Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- OilaFAMILY · 50-modda
Nikohni haqiqiy emas deb topish tartibi
Nikohni haqiqiy emas deb topish faqat sud tartibida amalga oshiriladi. Nikohni haqiqiy emas deb topish haqida sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qaroridan nusxa berilayotganda pasportga yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatga tegishli belgi qoʻyiladi. Nikohni haqiqiy emas deb topish haqida sud chiqargan hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgach, oʻn kun ichida undan koʻchirma nikoh tuzilganligi roʻyxatga olingan joydagi fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organiga yuboriladi.
- OilaFAMILY · 51-modda
Nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan tuzilgan nikohni haqiqiy emas deb topish
Nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan tuzilgan nikoh hali nikoh yoshiga yetmay nikohga kirgan shaxsning manfaatlari talab qilgan hollarda haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Bunday nikohni haqiqiy emas deb topishni nikoh yoshiga yetmay nikohga kirgan shaxs, uning ona-otasi yoki homiysi, shuningdek vasiylik va homiylik organi hamda prokuror talab qilishga haqlidir. Ish sudda hal qilinish paytigacha er yoki xotin nikoh yoshiga yetgan boʻlsa, nikoh faqat uning talabi bilan haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Er-xotindan biri nikoh yoshiga yetmaganligi tufayli nikohni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi ish, agar er-xotin (ulardan biri) ish sudda koʻrilayotgan paytda nikoh yoshiga yetmagan boʻlsa, vasiylik va homiylik organining ishtirokida koʻrib chiqiladi.
- OilaFAMILY · 52-modda
Nikoh tuzishga monelik qiladigan holatlar mavjud boʻlganda tuzilgan nikohni haqiqiy emas deb topish
Ushbu Kodeksning 16-moddasida koʻrsatilgan holatlar mavjud boʻlganda tuzilgan nikoh haqiqiy emas deb topiladi. Agar ish hal qilinish paytigacha nikohni tuzish uchun monelik qiladigan holatlar tugagan boʻlsa, sud nikohni oʻsha holatlar tugagan paytdan boshlab haqiqiy deb topishga haqli. Ushbu Kodeksning 16-moddasida koʻrsatilgan asoslar boʻyicha nikohni haqiqiy emas deb topishni er-xotin, shu nikohning tuzilishi natijasida huquqlari buzilgan shaxslar, shuningdek vasiylik va homiylik organi hamda prokuror talab qilishga haqlidir. Muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxs bilan tuzilgan nikohni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi ishni sud vasiylik va homiylik organining ishtirokida koʻrib chiqadi.
- OilaFAMILY · 53-modda
Majburlab tuzilgan nikohni haqiqiy emas deb topish
Majburlab tuzilgan nikoh jabrlanuvchi (uning qonuniy vakillari) yoki prokurorning arizasi boʻyicha haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
- OilaFAMILY · 54-modda
Soxta nikohni haqiqiy emas deb topish
Er-xotin soxta nikoh qayd qildirgan va oila qurmagan boʻlsalar, nikoh haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Soxta nikohni haqiqiy emas deb topishni prokuror talab qilishga haqli, er (xotin) oila qurish maqsadisiz nikohga kirgan hollarda esa, bunday talab xotin (er) tomonidan ham qoʻyilishi mumkin.
- OilaFAMILY · 55-modda
Nikohni haqiqiy emas deb hisoblash vaqti
Sud tomonidan haqiqiy emas deb topilgan nikoh tuzilgan vaqtidan boshlab haqiqiy emas deb hisoblanadi.
- OilaFAMILY · 56-modda
Nikohni haqiqiy emas deb topish oqibatlari
Haqiqiy emas deb topilgan nikoh er-xotin uchun ushbu Kodeksda belgilangan shaxsiy va mulkiy huquq hamda majburiyatlarni vujudga keltirmaydi. Nikohi haqiqiy emas deb topilgan shaxslarning mulkiy huquqiy munosabatlari Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi bilan tartibga solinadi. Nikohning haqiqiy emas deb topilishi shunday nikohdan tugʻilgan yoki nikoh haqiqiy emas deb topilgan kundan keyin uch yuz kun ichida tugʻilgan bolalarning huquqlariga taʼsir etmaydi. Sud nikohni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisida hal qiluv qarori chiqarishda shunday nikoh tuzilishi bilan huquqi buzilgan er (xotin)ni (insofli er (xotin)ni) ushbu Kodeksning 118 va 119-moddalariga muvofiq xotin yoki eridan taʼminot olish huquqiga ega deb topishga haqlidir, nikohni haqiqiy emas deb topish vaqtiga qadar birgalikda orttirilgan mol-mulkni boʻlishga nisbatan esa, ushbu Kodeksning 23, 27 va 28-moddalarida belgilangan qoidalarni tatbiq etishga, shuningdek nikoh shartnomasini toʻla yoki qisman haqiqiy deb topishga haqlidir. Insofli er (xotin) oʻziga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararni qoplashni fuqarolik qonunchiligida nazarda tutilgan qoidalar boʻyicha talab qilishga haqli. Insofli er (xotin) nikoh haqiqiy emas deb topilganda, nikoh tuzish davlat roʻyxatiga olingan vaqtda tanlagan familiyasini saqlab qolishga haqlidir.
