Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- OilaFAMILY · 194-modda
Oilaga tarbiyaga beriladigan bolalar (patronat)
Ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan voyaga yetmagan bolalar, shu jumladan tarbiya va davolash muassasalarida, shuningdek aholini ijtimoiy himoyalash muassasalaridagi bolalar oilaga tarbiyaga beriladi. Bolalarni oilaga tarbiyaga olishni istagan shaxs vasiylik va homiylik organlari bilan kelishilgan holda bolalarni oldindan tanlab oladi. Bolalarni oilaga tarbiyaga berish ularning xohishini hisobga olgan holda amalga oshiriladi. Oʻn yoshga toʻlgan bolalarni ularning roziligi bilan oilaga tarbiyaga berish mumkin. Bolalarni oilaga tarbiyaga berish tartibi va shartlari qonunchilik bilan belgilanadi.
- OilaFAMILY · 195-modda
Bolalarni oilaga tarbiyaga olish toʻgʻrisidagi kelishuv
Bolalarni oilaga tarbiyaga olish toʻgʻrisidagi kelishuv vasiylik va homiylik organlari bilan tutingan ota-ona oʻrtasida tuziladi. Bolalarni oilaga tarbiyaga olish toʻgʻrisidagi kelishuvda bolalarni taʼminlash, tarbiyalash va ularga taʼlim berish, tarbiyaga olgan tutingan ota-onaning huquq va majburiyatlari, vasiylik va homiylik organlarining bolalarni tarbiyaga olgan oilaga nisbatan majburiyatlari, shuningdek bunday kelishuvni bekor qilish asoslari va oqibatlari koʻrsatilishi kerak. Kelishuv tuzilishidan oldin bolani tarbiyaga olayotgan shaxsning turmush shart-sharoitlari va oila aʼzolarining sogʻligʻi tekshiriladi. Bolalarni oilaga tarbiyaga berishda vasiylik va homiylik organlari ularga bir yoʻla kiyim-bosh va poyabzal beradi, bolani oilaga tarbiyaga olgan shaxsga esa, oilaga tarbiyaga olingan bolaning taʼminoti uchun qonunchilikda belgilangan miqdorda har oyda nafaqa toʻlab turadi.
- OilaFAMILY · 196-modda
Bolalarni oilaga tarbiyaga olish toʻgʻrisidagi kelishuvning bekor qilinishi
Bolalarni tarbiyaga olish toʻgʻrisidagi kelishuv uzrli sabablar (kasalligi, oilaviy yoki mulkiy mavqeyining oʻzgarishi, tarbiyasidagi bolalar bilan oʻzaro bir-birini tushunmaslik va boshqa sabablar) mavjud boʻlsa, bolalarning tutingan ota-onasi tashabbusi bilan, shuningdek vasiylik va homiylik organlarining tashabbusi bilan yoki bola ota-onasiga qaytarilgan yoxud bola farzandlikka olingan taqdirda muddatidan ilgari bekor qilinishi mumkin. Bolalarni oilaga tarbiyaga olish toʻgʻrisidagi kelishuvni bekor qilishga oid nizolar sud tartibida hal qilinadi.
- OilaFAMILY · 197-modda
Oilaga tarbiyaga olingan bolalarning huquqlari
Oilaga tarbiyaga berilgan bolalar: oʻzlariga tegishli boʻlgan aliment, shuningdek pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy toʻlovlarni olish; uy-joyga boʻlgan mulk huquqi yoki uy-joylardan foydalanish; qonunchilikka muvofiq uy-joy olish huquqlarini saqlab qoladilar. Oilaga tarbiyaga berilgan bolalar oʻz huquq va manfaatlarini himoya qilish, ota-onasi va qarindoshlari bilan koʻrishish huquqiga ham egadirlar. Bolaning manfaatlariga taalluqli har qanday masala hal qilinayotganda bola oʻz fikrini erkin ifoda etishga haqli.
- OilaFAMILY · 198-modda
Tutingan ota-ona
Voyaga yetgan har ikki jinsdagi shaxslar tutingan ota-ona boʻlishlari mumkin, quyidagilar bundan mustasno: sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar; sud tomonidan ota-onalik huquqidan mahrum qilingan yoki ota-onalik huquqi cheklangan shaxslar; qonun bilan oʻz zimmasiga yuklatilgan majburiyatni lozim darajada bajarmaganligi uchun vasiylik yoki homiylik vazifalarini bajarishdan chetlashtirilgan shaxslar; ilgari farzandlikka bola olgan, lekin ushbu Kodeks 169-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha sud tomonidan farzandlikka olish bekor qilingan shaxslar; qasddan qilgan jinoyatlari uchun ilgari hukm qilingan shaxslar; sogʻligʻining holatiga koʻra bolani tarbiyalash majburiyatini bajara olmaydigan shaxslar. Tutingan ota-onalarni tanlash vasiylik va homiylik organlari tomonidan amalga oshiriladi. Tutingan ota-ona tarbiyaga olingan bolaga nisbatan vasiylik huquq va majburiyatlariga egadir.
