Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- OilaFAMILY · 69-modda
Bolaning ism, ota ismi va familiya olish huquqi
Bola ism, ota ismi va familiya olish huquqiga ega. Bolaga ism ota-onaning kelishuviga binoan, ota ismi — otasining ismiga koʻra beriladi. Bolaning familiyasi ota-onaning familiyasiga qarab belgilanadi. Ota-ona turli familiyalarda boʻlganda ota-onaning kelishuviga binoan bolaga otasining yoki onasining familiyasi beriladi. Ota-onaning xohishiga koʻra, bolaga otaning ismi, ota yoki ona tomonidan milliy anʼanalarga koʻra boboning ismi boʻyicha familiya berilishi mumkin. Ota-ona oʻrtasida bolaning ismi va (yoki) familiyasi boʻyicha kelishuv boʻlmaganda, kelib chiqqan nizo vasiylik va homiylik organi tomonidan hal etiladi.
- OilaFAMILY · 7-modda
Oila toʻgʻrisidagi va fuqarolik qonunchiligining oʻxshashlik boʻyicha qoʻllanilishi
Oila aʼzolari oʻrtasidagi munosabatlar oila toʻgʻrisidagi qonunchilik yoki taraflarning kelishuvi bilan tartibga solinmagan va bunday munosabatlarni bevosita tartibga soluvchi fuqarolik qonunchiligi normalari mavjud boʻlmagan taqdirda, mohiyati jihatidan ushbu munosabatlarga zid kelmaydigan oila toʻgʻrisidagi va (yoki) fuqarolik qonunchiligining oʻxshash munosabatlarni tartibga soluvchi normalari (qonun oʻxshashligi) qoʻllaniladi. Bunday normalar boʻlmagan taqdirda oila aʼzolarining huquq va majburiyatlari oila hamda fuqarolik huquqining umumiy tamoyillariga tayangan holda (huquq oʻxshashligi), shuningdek insoniylik, oqillik va adolat tamoyillariga amal qilgan holda belgilanadi.
- OilaFAMILY · 70-modda
Bolaning ismi va familiyasini oʻzgartirish
Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organi ota-onaning birgalikdagi arizasiga binoan bola oʻn olti yoshga toʻlguncha bola manfaatlarini eʼtiborga olib, uning ismini oʻzgartirishga, shuningdek unga berilgan familiyani ham otasi yoki onasining familiyasiga qarab oʻzgartirishga haqlidir. Agar ota-ona alohida yashasa va bola bilan birga yashovchi ota (ona) bolaga oʻz familiyasini berishni xohlasa, vasiylik va homiylik organi bu masalani bolaning manfaatlarini va ona (ota)ning fikrini hisobga olgan holda hal qiladi. Ota yoki onaning turgan joyini aniqlash mumkin boʻlmaganda, ular ota-onalik huquqidan mahrum qilinganda, muomalaga layoqatsiz deb topilganda, shuningdek ota yoki ona bolaga taʼminot berish va uni tarbiyalash majburiyatlarini bajarishdan uzrsiz sabablarga koʻra boʻyin tovlagan hollarda ota yoki onaning fikrini hisobga olish shart emas. Agar bola oʻzaro nikohda boʻlmagan shaxslardan tugʻilgan va otalik qonuniy tartibda belgilanmagan boʻlsa, vasiylik va homiylik organi bolaning manfaatlarini eʼtiborga olib, uning familiyasini onaning murojaat qilgan davridagi familiyasiga almashtirish uchun ruxsat berishga haqli. Oʻn yoshga toʻlgan bolaning ismi yoki familiyasini oʻzgartirishga faqat uning roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi.
- OilaFAMILY · 71-modda
Ota-ona huquq va majburiyatlarining tengligi
Ota-ona oʻz bolalariga nisbatan teng huquq va majburiyatlarga egadirlar (ota-onalik huquqlari). Ushbu bobda nazarda tutilgan ota-onalik huquqlari bolalar oʻn sakkiz yoshga toʻlganlarida (voyaga yetganda), shuningdek voyaga yetmagan bolalar nikohga kirganlarida hamda qonun bilan belgilangan boshqa hollarda bolalar voyaga yetmasdan toʻla muomala layoqatiga ega boʻlganlarida tugaydi.
