Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- OilaFAMILY · 23-modda
Er va xotinning umumiy mulki
Er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari, shuningdek nikoh qayd etilgunga qadar, boʻlajak er-xotinning umumiy mablagʻlari hisobiga olingan mol-mulklari, agar qonun yoki nikoh shartnomasida boshqacha hol koʻrsatilmagan boʻlsa, ularning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi. Er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari jumlasiga (er va xotinning umumiy mol-mulkiga) er va xotin har birining mehnat faoliyatidan, tadbirkorlik faoliyatidan va intellektual faoliyat natijalaridan orttirgan daromadlari, ular tomonidan olingan pensiyalar, nafaqalar, shuningdek maxsus maqsadga moʻljallanmagan boshqa pul toʻlovlari (moddiy yordam summasi, mayib boʻlish yoki salomatligiga boshqacha zarar yetkazish oqibatida mehnat qobiliyatini yoʻqotganlik munosabati bilan yetkazilgan zararni qoplash tarzida toʻlangan summalar va boshqalar) kiradi. Er va xotinning umumiy daromadlari hisobiga olingan koʻchar va koʻchmas ashyolar, qimmatli qogʻozlari, paylari, omonatlari, kredit muassasalariga yoki boshqa tijorat tashkilotlariga kiritilgan kapitaldagi ulushlari hamda er va xotinning nikoh davomida orttirgan boshqa har qanday mol-mulklari, ular er yoki xotindan birining nomiga rasmiylashtirilgan yoxud pul mablagʻlari kimning nomiga yoki er va xotinning qaysi biri tomonidan kiritilgan boʻlishidan qatʼi nazar, ular ham er va xotinning umumiy mol-mulki hisoblanadi. Er va xotindan biri uy-roʻzgʻor ishlarini yuritish, bolalarni parvarish qilish bilan band boʻlgan yoki boshqa uzrli sabablarga koʻra mustaqil ish haqi va boshqa daromadga ega boʻlmagan taqdirda ham er va xotin umumiy mol-mulkka nisbatan teng huquqqa ega boʻladi. Fermer xoʻjaligi va dehqon xoʻjaligi aʼzolarining birgalikdagi mulki boʻlgan mol-mulkka nisbatan er va xotinning egalik qilish, foydalanish va tasarruf etish huquqlari fermer xoʻjaligi va dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisidagi qonunlarda belgilanadi. Fermer xoʻjaligi va dehqon xoʻjaligining mol-mulkini boʻlish Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 223 va 225-moddalarida nazarda tutilgan qoidalar asosida amalga oshiriladi.
- OilaFAMILY · 230-modda
Fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlarini tiklash
Fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlarini tiklash deganda ilgari shunday yozuv boʻlganligini tasdiqlovchi yetarli asoslar boʻlganida, ularni qayta tiklab qoʻyish tushuniladi.
- OilaFAMILY · 231-modda
Tugʻilish, nikoh tuzish va nikohdan ajralish toʻgʻrisidagi yozuvlarni tiklash
Tugʻilish, nikoh tuzish, nikohdan ajralish haqidagi dalolatnomalar yozuvlari bu yozuvlar kimga nisbatan tuzilgan boʻlsa, faqat ana shu shaxslarning arizasiga koʻra tiklanadi. Agar oʻn olti yoshgacha boʻlgan bolaning tugʻilishi haqidagi yozuv yoʻqolgan boʻlsa, yozuv bolaning ota-onasi, vasiysi, homiysi, bolalar muassasasi maʼmuriyatining arizasiga binoan tiklanadi. Yozuvni tiklashdan manfaatdor taraflar oʻrtasida nizo boʻlsa, yozuvni tiklash Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga asosan amalga oshiriladi.
- OilaFAMILY · 232-modda
Fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlarini tiklash joyi
Fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlari ariza beruvchining doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan joydan qatʼi nazar fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organida tiklanadi.
- OilaFAMILY · 233-modda
Fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlarini bekor qilish
Agar fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi ikki va undan ortiq bir xil yozuvlar borligini aniqlasa, tiklangan yozuvlar oʻsha yozuv tuzilgan joydagi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organida bekor qilinishi mumkin. Agar topilgan fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlarida familiya, ism, ota ismi, tugʻilgan sanasi, ota-ona toʻgʻrisidagi maʼlumotlarda jiddiy farq boʻlsa, tiklangan fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlari sudning hal qiluv qarori bilan bekor qilinadi.
