Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- OilaFAMILY · 211-modda
Farzandlikka olish bekor qilinganida sudning hal qiluv qarorlarini ijro etish
Farzandlikka olish sudning hal qiluv qarori bilan bekor qilinganida, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi farzandlikka olish haqidagi barcha yozuvlarni bekor qiladi va bolaning tugʻilishi toʻgʻrisidagi dastlabki yozuvlarni tiklaydi.
- OilaFAMILY · 212-modda
Nikoh tuzilganligini qayd etish joyi va vaqti
Nikohni qayd etish, nikohlanuvchi shaxslar doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan joydan qatʼi nazar, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari tomonidan amalga oshiriladi. Alohida hollarda nikohni qayd etish kasalxona yoki uyda amalga oshiriladi. Nikohni qayd etish tantanali vaziyatda amalga oshirilishi mumkin. Nikohlanuvchilar fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organiga nikoh qayd etilishidan bir oy ilgari nikohga kirish toʻgʻrisida ariza beradilar.
- OilaFAMILY · 213-modda
Nikohni qayd etish uchun taqdim etiladigan hujjatlar
Nikohga kirishni xohlovchilar ariza berish chogʻida oʻz shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni, ilgari nikohda boʻlgan shaxslar esa, avvalgi nikoh tugatilganligi haqidagi hujjatlarni ham taqdim etishi lozim.
- OilaFAMILY · 214-modda
Nikohga kirayotganda familiya tanlash
Nikohlanuvchi shaxslar nikohga kirish toʻgʻrisidagi arizalarida umumiy familiya olish yoki nikoh tuzilganidan keyin ham oʻz familiyasida qolish haqidagi istaklarini koʻrsatishlari shart.
- OilaFAMILY · 215-modda
Nikoh tuzilganligi toʻgʻrisida guvohnoma
Nikoh tuzilganligi qayd etilganidan keyin nikoh tuzilganligi toʻgʻrisida guvohnoma beriladi.
- OilaFAMILY · 216-modda
Fuqaroligi boʻlmagan shaxslar bilan nikoh tuzilganligini qayd etish
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslar bilan nikoh tuzganligini qayd etish umumiy asoslarda amalga oshiriladi.
- OilaFAMILY · 217-modda
Nikoh tuzilganligini qayd etishning alohida hollari
Tergov hibsxonalarida, ozodlikdan mahrum etish tariqasidagi jazoni ijro etuvchi muassasalarda saqlanayotgan shaxslar bilan tuziladigan nikohni qayd etish ushbu muassasa joylashgan yerdagi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
- OilaFAMILY · 218-modda
Er-xotinning oʻzaro roziligi boʻlganda nikohdan ajralishni qayd etish
Er-xotinning oʻzaro roziligi boʻlganda nikohdan ajralishda ariza beruvchilar fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organiga bergan arizalarida oʻrtada voyaga yetmagan bolalari va mulkiy nizolari yoʻqligini tasdiqlashlari shart. Nikohdan ajralish ariza beruvchilarning doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan joydan qatʼi nazar fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organiga ariza berilgan kundan boshlab uch oy muddat oʻtgach qayd etiladi. Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlari er-xotinni yarashtirish boʻyicha tegishli choralar koʻrish uchun er-xotinning birga yashash joyidagi fuqarolar yigʻinining yarashtirish komissiyasini, agar ular birga yashamayotgan boʻlsa, har birining yashash joyidagi fuqarolar yigʻinining yarashtirish komissiyasini ariza berilgan kundan eʼtiboran uch kundan kechiktirmasdan yozma ravishda xabardor qilishi kerak.
- OilaFAMILY · 219-modda
Er-xotindan birining arizasi boʻyicha nikohdan ajralishni qayd etish
Er-xotindan birining arizasi boʻyicha nikohdan ajralishni qayd etish uchun fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organiga quyidagilar taqdim etiladi: er (xotin)ning muomalaga layoqatsiz yoxud bedarak yoʻqolgan deb topilganligi toʻgʻrisida sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori; er (xotin) uch yildan kam boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilinganligi toʻgʻrisida sudning qonuniy kuchga kirgan hukmidan koʻchirma, shuningdek sudlangan er (xotin)ning oʻrtadagi bolalari va mol-mulki yuzasidan nizosi yoʻqligi toʻgʻrisidagi tilxat.
- OilaFAMILY · 22-modda
Er va xotinning mashgʻulot turi, kasb va turar joy tanlash huquqlari
Er va xotinning har biri mashgʻulot turi, kasb va turish hamda yashash joyini tanlashda erklidir.
- OilaFAMILY · 220-modda
Nikohdan ajralgandan keyin er-xotinning familiyasi
Er-xotindan birining nikohgacha boʻlgan familiyasini qaytarish toʻgʻrisidagi istagi nikohdan ajralish haqidagi arizada koʻrsatilishi lozim.
- OilaFAMILY · 221-modda
Nikohdan ajralganlik toʻgʻrisida guvohnoma. Hujjatlarga qoʻyiladigan belgilar
Nikohdan ajralish qayd etilganidan keyin sobiq er-xotinning har biriga nikohdan ajralganlik toʻgʻrisida guvohnoma beriladi. Er-xotindan birining familiyasi oʻzgartirilganda, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarga uni almashtirish lozimligi toʻgʻrisida belgi qoʻyiladi. Nikohdan ajralishni qayd etgan fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi nikoh qayd etilgan joydagi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organiga nikoh tugatilganligi haqida belgi qoʻyish toʻgʻrisida xabarnoma yuboradi.
