Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- OilaFAMILY · 159-modda
Ota-onaning bolaning farzandlikka olinishiga roziligi
Bolani farzandlikka olish uchun farzandlikka olinayotgan bola ota-onasining roziligi talab etiladi. Ota-ona bolaning muayyan bir shaxs (shaxslar) tomonidan farzandlikka olinishiga rozilik berishlari yoki farzandlikka berishga rozilik bildirib, farzandlikka oluvchilarni tanlash ixtiyorini vasiylik va homiylik organiga havola qilishlari mumkin. Ota-onaning bolaning farzandlikka olinishiga roziligi notarial tasdiqlangan yoki ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bola joylashgan muassasa rahbari tomonidan yoki farzandlikka olish amalga oshirilayotgan joydagi yoxud ota-ona doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan joydagi vasiylik va homiylik organi tomonidan tasdiqlangan arizada bayon etilgan boʻlishi kerak, shuningdek farzandlikka olish toʻgʻrisida ish yuritilayotganda bevosita sudda bayon etilishi mumkin. Sud tomonidan farzandlikka olish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori chiqarilguniga qadar ota-ona bolaning farzandlikka olinishiga bergan roziligini qaytarib olishga haqli.
- OilaFAMILY · 16-modda
Nikoh tuzishga monelik qiladigan holatlar
Nikoh tuzishga: loaqal bittasi roʻyxatga olingan boshqa nikohda turgan shaxslar oʻrtasida; nasl-nasab shajarasi boʻyicha toʻgʻri tutashgan qarindoshlar oʻrtasida, tugʻishgan va oʻgay aka-ukalar bilan opa-singillar oʻrtasida, shuningdek farzandlikka oluvchilar bilan farzandlikka olinganlar oʻrtasida; loaqal bittasi ruhiyat buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar oʻrtasida yoʻl qoʻyilmaydi.
- OilaFAMILY · 160-modda
Ota-onaning roziligisiz farzandlikka olish
Farzandlikka olish quyidagi hollarda: ota-onaning kimligi nomaʼlum boʻlsa; ota-ona ota-onalik huquqidan mahrum qilingan boʻlsa; ota-ona muomalaga layoqatsiz, bedarak yoʻqolgan deb topilgan yoki vafot etgan deb eʼlon qilingan boʻlsa; ota-ona bir yildan ortiq muddat davomida bolalar yoki davolash muassasalaridagi bolasidan uzrli sabablarsiz xabar olmagan boʻlsa, ota-onaning roziligisiz amalga oshiriladi.
- OilaFAMILY · 161-modda
Davlat bolalar muassasalari tarbiyasi va taʼminotidagi bolalarni farzandlikka olish
Davlat bolalar muassasalarining tarbiyasi va taʼminotidagi bolalarni farzandlikka olish, agar ularning ota-onasi roziligi talab etilmaydigan boʻlsa, shu muassasa maʼmuriyatining roziligi bilan amalga oshiriladi.
- OilaFAMILY · 161¹-modda
Chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs boʻlib, boshqa davlat hududida doimiy yashayotgan bolani Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan farzandlikka olish
Chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs boʻlib, boshqa davlat hududida doimiy yashayotgan bolani Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan farzandlikka olish mazkur bola doimiy yashayotgan davlatning qonunchilikda belgilangan tartibda, farzandlikka olinayotgan bola yetim va farzandlikka oluvchilarning (oluvchining) yaqin qarindoshi boʻlgan yoki oʻz vatanida turli sabablarga koʻra farzandlikka olinishi mumkin boʻlmagan hollarda amalga oshiriladi. Chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs boʻlib, boshqa davlat hududida doimiy yashayotgan bolani Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan farzandlikka olishda farzandlikka olinayotgan bolaning Oʻzbekiston Respublikasiga kirishi va Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashashi uchun Oʻzbekiston Respublikasi vakolatli organining ruxsatnomasi talab qilinadi.
- OilaFAMILY · 162-modda
Bolani takroran farzandlikka olish
Farzandlikka olish toʻgʻrisidagi birinchi qaror sud tartibida bekor qilingandan keyingina bolaning takroran farzandlikka olinishiga yoʻl qoʻyiladi.