- OilaFAMILY · 234-modda
Chet el fuqarolari hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning oilaviy munosabatlardagi huquq va majburiyatlari
Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashab turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar uning hududida oilaviy munosabatlarda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng huquqlardan foydalanadilar va teng majburiyatlarga ega boʻladilar.
- OilaFAMILY · 235-modda
Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida tuzilgan nikohlarni eʼtirof etish
Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida, boshqa davlat hududida oʻsha davlatning qonunchiligiga rioya qilingan holda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari oʻrtasida tuzilgan hamda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari bilan chet el fuqarolari yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslar oʻrtasida tuzilgan nikohlar, agar ushbu Kodeksning 16-moddasida nazarda tutilgan nikoh tuzishga monelik qiladigan holatlar boʻlmasa, Oʻzbekiston Respublikasida haqiqiy deb eʼtirof etiladi. Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida chet el fuqarolari oʻrtasida boshqa davlat hududida oʻsha davlatning qonunchiligiga rioya qilingan holda tuzilgan nikohlar Oʻzbekiston Respublikasida haqiqiy deb eʼtirof etiladi.
- OilaFAMILY · 236-modda
Nikohdan ajratish
Oʻzbekiston Respublikasi hududida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari bilan chet el fuqarolari yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslar oʻrtasidagi, shuningdek chet el fuqarolari oʻrtasidagi nikohdan ajratish Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi. Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida yashab turgan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida yashab turgan eri (xotini) bilan tuzilgan nikohdan, mazkur shaxs qaysi davlat fuqarosi ekanligidan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasi sudida ajralishga haqlidir. Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga binoan fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida nikohdan ajralish mumkin boʻlgan hollarda bunday nikohdan ajralish Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalarida yoki konsullik muassasalarida amalga oshirilishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari bilan chet el fuqarolari yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslar oʻrtasidagi nikohdan ajratish Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida tegishli chet el davlatining qonunchiligiga rioya etilgan holda amalga oshirilgan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasida haqiqiy deb eʼtirof etiladi. Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida chet el fuqarolari oʻrtasidagi nikohdan ajratish tegishli chet el davlatining qonunchiligiga rioya etilgan holda amalga oshirilgan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasida haqiqiy deb eʼtirof etiladi.
- OilaFAMILY · 237-modda
Farzandlikka olish
Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el fuqarolari yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan bolani farzandlikka olishda ham ushbu Kodeks 151 — 167-moddalarining talablariga rioya qilinishi lozim. Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el fuqarosi boʻlgan bolani farzandlikka olishda bolaning qonuniy vakili va bola fuqarolikka ega boʻlgan davlat vakolatli organining roziligi, shuningdek agar oʻsha davlatning qonunchiligiga muvofiq talab qilinsa, farzandlikka olish haqida bolaning ham roziligi olinishi lozim. Agar farzandlikka olish natijasida farzandlikka olingan bolaning Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi hamda xalqaro shartnomalari bilan belgilangan huquqlari buziladigan boʻlsa, farzandlikka oluvchining qaysi fuqarolikka mansubligidan qatʼi nazar, farzandlikka olish mumkin emas, farzandlikka olingan taqdirda esa, u sud tartibida bekor qilinishi lozim. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan va Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida yashayotgan bolani farzandlikka olish farzandlikka oluvchi qaysi chet davlat fuqarosi boʻlsa, oʻsha davlatning vakolatli organi tomonidan amalga oshirilganligi Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining farzandlikka olish toʻgʻrisidagi ruxsati oldindan olingan boʻlsagina Oʻzbekiston Respublikasida haqiqiy deb eʼtirof etiladi. Chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs boʻlib, boshqa davlat hududida doimiy yashayotgan bolani Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida chet davlatning vakolatli organi amalga oshirgan farzandlikka olish, basharti ushbu Kodeksning 152, 157 va 161¹-moddalari talablariga rioya etilgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasida haqiqiy deb eʼtirof etiladi.