- OilaFAMILY · 57-modda
Qarindoshlik
Bir umumiy uchinchi shaxsdan (ajdoddan) kelib chiqqan shaxslar qarindoshlar hisoblanadi. Ikki shaxs oʻrtasidagi toʻgʻri shajara boʻyicha qarindoshlikning yaqinligi qarindoshlik darajasi, yaʼni tugʻilish soni bilan belgilanadi. Bolalar ota-onasiga nisbatan toʻgʻri shajaradagi birinchi, nevara bobosiga, buvisiga nisbatan — ikkinchi, evara katta bobosiga, katta buvisiga nisbatan — uchinchi darajadagi qarindosh hisoblanadi va hokazo. Aka-uka, opa-singil, ularning bolalari, ota-onaning aka-uka va opa-singillari hamda ularning bolalari, bobo va buvilarning aka-uka hamda opa-singillari va ularning bolalari va shunga oʻxshashlar yon shajara boʻyicha qarindoshlar hisoblanadi va hokazo. Toʻgʻri shajara boʻyicha qarindoshlar yon shajara boʻyicha qarindoshlarga nisbatan yaqinroqdir. Ikki shaxs oʻrtasida qarindoshlikning uzoq-yaqinligini aniqlashda, darajalarning soni yoki shu shaxslardan birining oʻzini hisobga qoʻshmay turib, undan kelib chiqqan avlodlar soni hisobga olinadi. Hisob ajdodlar tomon toʻgʻri shajara boʻyicha ular uchun umumiy boʻlgan shaxsga (ajdodga) qarab va undan esa, avlodlar tomon — ulardan boshqasiga qarab olib boriladi. Tugʻishgan aka-uka va opa-singil qarindoshlikning ikkinchi darajasida, togʻa va amaki, amma va xola oʻz jiyanlari bilan qarindoshlikning — uchinchi, togʻavachcha, amakivachcha, ammavachcha va xolavachchalar esa — toʻrtinchi darajasida turadilar.
- OilaFAMILY · 58-modda
Yot aralashmagan va yot aralashgan qarindoshlik
Aka-uka va opa-singillar yot aralashmagan va yot aralashgan qarindosh boʻlishi mumkin. Aka-uka va opa-singillar bir ota-onadan kelib chiqqan boʻlsa, yot aralashmagan, ota bir ona boshqa yoki aksincha ona bir ota boshqa boʻlsa, yot aralashgan qarindosh hisoblanadi. Yot aralashmagan qarindoshlikda aka-uka va opa-singillar tugʻishgan, yot aralashgan qarindoshlikda esa, aka-uka va opa-singillar oʻgay hisoblanadi. Er-xotinning ilgarigi nikohlaridan boʻlgan bolalari oʻzaro qarindosh hisoblanmaydi.
- OilaFAMILY · 59-modda
Qayin-boʻyinchilik va quda-andachilik
Er (xotin) va uning yaqin qarindoshlari bilan xotin (er) qarindoshlarining bir-biriga nisbatan munosabatlari (qayin-boʻyinchilik va quda-andachilik) oʻzaro huquq va majburiyatlarni keltirib chiqarmaydi.
- OilaFAMILY · 6-modda
Oilaviy munosabatlarga nisbatan fuqarolik qonunchiligining qoʻllanilishi
Oila toʻgʻrisidagi qonunchilik bilan tartibga solinmagan oila aʼzolari oʻrtasidagi mulkiy va shaxsiy nomulkiy munosabatlarga nisbatan fuqarolik qonunchiligi oilaviy munosabatlarning mohiyatiga zid kelmagan taqdirdagina qoʻllaniladi.