- OilaFAMILY · 164-modda
Farzandlikka olishda tugʻilishni qayd etish daftariga oʻzgartirish kiritish
Sudning farzandlikka olish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab oʻn kun ichida fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlari farzandlikka olinayotganning tugʻilishi qayd etilgan daftarga zarur oʻzgartirishlar kiritishi lozim. Farzandlikka oluvchilar bolaning tugʻilishi yozilgan daftarga, agar bu haqda sudning hal qiluv qarorida koʻrsatilgan boʻlsa, uning ota-onasi deb yozilishi kerak. Zarur hollarda bolaning familiyasi, ismi, otasining ismigina emas, balki tugʻilgan sanasi ham bir yildan ortiq boʻlmagan farq bilan oʻzgartiriladi. Agar bola oʻn yoshdan oshmagan boʻlsa, tugʻilgan joyi ham Oʻzbekiston Respublikasi doirasida oʻzgartirilishi mumkin.
- OilaFAMILY · 165-modda
Farzandlikka olishning huquqiy oqibatlari
Farzandlikka olingan bolalar barcha shaxsiy va mulkiy huquqlarda farzandlikka oluvchining oʻz bolalariga tenglashtiriladi. Farzandlikka olinganlar va ularning ota-onasi (ota-ona qarindoshlari) bir-birlariga nisbatan shaxsiy va mulkiy huquqlarni yoʻqotadilar hamda oʻzaro majburiyatlardan ozod boʻladilar. Bola bitta shaxs tomonidan farzandlikka olingan taqdirda, uning manfaatlarini koʻzlab, bolaning shaxsiy nomulkiy hamda mulkiy huquq va majburiyatlari, agar farzandlikka oluvchi erkak boʻlsa, onasining iltimosiga koʻra yoki, agar farzandlikka oluvchi ayol boʻlsa, otasining iltimosiga koʻra saqlanib qolishi mumkin. Agar farzandlikka olinayotgan bolaning otasi yoki onasi vafot etgan boʻlsa, vafot etgan otaning yoki onaning ota-onasi (buva yoki buvi) iltimosiga koʻra bolaning shaxsiy nomulkiy hamda mulkiy huquq va majburiyatlari, agar bolaning eng ustun manfaatlari shuni talab etsa, vafot etgan otasining yoki onasining qarindoshlariga nisbatan saqlanib qolishi mumkin.
- OilaFAMILY · 166-modda
Farzandlikka olishda boquvchisini yoʻqotganlik uchun pensiya yoki nafaqaning saqlanishi
Farzandlikka olinish vaqtida boquvchisini yoʻqotganlik uchun pensiya yoki nafaqa olish huquqiga ega boʻlgan voyaga yetmaganlar farzandlikka olingan taqdirda ham ana shu huquqni saqlab qoladilar.
- OilaFAMILY · 167-modda
Farzandlikka olishning vujudga kelish vaqti
Farzandlikka olingan bolaning tugʻilishini qayd etish daftariga zarur oʻzgartirishlar kiritilgan kun farzandlikka olishning vujudga kelgan vaqti hisoblanadi.
- OilaFAMILY · 169-modda
Farzandlikka olishni bekor qilish asoslari
Farzandlikka olish agar farzandlikka oluvchilar: oʻz zimmalariga yuklatilgan majburiyatlarni bajarishdan boʻyin tovlayotgan yoki ularni lozim darajada bajarmayotgan boʻlsalar; ota-onalik huquqini suiisteʼmol qilayotgan boʻlsalar; farzandlikka olinuvchilarga nisbatan shafqatsizlik bilan muomalada boʻlsalar; muttasil ichkilikbozlikka yoki giyohvandlikka mubtalo boʻlgan boʻlsalar bekor qilinishi lozim. Farzandlikka olinuvchining xulq-atvori farzandlikka oluvchilarning shaʼni va qadr-qimmatiga putur yetkazayotgan, ularning hayoti yoki sogʻligʻiga xavf solayotgan boʻlsa, farzandlikka olinuvchi voyaga yetganidan keyin farzandlikka olish bekor qilinishiga yoʻl qoʻyiladi. Sud boshqa asoslarga koʻra ham bolaning eng ustun manfaatlaridan kelib chiqib, uning fikrini hisobga olgan holda farzandlikka olishni bekor qilishga haqlidir.
- OilaFAMILY · 17-modda
Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish
Nikohlanuvchi shaxslar davlat sogʻliqni saqlash tizimi muassasalarida bepul asosda tibbiy koʻrikdan oʻtadilar. Tibbiy koʻrikdan oʻtish hajmi va tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Nikohlanuvchi shaxslar ellik yoshdan oshgan boʻlsa, shuningdek ushbu Kodeks 13-moddasining beshinchi qismida koʻrsatilgan alohida hollar mavjud boʻlganda tibbiy koʻrikdan oʻz roziligi bilan oʻtkaziladi.