- OilaFAMILY · 238-modda
Chet el oila huquqi normalarining mazmunini aniqlash
Sud yoki fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi va boshqa organlar chet el oila huquqining normalarini qoʻllashda mazkur normalarning mazmunini ularning tegishli chet el davlatida rasmiy sharhlanishi va amaliyotda qoʻllanilishiga muvofiq tarzda aniqlaydi. Sud, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari va boshqa organlar chet el oila huquqi normalarining mazmunini aniqlash maqsadida yordam va tushuntirish olish uchun belgilangan tartibga rioya qilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa vakolatli organlarlariga murojaat qilishlari yoxud ekspertlarni jalb etishlari mumkin. Manfaatdor shaxslar talab yoki eʼtirozlarini tasdiqlash uchun oʻzlari asoslanayotgan chet el oila huquqi normalarining mazmunini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim qilishga va chet el oila huquqi normalarining mazmunini aniqlash maqsadida sudga va fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari va oʻzga organlarga boshqa tarzda yordam berishga haqlidir. Agar ushbu moddaga muvofiq amalga oshirilgan choralarga qaramay, chet el oila huquqi normalarining mazmuni aniqlanmagan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi qoʻllaniladi.
- OilaFAMILY · 24-modda
Er va xotinning umumiy mol-mulkka egalik qilishi, undan foydalanishi va uni tasarruf etishi
Er va xotin ularning birgalikdagi umumiy mulki boʻlgan mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etishda teng huquqlarga egadir. Er va xotindan birining umumiy mol-mulkini tasarruf etishi bilan bogʻliq bitim tuzilganda bu harakat boshqasining roziligiga koʻra amalga oshirilayotganligini anglatadi. Er-xotindan birining umumiy mol-mulkni tasarruf etish yuzasidan amalga oshirgan bitimi boshqasining bunga roziligi boʻlmaganligi sababligina bildirgan talabiga binoan va faqat bitimni amalga oshirgan ikkinchi tomon amalga oshirilgan bitim yuzasidan er (xotin) rozi emasligini oldindan bilgani yoki bilishi lozim boʻlganligi isbotlangan hollarda sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Er (xotin) oʻzining nomiga rasmiylashtirgan umumiy koʻchmas mol-mulkni tasarruf etish boʻyicha bitim tuzishi uchun xotin (er)ning notarial tartibda tasdiqlangan roziligini olishi lozim. Koʻrsatilgan bitimni tuzishga notarial tartibda tasdiqlangan roziligi olinmagan er yoki xotin mazkur bitim amalga oshirilganligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan kundan boshlab bir yil davomida bu bitimni sud tartibida haqiqiy emas deb topishni talab qilishga haqlidir.
- OilaFAMILY · 25-modda
Er va xotinning har birining mulki
Er va xotinning nikohga qadar oʻziga tegishli boʻlgan mol-mulki, shuningdek ulardan har birining nikoh davomida hadya, meros tariqasida yoki boshqa bepul bitimlar asosida olgan mol-mulki ulardan har birining oʻz mulki hisoblanadi. Nikoh davomida er-xotinning umumiy mulki yoki ulardan har birining mol-mulki yoxud er va xotindan birining mehnati hisobiga mol-mulkning qiymati ancha oshishiga olib kelgan mablagʻlar (kapital taʼmirlash, qayta qurish, qayta jihozlash va boshqalar) qoʻshilgani aniqlansa, er yoki xotindan har birining mol-mulki ularning birgalikdagi mulki deb topilishi mumkin.
- OilaFAMILY · 26-modda
Er va xotinning shaxsiy foydalanishidagi buyumlar
Qimmatbaho buyumlar va zebu-ziynatlardan boshqa shaxsiy foydalanishdagi buyumlar (kiyim-bosh, poyabzal va boshqa shu kabilar), garchi nikoh davomida er va xotinning umumiy mablagʻi hisobiga olingan boʻlsa ham, ulardan foydalanib kelgan er va xotinning xususiy mulki hisoblanadi.
