlmasligi shart, bundan oʻgay ota va oʻgay ona yoxud farzandlikka olinuvchining yaqin qarindoshlari tomonidan farzandlikka olish hollari mustasno.
- OilaFAMILY · 153-modda
Farzandlikka olishni sir saqlash
Farzandlikka olishni sir saqlash qonun bilan himoya qilinadi. Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish daftaridagi va boshqa hujjatlardagi farzandlikka oluvchilar farzandlikka olinganlarning ota-onasi emasligini bildiradigan mazmundagi yozuvlar bilan tanishtirish, bu yozuvlardan koʻchirmalar va boshqa maʼlumotlarni farzandlikka oluvchilarning roziligisiz, agar ular vafot etgan boʻlsa, vasiylik va homiylik organining roziligisiz berish taqiqlanadi. Farzandlikka oluvchining yoki vasiylik va homiylik organining erkiga hilof ravishda farzandlikka olish sirini oshkor qilgan shaxslar qonun bilan belgilangan javobgarlikka tortiladilar.
- OilaFAMILY · 154-modda
Farzandlikka olishda ustunlik huquqiga ega boʻlgan shaxslar
Farzandlikka olishda quyidagilar ustunlik huquqiga ega boʻladilar: turar joyidan qatʼi nazar farzandlikka olinuvchining qarindoshlari; farzandlikka olinuvchi bola oilasida yashayotgan shaxs; aka-uka, opa-singillarni ular oʻrtasidagi qarindoshlik aloqalarini buzmasdan farzandlikka olayotgan shaxslar; oʻgay ota va oʻgay ona; Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari; kasallik, baxtsiz hodisa oqibatida farzandlaridan ajralgan shaxslar.
- OilaFAMILY · 155-modda
Farzandlikka olinayotgan bolaning farzandlikka olinishiga roziligi
Oʻn yoshga toʻlgan bolani farzandlikka olish uchun uning roziligi talab qilinadi. Farzandlikka olishda bolaning roziligi vasiylik va homiylik organlari yoki sud tomonidan farzandlikka olish toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqilayotganda aniqlanadi.
- OilaFAMILY · 156-modda
Bolaning roziligisiz farzandlikka olish
Agar bola farzandlikka oluvchilarning oilasida tarbiyalanayotgan boʻlsa va ularni oʻz ota-onasi deb eʼtirof etsa, farzandlikka olish farzandlikka olinayotgan bolaning roziligisiz amalga oshirilishi mumkin.
- OilaFAMILY · 157-modda
Farzandlikka oluvchining eri (xotini)ning bolani farzandlikka olishga roziligi
Agar bola er-xotinning har ikkalasi tomonidan farzandlikka olinmayotgan boʻlsa, bunga xotin (er)ning roziligi talab etiladi. Agar er-xotin oilaviy munosabatlarni tugatgan, bir yildan ortiq birga yashamayotgan boʻlsalar va er (xotin)ning turar joyi nomaʼlum boʻlsa, farzandlikka olishda uning roziligi talab qilinmaydi.
- OilaFAMILY · 158-modda
Vasiylik yoki homiylikdagi bolani farzandlikka olish
Vasiylik yoki homiylikdagi bolani farzandlikka olish, agar uning ota-onasidan rozilik talab qilinmaydigan boʻlsa, vasiy yoki homiyning roziligi bilan amalga oshiriladi.