- OilaFAMILY · 72-modda
Voyaga yetmagan ota-onaning huquqlari
Voyaga yetmagan ota-ona oʻz bolasi bilan birga yashash va uning tarbiyasida ishtirok etish huquqiga ega. Oʻzaro nikohda boʻlmagan voyaga yetmagan ota-ona ulardan bola tugʻilganda hamda ularning onaligi va (yoki) otaligi belgilanganda oʻn olti yoshga toʻlishlari bilan ota-onalik huquqlarini mustaqil ravishda amalga oshirishga haqlidirlar. Voyaga yetmagan ota-ona oʻn olti yoshga yetgunga qadar, bolani voyaga yetmagan ota-ona bilan birgalikda tarbiyalash uchun bolaga vasiy tayinlanishi mumkin. Bolaning vasiysi bilan voyaga yetmagan ota-ona oʻrtasida kelib chiqadigan kelishmovchiliklar vasiylik va homiylik organi tomonidan hal etiladi. Voyaga yetmagan ota-ona oʻz otaligi va onaligini umumiy asoslarda eʼtirof etish yoki bunga eʼtiroz bildirish huquqiga egadir.
- OilaFAMILY · 73-modda
Ota-onaning bolalarga taʼlim-tarbiya berishga oid huquq va majburiyatlari
Ota-ona oʻz bolalarini tarbiyalash huquqiga ega va tarbiyalashi shart. Ota-ona oʻz bolalarining tarbiyasi va kamoloti uchun javobgardir. Ular oʻz bolalarining sogʻligʻi, jismoniy, ruhiy, maʼnaviy va axloqiy kamoloti haqida gʻamxoʻrlik qilishlari shart. Ota-ona oʻz bolalarini tarbiyalashda boshqa barcha shaxslarga nisbatan ustun huquqqa ega. Ota-ona bolalarining qonunchilikda belgilangan zarur darajada taʼlim olishini taʼminlashi shart.
- OilaFAMILY · 74-modda
Bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish boʻyicha ota-onaning huquq va majburiyatlari
Bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish ularning ota-onasi zimmasiga yuklatiladi. Ota-ona oʻz bolalarining qonuniy vakillari hisoblanadilar hamda har qanday jismoniy va yuridik shaxslar bilan boʻlgan munosabatlarda, shu jumladan sudda alohida vakolatsiz ularning huquq va manfaatlarini himoya qiladilar. Vasiylik va homiylik organi tomonidan ota-ona va bolalar manfaatlari oʻrtasida qarama-qarshilik borligi aniqlanganda, ota-ona oʻz bolalarining manfaatlarini himoya qilishga haqli emas. Ota-ona va bolalar oʻrtasida kelishmovchiliklar mavjud boʻlganda vasiylik va homiylik organi bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun vakil tayinlashi shart.
- OilaFAMILY · 75-modda
Ota-onalik huquqini amalga oshirish
Ota-onalik huquqi bolalar manfaatlariga zid tarzda amalga oshirilishi mumkin emas. Bolalarning eng ustun manfaatlarini taʼminlash ota-ona gʻamxoʻrligining asosini tashkil qilishi lozim. Ota-onalik huquqini amalga oshirishda ota-ona bolalarining jismoniy va ruhiy sogʻligʻiga, axloqiy kamolotiga zarar yetkazishga haqli emas. Bolalarni tarbiyalash usullari mensimaslik, shafqatsizlik, qoʻpollikdan, insoniy qadr-qimmatni kamsituvchi muomaladan, bolalarni haqoratlash yoki ekspluatatsiya qilishdan xoli boʻlishi kerak. Oʻz ota-onalik huquqini bolalarining huquq va manfaatlariga zid tarzda amalga oshirayotgan ota-ona qonunda belgilangan tartibda javobgar boʻladi. Bolalarning taʼlim-tarbiyasiga taalluqli barcha masalalar bolalarning eng ustun manfaatlaridan kelib chiqqan va ularning fikrini hisobga olgan holda ota-ona tomonidan oʻzaro kelishuv asosida hal etiladi. Agar ota-ona oʻrtasida kelishmovchiliklar mavjud boʻlsa, ular (ulardan biri) bu kelishmovchiliklarni hal qilish uchun vasiylik va homiylik organiga yoki sudga murojaat qilishga haqlidir. Ota-ona alohida yashaganda bolalarning qayerda yashashi ota-onaning kelishuviga binoan belgilanadi. Ota-ona oʻrtasida kelishuv boʻlmasa, nizo sud tomonidan bolalarning eng ustun manfaatlaridan kelib chiqqan, ularning fikrini hisobga olgan holda hal etiladi. Bunda sud, bolaning ota-onadan, aka-uka, opa-singillaridan qaysi biriga bogʻlanib qolganligini, bolaning yoshini, ota-onasining axloqiy va boshqa shaxsiy fazilatlarini, ota-onaning har biri bilan bola oʻrtasidagi munosabatlarni, bolani tarbiyalash va uning kamoloti uchun shart-sharoitlar (ota-onasining mashgʻulot turi, ish tartibi, moddiy hamda oilaviy ahvoli va boshqalar) yaratish imkoniyatini hisobga oladi.