- OilaFAMILY · 199-modda
Bolalarni tarbiyaga olgan shaxslarning javobgarligi
Bolalarni tarbiyaga olgan shaxslar oʻz huquqlaridan gʻarazgoʻylik yoki boshqa past niyatlarda, tarbiyasidagi bolalarga zarar keltirgan holda foydalansalar, shuningdek ularni nazoratsiz hamda zarur moddiy yordamsiz qoldirsalar, vasiylik va homiylik organi bolalarni tarbiyaga olgan shaxslarni qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortish masalasini qoʻzgʻatishga haqli.
- OilaFAMILY · 2-modda
Oilaviy munosabatlarda ayol va erkakning teng huquqliligi
Oilaviy munosabatlarni tartibga solish erkak va ayolning ixtiyoriy ravishda nikohlanib tuzgan ittifoqi, er va xotinning shaxsiy hamda mulkiy huquqlari tengligi, ichki oilaviy masalalarning oʻzaro kelishuv yoʻli bilan hal qilinishi, oilada bolalar tarbiyasi, ularning farovon hayot kechirishi va kamoloti haqida gʻamxoʻrlik qilish, voyaga yetmagan va mehnatga layoqatsiz oila aʼzolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish ustuvorligi tamoyillari asosida amalga oshiriladi.
- OilaFAMILY · 20-modda
Er va xotinning familiya tanlash huquqi
Nikoh tuzish vaqtida er va xotin oʻz xohishi bilan eri yoki xotinining familiyasini umumiy familiya qilib tanlaydi yoki ularning har biri nikohgacha boʻlgan oʻz familiyasini saqlab qoladi. Er va xotindan birining oʻz familiyasini oʻzgartirishi boshqasining ham familiyasi oʻzgarishiga olib kelmaydi.
- OilaFAMILY · 200-modda
Oilaga tarbiyaga berilgan bolalarning turmush sharoitlarini va ularning tarbiyalanishini kuzatib borish
Vasiylik va homiylik organlari oilaga tarbiyaga berilgan bolalarning turmush sharoitlarini va ularning tarbiyalanishini kuzatib boradilar.
- OilaFAMILY · 201-modda
Fuqarolik holati dalolatnomalari
Fuqarolik holati dalolatnomalari — fuqarolar hayotidagi tugʻilish, oʻlim, nikoh tuzish, nikohdan ajralish kabi voqea hamda faktlarning vakolatli organlar tomonidan tasdiqlanishidir. Farzandlikka olish, otalikni belgilash, familiya, ism va ota ismini oʻzgartirish, jinsni oʻzgartirish kabi voqea va faktlar ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan fuqarolik holatlari dalolatnomalariga tegishli oʻzgartirishlar kiritishda ifodalanadi. Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish davlat ahamiyatiga molik hujjatlar boʻlib, bir nusxada tuziladi.
- OilaFAMILY · 202-modda
Gerbli guvohnomalar
Fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlari asosida himoyalanganlik darajasiga ega boʻlgan, maʼlum seriyasi, tartib raqami boʻlgan, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organining muhri va mansabdor shaxsning imzosi qoʻyilgan, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi hamda QR-kod (matrik shtrixli kod) tasviri tushirilgan guvohnomalar beriladi. Gerbli guvohnoma berishda fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari qonunda belgilangan tartibda va miqdorda davlat bojini hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda va miqdorda gerb yigʻimini undiradi. Davlat gerbi tasvirlangan guvohnomani qalbakilashtirish qonunga binoan taʼqib etiladi.
- OilaFAMILY · 203-modda
Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etuvchi organlar
Fuqarolik holati dalolatnomalari tuman va shaharlarda fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimlarida qayd etiladi, shaharcha, qishloq va ovullarda esa, oʻlim — fuqarolar yigʻini raislari tomonidan ham qayd etilishi mumkin. Fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining oʻlimni roʻyxatga olish borasidagi harakatlari oʻzlari joylashgan hududlardagi tegishli fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimlarining nazorati ostida boʻladi. Oʻzbekiston Respublikasining chet elda doimiy yoki vaqtincha yashovchi fuqarolarining fuqarolik holati dalolatnomalari konsul tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq qayd etiladi.
- OilaFAMILY · 204-modda
Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish daftarlarini saqlash
Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish daftarlari fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimlarining idoraviy arxivlarida yetmish besh yil saqlanadi. Ushbu muddat oʻtgach, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish daftarlari belgilangan tartibda davlat arxivlariga topshiriladi. Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimlarining idoraviy arxivlari faoliyatini tashkil etish, shuningdek ulardagi fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish daftarlarini saqlash tartibi qonunchilikda belgilanadi.
