Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- OilaFAMILY · 33-modda
Nikoh shartnomasini haqiqiy emas deb topish
Nikoh shartnomasi sud tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha toʻla yoki qisman haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Nikoh shartnomasining shartlari ushbu Kodeks 31-moddasi beshinchi qismining talablariga zid kelsa, sud er-xotindan birining talabiga binoan nikoh shartnomasini toʻla yoki qisman haqiqiy emas deb topishi mumkin.
- OilaFAMILY · 34-modda
Haq undirishni er-xotinning mol-mulkiga qaratish
Er (xotin)ning majburiyatlari boʻyicha haq undirish faqat uning mol-mulkiga qaratilishi mumkin. Ushbu mol-mulk yetarli boʻlmagan taqdirda haq undirishni er-xotinning mol-mulkiga qaratish uchun kreditor qarzdor er (xotin) ulushini er-xotinning umumiy mol-mulkidan ajratib undirib berilishini talab qilishga haqlidir. Agar sud er (xotin)ning majburiyatlari boʻyicha orttirilgan barcha ashyolar oila ehtiyojlari uchun ishlatilganligini aniqlasa, er-xotinning umumiy majburiyatlari boʻyicha, shuningdek er (xotin)ning majburiyatlari boʻyicha haq undirish er-xotinning umumiy mol-mulkiga qaratiladi. Bu mol-mulk yetarli boʻlmagan taqdirda er-xotin koʻrsatib oʻtilgan majburiyatlar yuzasidan ularning har biriga qarashli mol-mulk bilan sherik javobgar boʻladilar. Agar er-xotinning umumiy mol-mulki ularning biri tomonidan jinoiy yoʻl bilan topilgan mablagʻ hisobiga orttirilgani yoki koʻpaygani sud hukmi bilan aniqlangan boʻlsa, haqni undirish tegishli ravishda er-xotinning umumiy mol-mulkiga yoki uning bir qismiga qaratilishi mumkin. Er-xotinning voyaga yetmagan bolalari yetkazgan zarar uchun javobgarligi fuqarolik qonunchiligi bilan belgilanadi.
- OilaFAMILY · 35-modda
Nikoh shartnomasi tuzish, uni oʻzgartirish va bekor qilishda kreditorlar huquqlarining kafolatlari
Er (xotin) nikoh shartnomasi tuzayotgani, uni oʻzgartirayotgani yoki bekor qilayotgani toʻgʻrisida oʻz kreditorini (kreditorlarini) xabardor qilishi shart. Ushbu majburiyatni bajarmagan taqdirda er yoki xotin, nikoh shartnomasi mazmunidan qatʼi nazar, oʻz majburiyatlari boʻyicha javobgar boʻladi. Qarzdor er (xotin)ning kreditori (kreditorlari) sharoit jiddiy oʻzgargani tufayli nikoh shartnomasining shartlarini qonunda belgilangan tartibda oʻzgartirish yoki bekor qilishni talab qilishga haqli.
- OilaFAMILY · 36-modda
Er-xotin oʻrtasidagi mulkiy-shartnomaviy munosabatlar
Er-xotin qonunda yoʻl qoʻyiladigan barcha mulkiy-shartnomaviy munosabatlarga oʻzaro kirishishga haqlidir. Er-xotin oʻrtasida tuzilgan, ulardan birining huquqlarini cheklashga qaratilgan kelishuvlar haqiqiy hisoblanmaydi.
- OilaFAMILY · 37-modda
Nikohning tugatilish asoslari
Er-xotindan birining vafoti yoki sud ulardan birini vafot etgan deb eʼlon qilishi oqibatida nikoh tugaydi. Nikoh er-xotindan biri yoki har ikkalasining arizasiga muvofiq nikohdan ajratish yoʻli bilan, shuningdek sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan er yoki xotinning vasiysi bergan arizaga muvofiq tugatilishi mumkin.
- OilaFAMILY · 38-modda
Nikohdan ajratish tartibi
Nikohdan ajratish sud tartibida, ushbu Kodeksning 42 va 43-moddalarida nazarda tutilgan hollarda esa, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida amalga oshiriladi.
- OilaFAMILY · 39-modda
Erning nikohdan ajratish toʻgʻrisida talab qoʻyishini man etadigan hollar
Xotinining homiladorlik vaqtida va bola tugʻilganidan keyin bir yil mobaynida er xotinining roziligisiz nikohdan ajratish toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatishga haqli emas.