- OilaFAMILY · 76-modda
Boladan alohida yashayotgan ota(ona)ning ota-onalik huquqini amalga oshirishi
Boladan alohida yashayotgan ota (ona) bola bilan koʻrishish, uning tarbiyasida ishtirok etish va taʼlim olishi masalasini hal etishda qatnashish huquqiga ega. Bola bilan birga yashayotgan ota (ona) bolaning ona (ota)si bilan koʻrishishiga, agar bunday koʻrishish bolaning jismoniy va ruhiy sogʻligʻiga, axloqiy kamolotiga zarar keltirmasa, qarshilik qilmasligi kerak. Ota-ona boladan alohida yashaydigan otaning (onaning) ota-onalik huquqlarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida yozma ravishda kelishuv tuzishga haqlidir. Bu boradagi nizo ota-onaning (yoki ulardan birining) talabiga binoan sudga murojaat qilinguniga qadar mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish orqali hal qilinishi mumkin. Agar ota-ona kelisha olmasa, nizo ota-onaning (yoki ulardan birining) talabiga binoan sud tomonidan vasiylik va homiylik organi ishtirokida hal qilinadi. Sudning hal qiluv qarori bajarilmagan taqdirda aybdor ota-onaga nisbatan qonunchilikda nazarda tutilgan choralar qoʻllaniladi. Sudning hal qiluv qarori qasddan bajarilmagan taqdirda sud boladan alohida yashayotgan otaning (onaning) talabiga binoan bolaning eng ustun manfaatlarini va fikrini hisobga olgan holda bolani unga berish toʻgʻrisida hal qiluv qarori chiqarishi mumkin. Boladan alohida yashayotgan ota (ona) tarbiya, davolash, aholini ijtimoiy himoyalash muassasalari va boshqa shunga oʻxshash muassasalardan oʻz bolasi toʻgʻrisida axborot olish huquqiga ega. Ota (ona) tomonidan bolaning hayoti va sogʻligʻi uchun xavf-xatar boʻlgandagina, ularga axborot berish rad etilishi mumkin. Axborot berishning rad etilishi ustidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin.
- OilaFAMILY · 77-modda
Bobo, buvi, aka-uka, opa-singil va boshqa yaqin qarindoshlarning bola bilan koʻrishib turish huquqi
Bobo, buvi, aka-uka, opa-singil va boshqa yaqin qarindoshlar bola bilan koʻrishib turish huquqiga ega. Ota-ona (ulardan biri) yaqin qarindoshlarning bola bilan koʻrishishiga imkoniyat bermasalar, vasiylik va homiylik organi ota-onani (ulardan birini) bunday imkoniyat berishga majbur qilishi mumkin. Agar ota-ona (ulardan biri) vasiylik va homiylik organining qarorini bajarmasa, bolaning yaqin qarindoshlari yoki vasiylik va homiylik organi bola bilan koʻrishib turishga toʻsqinlik qiluvchi hollarni bartaraf qilish haqida daʼvo bilan sudga murojaat qilishga haqlidir. Sud bolaning eng ustun manfaatlarini va bolaning fikrini hisobga olgan holda nizoni hal qiladi. Sudning hal qiluv qarori bajarilmagan taqdirda aybdor ota (ona)ga nisbatan qonunchilikda nazarda tutilgan choralar qoʻllaniladi.