- OilaFAMILY · 60-modda
Bolaning nasl-nasabini belgilash asoslari
Bolaning shu onadan tugʻilganligi (onalik) fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd qilish organi tomonidan tibbiy muassasaning hujjatlariga koʻra, bola tibbiy muassasada tugʻilmagan holda esa, boshqa dalillarga asosan belgilanadi. Ayolning nikoh tuzilgandan keyin yoki erining oʻlimi, nikohdan ajratilganligi yoxud nikoh haqiqiy emas deb topilganligi tufayli nikoh tugaganidan soʻng uch yuz kun ichida tugʻilgan bolasi nikohda tugʻilgan bola hisoblanadi. Agar nikoh tugaganidan keyin uch yuz kun ichida bola tugʻilsa va bu davrda ayol yangi nikohga kirgan boʻlsa, bola yangi nikohda tugʻilgan hisoblanadi. Bunday hollarda sobiq er yoki uning ota-onasi bolaning nasl-nasabi xususida nizolashish huquqiga ega.
- OilaFAMILY · 61-modda
Ota-onaning arizasi boʻyicha bolaning nasl-nasabini belgilash
Bolaning onasi bilan nikohda boʻlmagan shaxsning otaligi oʻzini bolaning otasi deb tan olgan shaxs va onaning fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd qilish organiga birgalikda topshirgan arizasiga binoan belgilanadi. Ona vafot etganda, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilganda, onaning qayerdaligini aniqlash imkoniyati boʻlmaganda yoki u onalik huquqidan mahrum qilinganda, otalik vasiylik va homiylik organi bilan kelishilgan holda oʻzini bolaning otasi deb tan olayotgan shaxsning arizasiga binoan belgilanadi. Bolaning otasi sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan boʻlsa, otalikni belgilash toʻgʻrisidagi arizani uning nomidan vasiylik va homiylik organining ruxsati bilan uning homiysi berishi mumkin. Otalikni belgilash toʻgʻrisidagi ariza bolaning tugʻilganligini qayd etish vaqtida, shuningdek bola tugʻilganligi qayd etilgandan keyin ham berilishi mumkin. Agar otalikni belgilash toʻgʻrisida bola tugʻilgandan soʻng er-xotin birgalikda ariza berishining imkoni boʻlmay qolishi yoki mushkul boʻlishini koʻrsatuvchi asoslar mavjud boʻlsa, tugʻilajak bolaning oʻzaro nikohda boʻlmagan ota-onasi shunday arizani ona homiladorlik vaqtida fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organiga berishga haqli. Otalikni belgilash rad etilganda, oʻzini bolaning otasi deb tan olgan shaxs sud tartibida shikoyat qilishi mumkin.
- OilaFAMILY · 62-modda
Otalikning sud tartibida belgilanishi
Oʻzaro nikohda boʻlmagan ota-onadan bola tugʻilgan taqdirda, ota-onaning birgalikdagi arizasi yoki bola otasining arizasi boʻlmasa, ushbu Kodeksning 61-moddasida koʻrsatilgan hollarda otalik sud tartibida belgilanishi mumkin. Otalikni sud tartibida belgilash ota-onadan birining yoki bolaning vasiysi (homiysi)ning yoxud bola kimning qaramogʻida boʻlsa, shu shaxsning arizasiga, shuningdek bola voyaga yetganidan keyin uning oʻzi bergan arizaga muvofiq amalga oshiriladi. Otalikni belgilayotganda sud bolaning onasi bola tugʻilishiga qadar javobgar bilan birga yashaganligi va umumiy roʻzgʻor yuritganligi yoki ular bolani birgalikda tarbiyalaganliklari yoxud taʼminlab turganliklarini yoki javobgarning otalikni tan olganligini aniq tasdiqlovchi boshqa dalillarni eʼtiborga oladi. Bolaning onasi bilan nikohda boʻlmagan, lekin oʻzini bolaning otasi deb tan olgan shaxs vafot etgan taqdirda uning otalik fakti sud tomonidan belgilanishi mumkin. Otalikni belgilash toʻgʻrisidagi sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgandan keyin sud shu qaror nusxasini bola tugʻilganligi roʻyxatga olingan joydagi fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organiga yuboradi.
- OilaFAMILY · 63-modda
Otalik (onalik) toʻgʻrisida eʼtiroz bildirish
Tugʻilishni yozish daftaridagi tugʻilishga oid yozuv bolaning unda koʻrsatilgan ota-onadan tugʻilganligini tasdiqlovchi dalil hisoblanadi. Bolaning otasi yoki onasi deb yozilgan shaxs unga bunday yozuv maʼlum boʻlgan yoki maʼlum boʻlishi lozim boʻlgan vaqtdan eʼtiboran bir yil mobaynida ana shu yozuv toʻgʻrisida sud tartibida eʼtiroz bildirishga haqlidir. Agar shu vaqtga kelib, bolaning otasi yoki onasi deb yozilgan shaxs voyaga yetmagan boʻlsa, bir yillik muddat mazkur shaxs oʻn sakkiz yoshga toʻlgan vaqtdan boshlab hisoblanadi.