- OilaFAMILY · 27-modda
Er va xotinning umumiy mol-mulkini boʻlish
Er va xotinning umumiy mol-mulkini boʻlish er va xotindan birining talabiga koʻra, ular nikohda boʻlgan davrda ham, nikohdan ajralishgandan keyin ham, shuningdek kreditor er va xotindan birining umumiy mol-mulkdagi ulushiga undiruvni qaratish uchun umumiy mol-mulkni boʻlish talabi bilan arz qilgan hollarda amalga oshirilishi mumkin. Er va xotinning umumiy mol-mulki er va xotin oʻrtasida oʻzaro kelishuv asosida boʻlib olinishi mumkin. Er va xotinning xohishi bilan ularning umumiy mol-mulkni boʻlish toʻgʻrisidagi oʻzaro kelishuvi notarial tartibda tasdiqlanishi mumkin. Nizo tugʻilgan hollarda er va xotinning umumiy mol-mulkini boʻlish, shuningdek er va xotinning bu mol-mulkdagi ulushini aniqlash sud tartibida amalga oshiriladi. Umumiy mol-mulkni boʻlishda sud er va xotinning har biriga mulkning qaysi qismi berilishi lozimligini aniqlaydi. Er (xotin)ga unga qarashli ulushdan oshiq qiymatga ega boʻlgan mol-mulk beriladigan hollarda, xotin (er)ga tegishli pul yoki oʻzga kompensatsiya belgilanishi mumkin. Oilaviy munosabatlar tugatilganda, sud er va xotin alohida yashagan davrda orttirgan mol-mulkni ulardan har birining oʻz mulki deb topishi mumkin. Voyaga yetmagan bolalar ehtiyojini qondirish uchun olingan buyumlar (kiyim-bosh, poyabzal, maktab va sport jihozlari, musiqa asboblari, bolalar kutubxonasi va boshqalar) boʻlinmaydi hamda bolalar er va xotindan qaysi biri bilan yashasa, unga kompensatsiyasiz beriladi. Er va xotinning umumiy mol-mulki hisobidan oʻrtadagi voyaga yetmagan bolalar nomiga qoʻyilgan omonatlar oʻsha bolalarga tegishli hisoblanib, er-xotinning umumiy mol-mulkini boʻlish paytida eʼtiborga olinmaydi. Er va xotinning umumiy mol-mulki ular nikohda turgan davrda boʻlingan taqdirda, er va xotin mol-mulkining boʻlinmay qolgan qismi, shuningdek er va xotin tomonidan ular nikohda turgan davrda orttirilgan mol-mulk keyinchalik ularning birgalikdagi umumiy mulkini tashkil qiladi. Nikohdan ajralgan er va xotinning umumiy mol-mulkni boʻlish toʻgʻrisidagi talablariga nisbatan uch yillik daʼvo muddati qoʻllaniladi.
- OilaFAMILY · 28-modda
Er va xotinning umumiy mol-mulkini boʻlishda ulushlarni aniqlash
Er va xotinning umumiy mol-mulkini boʻlishda hamda ularning shu mol-mulkdagi ulushlarini aniqlashda, agar er va xotin oʻrtasidagi nikoh shartnomasida boshqacha hol nazarda tutilmagan boʻlsa, er va xotinning ulushlari teng deb hisoblanadi. Sud voyaga yetmagan bolalar manfaatlaridan va (yoki) er va xotindan birining eʼtiborga loyiq manfaatini hisobga olib, jumladan, agar er yoki xotin uzrsiz sabablarga koʻra daromad olmagan boʻlsa yoxud er va xotinning umumiy mol-mulkini oila manfaatlariga zarar yetkazgan holda sarflagan boʻlsa, er va xotinning umumiy mol-mulkidagi ulushlari tengligidan chekinishga haqlidir. Er va xotinning umumiy mol-mulkini boʻlishda er va xotinning umumiy qarzlari ularga belgilangan ulushlarga mutanosib ravishda har ikkalasi oʻrtasida taqsimlanadi. Agar er va xotindan biri umumiy mol-mulkni er yoki xotinning erkiga zid ravishda va oila manfaatiga mos boʻlmagan holda oʻz xohishiga koʻra sarflagan yoki boshqa shaxsga oʻtkazgan boʻlsa, uni boʻlishda bu mol-mulk yoki uning qiymati hisobga olinadi.
- OilaFAMILY · 29-modda
Nikoh shartnomasi
Nikohlanuvchi shaxslarning yoki er va xotinning nikohda boʻlgan davrida va (yoki) er va xotin nikohdan ajratilgan taqdirda ularning mulkiy huquq hamda majburiyatlarini belgilovchi kelishuvi nikoh shartnomasi deb hisoblanadi.