- OilaFAMILY · 78-modda
Ota-onalik huquqini himoya qilish
Ota-ona bolani qonunga asoslanmasdan ushlab turgan har qanday shaxsdan uning qaytarilishini talab qilishga haqli. Nizo chiqqan taqdirda, ota-ona oʻz huquqlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilishga haqli. Bu talablarni koʻrishda sud bolani ota-onasiga qaytarish uning eng ustun manfaatlariga zid degan xulosaga kelsa, bolaning fikrini hisobga olgan holda ota-onaning daʼvosini rad qilishga haqli. Agar sud ota-ona ham, bolani oʻz qaramogʻiga olgan shaxs ham bolaga lozim darajada tarbiya berishni hamda uni kamolotga yetkazishni taʼminlay olmaydilar, deb topsa, bolani vasiylik va homiylik organi qaramogʻiga olib beradi.
- OilaFAMILY · 79-modda
Ota-onalik huquqidan mahrum qilish
Ota-ona (ulardan biri) quyidagi hollarda: ota-onalik majburiyatlarini bajarishdan bosh tortsa, shu jumladan aliment toʻlashdan boʻyin tovlasa; uzrsiz sabablarga koʻra oʻz bolasini tugʻuruqxona yoki boshqa davolash muassasasidan, tarbiya, aholini ijtimoiy himoyalash muassasasi va shunga oʻxshash boshqa muassasalardan olishdan bosh tortsa; ota-onalik huquqini suiisteʼmol qilsa, bolalarga nisbatan shafqatsiz muomalada boʻlsa, jumladan jismoniy kuch ishlatsa yoki ruhiy taʼsir koʻrsatsa; muttasil ichkilikbozlik yoki giyohvandlikka mubtalo boʻlgan boʻlsa; oʻz bolalarining hayoti yoki sogʻligʻiga yoxud eri (xotini)ning hayoti yoki sogʻligʻiga qarshi qasddan jinoyat sodir qilgan boʻlsa, ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi mumkin.
- OilaFAMILY · 8-modda
Oilaviy munosabatlarda mahalliy urf-odat va anʼanalarning qoʻllanilishi
Qonunchilikda oilaviy munosabatlarni tartibga solishga oid tegishli normalar boʻlmagan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi tamoyillariga zid boʻlmagan mahalliy urf-odat va anʼanalar qoʻllaniladi.
- OilaFAMILY · 80-modda
Ota-onalik huquqidan mahrum qilish tartibi
Ota-onalik huquqidan mahrum qilish sud tartibida amalga oshiriladi. Ota-onalik huquqidan mahrum qilish toʻgʻrisidagi ishlar ota (ona)ning (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarning), prokurorning, shuningdek voyaga yetmagan bolalarning huquqlarini himoya qilish majburiyati yuklatilgan organ yoki muassasalarning (vasiylik va homiylik organi, bolalar masalalari boʻyicha komissiyalar, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar muassasalari hamda boshqa muassasalarning) daʼvosiga binoan koʻriladi. Ota-onalik huquqidan mahrum qilish toʻgʻrisidagi ishlar prokuror hamda vasiylik va homiylik organi ishtirokida koʻrib chiqiladi. Sud ota-onalik huquqidan mahrum qilish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishda bolaning taʼminoti uchun ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota-onadan (ularning biridan) aliment undirish masalasini hal qiladi. Agar sud ota-onalik huquqidan mahrum qilish haqidagi ishlarni koʻrishda ota-ona (ulardan biri)ning harakatida jinoyat alomatlari mavjudligini aniqlasa, bu haqda prokurorga xabar berishi shart. Sud ota-onalik huquqidan mahrum qilish haqidagi sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgandan keyin uch kun ichida ushbu qarorning koʻchirmasini bolaning tugʻilganligi davlat tomonidan roʻyxatga olingan fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organiga yuborishi shart.