- OilaFAMILY · 4-modda
Oilaning, onalik, otalik va bolalikning muhofaza qilinishi
Oʻzbekiston Respublikasida oila, onalik, otalik va bolalik davlat himoyasidadir. Oʻzbekiston Respublikasida onalik va otalik izzat-ikromga hamda hurmatga sazovordir. Ona va bola manfaatlarini muhofaza qilish ayollarning mehnati va sogʻligʻini saqlashga doir maxsus tadbirlar koʻrish, mehnatni onalik bilan bogʻlab qoʻshib olib borish uchun ayollarga sharoit yaratish, onalik va bolalikni huquqiy himoya qilish, moddiy va maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash yoʻli bilan taʼminlanadi.
- OilaFAMILY · 40-modda
Nikohdan sud tartibida ajratish
Nikohdan ajratish toʻgʻrisidagi ishlar sud tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksida daʼvo ishlarini hal qilish uchun belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi. Sud ishning koʻrilishini keyinga qoldirib, er-xotinga yarashish uchun olti oygacha muhlat tayinlashga haqli. Sud er-xotinga yarashish uchun muhlat tayinlab, ishning koʻrilishini keyinga qoldirgan taqdirda, er-xotinning birga yashash joyidagi fuqarolar yigʻinining yarashtirish komissiyasini, agar ular birga yashamayotgan boʻlsa, har birining yashash joyidagi fuqarolar yigʻinining yarashtirish komissiyasini er-xotinni yarashtirish boʻyicha tegishli choralar koʻrish uchun uch kundan kechiktirmasdan yozma ravishda xabardor qilishi kerak. Sud oilaviy (maishiy) zoʻravonlikdan jabrlangan shaxsning talabiga koʻra yarashish uchun muhlat tayinlamaydi.
- OilaFAMILY · 41-modda
Sudning nikohdan ajratish asoslari
Agar sud er va xotinning bundan buyon birgalikda yashashiga va oilani saqlab qolishga imkoniyat yoʻq deb topsa, ularni nikohdan ajratadi.
- OilaFAMILY · 4¹-modda
Koʻp bolali oilalarni ijtimoiy muhofaza qilish
Toʻrt nafar va undan ortiq oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan bolasi boʻlgan oila koʻp bolali oiladir. Bunda, agar toʻrt nafar va undan ortiq bolalaridan bir nafari yoki undan koʻprogʻi taʼlimning kunduzgi shaklida (oʻrta maxsus va professional, oliy taʼlim) taʼlim tashkilotlarida oʻqiyotgan hamda yigirma ikki yoshga toʻlmagan boʻlsa, bu oila ham koʻp bolali oila deb hisoblanadi. Davlat koʻp bolali oilalarga qonunchilikka muvofiq imtiyozlar va ijtimoiy kafolatlar berilishini taʼminlaydi.
- OilaFAMILY · 42-modda
Er-xotinning oʻzaro roziligi boʻlganda fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida nikohdan ajratish
Voyaga yetmagan bolalari boʻlmagan er-xotin nikohdan ajratishga oʻzaro rozi boʻlsalar, ular nikohdan fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida ajratiladi. Er-xotin oʻrtasida mehnatga layoqatsiz muhtoj er yoki xotinga moddiy taʼminot berish toʻgʻrisida yoki ularning birgalikdagi umumiy mulki boʻlgan mol-mulkni boʻlish toʻgʻrisida nizo boʻlgan taqdirda er-xotin yoki ulardan biri nikohdan ajratish toʻgʻrisidagi ariza bilan sudga murojaat etishga haqli.
- OilaFAMILY · 43-modda
Er-xotindan birining arizasi boʻyicha fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida nikohdan ajratish
Agar er-xotindan biri: sud tomonidan bedarak yoʻqolgan deb topilgan boʻlsa; sud tomonidan ruhiyati buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli muomalaga layoqatsiz deb topilgan boʻlsa; sodir qilgan jinoyati uchun uch yildan kam boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilingan boʻlsa, oʻrtada voyaga yetmagan bolalari borligidan qatʼi nazar, er-xotindan birining arizasiga koʻra ular fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida nikohdan ajratiladi. Agar bolalar haqida, er-xotinning birgalikdagi umumiy mol-mulkini boʻlish haqida yoki yordamga muhtoj, mehnatga layoqatsiz er (xotin)ga taʼminot berish uchun mablagʻ toʻlash haqida nizo mavjud boʻlsa, ular nikohdan sud tartibida ajratiladi.