- OilaFAMILY · 222-modda
Oʻzbekiston Respublikasida oʻzaro nikoh tuzgan chet el fuqarolarining nikohdan ajralishini qayd etish
Oʻzbekiston Respublikasida oʻzaro nikoh tuzgan chet el fuqarolarining nikohdan ajralishini qayd etish umumiy asoslarda amalga oshiriladi.
- OilaFAMILY · 223-modda
Oʻlimni qayd etish tartibi
Oʻlimni qayd etish marhumning doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan joyidan qatʼi nazar, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi tomonidan amalga oshiriladi. Fuqaroni vafot etgan deb eʼlon qilish haqidagi sudning hal qiluv qaroriga asosan oʻlimni qayd etish sudning mazkur qarorida koʻrsatilgan fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi tomonidan amalga oshiriladi. Agar sudning hal qiluv qarorida fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi koʻrsatilmagan boʻlsa, oʻlimni qayd etish ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi. Hayotining birinchi haftasi davomida oʻlgan bolalarning tugʻilganligi va oʻlimi tibbiy muassasa joylashgan yerdagi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organida qayd etiladi. Oʻlim sodir boʻlganligi haqidagi ariza oʻlim sodir boʻlgan kuni yoki murda topilgach, uch kundan kechiktirmay berilishi zarur. Oʻlimni fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida qayd etmasdan marhumni dafn qilish taqiqlanadi.
- OilaFAMILY · 224-modda
Oʻlimni qayd etishning alohida hollari
Shaxsi aniqlanmaganlarning oʻlimini qayd etish davlat sogʻliqni saqlash tizimi tibbiy muassasasining xabariga asosan shu muassasa joylashgan yerdagi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi tomonidan amalga oshiriladi. Bu hollarda oʻlim haqidagi guvohnoma marhumning shaxsi aniqlangandan keyingina beriladi.
- OilaFAMILY · 225-modda
Oʻlimni qayd etishda taqdim etiladigan hujjatlar
Oʻlimni qayd etish uchun fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organiga oʻlim haqidagi tibbiy maʼlumotnoma yoki fuqaroni vafot etgan deb eʼlon qilish haqidagi sudning hal qiluv qarori taqdim etilishi zarur.
- OilaFAMILY · 226-modda
Familiya, ism va ota ismini oʻzgartirish haqidagi arizalarni koʻrib chiqish tartibi
Familiyani, ismni va otaning ismini oʻzgartirish haqidagi arizalar ariza beruvchi oʻn olti yoshga toʻlgandan keyin fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi tomonidan, ushbu shaxsning doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan joydan qatʼi nazar, koʻrib chiqiladi. Familiya, ism va ota ismini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi xulosa ichki ishlar organlari tomonidan ushbu shaxs tegishlicha tekshiruvdan oʻtkazilgandan keyingina tuzilishi mumkin. Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organining familiya, ism va ota ismini oʻzgartirishni rad etganligi ustidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin.
- OilaFAMILY · 227-modda
Familiya, ism va ota ismini oʻzgartirish oqibatlari
Familiya, ism va ota ismi oʻzgartirilganda fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish daftarlari yozuvlariga tegishli oʻzgartishlar kiritadi. Er (xotin)ning familiyasi oʻzgartirilishi (unga nisbatan otalik belgilanganda ham) xotin (er)ning hamda uning voyaga yetgan bolalari familiyasini oʻzgartirishga sabab boʻlmaydi. Ota-ona har ikkalasining familiyasi oʻzgartirilganda ularning oʻn olti yoshga toʻlmagan bolalari familiyasi ham oʻzgartiriladi. Agar ota-onadan biri oʻz familiyasini oʻzgartirsa, ularning oʻn olti yoshga toʻlmagan bolalari familiyasini oʻzgartirish masalasi ota-onaning kelishuviga binoan, bunday kelishuv boʻlmaganda esa, vasiylik va homiylik organlari tomonidan hal etiladi. Ota ismining oʻzgartirilishi uning oʻn olti yoshga toʻlmagan bolalarining ota ismi albatta oʻzgartirilishiga sabab boʻladi.
- OilaFAMILY · 228-modda
Dalolatnoma yozuvlariga oʻzgartirish kiritish haqidagi arizalarni koʻrib chiqish joyi
Oʻzbekiston Respublikasi hududida tuzilgan fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlariga oʻzgartirish, tuzatish va qoʻshimchalar kiritish yetarli asoslar mavjud boʻlib, manfaatdor shaxslar oʻrtasida nizo boʻlmaganda ushbu dalolatnoma yozuvlari saqlanayotgan joydagi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi tomonidan amalga oshiriladi. Oʻn olti yoshga toʻlgan shaxslarning tugʻilish, nikoh tuzish, nikohdan ajralishni qayd etish daftarlariga oʻzgartirishlar kiritish ularning arizalariga binoan amalga oshiriladi. Oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxslarning tugʻilish haqidagi yozuvlar daftariga oʻzgartirishlar kiritish ularning ota-onasi arizasiga binoan amalga oshiriladi. Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida tuzilgan fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlariga tuzatishlar kiritish haqidagi arizalarni koʻrib chiqish ariza beruvchining arizasida koʻrsatilgan joydagi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi tomonidan amalga oshiriladi. Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organining dalolatnoma yozuvlariga oʻzgartish, tuzatish va qoʻshimchalar kiritishni rad etish toʻgʻrisidagi xulosasi ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
- OilaFAMILY · 229-modda
Jins oʻzgarganda dalolatnoma yozuviga tuzatishlar kiritish
Jins oʻzgarganda dalolatnoma yozuviga tuzatish kiritish faqat sogʻliqni saqlash organlari xulosasiga asosan amalga oshiriladi.