- OilaFAMILY · 81-modda
Ota-onalik huquqidan mahrum qilish oqibatlari
Ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota-ona qaysi bolaga nisbatan ota-onalik huquqidan mahrum qilingan boʻlsa, shu bolaga nisbatan boʻlgan qarindoshlik faktiga asoslangan barcha huquqlardan, shu jumladan undan taʼminot olish, shuningdek bolali fuqarolar uchun qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va nafaqalar olish huquqlaridan mahrum boʻladi. Ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi ota-onani oʻz bolasiga taʼminot berish majburiyatidan ozod qilmaydi. Ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota-onaning (ulardan birining) bundan keyin bola bilan birgalikda yashash-yashamaslik masalasi sud tomonidan uy-joy toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan tartibda hal qilinadi. Ota-onasi (ulardan biri) oʻziga nisbatan ota-onalik huquqidan mahrum qilingan bola, agar u farzandlikka olingan boʻlmasa, turar joyga boʻlgan mulk huquqini yoki turar joydan foydalanish huquqini saqlab qoladi, shuningdek ota (ona)si va boshqa qon-qarindoshlari bilan tugʻishganlik faktiga asoslangan barcha mulkiy huquqlarini, jumladan meros olish huquqini saqlab qoladi. Bolani ota yoki onasiga berishning imkoniyati boʻlmagan yoki ota-onaning har ikkalasi ham ota-onalik huquqidan mahrum qilingan taqdirda, bola vasiylik va homiylik organining qaramogʻiga olib beriladi. Ota-ona (ulardan biri) ota-onalik huquqidan mahrum qilinganda bolani farzandlikka olishga ota-ona (ulardan biri) ota-onalik huquqidan mahrum qilinganligi toʻgʻrisidagi sudning hal qiluv qarori chiqarilgan kundan keyin kamida olti oy oʻtgach yoʻl qoʻyiladi.
- OilaFAMILY · 82-modda
Ota-onalik huquqini tiklash
Ota-ona (ulardan biri) oʻz xulq-atvorini, turmush tarzini va (yoki) bola tarbiyasiga boʻlgan munosabatini oʻzgartirgan hollarda ota-onalik huquqi tiklanishi mumkin. Ota-onalik huquqini tiklash ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota-onaning (ulardan birining) daʼvosiga binoan sud tartibida amalga oshiriladi. Ota-onalik huquqini tiklash toʻgʻrisidagi ishlar vasiylik va homiylik organining, shuningdek prokurorning ishtirokida koʻrib chiqiladi. Ota-onaning (ulardan birining) ota-onalik huquqini tiklash toʻgʻrisidagi daʼvosi bilan birga bolani ota-onaga (ulardan biriga) qaytarish toʻgʻrisidagi talabi ham koʻrib chiqilishi mumkin. Agar ota-onalik huquqining tiklanishi bolaning eng ustun manfaatlariga zid boʻlsa, sud bolaning fikrini hisobga olgan holda ota-onaning (ulardan birining) ota-onalik huquqini tiklash toʻgʻrisidagi daʼvosini qanoatlantirishni rad qilishga haqlidir. Oʻn yoshga toʻlgan bolaga nisbatan ota-onalik huquqining tiklanishiga faqat uning roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi. Bola farzandlikka olingan va farzandlikka olish bekor qilinmagan boʻlsa, ota-onalik huquqini tiklashga yoʻl qoʻyilmaydi.