- OilaFAMILY · 44-modda
Nikohdan ajratish toʻgʻrisida hal qiluv qarori chiqarish vaqtida sud tomonidan hal etiladigan masalalar
Nikohdan sud tartibida ajratilayotganda er va xotin voyaga yetmagan bolalari kim bilan yashashi, bolalarga va (yoki) mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj er yoki xotinga taʼminot berish uchun mablagʻ toʻlash tartibi, bu mablagʻning miqdori yoxud er-xotinning umumiy mol-mulkini boʻlishga doir kelishuvni koʻrib chiqish uchun sudga taqdim qilishlari mumkin. Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan masalalar boʻyicha er va xotin oʻrtasida kelishuv boʻlmagan taqdirda, shuningdek ushbu kelishuv bolalar yoki er-xotindan birining manfaatlariga zid ekanligi aniqlangan taqdirda sud: nikohdan ajratilgandan keyin voyaga yetmagan bolalar ota-onasining qaysi biri bilan yashashini aniqlashi; voyaga yetmagan bolalarga taʼminot berish uchun ota-onaning qaysi biridan va qancha miqdorda aliment undirilishini aniqlashi; er va xotinning (ulardan birining) talabiga koʻra ularning birgalikdagi mulki boʻlgan mol-mulkni boʻlishi; er (xotin)dan taʼminot olishga haqli boʻlgan xotin (er)ning talabiga koʻra ana shu taʼminot miqdorini belgilashi shart. Mol-mulkni boʻlish uchinchi shaxslarning manfaatiga daxldor boʻlgan hollarda sud mol-mulkni boʻlish talabini alohida ish yuritish uchun ajratadi. Nikohdan ajratish toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqilayotganida toʻyni oʻtkazishga ketgan sarf-xarajatlarni undirish haqidagi talablar qanoatlantirilmaydi.
- OilaFAMILY · 45-modda
Sudning nikohdan ajratish haqida hal qiluv qarorini chiqarishida davlat boji miqdorini belgilash
Sud nikohdan ajratish haqida hal qiluv qarorini chiqarish paytida nikohdan ajratish toʻgʻrisidagi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organining guvohnomasi berilayotganda er-xotinning har ikkalasi yoki ulardan biri toʻlaydigan davlat boji miqdorini belgilashi lozim. Agar sud bu bojni er-xotinning har ikkalasidan undirishni lozim deb topsa, ularning har biri toʻlaydigan boj miqdorini belgilaydi.
- OilaFAMILY · 46-modda
Nikohdan ajratilganda er (xotin)ning oʻz familiyasini oʻzgartirishi
Nikohga kirish vaqtida oʻz familiyasini oʻzgartirgan er (xotin) nikohdan ajratilgandan keyin ham shu familiyada qolishga haqli yoxud uning xohishiga binoan sud tomonidan nikohdan ajratish toʻgʻrisidagi qaror chiqarilayotganda unga nikohgacha boʻlgan familiyasi qaytarilishi mumkin.
- OilaFAMILY · 47-modda
Nikohdan ajratilganda nikohning tugatilish vaqti
Nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organida nikohdan ajratilganlik roʻyxatga olingan kundan boshlab tugatiladi.
- OilaFAMILY · 48-modda
Sud tomonidan vafot etgan deb eʼlon qilingan yoki bedarak yoʻqolgan deb topilgan er (xotin) qaytib kelgan hollarda nikohning tiklanishi
Sud tomonidan vafot etgan deb eʼlon qilingan yoki bedarak yoʻqolgan deb topilgan er (xotin) qaytib kelgan va tegishli sud qarorlari bekor qilingan hollarda, nikoh er-xotinning birgalikdagi arizasiga koʻra fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organi tomonidan tiklanishi mumkin. Agar er (xotin) yangi nikohga kirgan boʻlsa, nikohni tiklash mumkin emas.
- OilaFAMILY · 49-modda
Nikohni haqiqiy emas deb topish asoslari
Nikoh quyidagi hollarda haqiqiy emas deb topiladi: ushbu Kodeksning 14—16-moddalarida belgilangan shartlar buzilganda; soxta nikoh tuzilganda, yaʼni er-xotin yoki ulardan biri oila qurish maqsadini koʻzlamay nikoh qayd qildirganda; nikohlanuvchi shaxslardan biri tanosil kasalligi yoki odamning immunitet tanqisligi virusi (OIV kasalligi) borligini ikkinchisidan yashirganda, agar ikkinchisi sudga shunday talab bilan murojaat etsa.
- OilaFAMILY · 5-modda
Oila toʻgʻrisidagi qonunchilik bilan tartibga solinadigan munosabatlar
Oila toʻgʻrisidagi qonunchilik nikoh tuzish, nikohning tugatilishi (tugashi)* va uni haqiqiy emas deb topish shartlari va tartibini belgilaydi, oila aʼzolari: er-xotin, ota-ona va bolalar (farzandlikka oluvchilar va farzandlikka olinganlar) oʻrtasidagi, oila toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda va doirada esa qarindoshlar hamda oʻzga shaxslar oʻrtasidagi shaxsiy nomulkiy va mulkiy munosabatlarni tartibga soladi, shuningdek ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni oilaga olish shakl va qoidalarini, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish tartibini belgilaydi.