- OilaFAMILY · 64-modda
Oʻzaro nikohda boʻlmagan shaxslardan tugʻilgan bolalarning huquq va majburiyatlari
Ushbu Kodeksning 61 va 62-moddalarida nazarda tutilgan tartibda otalik belgilanganda bolalar ota-onasi va ularning qarindoshlariga nisbatan oʻzaro nikohda boʻlgan shaxslardan tugʻilgan bolalar bilan teng huquq va majburiyatlarga ega boʻladilar.
- OilaFAMILY · 65-modda
Bolaning oilada yashash va tarbiyalanish huquqi
Har bir bola oilada yashash va tarbiyalanish, oʻz ota-onasini bilish, ularning gʻamxoʻrligidan foydalanish, ular bilan birga yashash huquqiga ega, bolaning eng ustun manfaatlariga zid boʻlgan holatlar bundan mustasnodir. Bola oʻz ota-onasi tomonidan tarbiyalanishi, oʻz manfaatlari taʼminlanishi, har taraflama kamol topishi, insoniy qadr-qimmatlari hurmat qilinishi huquqiga ega. Bolaning ota-onasi boʻlmaganda yoki ular ota-onalik huquqidan mahrum qilinganda va bola ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan boshqa hollarda uning oilada tarbiyalanish huquqi vasiylik va homiylik organi tomonidan taʼminlanadi.
- OilaFAMILY · 66-modda
Bolaning ota-onasi va boshqa qarindoshlari bilan koʻrishish huquqi
Bola otasi, onasi, bobosi, buvisi, aka-ukalari, opa-singillari va boshqa qarindoshlari bilan koʻrishish huquqiga ega. Ota-onasining nikohdan ajralishi, nikohning haqiqiy emas deb topilishi yoki ota-onaning boshqa-boshqa yashashi bolaning huquqlariga taʼsir qilmaydi. Ota va ona alohida yashagan holda bola ularning har biri bilan koʻrishish huquqiga ega. Ota-ona turli davlatlarda yashagani taqdirda ham bola ular bilan koʻrishish huquqiga ega. Favqulodda vaziyatlarga tushib qolgan bola (ushlab turish, qamoqqa olish, hibsga olish, davolash muassasasida boʻlish va boshqa hollarda) oʻz ota-onasi va boshqa qarindoshlari bilan qonunda belgilangan tartibda koʻrishish huquqiga ega.
- OilaFAMILY · 67-modda
Bolaning himoyaga boʻlgan huquqi
Bola oʻz huquqi va qonuniy manfaatlarini himoya qilish huquqiga ega. Bolaning huquqi va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uning ota-onasi (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar), ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda esa vasiylik va homiylik organi, prokuror va sud tomonidan amalga oshiriladi. Voyaga yetmagan bola qonunga muvofiq toʻla muomala layoqatiga ega deb eʼtirof etilsa, u oʻz huquq va majburiyatlarini, shu jumladan himoya huquqini mustaqil amalga oshirishga haqlidir. Bola ota-ona (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) tomonidan qilinadigan suiisteʼmolliklardan himoyalanish huquqiga ega. Bolaning huquq va qonuniy manfaatlari buzilganda, shu jumladan, ota-ona (ulardan biri) bolani tarbiyalash va taʼlim berish boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmaganda yoxud ota-onalik huquqlarini suiisteʼmol qilganda bola oʻz huquq va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini soʻrab, vasiylik va homiylik organiga, oʻn toʻrt yoshga toʻlgandan keyin esa, mustaqil ravishda sudga murojaat qilish huquqiga ega. Bolaning hayoti yoki sogʻligʻiga xavf tugʻilganligidan, uning huquq va qonuniy manfaatlari buzilganligidan xabardor boʻlgan shaxslar bu haqda bola ayni paytda yashab turgan joydagi vasiylik va homiylik organiga maʼlum qilishi shart. Shunday maʼlumotlarni olgach, vasiylik va homiylik organi bolaning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan zarur choralar koʻrishi shart.
- OilaFAMILY · 68-modda
Bolaning oʻz fikrini ifoda etish huquqi
Oilada bolaning manfaatlariga taalluqli har qanday masala hal qilinayotganda bola oʻz fikrini erkin ifoda qilishga, shuningdek har qanday sud muhokamasi yoki maʼmuriy muhokama jarayonida soʻzlashga haqlidir. Bunda qaror qabul qilishga vakolatli boʻlgan organlar va mansabdor shaxslar bolaning manfaatlariga taalluqli masalalarni hal qilishda bolaning fikrini, uning yoshidan qatʼi nazar, koʻrib chiqishi hamda bolaning eng ustun manfaatlaridan kelib chiqqan holda qarorlar qabul qilishi kerak.