- OilaFAMILY · 83-modda
Ota-onalik huquqining cheklanishi
Sud bolaning eng ustun manfaatlarini hisobga olgan holda ota-onani ota-onalik huquqidan mahrum qilmay turib, bolani ota-onadan (ularning biridan) olish toʻgʻrisida hal qiluv qarori chiqarishi (ota-onalik huquqini cheklashi) mumkin. Bolani ota-ona (ulardan biri) bilan qoldirish ota-onaga (ulardan biriga) bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra (ruhiyatning buzilishi yoki boshqa surunkali kasallik, ogʻir holatlarni boshdan kechirish va boshqalar) bola uchun xavfli boʻlsa, ota-onalik huquqini cheklashga yoʻl qoʻyiladi. Agar bolani ota-ona (ulardan biri) bilan qoldirish oqibatida ota-onaning xulq-atvori bola uchun xavf tugʻdirsa, ota-onani (ulardan birini) ota-onalik huquqidan mahrum qilish uchun esa yetarli asoslar aniqlanmagan taqdirda ham ota-onalik huquqini cheklashga yoʻl qoʻyiladi. Agar ota-ona (ulardan biri) oʻz xulq-atvorini oʻzgartirmasa, vasiylik va homiylik organi sud tomonidan ota-onalik huquqini cheklash toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori chiqarilgandan keyin olti oy oʻtgach, ota-onalik huquqidan mahrum qilish toʻgʻrisida daʼvo taqdim etishi shart. Vasiylik va homiylik organi bolaning manfaatlarini eʼtiborga olib ota-onani (ulardan birini) bu muddat oʻtmasdan turib, ota-onalik huquqidan mahrum qilish haqida daʼvo taqdim etishga haqli. Ota-onalik huquqini cheklash toʻgʻrisidagi daʼvo bolaning yaqin qarindoshlari, voyaga yetmagan bolalar huquqlarini himoya qilish majburiyati qonun bilan zimmasiga yuklatilgan organlar va muassasalar, maktabgacha taʼlim tashkilotlari, umumtaʼlim muassasalari va boshqa muassasalar, shuningdek prokuror tomonidan taqdim etilishi mumkin. Ota-onalik huquqini cheklash toʻgʻrisidagi ishlar prokuror hamda vasiylik va homiylik organi ishtirokida koʻriladi. Ota-onalik huquqini cheklash toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda sud ota-onadan (ularning biridan) bolaning taʼminoti uchun aliment undirish masalasini hal qiladi.
- OilaFAMILY · 84-modda
Ota-onalik huquqini cheklash oqibatlari
Ota-onalik huquqi cheklangan ota-ona bolani shaxsan tarbiyalash huquqidan, shuningdek bolali fuqarolar uchun qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va nafaqalar olish huquqidan mahrum boʻladi. Ota-onalik huquqining cheklanishi ota-onani bolaga taʼminot berish majburiyatidan ozod qilmaydi. Ota-onasi (ulardan biri)ning oʻziga nisbatan ota-onalik huquqi cheklangan bola turar joyga boʻlgan mulk huquqini yoki turar joydan foydalanish huquqini saqlab qoladi, shuningdek ota-ona va boshqa qarindoshlari bilan tugʻishganlik faktiga asoslangan mulkiy huquqlarini, shu jumladan meros olish huquqini saqlab qoladi. Ota-ona ikkalasining ota-onalik huquqi cheklangan taqdirda bola vasiylik va homiylik organi qaramogʻiga olib beriladi.
- OilaFAMILY · 85-modda
Bolaning sud tomonidan ota-onalik huquqi cheklangan ota-ona bilan koʻrishishi
Sud tomonidan ota-onalik huquqi cheklangan ota-onaning bolasi bilan koʻrishishi unga salbiy taʼsir koʻrsatmasa, bola bilan koʻrishishga ruxsat berilishi mumkin. Ota-onaning bola bilan koʻrishishiga vasiylik va homiylik organining roziligi bilan yoxud vasiy (homiy)ning, bolaning tutingan ota-onasi yoki bola turgan muassasa maʼmuriyatining roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi.
- OilaFAMILY · 86-modda
Ota-onalik huquqi cheklanishini bekor qilish
Agar ota-ona (ulardan biri)ning ota-onalik huquqlari cheklanishiga asos boʻlgan holatlar barham topsa, sud ota-onaning (ulardan birining) daʼvosiga binoan bolani ota-onasiga (ulardan biriga) qaytarish va ushbu Kodeksning 83-moddasida nazarda tutilgan cheklashlarni bekor qilish haqida hal qiluv qarori chiqarishi mumkin. Agar bolani ota-onasiga (ularning biriga) qaytarish uning eng ustun manfaatlariga zid boʻlsa, sud bolaning fikrini hisobga olib, daʼvoni qanoatlantirishni rad qilishga haqlidir.