- OilaFAMILY · 205-modda
Tugʻilishni qayd etish tartibi va muddatlari
Bolalarning tugʻilishini qayd etish majburiy boʻlib, bolalar tugʻilgan joyidan yoxud ota-onasidan biri doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan joyidan qatʼi nazar, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida bir oy ichida amalga oshirilishi lozim. Bolaning oʻlik tugʻilganligi, tibbiy muassasaning xabariga binoan 24 soat davomida shu muassasa joylashgan yerdagi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi tomonidan qayd etiladi.
- OilaFAMILY · 206-modda
Tugʻilishni qayd etish uchun taqdim qilinadigan hujjatlar
Bolaning tugʻilishi uning tugʻilganligi haqidagi tibbiy maʼlumotnoma, ota-onaning oilaviy holati va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar asosida qayd etiladi.
- OilaFAMILY · 207-modda
Tugʻilish toʻgʻrisidagi yozuvlar daftariga bolaning ota-onasini yozish
Oʻzaro nikohda boʻlgan ota va onadan birining arizasiga koʻra tugʻilish toʻgʻrisidagi yozuvlar daftarida ular bolaning ota-onasi deb yoziladi. Agar ota-ona oʻzaro nikohda boʻlmasalar, bolaning onasi toʻgʻrisidagi yozuv onaning arizasiga koʻra, otasi toʻgʻrisidagi yozuv esa, bolaning otasi va onasining birgalikdagi arizasi boʻyicha yoxud sudning hal qiluv qaroriga asosan yoziladi. Ona vafot etgan yoki u muomalaga layoqatsiz deb topilgan yoxud onalik huquqidan mahrum etilganda, shuningdek onaning qayerda ekanligini aniqlash mumkin boʻlmaganda ota toʻgʻrisidagi yozuv otaning arizasiga koʻra vasiylik va homiylik organining roziligi bilan yoziladi. Nikohda boʻlmagan onadan bola tugʻilganda ota-onaning birgalikdagi arizasi va otalikni belgilash toʻgʻrisida sudning hal qiluv qarori boʻlmasa, tugʻilish toʻgʻrisidagi yozuvlar daftarida otaning familiyasi onaning familiyasi boʻyicha, otaga tegishli ism, otasining ismi va millati — ona koʻrsatmasi boʻyicha yoziladi. Agar ota-onaning ikkalasi ham nomaʼlum boʻlsa, ota va ona haqidagi yozuvlar vasiylik va homiylik organi koʻrsatmasiga asosan yoziladi. Nikohda boʻlgan va sunʼiy homila hosil qilish yoki embrionni koʻchirishga yozma rozilik bergan shaxslarda shu usullarni qoʻllashi natijasida bola tugʻilsa, tugʻilish toʻgʻrisidagi yozuvlar daftariga ular shu bolaning ota-onasi deb yoziladi. Oʻzaro nikohda boʻlgan va boshqa ayolga homilani rivojlantirish maqsadida embrionni koʻchirishga yozma rozilik bergan shaxslar bolani tuqqan ayolning (qondosh onaning) roziligi bilangina bolaning ota-onasi deb yozilishi mumkin.
- OilaFAMILY · 208-modda
Tugʻilishni qayd etish bilan bir vaqtda otalikni belgilash
Agar ota-ona bolaning tugʻilishini qayd etish bilan bir vaqtda otalikni belgilash haqida birgalikda ariza bersalar, ota haqidagi maʼlumotlar berilgan ariza asosida yoziladi, bolaga familiya ota-onaning kelishuviga binoan beriladi.
- OilaFAMILY · 209-modda
Tugʻilish qayd etilganidan keyin otalik belgilanishi munosabati bilan oʻzgartishlar kiritish
Ota-onaning arizasi, sudning hal qiluv qarori, otaning arizasiga asosan (ona vafot etganda, uning turar joyini aniqlashning imkoniyati boʻlmaganda, muomalaga layoqatsiz deb topilganda, onalik huquqidan mahrum qilinganda) tugʻilish dalolatnomasi yozilgan joyda tugʻilish toʻgʻrisidagi yozuvlar daftariga ota toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kiritish yoʻli bilan otalik belgilanadi.
- OilaFAMILY · 21-modda
Er-xotinning bolalar tarbiyasi va oila turmushi masalalarini hal qilishi
Bolalar tarbiyasi va oilaviy turmushning boshqa masalalarini er va xotin birgalikda hal qiladilar.
- OilaFAMILY · 210-modda
Farzandlikka olingan bolaning tugʻilish toʻgʻrisidagi yozuvlar daftariga oʻzgartishlar kiritish
Sudning farzandlikka olish toʻgʻrisidagi hal qiluv qaroriga koʻra, tugʻilish toʻgʻrisidagi dalolatnoma yozuvi turgan joydagi fuqarolik holatlarini yozish organi tugʻilish toʻgʻrisidagi yozuvlar daftariga zarur oʻzgartishlar kiritadi.