- OilaFAMILY · 170-modda
Farzandlikka olishni bekor qilishni talab etish huquqiga ega boʻlgan shaxslar
Farzandlikka olinganning ota-onasi, prokuror, vasiylik va homiylik organlari, bolalar masalalari boʻyicha komissiyalar, shuningdek oʻn olti yoshga toʻlgan farzandlikka olingan bola farzandlikka olishni sud tartibida bekor qilishni talab etish huquqiga ega.
- OilaFAMILY · 171-modda
Farzandlikka olishni bekor qilish tartibi
Farzandlikka olishni bekor qilishga faqat sud tartibida yoʻl qoʻyiladi. Farzandlikka olishni bekor qilish toʻgʻrisidagi ishlarni hal qilishda oʻn yoshga toʻlgan bolaning fikri hisobga olinadi. Sudning farzandlikka olishni bekor qilish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab sud uch kun ichida ushbu hal qiluv qaroridan koʻchirmani farzandlikka olinayotgan bolaning tugʻilganligi roʻyxatga olingan joydagi fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organiga yuborishi shart.
- OilaFAMILY · 172-modda
Farzandlikka olishni bekor qilish oqibatlari
Farzandlikka olish bekor qilinganda farzandlikka olinuvchi bola bilan farzandlikka oluvchilarning (farzandlikka oluvchilarning qarindoshlari) oʻzaro huquq va majburiyatlari tugatiladi hamda bola bilan uning ota-onasi (ota-onaning qarindoshlari) oʻrtasidagi huquq va majburiyatlar tiklanadi. Farzandlikka olish bekor qilinganda, bola sudning hal qiluv qarori bilan ota-onasiga olib beriladi. Bolaning ota-onasi yoʻq boʻlsa, shuningdek bolani ota-onasiga berish uning eng ustun manfaatlariga zid boʻlsa, u vasiylik va homiylik organlari qaramogʻiga beriladi. Sudning hal qiluv qarorida farzandlikka olinuvchining familiyasi, ismi va ota ismini saqlash-saqlanmasligi koʻrsatilishi kerak. Oʻn yoshga toʻlgan bolaning familiyasi, ismi va ota ismi faqat uning roziligi bilan oʻzgartirilishi mumkin.
- OilaFAMILY · 173-modda
Vasiylik va homiylikning maqsadi
Vasiylik oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan yetim bolalarni va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni, shuningdek sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolarni ularga taʼminot, tarbiya va taʼlim berish, ularning mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida belgilanadi. Homiylik oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan yetim bolalarni va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni, shuningdek sud tomonidan muomala layoqati cheklangan fuqarolarni ularga taʼminot, tarbiya va taʼlim berish, ularning mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida belgilanadi. Sogʻligʻining holatiga koʻra mustaqil ravishda oʻz huquqlarini amalga oshira olmaydigan va oʻz majburiyatlarini bajara olmaydigan voyaga yetgan muomalaga layoqatli fuqarolarga bu shaxslarning iltimosiga koʻra homiylik belgilanishi mumkin.
- OilaFAMILY · 174-modda
Vasiylik va homiylikni belgilash
Vasiylik va homiylik tuman, shahar hokimining qarori bilan belgilanadi. Vasiylik yoki homiylik vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxsning doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan joyga koʻra, agar shaxs muayyan yashash joyiga ega boʻlmasa, vasiyning yoki homiyning doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan joyga koʻra belgilanadi.
- OilaFAMILY · 175-modda
Vasiylik va homiylik sohasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solish
Vasiylik va homiylikni belgilash va tugatish, davlat organlarining vasiylik va homiylik sohasidagi vakolatlarini amalga oshirish, vasiylar va homiylar huquqlarini amalga oshirish hamda majburiyatlarini bajarish, oʻzlariga nisbatan vasiylik yoki homiylik belgilangan shaxslar huquqlarini amalga oshirish hamda mulkiy huquqlari himoya qilinishini taʼminlash yuzasidan kelib chiqadigan huquqiy munosabatlar “Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadi.
- OilaFAMILY · 18-modda
Er-xotin huquq va majburiyatlarining vujudga kelishi
Nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida roʻyxatga olingan paytdan boshlab nikohni tuzganlar er-xotin deb hisoblanadilar va shu paytdan eʼtiboran ular oʻrtasida er-xotinlik huquq va majburiyatlari vujudga keladi.
- OilaFAMILY · 19-modda
Oilada er va xotinning teng huquqliligi
Er va xotin oilada teng huquqlardan foydalanadilar va ular teng majburiyatlarga egadirlar.