- OilaFAMILY · 3-modda
Oilaviy munosabatlarda fuqarolarning teng huquqliligi
Barcha fuqarolar oilaviy munosabatlarda teng huquqlarga egadirlar. Nikoh tuzish chogʻida jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyi hamda boshqa holatlarga qarab, huquqlarni muayyan tarzda bevosita yoki bilvosita cheklashga, bevosita yoki bilvosita afzalliklar belgilashga hamda oilaviy munosabatlarga aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi. Oilaviy munosabatlarda fuqarolarning huquqlari faqat qonunga asosan va faqat oiladagi boshqa aʼzolarning hamda oʻzga fuqarolarning axloqi, shaʼni, qadr-qimmati, sogʻligʻi, huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida zarur meʼyordagina cheklanishi mumkin.
- OilaFAMILY · 30-modda
Nikoh shartnomasi tuzish
Nikoh shartnomasi nikoh davlat roʻyxatiga olinguniga qadar ham, shuningdek nikoh davrida ham tuzilishi mumkin. Nikoh davlat roʻyxatiga olingunga qadar tuzilgan nikoh shartnomasi nikoh davlat roʻyxatiga olingan kundan boshlab kuchga kiradi. Nikoh shartnomasi yozma shaklda tuziladi va notarial tartibda tasdiqlanishi lozim.
- OilaFAMILY · 31-modda
Nikoh shartnomasining mazmuni
Er va xotin nikoh shartnomasiga koʻra birgalikdagi umumiy mulkning qonunda belgilangan (ushbu Kodeksning 23-moddasi) tartibini oʻzgartirishga, er va xotinning barcha mol-mulkiga, uning ayrim turlariga yoxud er va xotindan har birining mol-mulkiga nisbatan birgalikdagi, ulushli yoki alohida egalik qilish tartibini oʻrnatishga haqlidir. Nikoh shartnomasi er va xotinning mavjud mol-mulkiga nisbatan ham, boʻlgʻusi mol-mulkiga nisbatan ham tuzilishi mumkin. Er va xotin nikoh shartnomasida oʻzaro moddiy taʼminot berish, oila xarajatlarini koʻtarish, bir-birining daromadida ishtirok etish, boshqa shaxslar bilan mulkiy shartnomalar tuzish, birgalikda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish boʻyicha oʻz huquq va majburiyatlarini belgilab olishga, nikohdan ajralganda er va xotindan har biriga beriladigan mulkni aniqlab olishga, shuningdek nikoh shartnomasiga er va xotinning mulkiy munosabatlariga oid boshqa qoidalar kiritishga haqli. Nikoh shartnomasida nazarda tutilgan huquq va majburiyatlar muayyan muddat bilan cheklanishi yoki muayyan shart-sharoitning yuzaga kelishi yoxud kelmasligiga bogʻliq qilib qoʻyilishi mumkin. Nikoh shartnomasi er-xotinning huquq layoqati yoki muomala layoqatini, ularning oʻz huquqlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilish huquqlarini cheklashni, er-xotin oʻrtasidagi shaxsiy nomulkiy munosabatlarni, er-xotinning bolalarga nisbatan boʻlgan huquq va majburiyatlarini tartibga solishni, mehnatga layoqatsiz taʼminot olishga muhtoj er yoki xotinning huquqini cheklovchi qoidalarni, er va xotindan birini oʻta noqulay holatga solib qoʻyuvchi yoxud oila toʻgʻrisidagi qonunchilikning normalariga zid keluvchi boshqa shartlarni nazarda tuta olmaydi.
- OilaFAMILY · 32-modda
Nikoh shartnomasini oʻzgartirish va bekor qilish
Nikoh shartnomasi er-xotinning kelishuvi bilan istalgan vaqtda oʻzgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin. Nikoh shartnomasi qanday shaklda tuzilgan boʻlsa, uning oʻzgartirilishi yoki bekor qilinishi ham shunday shaklda amalga oshiriladi. Nikoh shartnomasini bajarishdan bir tomonlama bosh tortishga yoʻl qoʻyilmaydi. Nikoh shartnomasi er-xotindan birining talabi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida belgilangan asoslar va tartibda sudning hal qiluv qarori bilan oʻzgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin. Nikoh tugatilgan paytdan boshlab nikoh shartnomasining amal qilishi ham tugaydi, nikoh shartnomasida nikoh tugatilganidan keyingi davr uchun nazarda tutilgan majburiyatlar bundan mustasno.